Malala Yusufzoy Men Malalaman Tik turib taʼlim olgan va tolibonlar
Download 0.59 Mb.
|
1Malala Yusufzoy. Men Malalaman uz-assistant.uz
Oshiq-u beqaror bo‘ldim aqliga, Ojiz qoldim bu go‘zallik qarshisida.
Yana bir muammo ularning baxtiga to‘g‘onoq bo‘lishi mumkin edi. Ikkala bobom umuman kelisha olmagan. Otam onamning qo‘lini so‘ramoqchi ekanligini oila aʼzolariga bildirganida ikki tomon ham nikohni kulib qarshi olmasligi kundek ravshan bo‘lgan. Nihoyat, otamning otasi biroz egardan tushib, onamning uyiga sovchi yuborishga rozi bo‘ladi va pushtunlar anʼanasiga ko‘ra mahalla sartaroshi onamning uyiga sovchi bo‘lib boradi. Ona tomondan bobom Malik Yanser Xon bu taklifni qatʼiyan rad etadi, shunga qaramay, o‘jar otam qaytadan sovchi jo‘natishini iltimos qilib bobomni holu joniga qo‘ymaydi. Yanser Xonning hujrasi odamlar siyosat to‘g‘risida bahs-munozaralar olib boradigan manzil bo‘lib, otam bu hujra atrofida ham xirapashshadek o‘ralashavergan. Axiyri, oradan 9 oy o‘tib bobom onamni otamga berishga rozi bo‘lgan. Onamning oilasida ayollar hukmron bo‘lib, erkaklar ularning ruxsatisiz yong‘oq ham chaqa olishmagan. Uning buvisi ayni o‘ynab kuladigan davrida bir etak bola bilan yetim qolgani yetmaganidek, 9 yoshli to‘ng‘ichi Yanser Xon qabilaviy janjallarga aralashib qolib, qamoqqa olinadi. Mening katta buvim baquvvat amakisining o‘g‘lining ozodlikka chiqishiga yordam berishidan umid qilib, qirq chaqirim yo‘lni piyoda bosib o‘tadi. Mabodo men yoki ukalarimdan birining boshiga kulfat tushsa, mening onam ham xuddi shunday qahramonlik qilishiga hech qanday shubham yo‘q. Onam o‘qish-yozishdan mutlaqo bexabar bo‘lsa ham, otam ko‘nglidagi borini onamdan hech qachon yashirmas edi. Kayfiyati yaxshiligida ham, yomonligida ham, ishi yurishganida ham, yurishmaganida ham, otam doimo onamga borini to‘kib-solardi. Onam esa otamning ko‘nglini ko‘tarib, o‘z maslahatlarini ayamas edi. Bu esa aksariyat pushtun erkaklarining kulgisiga sabab bo‘lardi. Chunki bizda o‘z muammolarini xotini bilan o‘rtoqlashgan erkak ojiz hisoblanadi. Otamni orqavarotdan “xotin quli” deya mazax qilishardi. Ota-onamning doimo kulib turgan yuzlari ular baxtli ekanligidan nishona edi. Onam juda taqvodor ayol bo‘lib, besh mahal namozni kanda qilmasdi. U bizga raqs tushishni qatʼiyan taqiqlagan, u bu xatti-harakatini bu xudoga xush kelmasligi bilan izohlagandi. Lekin kashtali kiyimlar, tilla marjon va bilaguzuklar bilan bezanib olish onamning jonu dili edi. Men uchun esa bu juda erish tuyular, sababi otamga o‘xshaganim uchunmi, kiyim-kechak va zargarlik buyumlariga umuman qiziqmas edim. Bozorga borishni o‘lgudek yomon ko‘rardim. Ammo eshikni berkitib qo‘yib, sinfdosh qizlar bilan raqsga tushishdan zavqlanardim. Yoshimiz kattargani sari biz bolalar ko‘p vaqtimizni onamiz bilan o‘tkaza boshladik. Otamiz juda band, maktabdan tashqari ham bir qancha adabiy jamiyatlar va jirg‘a (oqsoqollar kengashi)da faoliyat yuritar, shuningdek, atrof-muhitni himoya qilish va vodiyni saqlab qolish ishlariga bosh-qosh bo‘lardi. Otam chekka qishloqda tug‘ilib-o‘sgan bo‘lsa ham, kuchli shaxsiyati tufayli bilim olishga, nom chiqarishga va oilasiga munosib hayotni taqdim etishga muvaffaq bo‘lgan. Odamlar u bilan suhbatlashishga intilishar, uyimizning mehmonga to‘lishi meni juda quvontirardi. Onam to‘shagan uzun plastik yopqich atrofida jamlanib o‘tirardik va odatga ko‘ra o‘ng qo‘lda taomlanardik. Qosh qorayishi bilan, yog‘ lampalari yorug‘ida o‘tirib, maroq bilan uchayotgan chivinlarning soyasini devordan tomosha qilishga rosa qiziqardik. Baʼzi-baʼzida, yozning o‘rtasida ham chaqmoq-u, momaqaldiroqlar sodir bo‘lib, bunday vaqtlarda damim ichimga tushib ketib, otamning tizzasiga yaqinroq joylashib olardim. Otamning jangovar qabilalar, pushtun millati qahramonlari va avliyolari haqidagi hikoyalarini maroq bilan tinglab, sheʼr o‘qiyotgan ohangdor ovozidan rohatlanib, ko‘zlari nega yoshlanayotganini tushunmasdan,qanday uxlab qolganimni bilmmay qolardim. Svat vodiysidagi ko‘pchilik odamlar Yusufzoy qabilasining avlodlari hisoblanishadi. Pokiston va Avg‘oniston hududidagi pushtunlarning eng katta qabilalaridan biri hisoblanadigan Yusufzoylarning asl kelib chiqishi Qandahorga borib taqaladi. Ajdodlarimiz vodiyga XVI asrda Kobuldan kelib o‘rnashishgan. Ular o‘z yurtidan xaydab solingan Temuriylar sulolasining vakiliga (Z.M. Bobur – tarjimon.) Kobul taxtini olishga yordam berishgan. Bunga javoban, yangi hukmdor Yusufzoylarni armiya va davlat boshqaruvidagi muhim lavozimlarga tayinlaydi, ammo uning qarindoshlari va do‘stlari Yusufzoylarning qudrati oshib ketishidan tashvishga tushib, Temuriy hukmdorni taxtdan ag‘darilish havfidan ogoh qilishadi. Hukmdor qabilaning barcha yetakchilarini ziyofatga chaqiradi va hamma shirakayf paytida ommaviy qirg‘in uyushtiradi. 600 ga yaqin odam qatl etiladi. Faqatgina ikki nafarigina tasodifan omon qolib,qochishga muvaffaq bo‘ladi va qabiladoshlari bilan Peshovar tomon yo‘l oladi.Biroz nafas rostlashgach, baʼzi qabilalar hukmdorlarini xoin hukmdorga qarshi ittifoq tuzishga ko‘ndirish maqsadida Svat vodiysiga qarab yo‘l olishadi. Ammo jannatmakon vodiyni ko‘rishgach, bu qarordan zudlik bilan voz kechishadi va qaytanga bu yerdagi qabilalarni vodiydan quvib- solishadi. Yusufzoylar barcha yerlarni qabilaning erkak aʼzolari o‘rtasida taqsimladi. Bu har besh-o‘n yilda barcha oilalar o‘zaro qishloqlarini almashtirib, yangi qishloqning yerlarini erkaklar o‘rtasida taqsimlab beradigan "vesh" deb nomlangan o‘ziga xos tizim edi, shu orqali barcha qabila aʼzolari ham yaxshi, ham yomon yerlarda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishi taʼminlanardi. Bundan asl maqsad keyinchalik qabilaviy nizolar bo‘lishining oldini olish bo‘lgan. Qishloqlarni xonlar boshqarib, oddiy xalq vakillari - hunarmandlar va mardikorlar ularning ijarachisi hisoblangan. Xonlar ijara haqini, odatda, hosilning bir qismi ko‘rinishida olgan. Ularning yana bir vazifasi xon armiyasida xizmat qilishdan iborat bo‘lgan - har bir xonadondan bir nafar askar xon qo‘shini safida xizmat qilishi majburiy etib belgilangan. Xon yuzlab qurollangan odamlarni qishloq axolisini tinch saqlash, boshqa qishloqlarni bosib olish va talash uchun ushlab turgan. Svatdagi Yusufzoylarning biron-bir yagona hukmdori bo‘lmaganligi sababli xonlar va hattoki oilalar o‘rtasida ham katta-katta janjallar kuzatilgan. Erkaklarga har doim hushyor turishlari kerakligi uqtirilgan. Garchi yonida olib yurmasa ham, hozirgacha har bir pushtun erkagida shaxsiy miltiq bo‘lishi shart. Bobom navqironlik davrlarini hikoya qilib berar ekanlar, deyarli har kuni otishma bo‘lganini aytardilar. O‘tgan asrning boshlarida vodiy aholisi mamlakatni boshdan-oyoq nazorat qilgan inglizlar o‘z yerlarini tortib olishlaridan tahlikaga tushishgan. To‘xtovsiz qon to‘kilishi vodiy aholisining tinkasini quritgan. Shu sababdan ham hududni boshqarish va kelishmovchiliklarni hal qilish uchun xolis hukmdor topishga qaror qilishgan. Dastlabki ikki hukmdor ishonchni oqlay olmaganidan so‘ng oqsoqollar o‘zaro kengashib Mangul Abdul Vadod ismli kishini qirol qilib saylashgan. Garchi o‘qish-yozish baxtidan bebahra bo‘lsa ham, Sohib podshoh nomi bilan tanilgan bu shaxs vodiyda tinchlik o‘rnata oldi. Pushtun erkagidan miltiqni tortib olish uning hayotini tortib olish bilan teng bo‘lgani sababli Sohib podshoh aholini to‘liq qurolsizlantirishga muvaffaq bo‘la olmadi. Buning o‘rniga u muntazam qo‘shin tuzdi va butun vodiy bo‘ylab istehkomlar qurdirdi. Nihoyat, 1926 yilga kelib inglizlar uni davlat boshlig‘i sifatida rasman tan olishdi va o‘shandan boshlab “vali” (bizning tilda hukmdor) unvonini qo‘lga kiritdi. Vodiyga birinchi telefon liniyasining yetib kelishi aynan uning davrida sodir bo‘ldi, dastlabki maktab ham aynan uning nomi bilan bog‘liq. Uy-joy oldi-sotdisiga yo‘l bermaydigan, shuningdek, odamlarning qulay turar-joylar qurish va daraxtlar ekishga bo‘lgan rag‘batini so‘ndiradigan «vesh” tizimini bekor qilishi bilan u minglab odamlarning olqishiga sazovor bo‘ldi. Pokistonga asos solinganidan ikki yil o‘tib, 1949 yilda, Mangul Abdul Vadod katta o‘g‘li Mangul Abdul Xon Jahanzob foydasiga taxtdan voz kechdi. Otam doim: «Sohib podshoh tinchlik olib kelgan bo‘lsa, o‘g‘li farovonlik keltirdi”, deb aytardi. Vodiy xalqi Jahanzob hukmronlik qilgan yillarni «oltin давр» deb aytishdan charchamaydi. Peshavordagi ingliz maktabida o‘qigan Jahanzob, otasi savodsiz bo‘lgani uchunmi, xalq taʼlimi to‘g‘risida juda qayg‘urgan, shu sabab ham ko‘plab maktablar, shuningdek, shifoxonalar va yo‘llar qurdirgan. Jahanzob 1950 yilda turar joylar uchun ijara to‘lovi to‘lash tizimiga chek qo‘ydi. Afsuski... so‘z erkinligi har doim vodiyimizni aylanib o‘tgan. Kimda-kim valini tanqid qilsa, u kuchli tazyiqqa uchrab, oxiri vodiydan chiqib ketishga majbur bo‘lgan. Otam dunyoga kelgan 1969 yilda vodiymiz Pokistonning shimoli-g‘arbiy chegara viloyatining bir qismiga aylandi, bir necha yil o‘tgach esa Xayber-Paxtunxva deb nomlandi. Shu sabab birinchi navbatda o‘zimni Svat vodiysining fuqarosi deb hisoblasam va pushtun millatiga mansubligimni hech qachon unutmasam ham, tug‘ilishimdanoq Pokiston qizi bo‘lganman va vatanim bilan hozirgacha faxrlanaman. Men va ukalarim yon qo‘shnimizning men tengi farzandi Safina va uning ukalari Bobur va Bosit bilan birgalikda ko‘chada yoki tomda kriket o‘ynardik, lekin men ich-ichimdan meni ham ulg‘ayganim sari xuddi boshqa qizlar kabi uydan ko‘chaga chiqmaslik qismati kutayotganini his qilardim. Qiz bolaning vazifasi – oiladagi erkaklarga ovqat tayyorlash va ularning boshqa yumushlarini bajarish hisoblanadi. Erkaklar shahar tashqarisida ham bemalol yura olishadi, ularga hamma narsa mumkin, ammo ayol kishi ostona xatlab ko‘chaga chiqishi uchun uning yonida erkak qarindoshi bo‘lishi shart, hech bo‘lmaganda unga 5 yashar ukasi hamroh sifatida ergashishi kerak. Bu asrlar davomida shakllangan anʼana. Men ushbu anʼanaga bo‘ysunishni xohlamasligimni juda erta angladim. Otam ham bu borada meni ruhlantirardi: -Malala, ona qizim, sen erkin qushsan. Men ham xuddi Aleksandr Makedonskiy singari Yupiter yulduziga qo‘lim bilan tegish uchun vodiyni tark etib, Elum cho‘qqisining eng yuqorisiga chiqishni juda istardim. Ayniqsa, samoda erkin qanot qoqib yurgan qushlarni ko‘rib, o‘zimga o‘zim savol berardim: «Men ham bir kuni qushdek erkin bo‘la olamanmi?» Download 0.59 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling