Malala Yusufzoy Men Malalaman Tik turib taʼlim olgan va tolibonlar
Download 0.59 Mb.
|
1Malala Yusufzoy. Men Malalaman uz-assistant.uz
bob. MaktabOnam olti yoshida maktabga borgan, ammo unda bir necha oy o‘qigan, xolos. U yashagan qishloqda kamdan-kam oilalar qizlarini maktabga berishgan. Onam sinfidagi yagona qiz bola o‘quvchi bo‘lgan. U maktab papkasini mag‘rur ko‘tarib, qiz bolalarning o‘g‘il bolalardan hech qanday kam joyi yo‘qligini isbotlashga uringan. Bu yo‘lda soatlab dars qilishdan charchamagan. Ammo kun bo‘yi shataloq otib o‘ynaydigan amakisining qizlarini ko‘rgach, u o‘ylanib qolgan: «Baribir,sen ham kelajakda ovqat pishirish, uy tozalash, farzand tarbiyalash ishlaridan bo‘shamaysan. Shu sabab shuncha zo‘r berib o‘qishing shartmi?» Oxir-oqibat, onam darsliklarini to‘qqiz annaga pullagan, pulni shirinliklarga sarflab yuborgan va maktab eshigiga boshqa qadam bosmagan. Onamning otasi bu qarorga qarshi chiqmadi. Balki qizining maktabni tashlaganidan uning xabari ham bo‘lmagandir. Onamning otasi har kuni ertalab jo‘xori nonni qaymoq bilan nonushta qilib bo‘lishi bilan nemis to‘pponchasini beliga osib, mahalladagi erkaklar bilan mahalliy va xalqaro siyosatni muhokama qilishga ketardi. Onamdan tashqari bobomning 7 nafar farzandi bo‘lib, uning o‘z muammosi o‘ziga yetarli edi. Onam otam bilan uchrashganidan so‘nggina maktabni tashlab ketganidan rosa afsuslangan. O‘ziga atab otam tomonidan yozilgan sheʼrlarni o‘qiy olmaganidan o‘kingan. Ammo onam otamning butun umrlik orzusi bo‘lgan maktab ochish ishlariga qo‘lidan kelgancha yordamini ayamadi. Maktab ochish uchun katta mablag‘ kerak bo‘lib, otamning bunga qurbi yetmas, shu sababli bu orzuning amalga oshishini uzoq yillar davomida kutish talab etilardi. Otam bilimdan boshqa muhimroq narsa yo‘q ekanligiga ishonardi. U bolaligida sharqirab oqayotgan daryoga boqib, nega suv hech qachon to‘xtamasligi ustida bosh qotirgan. Yomg‘irdan dengizgacha suv aylanishi to‘g‘risida eshitganidan so‘nggina otam suvning qayerdan kelib, qayerga ketishi haqidagi savoliga javob topdi. Otam yashagan qishloqdagi maktab juda kichik va tor bo‘lib, ko‘pchilik darslar daraxt tagida o‘tilgan. Maktabda hojatxona bo‘lmaganligi sababli bolalar istagan yerlarida tabiiy ehtiyojlarini qondirib ketavergan. Shuncha noqulayliklarga qaramay, otam ilm olish baxtiga musharraf bo‘lganidan shod edi. Opalarining barchasi mamlakatdagi millionlab qizlar qatorida maktabga borish baxtidan mosuvo edi. Otam yoshligidan taʼlim eng katta neʼmat ekanligini payqagan. U Pokistondagi aksariyat muammolarning ildizi sifatsiz taʼlim tizimiga borib taqalishini anglab yetgan. Insonlar johil bo‘lganligi va o‘z haq-huquqlarini bilmasligi sababli siyosatchilar ularni xohlaganicha laqillatishlari va zulm o‘tkazishlari mumkin edi. Xoh o‘g‘il bola bo‘lsin, xoh qiz bola, xoh boy bo‘lsin xoh kambag‘al, otam barcha bolalar elementar bilimlarni egallashi kerak deb hisoblardi. Zamonaviy partalar, doskalar, kompyuterlar, kutubxona, devorlardagi ko‘rgazmali qurollari bo‘lgan zamonaviy maktab yaratish orzusi otamga hech qachon tinchlik bermagan. Ammo bobom otamning shifokor bo‘lishini xohlardi. Bobomning atigi ikki nafar o‘g‘li bo‘lib, u ularning ikkalasi ham oilaviy budjetga foyda keltiradigan kasbni egallashidan umid qilardi. Otamning akasi Said Ramzan uzoq yillar mahalliy maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. U o‘z oilasi bilan bobomning uyida yashardi. Uncha-muncha pul yig‘ib, uyning chetidan mehmonlar uchun beton hujra qurib berdi. Maktabni tugatganidan so‘ng toqqa o‘tin terish uchun chiqib ketgan amakim birozdan so‘ng yana ortga qaytib, bobomning buqalarini haydab dalaga chiqib ketdi. U, shuningdek, bobomga tomdan qorni tozalash kabi og‘ir ishlarda ko‘maklashardi. Otam o‘rta maktabni aʼlo baholar bilan tugatganligi sababli unga Svat vodiysidagi eng yaxshi taʼlim muassasasi – Jahanzeb kollejiga o‘qishga kirish imkoniyati taqdim etildi. Ammo bobom yashash xarajatlari uchun o‘zi pul topishi kerakligini aytib, otamga pul berishdan bosh tortdi. Bobomning Dehlidagi taʼlimi mutlaqo tekinga tushgan – u masjidda tolib sifatida yashagan va mahalliy aholi talabalarni oziq-ovqat va kiyim kechak bilan taʼminlab turgan. Jahanzebdagi taʼlim tekin bo‘lsa ham, otam kundalik sarf-xarajatlar uchun pul topishi kerak edi. Pokiston banklari talabalarga hech qanday qarz bermas, shu sabab bankka borib o‘tirishdan hech qanaqa maʼno bo‘lmagan. Kollej Mingoraga qo‘shni bo‘lgan Saidu Sharif shahrida joylashgan bo‘lib, bu yerda otamning qarindoshi yoki tanishi ham yo‘q edi. Bir so‘z bilan aytganda, u faqat o‘ziga ishonishi zarur edi. Shanglada boshqa kollej bo‘lmagani tufayli otam mabodo kollejni tashlab ketsa, keyin hech qachon qishloqni tark eta olmasligi va orzusini amalga oshira olmasligini ich-ichidan his qilardi. Muammoni qanday hal qilishni bilmay boshi qotgan otam umidsizlikka tushib, yig‘lab yuborishiga salgina qolgan. Maktabni bitirishidan biroz oldin onasining vafot etishi ham unga qattiq zarba bo‘lgandi. U agar onasi tirik bo‘lganida, qanday qilib bo‘lmasin, o‘g‘lini qo‘llab- quvvatlashiga ishonardi. O‘jar va ziqna otasidan biror nima kutishdan esa maʼno yo‘q edi. Uning birdan bir umidi Karachida yashaydigan opasining eridan edi. Bobom agar qizi va kuyovi otamning kollejga borishini qo‘llab-quvvatlashga rozi bo‘lsa, bunga qarshilik ko‘rsatmasligini bildirgan. Tez orada otamning opasi va pochchasi qishloqqa, buvimning taʼziyasiga kelishlari kerakligini aytib, otamning xursandchiligiga sabab bo‘lgan. Otam opasi va pochchasining kelishini intizorlik bilan kutib, ularning rozi bo‘lishlarini so‘rab, xudoga yolvordi. Ammo bobom ular kelishi bilan bu haqida gap ochib, hamma ishning pachavasini chiqardi. Avtobusda yo‘l bosilgan uch kunlik sayohatning charchog‘idan suyaklari zirqirayotgan kuyov uyning ostonasini kesib o‘tishi bilan qaynisini boqib olish taklifini oldi va charchoq sabablimi yoki kayfiyati yo‘qligi sababmi qatʼiy rad javobini berdi. Bundan g‘azablangan bobom ularga bir so‘z demay, xonasiga kirib ketdi va qaytib ketishayotganida ham ularni kuzatmadi. Otam so‘nggi imkoniyat qo‘ldan boy berilganini, endigi qismati xuddi qishloq maktabida o‘qituvchilik qilayotgan akasinikidek bo‘lishini ich-ichidan his qildi. Said Ramzan ishlaydigan maktab tog‘li Sevur qishlog‘ida joylashgan bo‘lib, bobomning uyidan chiqib bir soat piyoda yurilsa, manzilga yetib borilar, maktab hattoki o‘z binosiga ham ega emasdi. Besh yoshdan o‘n besh yoshgacha bo‘lgan yuzdan ortiq bolalar masjidning katta zalida taʼlim olardi. Sevur qishlog‘ida azal-azaldan Gujar, Ko‘xistoniy va Mian urug‘lari yashab kelishgan. Qadim zamonlardan beri Mian urug‘i vakillari asosan boy va zodagon yer egalaridan, Gujar va Ko‘xistoniylar esa chorvador- dehqonlardan tarkib topgandi. Pushtunlarning o‘zlari juda kambag‘al bo‘lishsa ham, Gujar va Ko‘xistoniylarni kamsitishar, ularni «irkit”, «savodsiz” va «jirkanch” so‘zlari bilan haqoratlashar, «Bu irkitlar o‘qib shahar olib berardimi?» degan gapni tillaridan tushirishmasdi. O‘qituvchilik kasbini tanlagan inson borki, bu qishloqqa kelib ishlashdan bezillardi. Shu maktabda ishlayotgan peshonasi sho‘r o‘qituvchilar esa har kuni maktabga sayohat qilish zaruratidan xalos bo‘lish uchun o‘zaro o‘rin almashib ishlashga kelishib olgandilar. O‘qituvchilar birinchi navbatda uzun kaltak bilan bolalarni tinchlantirib o‘tirishga javobgar edilar, sababi bu qishloq bolalarining birortasining «odam bo‘lishi”ga o‘qituvchilarning ko‘zi yetmagan. Ammo mo‘min-qobil bo‘lgan amakim biz "irkit” deb ataydigan bolalarni juda yaxshi ko‘rar, ularning ayanchli hayotini ko‘rib, rosa achinardi. U har kuni maktabga borishni kanda qilmas va har borganida bolalarga nimanidir o‘rgatishga intilardi. Maktabni bitirganidan so‘ng otamning akasiga yordam berishdan boshqa iloji qolmadi. Ammo otamning boshiga to‘satdan baxt qushi qo‘ndi. Uning yana bir opasi aynan shu qishloqda yashovchi Nosir Poshsho deb atalmish insonga turmushga chiqdi. Bu inson umrining bir necha yilini Saudiya Arabistonidagi qurilishlarda o‘tkazgan, ortga bir dunyo pul bilan qaytgan «yangi boy”lardan edi. Otam bu inson bilanbir marotaba gaplashib, unda yaxshi taassurot qoldirgandi. U o‘zining Jahanzebdagi kollejga o‘qishga kirganini aytib bergan bo‘lsa ham, otasining pul bermayotgani va o‘qishga qurbi yetmasligini ayta olmagan. Ammo otamning ko‘zlaridagi maʼnoni uqib olgan Nosir Poshsho unga o‘z uyida qolishni taklif qilgan. Otam esa bunga bajonidil rozi bo‘lgan. Nosir Poshsho va uning rafiqasi Jajjay otamning hayotida muhim o‘rin qoldirgan. Oqsaroy yo‘lidagi mo‘ʼjazgina Spal Bandi qishlog‘ida joylashgan uy otamga ilhom manbasi bo‘lib xizmat qilgan. Bu qishloq bilan o‘z qishlog‘ini solishtirar ekan otam o‘zini shaharga kelib qolgandek his qiladi. Uy egalari otamga juda yaxshi munosabatda bo‘lishar, Jajjay ammam otamga onasidan keyingi ikkinchi onasidek bo‘lib qolgandi. Qishloq aholisidan otamning yo‘lning narigi betidagi qizga ko‘zini qisayotgani haqidagi shikoyatlarini eshitgan ammam ukasini himoya qilib, ularga «Ziyovuddin musichadek beozor, yaxshisi o‘z qizlaringizni yig‘ishtirib олинглар» deya javob bergan. Spal Bandi qishlog‘ini ko‘rib, otamda «dunyoda erkinroq yashaydigan va o‘ranmaydigan ayollar bor экан» degan tushuncha shakllangan. Spal Bandidagi ayollarning tog‘ tepasida joylashgan bahavo joyda o‘zaro uchrashib, uzoq vaqt suhbatlashib o‘tirishlariga hech kim qarshilik ko‘rsatmagan. Vaholanki, shu yoshigacha otam ayollarning darvoza tashqarisida to‘planib turishlarini ham tasavvuriga sig‘dira olmasdi. Aynan o‘sha yerda otam kollejda o‘qiy olmay butun umri afsus- nadomatlar bilan o‘tgan ustoziAkbar Xon bilan uchrashgan va bu inson uning o‘qishi uchun pul berib turgan. Akbar Xon onamga o‘xshab savodsiz bo‘lsa ham, juda donishmand inson edi. Shu sabab, otam uni o‘ziga ustoz deb bilar, u haqidagi iliq xotiralarni men bilan o‘rtoqlashardi. Akbar Xon va Nosir Posho misolida agar muhtoj odamga yordam berilsa, xudo boshqa tomondan o‘rnini to‘ldirishiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Otam kollejda o‘qiyotganida Pokiston tarixidagi eng muhim voqealar sodir bo‘layotgandi. Otam tog‘lar orasida dars o‘tar ekan, diktator General Ziyo to‘satdan sirli aviahalokat sababli vafot etdi. Hamma yoqda bu halokatga mango mevalari solingan qutiga joylashtirilgan bomba sabab bo‘ldi degan mish-mishlar tarqalib ketdi. Otam kollejga borishidan ko‘p o‘tmay, mamlakatda milliy saylovlar bo‘lib o‘tdi. Bir necha yil oldin diktator tomonidan qatl etilgan bosh vazirning qizi Benazir Bxutto ushbu saylovda mutlaq g‘alabaga erishdi. Nafaqat Pokistonda, balki butun islom olamida birinchi marotaba ayol kishi bosh vazir lavozimini egalladi. Bu voqea ko‘pchilik pokistonliklar qalbida nekbinlik tuyg‘ularini uyg‘otib, kelajakka ishonch paydo qildi. Ziyo davrida taʼqiqlangan talabalar tashkilotlari qayta tiklandi va faollashdi. Otam ulardan biriga qo‘shilib, tezda isteʼdodli notiq va jamoatchilik faoli sifatida shuhrat qozondi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay u Pushtun talabalari federatsiyasining bosh kotibi etib saylandi va pushtunlarga panjobliklar bilan teng huquqlar berilishini talab qildi. Anʼanaga ko‘ra, badavlat va nufuzli viloyatlardan kelgan panjobliklar armiya va hukumatda muhim lavozimlarni egallab kelishgan edi. «Jamoat-i-Islomiy” diniy partiyasining talabalar qanoti bo‘lgan «Islomiy Jamoat-i Талаба» tashkiloti Pokistondagi ko‘plab universitetlarda katta taʼsirga ega edi. Talabalarga bepul darsliklar tarqatgan va grantlar ajratgan bu tashkilotning qarashlari radikalizm va toqatsizlikka asoslangan bo‘lib, tashkilot aʼzolari universitetdagi raqs va musiqa musobaqalarini bekor qilish uchun jon berib harakat qilardi. General Ziyoga yaqin bo‘lgan bu partiya saylovda sharmandalarcha mag‘lubiyatga uchradi. Bu tashkilotning Jahanzeb kollejidagi yetakchisi Ehson Al-Haq Hoqoniy bo‘lib, u otamning ashaddiy raqobatchisi edi. Ammo bu raqobat ularning munosabatlariga zarracha taʼsir qilmas, ular bir-birini juda hurmat qilib, juda yaqin do‘stga aylanib ketishgandi. Hoqoniy agar otamning otasi boy-badavlat bo‘lganida, u, shubhasiz, katta siyosatchi yoki Pushtun talabalar federatsiyasining raisi bo‘la olishini aytgan ekan. Hayotning yozilmagan qoidasi shu: yuqori lavozimga erishish uchun katta «tanka” kerak. Otam kollejda o‘qigan birinchi yilning eng qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan hodisasi Mumbayda Salmon Rushdiyning «Shaytoniy оятлар» kitobining nashr etilishi bo‘ldi. Bu kitobda ochiqdan-ochiq payg‘ambarning ustidan kulingandi. Bundan g‘azablangan musulmon olami kitobni kufr deb atadi, odamlar barcha muammolarini unutib qo‘yib, mana shu kitob haqida muhokama qila boshlashdi. Ajablanarlisi, bu kitob sotuvga chiqib, Hindiston bo‘ylab tarqalganida hamma «uxlayotgan”di – faqatgina urdu gazetalaridan birida asar haqida nafratga to‘la maqola paydo bo‘lgandan keyin butun musulmon ahli jumbushga keldi. Maqola muallifi bu kitobni payg‘ambar shaxsiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri haqorat deb baholab,barcha dindor qatlamni uning nashr qilinishiga qarshi chiqishga undadi. Tez orada Pokistondagi barcha mullalar kitobni laʼnatlab, unga taqiq qo‘yilishini qatʼiy talab qilib chiqa boshladi, bu ham yetmagandek, mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Eng katta namoyish 1989 yil 12 fevralda Islomobodda bo‘lib o‘tdi.Bu xunrezlikdan g‘azablangan olomon Amerika elchixonasi yonida hilpirab turgan Amerika bayrog‘ini yoqib yubordi. Vaholanki, kitob muallifi ham, noshirlar ham britaniyaliklar edi. Politsiya o‘q uzishga majbur bo‘ldi, oqibatda besh kishi bevaqt hayotdan ko‘z yumdi. Eron ham o‘z g‘azabini dunyo hamjamiyatidan yashirib o‘tirmadi – Eron rahbari Oyatulloh Xomanoiy Rushdiyni o‘ldirishga fatvo chiqardi. Otamning kolleji har kuni odamlar bilan to‘lib ketar, xonalarda qizg‘in bahs-munozaralar sodir bo‘lar, ko‘plab talabalar kitobni taqiqlash, yoqib yuborish va muallifini o‘ldirish fikriga to‘liq qo‘shilishlarini bildirardi. Otam ham bu, shaksiz, musulmon dunyosiga qilingan haqorat ekanligini eʼtirof etib, shu bilan birga har bir insonda so‘z erkinligi huquqi borligini ham unutmaslik kerakligini doimo uqtirib kelardi. Unga nisbatan tana-dashnomlar ko‘payavergach, otam bor ovozida yig‘ilganlarga murojaat qildi: –Nega kitobni to‘liq o‘qimay, fikr bildiryapmiz? Xo‘p, nega bu kitobga boshqa kitob bilan javob bermayapmiz? Islom bitta kitobga yoki qarama- qarshi fikrga chiday olmay, jazavaga tushadigan darajada kuchsizmi? Men unaqa deb ўйламайман… Mening islomim bunaqa mayda-chuyda masalalar bilan pachakilashib ўтирмайди… Agar bobom bu gaplarni eshitganida, otam bilan faxrlangan bo‘lar эди… Otam kollejni bitirganidan so‘ng dastlabki yillarda taniqli xususiy kollejda ingliz tilidan dars berdi. Ammo u yerdan olinadigan 1600 rupiya (12 funt) maosh juda kam bo‘lib, bobom oila budjetiga hissa qo‘shmayotganligi uchun otamni holu joniga qo‘ymagan. Bundan tashqari, suyuklisi Tor Pekay bilan qovushishiga yo‘l ochadigan to‘y xarajatlari uchun ham bel ancha-muncha baquvvat bo‘lishi talab etilardi. Maktabdagi hamkasblari orasida otamning eng yaqin do‘sti Muhammad Naim xon bo‘lib, ular bakalavr va magistr darajalarini bir paytda qo‘lga kiritgan, ikkalasi ham xalq taʼlimining jonkuyarlaridan edilar. Maʼmuriy buyruqbozlik va rahbariyatning doimiy ish jarayoniga aralashuvi ikki do‘stning maktabdan ko‘ngli sovishiga sabab bo‘lgan. Maktabda hech bir masalada o‘qituvchilarning ham, o‘quvchilarning ham fikriga quloq solinmas, o‘qituvchilar orasidagi do‘stlik amalidan qo‘rqadigan rahbarlarning g‘ashini keltirardi. Itoatkorlik va bo‘ysunuvchanlik har narsadan ustun bo‘lgan muhitda otamga o‘xshagan insonlar bo‘g‘ilib o‘lib ketishlari hech gap emasdi. U mustaqil fikrlash va o‘quvchilarga ularning ijodkorligini rivojlantirishga yo‘naltirilgan taʼlim berishni xohlar, davlat maktabida buni amalga oshirishning iloji yo‘qligiga ko‘zi yetib, tezroq o‘z maktabiga ega bo‘lishni istardi. Oxir-oqibat, Naim rahbariyat bilan ziddiyatlarga kelib qolganida ular birgalashib yangi maktab ochishga qaror qilishdi. Dastlab ular otam tug‘ilgan Shohpur qishlog‘ida maktab ochishni rejalashtirishgan edi. Ammo bu qishloqqa bino qidirish niyatida borganlarida bu yerda maktab ochilayotgani to‘g‘risidagi eʼlonni ko‘rib, hayratga tushishdi va kimdir ulardan oldinroq qamchi bosganini anglab yetishdi. Oxir-oqibat, Svat vodiysiga keladigan turistlar sonining ko‘payishi va ingliz tiliga bo‘lgan talabning oshganligini hisobga olib, ular Mingorada ingliz tiliga ixtisoslashgan maktab ochishga qaror qilishdi. Otam kollejda ishlashda davom etar, Naim esa kerakli bino topish uchun soatlab ko‘chada tentirab yurardi. Bir kuni Naim xursand holda otamning yoniga keldi va, nihoyat,maktab uchun munosib joy topganini bildirdi. Bu joy Landikas hududida joylashgan ikki qavatli ko‘rkam binoning birinchi qavati bo‘lib, u yerda o‘quvchilar yig‘ilishi mumkin bo‘lgan hovli ham mavjud edi. Oldingi ijarachilar ham aynan shu yerda Ramada nomli maktab tashkil etishgan, bu nom maktab egasi bir paytlar Turkiyaga tashrif buyurganligi va u yerda Ramada mehmonxonasida istiqomat qilganligi bilan bog‘liq edi. Ammo faqat zarar ko‘raverib, qarzga botib ketgan taʼsischilarning maktabni yopishdan o‘zga choralari qolmagan. Bu gaplarni eshitgan ikki do‘stning ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushdi. Bundan tashqari, bino daryo bo‘yida joylashgan bo‘lib, aholining tinimsiz axlat tashlashi oqibatida yuzaga kelgan ayanchli hidga chidash uchun ham kishidan katta matonat talab etilardi. Yulduzlar chaqnab, oy to‘lishib, oqshomgi shamol daraxt shoxlarini mayin silkitayotgan paytda otam ishdan chiqdi va maktab binosi bilan tanishgani yo‘l oldi.«Men juda baxtli edim, axir, orzularim ushalayotgan edi-da!» deb to‘lqinlanib eslardi bu voqealarni otam. Naim va otam bor pulini o‘rtaga tashladi, jamg‘arilgan 60.000 rupiya bino ijarasi uchun sarflandi. Shuningdek, binoni taʼmirlash va yashash uchun yo‘lning narigi betidagi kulbani ijaraga olish uchun 30.000 rupiya qarz olindi. Tashkiliy ishlar yakunlanganidan so‘ng navbat uyma-uy yurib, o‘quvchi izlashga kelganida, ikki do‘st hamma mashaqqat oldinda ekanligini ko‘ngillaridan o‘tkazishdi. Ingliz tilini o‘rganish ko‘pchilikni qiziqtirmas, ishlar ular rejalashtirgandek ketmayotgandi. Bu vaqtga kelib otam hali ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishni to‘xtatmagan, uning bahs-munozara uchun kelgan hamfikrlari kulbaga kelib, tushlik qilib ketishni kanda qilmasdi. Bu ishlar Naimning tepa sochini tikka qilar, doimo otamga «bu maynavozchilikni davom ettirishga qurbimiz етмайди» deb ming‘irlardi. Tez orada do‘stlar har qancha yaqin bo‘lishsa ham, sheriklikdagi biznes umuman boshqa narsa ekanligi kundek ravshan bo‘ldi. Bundan tashqari, otamning kulbasi haqida eshitgan mehmonlar Shanglaga oqib kela boshladi, ular otamning kulbasini ziyorat qilib ketishni ham farz, ham qarz deb bilib, «mehmonning izzati uch кун» degan qoidaga amal qilmay, haftalab qolib ketadigan bo‘lishdi. Pushtunlar mehmonlarning tashrifi ularga bir qancha noqulayliklar tug‘dirsa ham, har doim iliqlik bilan kutib olishga majbur. Bizda insonning shaxsiy xohish-istaklari, rejalari hurmat qilinmaydi, odamlar oldindan xabar bermasdan, mehmonga boraverishadi. Mehmonlarning qachon kelib, qachon ketishlari haqida aniq qoida yo‘q, ular xohlagan paytlari kelib, xohlagan paytlari ketishlari mumkin. Naim uchun muttasil tashrif buyuradigan mehmonlar qo‘rqinchli tushga aylandi. U otamga kesatib, uning ortidan kelgan har bir mehmon uchun jarima qo‘llashi kerakligini aytib, hazillashardi. Bunga javoban esa otam, «sening ham qarindoshlaring kelaversin, eshigimiz очиқ» dedi va mavzu yopildi. Oradan uch oy o‘tib Naimning joni halqumiga tiqildi va otamga qarab shunday dedi:«Aslida biz daromad keltiradigan maktab ochishimiz kerak edi, ammo ko‘rib turganingdek, tekin mehmonxona sohiblariga aylandik. Bunday davom etishini aslo xohlamayman!» Bu vaqtga kelib ikki do‘st deyarli gaplashishmas, o‘rtadagi muammoni yechish uchun mahalliy oqsoqollarning vositachiligiga ehtiyoj sezishardi. Butun umr shaxsiy maktabi bo‘lishini orzu qilgan otam Naim kiritgan sarmoyani qayta to‘lab berish shartiga rozi bo‘ldi va maktabni o‘zida saqlab qoldi. Lekin pulni qanday qaytarish haqida o‘ylasa, tunlari uxlolmay chiqishi ham bor gap edi. Otamning baxtiga kollejdagi Hidoyatulloh ismli eski do‘sti otamning kulbasiga mehmonga kelganida maktab uchun Naimning o‘rniga sarmoya kiritishga rozi bo‘ldi. Ikki yangi hamkor uyma-uy yurib, yangi turdagi maktab ochilganini eʼlon qilib chiqdi. Otamga joziba va odamlarni o‘ziga jalb qilish qobiliyati berilgani bor gap. Hidoyatullohning taʼkidlashicha, otam kimning uyiga mehmonga borsa, uy egasida yaxshi taassurot qoldirib, do‘st bo‘lib qaytar ekan. Ammo odamlar otam bilan suhbatdan olam-olam taassurot olishgan bo‘lsa ham, o‘z bolalarini davlat maktabiga berishni afzal ko‘rishgan. Ular maktabga buyuk qahramon, Svat vodiysining janubiy qismidagi Akore shahrida tug‘ilgan shoir va jangchi Xushal Xon Xattak nomini berishdi. Bu qahramon XVIIasrda yashab o‘tgan bo‘lib, u urushayotgan pashtun qabilalarini yarashtirib, ularni mo‘g‘ullarga qarshi kurashish uchun birlashtirishga harakat qilgan. Maktabga shundoqqina kiraverishda quyidagi shior osib qo‘yildi: “BIZ SIZGA YANGI DAVR MUAMMOLARINI YENGISHGA YORDAM BERISH UCHUN KELDIK” Eshik ustida qalqon tasviri tushirilgan bo‘lib, unga Xushal Xonning ushbu mashhur so‘zlari yozilgan edi: «Men afg‘on xalqining nomusini himoya qilish uchun qilich ko‘tardim”. Otam tez-tez biz milliy qahramonlarimizdan o‘rnak olishimiz, ammo o‘z zamonamiz qonunlariga muvofiq, qilich bilan emas, qalam bilan, ilm va maʼrifat bilan vatanimiz sharafini himoya qilishimiz kerakligini uqtirardi. Xushal Xon chet el bosqinchilariga qarshi kurashish uchun pushtunlarni birlashtirgan bo‘lsa, otam xalqni johillik bilan kurashish yo‘lida birlashtirishni orzu qilardi. Baxtga qarshi, juda kam insonlar otamga ishonch bildirishdi. Otam maktabni 3 ta o‘quvchi bilan boshlashga majbur bo‘ldi. U har kuni o‘quvchilardan davlat madhiyasini kuylashni talab qilardi. Shundan so‘ng otamning jiyani Aziz Pokiston bayrog‘ini balandga ko‘tarardi. O‘quvchilar juda kamligi sabab maktabni zarur jihozlar bilan taʼminlashga mablag‘ yetishmasdi. Tez orada sheriklar bir tiyinsiz qolishdi. Ikkalasining ham oilasi ularga bir tiyin pul bermasligi aniq bo‘ldi. Otamning qarzga botganini va qarz berganlar doimiy ravishda pulni qaytarib berishni talab qilayotganini bilgan Hidoyatullo noqulay holatga tushdi. Bundan ham yomonrog‘i otam maktabni rasmiy ravishda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun borganida yuz berdi. U bir necha soatni kutish zalida o‘tkazganidan so‘nggina kresloda choy ichib, yalpayib o‘tirgan xalq taʼlimi bo‘limi boshlig‘ining xonasiga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu qanaqa maktab?, - so‘radi boshliq u yozgan arizani kulimsirab o‘qir ekan. - Nechta o‘qituvchisi bor? Uchta! O‘qituvchilaringiz malaka oshirishdan o‘tmagan. Maktab ochish sizga o‘yinchoqmi? Har qanday ko‘chadan kelgan odam maktab ochaveradi deb o‘yladingizmi? Xonadagi boshqa odamlar ham otamni mazax qilib, xandon otib kula boshlashgan. Otamning esa bundan g‘azabi qaynab ketdi. Boshliqning pora olishni istayotgani kundek ravshan edi. Pushtunlar bunday xo‘rlanishga dosh bera olmaydi, shuningdek, otam bepul qo‘lga kiritishi kerak bo‘lgan narsalaruchun pul to‘lashga ikki dunyoda ham rozi bo‘lmasdi. Mabodo ishi bitishi uchun hammasiga ko‘z yumib pora bermoqchi bo‘lsa ham, buning zarracha imkoni yo‘q edi – ularning topgan-tutganlari zo‘rg‘a qorin to‘yg‘azishga yetardi. Maktabni ro‘yxatdan o‘tkazish «narxi” 13.000 rupiyani tashkil etib, mutasaddilar maktab egasining puli ko‘pligini bilib qolishsa, bu «stavka” oshishi hech gap emasdi. Bundan tashqari, maktab egalari vaqti-vaqti bilan rasmiylarni kechki ovqatga taklif qilishlari, ularni go‘sht, sharob va yana boshqa noz-neʼmatlarga to‘la dasturxon yozib mehmon qilishlari zarur edi. Otam bu odatni juda yaxshi bilsa ham, unga amal qilmoqchi emasdi: «Biz tovuq fermasi emas, maktab ochmoqchimiz!» Bu otam Hidoyatullohga aytgan gaplar edi. Tovlamachilikka duch kelgan otam chiday olmay, rasmiylarga so‘z qotdi:«Sizga men bilan bu ohangda gaplashishga kim huquq berdi? Men jinoyatchimanmi? Politsiya mahkamasi yoki sud binosida o‘tirgan ayblanuvchimanmi?» Aynan ushbu voqea otamning xususiy maktab egalarining huquqlarini himoya qilishga va ularni talonchilik va korrupsiyadan himoya qilishga ahd qilishiga sabab bo‘ldi. Bu ishni yolg‘iz amalga oshirishning imkoni bo‘lmagani sababli u Svat xususiy maktablari uyushmasiga aʼzo bo‘ldi. Otam bu tashkilotga qo‘shilganida unda jami 15 ta aʼzo mavjud edi, otam tez orada vitse-prezident lavozimini egalladi. Boshqa barcha maktab egalari pora berishni odatiy hol sifatida qabul qilishgan bo‘lsa, otam korrupsiya atalmish baloni birgalikdagi saʼy- harakatlar evaziga yengish mumkinligiga amin edi.«Maktab ochish jinoyat emas-ku! Biz nima uchun pora berishimiz kerak? Axir biz fohishaxona yoki qovoqxona ochayotganimiz yo‘q-ku! Biz xalqning bolasini o‘qityapmiz! Davlat amaldorlari bizning boshliqlarimiz emas, balki xizmatkorlarimizdir! Ular bizga xizmat ko‘rsatishlari uchun maosh olishmoqda. Biz esa bolalarni o‘qitishimiz kerak!»Otam bu gaplarni bir nechta maktab egalari yig‘ilganida aytib o‘tgan. Tez orada otam tashkilot prezidentiga aylandi, muassasa aʼzolari soni esa 400 taga yetdi. Maktab egalari ham yengilmas kuchga aylanishdi. Otam maktabga pul keladigan emas, balki bilim beradigan joy sifatida qarar, Hidoyatulloh esa ancha og‘ir ahvolga tushib qolgandi. Mahalladagi do‘kon qarzga oziq-ovqat berishni to‘xtatib qo‘ydi, shu sababli ham ular ikkalasi choy va shakarsiz qolib ketishdi. Sheriklar daromadlarini oshirish to‘g‘risida uzoq vaqt o‘ylab, maktabda shirinliklar va bolalarga yoqadigan mayda-chuyda mahsulotlarni sotishni yo‘lga qo‘yishdi. Otam makkajo‘xori sotib olar, tuni bilan bodroq tayyorlab, uni idishlarga solib chiqardi. «Shunday vaziyatlar bo‘lganki, butunlay tushkunlikka tushib, boshi berk ko‘chaga kirib qolganmiz, ammo Ziyovuddinning irodasi kuchliligi bizning bir qancha muammoli vaziyatlarni yengib o‘tib ketishimizga sabab bo‘lgan”,-degandi keyinchalik Hidoyatulloh. Otam katta-katta narsalarni orzu qilardi. Bir kuni Hidayatulloh yangi o‘quvchilarni qidirib topish ishlaridan charchagan holda uyga qaytib kelganida otamning Pokiston televideniyesi vakili bilan suhbatlashayotganining ustidan chiqib qoldi. Xodim ketishi bilan Hidayatulloh kulib yubordi va otamga "Ziyovuddin, bizda televizor yo‘q-ku! Maktabimizni televizorda reklama qilsak ham, o‘zimiz uni tomosha qila olmaymiz-ku!” deb aytdi. Doim qalbida nekbinlik tuyg‘ulari yashaydigan otam hech qachon umidini yo‘qotmagan edi. Bir kuni otam Hidoyatullohga bir necha kunga tug‘ilib o‘sgan qishlog‘iga borib-kelishi kerakligini bildirdi. Aslida u uylanib kelishni maqsad qilgan, biroq Mingoradagi do‘stlarini to‘yiga aytish imkoniyati yo‘qligi sababli to‘yni hammadan sir tutgandi. Odatlarimizga ko‘ra to‘ylar bir necha kun davom etardi. Onam o‘z to‘yining aksariyatida qatnashmagan otamni biz katta bo‘lganimizda ham malomat qilardi. Otam faqat nikohning oxirgi kunida kelin-kuyovning boshlariga Qurʼon va ro‘mol tutib, ko‘zgudan bir-biriga qaratishganlarida hozir bo‘lgandi. Aksariyat hollarda aynan shu marosim bo‘lajak kelin- kuyovning ilk bora bir-birlarini ko‘rishi sifatida tarixda qoladi. So‘ngra bo‘lajak oilaning o‘g‘illari ko‘p bo‘lishi uchun kelin-kuyov bir muddat yosh bolalarni tizzalariga olib o‘tiradi. Urf-odatlarimizga ko‘ra kelin o‘z ota-onasidan mebel yoki boshqa uy jihozlarini, kuyovning ota-onasidan esa tilla taqinchoqni sovg‘a sifatida qabul qilib oladi. Bobomning ziqnaligini va bo‘lajak keliniga tilla taqinchoq sovg‘a qilsa, yuragi yorilib o‘lib qolishi mumkinligini hisobga olib, shundoq ham qarzga botib ketgan otam yana qarz olib onamga tilla taqinchoq xarid qiladi. To‘ydan keyin onam amakim va yangam ham yashaydigan bobomning hovlisida yashay boshlaydi. Otam har 3-4 haftada bir undan xabar olgani kelib-ketib yuradi. Otamning rejasi maktab ishlari yurishib ketgach, o‘sha yerdan yaxshiroq uy ijaraga olib, onamni ham ko‘chirib olib ketish edi. Ammo bobom hadeb onamni boqayotganligi og‘irlik qilayotganini aytib, uning hayotini do‘zaxga aylantirib qo‘ygan. Shu sababli otam yiqqan-tergan pullariga furgon yollab, onamni Mingoraga ko‘chirib olib kelishga majbur bo‘lgan. Ikki yosh birgalikda hayot kechira boshlashdi, ammo ularda buyog‘iga qanday kun kechirishlari to‘g‘risida aniq tasavvur mavjud emasdi. “Boshida otamdan juda qattiq ranjigandim. Ammo keyinchalik undan minnatdor bo‘ldim, sababi aynan u sabab mustaqil hayotga qadam qo‘ygandim”,- deya hikoya qilib bergandi otam. Bir muammo bor edi – otam Hidoyatullohga uylangani haqida aytishni mutlaqo unutgandi. Otamning ikki kishi bo‘lib qaytganini ko‘rgan sherigi dahshatga tushdi va «biz oila boqishga qodir emasmiz-ku! U qayerda yashaydi?» deya otamni savolga tutdi.«Xavotir olma, do‘stim. Uning bizga zarari tegmaydi. Ovqatimizni qilib, kirimizni yuvib yuraveradi”. Onam Mingorani ko‘rib, hayratga tushadi. Bu yer uning qishlog‘iga qaraganda ancha rivjojlangan edi. Bolaligida dugonalari bilan daryo bo‘yida o‘tirgancha o‘z orzularini o‘rtoqlashganlarida ko‘pchilik qizlar shunchaki oila qurishni, farzand ko‘rishni va erlariga shirin-shirin ovqatlar pishirib berishni istashlarini aytishardi. Navbat onamga kelganida u o‘z orzularini quyidagicha bayon qilardi: «Men shaharda yashayman, ovqat pishirmayman, xizmatkorlarim menga kabob va palov olib kelib berishadi”. Albatta, shahar hayoti u orzu qilgandek emasligi tez orada oydinlashdi. Otam sherigi bilan yashaydigan uyning atigi ikki xonasi bo‘lib, birida otam va Hidoyatulloh uxlasa, biri kichik kabinetga mo‘ljallangandi. Oshxona yoki xojatxona to‘g‘risida gapirmasa ham bo‘lardi. Onam kelgach, Hidoyatulloh kabinetga ko‘chib o‘tishga va u yerdagi yog‘och divanda uxlash «baxtiga” musharraf bo‘ldi. Bir necha oydan keyin onamning homilador ekanligi ayon bo‘ldi. Afsuski, mendan 2 yosh katta bo‘lgan ota-onamning birinchi farzandi o‘lik tug‘ildi. «Menimcha, hech qanday sanitariya meʼyorlariga javob bermaydigan iflos kulbada yashashimiz sabab jigarbandim o‘lik tug‘ilgan”,- deb eslardi bu voqeani otam o‘kinch bilan. «Xotinimni tug‘ruqxonaga olib borishni joiz topmadim. Onam 10 ta bolasini ham uyda dunyoga keltirgan deya o‘zimga o‘zim tasalli berdim. Afsuski, mana shu yerda bolam mening johilligim qurboniga айланди…» Maktab zarar ko‘rishda davom etdi. Oradan bir necha oy o‘tgach hatto maktab ijarasi va o‘qituvchilarning maoshi uchun ham pul yetishmay qoldi. Zargar otamdan onamga to‘y sovg‘asi sifatida hadya qilingan tilla taqinchoqning pulini tinmasdan so‘rayverar, otam esa unga bir piyola choy va suvi qochgan nondan boshqa narsa taklif qila olmasdi. Buni eshitgan Hidoyatulloh o‘zini tutib turolmadi va «U sening choyingni boshiga uradimi? Unga faqat pul керак» degancha qahqaha otib yubordi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, otamning tilla taqinchoqni sotib yuborishdan o‘zga chorasi qolmadi. Irim-sirimlarga ko‘ra, er-xotinni bog‘lab turadigan to‘y sovg‘asini sotib yuborish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Biroq ko‘pincha ayollar to‘y taqinchoqlarini erlari ish boshlashi yoki chet elga ketishi uchun sotishga majbur bo‘lishadi. Onam ilgari ham otamning jiyanining kollej to‘lovi uchun bilaguzukni sotishni taklif qilgan, baxtlariga, ko‘ra otamning amakivachchasi Jahon Sher Xon ularning jonlariga oro kirib, kollej uchun pul to‘lagan, aynan shu sabab bilaguzukning qarzga olinganligi to‘g‘risidagi sir onamning qulog‘iga yetib bormagandi. U keyinchalik ham bir necha bor otam nega bilaguzukni sotishni paysalga solayotgani ustida bosh qotirib, jig‘ibiyron bo‘lgan. «Kambag‘alni eshakning ustida ham it қопади» deganlaridek, tez orada hududga suv toshqinlari yaqinlashib kela boshladi. Hukumat aholini kun bo‘yi chelaklab quygan yomg‘ir natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan toshqinlar xavfidan ogoh bo‘lishga chaqirdi. Ko‘pchilik tumanni tark etdi. O‘sha paytda onam qishloqdagi qarindoshlarinikiga mehmonga ketgan, Hidayatulloh esa maktab jihozlarini tez ko‘tarilayotgan suvdan qutqarish uchun binoning ikkinchi qavatiga sudrab borishni boshlagan, lekin narsalar juda ko‘pligi sabab yolg‘iz o‘zi bu ishni eplay olmasligi kunday ravshan edi. Ustiga-ustak, o‘shanda otam ham qayergadir g‘oyib bo‘lgan, Hidoyatullohning jon holatdagi «Ziyovuddin, Зиёвуддин» deb qichqirishlariga hech kim javob bermagan. Hidoyatulloh tez orada o‘lib ketishi mumkinligi haqida o‘ylab, daxshatga tushadi. Maktab tashqarisidagi tor ko‘chani to‘la suv bosgan, bu vaqtga kelib suv Hidoyatullohning yelkasigacha ko‘tarilgandi. U osilib turgan elektr simlarining shamolda tebranib, suvga tegay-tegay deb turganini ko‘rib, qo‘rquvdan dag‘dag‘ titradi va agar suv yana ozroq ko‘tarilsa, suv simlargacha yetib borishini anglab, kalima qaytarishni boshladi. Keyin Hidoyatullohga jon shirinlik qildimi yoki boshqa sababdanmi, u irodasini bir mushtga jamlab, suvda suzgancha oldinga intila boshlaydi va to‘satdan otamga ko‘zi tushib, ancha xotirjam tortadi. Bu paytda otam eri suv tagida qolib ketgan bir ayol bilan gaplashib turgan, birozdan so‘ng esa suvga sho‘ng‘ib, suv tagida qolgan erkakni xavfsizroq joyga olib chiqan ekan. Ayolning yig‘isi xursandchilikka aylangan va bir ozdan so‘ng u yana talvasaga tushib qolgan: “-Axir bor bisotimiz bo‘lgan muzlatkich ham suv tagida qolib ketdi-ku!” Otam tag‘in suvga sho‘ng‘ib, ayolning muzlatkichini ham olib chiqan va shu payt ko‘zi to‘satdan Hidoyatullohga tushgan. Otam do‘sti yoniga suzib kelishi bilan undan «shirin гаплар» eshitgan: Ayolning muzlatkichigacha qutqarding, bu yerda esa do‘sting o‘lib ketishiga bir baxya qoldi, he … . Bilasan-ku, do‘stim, yig‘lab turgan ayolni ko‘rsam, chiday olmayman. Suv ortga chekinganida, uy va maktab tamoman abgor holatga kelib qolgandi: mebellar, gilamlar, kitoblar, kiyimlar va audiotizim – hamma-hammasi bir qarich loy bilan qoplangandi. Otam va Hidoyatullohning uxlash uchun yotog‘i, kiyishga kiyimi qolmadi. Baxtimizga, qo‘shnimiz Omoniddin aka ularni o‘z uyida tunashlariga ruxsat bergan. Maktabni tartibga keltirishga bir hafta vaqt ketdi. Oradan o‘n kun o‘tib bu gal na otam va na Hidoyatulloh uyda bo‘lganlarida ikkinchi toshqin «mehmonga келди» va ularning barcha mehnatini zoye ketkazdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, otamning yoniga WAPDA suv va elektr taʼminoti korxonasi vakillari kelishdi va hisoblagichlar atayin o‘chirib qo‘yilganini aytib, pora talab qilishdi. Tabiiyki, otam ularni haydab soldi, ammo tez orada konvertda otning kallasidek jarima qog‘ozi yetib keldi. Otamning bu jarimani to‘lashga zarracha imkoniyati yo‘qligi sababli uning nufuzli idoralarda ishlaydigan tanishlariga yordam so‘rab murojaat qilishdan o‘zga chorasi qolmadi. Xuddi hamma ishlar maktabga qarshi bo‘layotgandek taassurot uyg‘otar, ammo otam o‘z orzusidan osonlikcha voz kechadigan anoyilardan emasdi. Bundan tashqari, uning bo‘yniga ola-xurjun allaqachon ilingan, oilasini boqish uning ustuvor vazifalaridan biriga aylangan edi. 1997 yil 12 iyul kuni men dunyoga keldim. Bir qancha ayollarni osonlikcha tug‘dirgan qo‘li yengil qo‘shni kampir mening ham eson-omon dunyo yuzini ko‘rishimga ko‘makchi bo‘ldi. Tug‘ruq jarayoni boshlanganida otam maktabda ignaning ustida o‘tirgandek o‘tirgan, xushxabarni eshitishi bilan esa ichiga sig‘may, oyog‘ini qo‘lga olib, uy tomon yugurgan. Onam otam qiz farzandni qanday qabul qilishi borasida ikkilanib, xavotirlanib o‘tirganida xonaga xursandchiligi ichiga sig‘mayotgan otam kirib kelgan va meni ko‘rib, ko‘zlari baxtdan chaqnab ketgan. Malala omad va baxt olib keldi,- der edi Hidoyatulloh. — U tug‘ilishi bilan hammasi yaxshi tarafga o‘zgara boshladi. Ammo hammasi osonlikcha yuz bermadi. 1997 yil 14 avgustda Pokiston tashkil etilganligining ellik yilligi munosabati bilan butun mamlakat bo‘ylab paradlar va marosimlar o‘tkazildi. Ammo otam va uning do‘stlari Pokiston bilan birlashish Svat vodiysining taqdiriga salbiy taʼsir ko‘rsatganligini ro‘kach qilib, bu voqealardan xursand bo‘lishga asos yo‘q deb hisoblashdi. Ular bayramda yenglariga qora tasmalar taqib ko‘chaga chiqishdi va bu kunni ommaviy ravishda nishonlash uchun hech qanday sabab yo‘qligini bildirishdi. Bu ularga qimmatga tushdi — huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari ularni hibsga olib, to‘lashga qurbi yetmaydigan miqdordagi jarimaga tortdi. Tug‘ilganimdan uch oy o‘tib maktabning ikkinchi qavatidagi uch xona bo‘shab qoldi va biz hammamiz u yerga ko‘chib o‘tdik. Devorlari betondan bo‘lgan, oqova suv tizimi mavjud bo‘lgan bu xonalarning paxsadan qurilgan eski uyimizdan o‘lsa o‘ligi ortiq edi. Ammo bu uy ham bizga torlik qilar, sababi endi oilamiz aʼzolari soni uch kishiga yetgan, ustiga-ustak, otamning qarindoshlari ham uyimizga mehmonga kelishni kanda qilmas, Hidoyatulloh ham endi «ortiqcha” odamga aylanib qolgandi. Maktab juda kichik bo‘lib, aralash boshlang‘ich maktab talablariga zo‘rg‘a javob berardi. Men dunyoga kelganimda maktabda bor-yo‘g‘i 5-6 nafar o‘qituvchi ishlar, o‘qish uchun esa yuzga yaqin o‘quvchi oyiga yuz rupiyadan pul to‘lardi. Otam maktabda ham o‘qituvchi, ham hisobchi, ham direktor vazifasini bajarardi. U xonalarni supurish, pollarni artish va hojatxonani tozalash kabi ishlarni ham qilishdan uyalmasdi. Balandlikdan o‘lgudek qo‘rqsa ham, narvonning birinchi pog‘onasiga chiqsa, oyog‘i qaltirab, yuragi orqaga tortib ketsa ham, elektr ustunga chiqib, maktabga chorlaydigan reklama bannerlarini ilishgacha uning zimmasida edi. Suv tizimi ishlamay qolgudek bo‘lsa ham, otam quduqqa tushib, uni sozlashga kirishib ketardi. Har safar otam quduqqa tushganida menga u endi hech qachon ortga qaytmaydigandek tuyulib, yig‘lashni boshlardim. Maoshlar va ijara haqi to‘langanidan so‘ng bizda yashash xarajatlari uchun juda kam pul qolar, shu sabab ham sut bilan ichiladigan qora choy olishga qurbimiz yetmay, faqat ko‘k choy ichardik. Eng muhimi, maktab endi zararga ishlamayotgandi, bundan ruhlangan otam ikkinchi maktabni ochishni rejalashtira boshladi, uning nomi ham allaqachon taxt bo‘lib ulgurgandi – «Malala akademiyasi”. Bolaligimda maktab menga o‘yin maydonchasi bo‘lib xizmat qildi. Otamning aytishicha, endigina emaklay boshlashim bilan darslarga kirib, o‘zimni o‘qituvchidek tutib, bola tilida o‘quvchilarga qarab o‘dag‘aylar ekanman. Ulfat xonim singari baʼzi ayol o‘qituvchilar meni arzanda qilib, tizzalariga o‘tirg‘izishar yoki bir muddat o‘zlari bilan birga uylariga olib ketishar ekan. Uch-to‘rt yoshimda tez-tez katta bolalar dars o‘tilayotgan xonaga kirib o‘tirib, hayratdan og‘zimni ochib, o‘qituvchining tushuntirishlarini tinglay turib, beixtiyor uning yuz ifodalarini takrorlar ekanman. Xullas, maktabda tug‘ilib o‘sganman deb bemalol ayta olaman. Otam do‘stona munosabatlar va biznes sherikligini uyg‘unlashtira olish juda va juda mushkul ish ekanligini tushunib yetdi. Birgalikda biznes yuritish Naimdek do‘stidan ajralib qolishiga sabab bo‘ldi. Otamning ikkinchi sherigi Hidoyatulloh ham oxir-oqibat o‘z maktabini ochishini aytib, maktabni tark etdi. Ular o‘quvchilarini ikkiga bo‘ladigan va navbati bilan 4 yildan, jami 8 yil taʼlim beradigan bo‘lishdi, ammo o‘quvchilariga bu haqida lom-mim deyishmadi, Chunki o‘sha paytda ular odamlar ongida maktab kengaymoqda va shu sabab bitta bino yetmay qolib, ikkinchi binoni ham ijaraga olishyapti degan fikrning shakllanishini xohlashgandi. Bu vaqtga kelib otam Hidoyatulloh bilan gaplashmay qo‘ygan bo‘lsa ham, u meni juda sog‘inar va ko‘rgani tez-tez kelib turardi. 2001 yil sentabr oyida Nyu-Yorkdagi ikkita osmono‘par bino hujumga uchragani to‘g‘risida xabar kelganda Hidayatulloh bizning uyda mehmon bo‘layotgan edi. Tez orada uyimizni odam bosib ketdi. O‘shanda to‘rt yoshli tirmizak bo‘lganim uchun, tabiiyki, hech narsani tushunmasdim. Bu vaqtda, Amerika nima-yu, Nyu-York nima, men uchun baribir edi. Mening dunyoim maktab devorlari bilan cheklangandi. Hatto kattalar ham samolyotning binoga qanday urilganini tasavvurlariga sig‘dira olishmadi — Svat vodiysidagi eng baland binolar bo‘lgan mehmonxona va shifoxonaning balandligi uch qavatdan oshmagan. O‘shanda hech birimiz 11 sentabr kuni hammasi o‘zgarganini va bu o‘zgarishlar natijasida vodiyimizga urush kirib kelishini anglab yetmagandik. Download 0.59 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling