Malala Yusufzoy Men Malalaman Tik turib taʼlim olgan va tolibonlar
Download 0.59 Mb.
|
1Malala Yusufzoy. Men Malalaman uz-assistant.uz
bob. Mening otam – lochinDoimo otamning nutqida nuqson borligini sezganman. Baʼzan so‘zlar mashina g‘ildiragi loyga botib qolganidek, og‘zida «tiqilib qolib”, qayta-qayta chaynalar, so‘zning bir bo‘g‘ini qayta-qayta talaffuz qilinib, navbatdagi bo‘g‘indan ha deganda darak bo‘lavermasdi. Uning aytishicha, bunday paytlarda uning tomog‘ida qanaqadir to‘siq paydo bo‘lib, baʼzi so‘zlarni oxirigacha yetkazib qo‘yishiga yo‘l qo‘ymas ekan. «M”, «P”, «K” tovushlari oilamizning ashaddiy dushmani edi, otam asosan shu harflarni talaffuz qilganida duduqlanib qolardi. Otam meni «Jani” deb chaqirishini oldin ham aytgan edim, to‘g‘risini aytaman, aslida Malala deb chaqirish unga qiyinchilik tug‘dirgani uchun ham men «Jani”ga aylanganman. So‘zga chuqur ehtirom ko‘rsatgan va sheʼr o‘qishni jon dilidan suyadigan odam uchun duduqlanishdan ortiq azob bo‘lmasa kerak. Otam irsiy sabablarga ko‘ra duduqlanish «baxt”iga musharraf bo‘lgan – uning ikki amakisi ham duduqlanish muammosidan aziyat chekgan. Otam yoshlik paytlarida duduqlanganida bobom o‘lganning ustiga tepgandek momaqaldiroqning guldurashidek qo‘rqinchli ovozi bilan unga qarab o‘shqirgan: To‘g‘ri-to‘g‘ri gapir! Otam qachon duduqlansa, bobomdan dakki eshitgan. Bobomning ismi Rohul Amin bo‘lib, bizning tilda bu «halol руҳ» degan maʼnoni anglatadi. Bu Jabroil alayhissalomning muqaddas ismi. Bobom o‘z ismidan shu qadar faxrlanardiki, kimgadir o‘zini tanishtirayotganida «Qurʼon”da o‘z ismi kelgan oyatni aytib berishdan erinmasdi. Bobom sal narsaga betoqatlanib, uy atrofida o‘ralashib yurgan tovuq yoki yuvilmagan piyola kabi arzimagan narsalarga guvoh bo‘lsa, butun uyni boshiga ko‘tarib, janjal ko‘tarar, ko‘zi qonga to‘lib, qo‘liga uchragan narsani derazadan uloqtirardi. Buvimni eslay olmayman, ammo dadamning aytib berishicha, u bobomga «men-ku doim sizning sovuq nigohingiz va kulgi yugurmagan yuzingizni ko‘rdim, men o‘lganimdan keyin, ilohim, xudo sizga hech qachon kulmaydigan xotin ato қилсин» degan ekan. O‘g‘lining duduqlanishidan tashvishlangan buvim yoshligida uni avliyo huzuriga olib boradi. Avliyoning huzuriga yetish uchun avtobusda bir necha soatlik yo‘l bosilganidan so‘ng u yashaydigan tepalikka ko‘tarilish uchun ham kamida bir soat vaqt zarur bo‘lgan. Onamning jiyani Fazli Hakim otamni yelkasiga ko‘tarib olgan. O‘sha mashhur avliyoning ismi Levano pir bo‘lib, oyparastlarni mo‘ʼjizaviy yo‘l bilan tuzata olgani bilan mashhur bo‘lgani uchun «tentaklar авлиёси» nomi bilan tanilgan. Otamni avliyo oldiga yotqizishgach, avliyo unga shakarqamish qiyomidan tayyorlangan qanaqadir damlama bergan. Buvimga ham qanaqadir o‘simlik poyasidan bir nechta tutqazib, otam uni har kuni oz- ozdan yeyishi kerakligini uqtirgan. Afsuski, bu muolaja o‘z samarasini bermagan. Baʼzi qarindoshlarimizning aytishicha, aynan shu hodisadan keyin otam oldingidan ham ko‘proq duduqlana boshlagan. Otam 14 yoshida bobomga notiqlik tanlovida qatnashishni istayotganligini bildiradi. Buni eshitgan bobom: Qanday qilib? Axir bitta gapni gapirish uchun ikki daqiqa sarflaysan-ku! - degancha xandon otib kuladi. -Tashvishlanmang ota, siz matnini yozavering, uni odamlarga yetkazish mendan. O‘z davrida bobomning nutqlari el-yurt ichida dong taratgan. U Shopur qishlog‘idagi hukumat maktabida ilohiyotdan dars bergan va masjidda imomlik qilgan. Uning maʼruzalari har qanday kishini sehrlab qo‘ygan. Bobomning juma maʼruzalari shu qadar mashhur bo‘lganki, bunday baxtdan quruq qolmaslikni istagan odamlar tog‘dan eshak bilan, hattoki piyoda ham tushib kelishgan. Otam juda katta oiladan chiqqan. Uning men Dadaxon deb chaqiradigan Said Ramazon ismli ukasi va 5 ta opasi bo‘lgan. Ular yashydigan Barkana qishlog‘i juda kichik va kambag‘al bo‘lib, bu yerda yashaydigan aholi qor-yomg‘irli kunlarda chakki tomadigan loysuvoq tomli uylarda yashashgan. Ko‘pgina oilalarda bo‘lgani kabi bu yerda ham qizlar uyda o‘tirgan, o‘g‘il bolalar esa maktabga borishgan. «Opalarim faqat turmushga chiqishlarini kutishardi”, deb keyinchalik yoshligini eslagandi otam. Ammalarim faqatgina maktabga borishdan mosuvo bo‘lishmagan. Otam ertalab sutni ichib, qaymoqqa non botirib o‘tirganida ular oddiy choy ho‘plab, otamga yeb qo‘ygudek tikilgan bo‘lishsa, ne ajab? Mabodo, tuxum olib kelinsa ham, u faqat o‘g‘il bolalarga nasib etgan. Tushlik dasturxoniga tovuq go‘shti tortilsa ham, qizlar faqat qanotlar va bo‘yin bilan kifoyalanishar, go‘shtning eng totli joylari otam, amakim va bobomning oshqozoniga tushgan. «Yoshligimdan o‘zimnig opalarimdan ustun ekanligimni his qilib katta бўлганман» degandi yoshligini hikoya qilib bergan otam. Otam tug‘ilib-o‘sgan qishloqda ko‘ngil yozish uchun maskan topish juda- juda mushkul edi. Hatto kriket maydonchasi ham bo‘lmagan qishloqning faqatgina bir xonadonidagina televizor mavjud edi. Juma kuni otam va amakim masjidga chiqib namoz o‘qishar, masjid minorasidan turib otalarining vaʼz o‘qishini maroq bilan tinglashar edi. Bobom Hindistonda tahsil olgan bo‘lib, Muhamad Ali Jinoh (Pokiston asoschisi), Javoharlal Neru, Mahatma Gandi, Xon Abdul G‘affor (mustaqillik uchun kurashgan buyuk pushtun yetakchisi) kabi insonlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Bobom hattoki 1947 yil 14 avgustidagi Hindistonning Britaniya mustamlakachilaridan to‘la ozod bo‘lishiga guvoh bo‘lgan. Bobom amakisining uyida osilgan radioda aytiladigan yangiliklarni eshitishni kanda qilmagan. Uning jumadagi vaʼzlarida dunyoda bo‘lib turgan yangiliklar, tarixiy voqealar bilan bir qatorda Qurʼon va hadisdan hikoyalar aytib o‘tilgan. U siyosat to‘g‘risida gapirishni juda xush ko‘rgan. Otam tug‘ilgan 1969 yilda Pokiston tarkibiga kirgan Svat aholisi bundan norozi bo‘lib, Pokiston huquqni muhofaza qiluvchi organlariga murojaat qilgan. Bobom sinfiy tuzumga, xonlarning mutlaq hokimiyatiga, shuningdek, boylar va kambag‘allar orasidagi farqning oshib ketishiga mutlaqo qarshi bo‘lgan. Tashkil etilganiga unchalik ko‘p bo‘lmagan Pokiston davlatining tarixi urushlar va harbiy mojarolarga boy. General Ziyoul-Haq hokimiyat tepasiga kelganida otam 8 yoshda bo‘lgan. Uyimizda bu generalning rasmi haligacha saqlanadi. Orqaga taralgan silliq sochlar, egasining g‘azabnok ekanligini ko‘rsatib turgan qop-qora ko‘zlar, eʼtibordan chetda qolmaydigan qoziq тишлар… Uning buyrug‘iga ko‘ra, davlatga xiyonat qilishda ayblangan Zulfiqor Ali Bxutto hibsga olingan va Ravalpindi qamoqxonasida osib o‘ldirilgan. Ammo Pokiston xalqi haligacha Bxuttoni xarizmatik siyosatchi sifatida eslaydi. U garchi katta yer egasining o‘g‘li hisoblansa ham, oddiy xalq huquqlarini himoya qilgan Pokistonning dastlabki siyosatchisi sifatida eslanadi. Buxuttoning qatl qilinishi butun mamlakatni hayrat ko‘chasiga yetakladi va millatni chuqur qayg‘uga botirdi. Amerika mamlakatga berilayotgan yordamni to‘xtatdi. General Ziyoul-Haq o‘z xalqining ishonchini qozonish uchun islomlashtirish siyosatini faol tarzda olib bordi. U Pokistonni nafaqat geografik, balki mafkuraviy chegaralarni ham qo‘riqlaydigan haqiqiy musulmon mamlakatiga aylantirish niyatida ekanligini bildirdi. Hukumatga so‘zsiz itoat etish islomning asosiy tamoyillaridan biri ekanligini bir necha bor taʼkidladi. General Ziyo qanday ibodat qilish kerakligini odamlarga yetkazmoqchi bo‘lib, har bir tumanda, hattoki bizning uzoq qishlog‘imizda ham namoz qo‘mitalarini tuzib, mamlakat bo‘ylab 100 ming namoz inspektorini tayinlagan. Bungacha esa mullalar unchalik ham obro‘-eʼtiborga ega bo‘lishmagan. Otamning aytishiga ko‘ra, ilgari mullalar to‘y-maʼrakalarda ham bir burchakda, ovozini chiqarmay o‘tirishgan ekan. Ammo Ziyoul-Haq rejimi mullalarni nufuzli shaxslarga aylantirdi va ko‘pchilik mullalar Islomoboddagi xutbalar uchun olib ketildi. Ularning orasida mening bobom ham bor эди… General Ziyo o‘rnatgan rejim ayollar hayotini yanada murakkablashtirdi. Pokiston asoschisi Jinah “erkaklar ayollar bilan teng huquqli bo‘lmas ekan, hech qanaqa rivojlanish haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Dunyoda ikkita kuch bor: biri qilich, biri qalam. Ammo bu ikkalasidan ham qudratliroq bo‘lgan, ammo ko‘pchilik eʼtibordan chetda qoldiradigan yana bir kuch mavjud. Bu – ayol” degan edi. Ammo Ziyo ayollarning sudda beradigan guvohligi erkaklar guvohligining yarmiga teng bo‘lishini qonunga kiritdi. Tez orada qamoqxonalar hech qanaqa jinoyat qilmagan, aksincha zulm ko‘rgan yosh-yosh qizlar bilan to‘lib ketdi. Bu qizlarning aksariyati 13-14 yoshlarida zo‘rlanib, homilador bo‘lib qolgan, ammo zo‘rlagan shaxsning jinoyatchi ekanini tasdiqlaydigan 4 ta erkak guvohni topa olmay, tuhmat qilgani uchun jazoga tortilgandi. Erkaklarning ruxsatisiz ayollarning bankda hisob-raqam ochishi taʼqiqlandi. Mamlakatimiz chim ustida xokkey sport turi bo‘yicha nom qozongandi, General erkaklarga shortida xokkey o‘ynashni taqiqlab, shalvarda o‘ynashni majburiy qilib qo‘ydi, ayollarga esa sport bilan shug‘ullanish mutlaqo taʼqiqlandi. Ziyo mamlakatda bir qancha madrasalar va diniy maktablar qurdirdi, maktablarda o‘tiladigan «Dinshunoslik” fani olib tashlanib, uning o‘rniga «Islomshunoslik” fani joriy etildi. Bu holat haligacha saqlanib kelmoqda. Yangi tarix darsliklari ishlab chiqilib, uning mualliflari Pokistonga 1947 yilda asos solinganligini unutib qo‘ygandek, Pokistonning qadim zamonlardan buyon haqiqiy islomni yahudiylar va hindularning hiyla-nayranglariga ko‘ksini qalqon qilib himoya qilganligiga, «islomning asosiy қалъаси» ekanligiga asosiy urg‘uni berdilar. Tarixiy fikrini shularni o‘qib shakllantiradigan avlod eng ashaddiy «dushman”imiz Hindiston bilan bo‘lgan uchta urush mag‘lubiyat bilan emas, balki Pokistonning g‘alabasi bilan tugagan degan taassurotni miyasiga singdirdi. Otam 10 yoshga kirgan 1979 yilning yangi yil bayramidan so‘ng hammasi o‘zgarib ketdi. Tish-tirnog‘igacha qurollangan Rossiya (SSSR - tarjimon) armiyasi qo‘shni Afg‘oniston mamlakatiga bostirib kirdi. Chegaradan o‘tib kelgan minglab qochoqlarga boshpana taqdim etildi. Peshovar atrofida haybatli qochoqlar lageri tashkil etilib, ularning ayrimlari hozirgi kunga qadar saqlanib kelmoqda. Pokiston razvedka xizmati lagerlardagi partizanlar yoki mujohid afg‘on qochqinlarini o‘qitish bo‘yicha katta dastur ishlab chiqdi. Afg‘on erkaklari jangdan qochmasliklari bilan tanilgan bo‘lishsa ham, dasturga boshchilik qiladigan polkovnik Imom «ularga tartib- intizomni o‘rgatgandan ko‘ra, qurbaqalarni bunga o‘rgatsam, ko‘proq natijaga эришардим» deya taʼkidlagan. SSSR bosqini butun dunyoning Ziyoga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirdi, zolim odam bir dumalab buyuk ozodlik himoyachisiga aylanib oldi. Rossiyaning asosiy dushmani bo‘lgan Amerika biz bilan do‘stlashishga urindi. Bir necha oydan so‘ng qo‘shni Eronda inqilob yuz berdi va shox taxtdan ag‘darildi. Amerika markaziy razvedka boshqarmasi sharqdagi eng yirik bazasini yo‘qotib, Pokiston Eronning munosib vorisi bo‘lishi mumkinligini his qildi. AQSH va G‘arb mamlakatlarining milliardlab dollar pullari Pokiston g‘aznasiga kelib tushdi. Shuningdek, mamlakat Afg‘onistonning qizil armiyaga qarshi kurashi uchun yordam tariqasida keltirilgan qurol-yarog‘lar ombori vazifasini o‘tadi. General Ziyo oq uyga taklif etilib, prezident Ronald Reyganning shaxsan o‘zi u bilan uchrashdi. Bir paytlari bosh vazir Zulfiqor Bxutto general Ziyoni bosh qo‘mondon etib tayinlaganida kelajakda Ziyoda uning o‘rniga o‘tirish ishtiyoqi paydo bo‘lib qolishi mumkinligi yetti uxlab tushiga ham kirmagan, shu sabab unga samimiy munosabatda bo‘lib, «maymun” deb laqab qo‘ygan. Ammo Ziyo ayyor va tadbirli ekanini isbotladi. U nafaqat Afg‘onistondagi SSSR kommunizmini tag-tugi bilan yo‘qotib yuborishga tayyor turgan g‘arbliklarni, balki musulmon birodarlarini kofirlar zulmidan qutqarish uchun Sudandan Tojikistongacha yetib kelganlarni ham qo‘llab-quvvatlagan. Butun arab dunyosidan, ayniqsa, Saudiya Arabistonidan pul oqimlari va ko‘ngilli jangchilar Pokistonga kelib, musulmon birodarlariga yordam berish uchun shaylanishgan. Ular orasida Saudiyalik millioner Usama bin Laden ham bor edi. Pokiston va Afg‘oniston mamlakatlarining fuqarolari bo‘lgan biz pushtunlar 100 yil oldin inglizlar chizib ketgan chegarani tan olmaymiz. Sovetlar bosqini haqida eshitganimizda esa milliy sabablarga ko‘ra qonimiz qaynagan. Masjidlardagi xutbalar paytida imomlar Rossiya Afg‘onistonni bosib olishi mumkinligi to‘g‘risida tez- tez gapirishar, rus bosqinchilarini laʼnatlashar va barcha musulmonlarni o‘z burchlarini ado etishga – jihodda qatnashishga chaqirishar edi. General Ziyo davrida islomning 5 ta ustuni (iymon, namoz, ro‘za, zakot, haj) yoniga yana bir ustun qo‘shildi – jihod. Otam jihod so‘zi AQSH markaziy razvedkasining propagandasi bo‘lgan der edi. Qochqinlar lagerlaridagi bolalar uchun Amerika universitetlari tomonidan tayyorlangan arifmetik masalalarning sharti quyidagicha bo‘lardi: “15 ta kofir askarlar 5 nafar birodar askarlari tomonidan o‘ldirilsa, qolgan askarlar nechtadan odam o‘ldiradi?". So‘fi Muhammad ismli mulla qishloqqa kelib, yoshlarni haqiqiy eʼtiqod yo‘lida turishga va ruslar bilan urushishga daʼvat qila boshlagan kunni otam ko‘p hikoya qilib beradi. Va uning murojaatiga labbay deb javob berilib,tez orada ko‘ngillilarning eski miltiqlar, boltalar va bazukalar bilan qurollangan otryadi yo‘lga chiqqan. O‘sha paytda bu mullaning bo‘lajak Tolibonlarning Svatdagi noibi bo‘ladi deb kim ham o‘ylabdi debsiz? O‘shanda otamning yoshi 12da bo‘lib, u katta janglarda qatnashish salohiyatiga ega bo‘lmagan. Yildan-yilga otamning kuchiga kuch, aqliga aql qo‘shilib borar va hamon unga jihodda qatnashish istagi tinchlik bermasdi. Otam voyaga yetishi bilan, ibodat qilmasa ham, har tong o‘rnidan turib, masjid joylashgan qo‘shni qishloqqa jo‘nab ketgan. U yerda u katta toliblar rahbarligida Qurʼonni o‘rgangan. O‘sha paytlarda «tolib” so‘zi faqat «dindor талаба» degan maʼnoni anglatardi. Ular birgalikda Qurʼonning barcha o‘ttiz bobini o‘rganib chiqqan va sharhlab ko‘rishga harakat qilgan. Tolibning balandparvoz gaplari otamni asirga aylantirgan. Ular otamga nuqul hayotning juda qisqaligi, har qadamda o‘lim kelishi mumkinligi, shu sabab ko‘p narsaga ulgurib qolish kerakligini uqtirishgan. Otamning ko‘plab sinfdoshlari ko‘mir konlarida ishlash uchun janubga ketishgan, otam esa boshqacha yo‘l tanlashni diliga tugib qo‘ygan. Kon ishi juda qiyin va xavfli bo‘lib, yiliga bir necha marta qishlog‘imizga baxtsiz hodisa natijasida vafot etganlarning jasadlari solingan tobut olib kelinardi. Aksariyat qishloq yigitlarining orzusi Saudiya Arabistoni yoki Dubayga borib, qurilishda ishlash bo‘lgan. Otamni esa bu zarracha qiziqtira olmadi. U faqat jannatga borishni, u yerdagi yetmish ikkita hurni ko‘rishni xohlardi. Otam har kuni tunda xudoga nola qilgan: “Ey Alloh, jihodda qatnashib shahid bo‘lishim uchun musulmonlar va kofirlar o‘rtasida urush bo‘lsin”. Otam bir qancha vaqt davomida musulmonchilik qonun-qoidalariga amal qilishni har narsadan ustun qo‘ygan. U Ziyovuddin Panchpiri (diniy oqim) nomi ostida imzo qo‘yib, soqol o‘stira boshladi. Keyinchalik u bularning hammasidan «miyani ювиш» uchun foydalanilganligini tushunib yetdi. Agar o‘shanda imkoniyat yuzaga kelganda, otamning hudkush-terrorchi bo‘lib, o‘lib ketishi hech gap emasdi. Otam yoshligidan hamma narsaga qiziquvchan bo‘lib, uning biror nimani to‘g‘ri deb qabul qilishi uchun o‘sha narsani juda uzoq vaqt tekshirib chiqishi talab etilgan. Ammo Pokiston mamlakatlaridagi yozilmagan qoidalarga ko‘ra, o‘qituvchiga savol berish hurmatsizlik belgisi sifatida qabul qilinardi. Xayolida shahid bo‘lishni va jannatga borishni orzu qilar ekan, otam onasining ukasi Fayz Muhammadni uchratib qolib, bo‘lajak xotinining oilasi bilan aloqada bo‘lib, onam tomonidan bobomning hujrasiga tez- tez qatnab qoladi. Bobomning oilasi dunyoviy millatchi partiyaga mansub bo‘lib, urushda qatnashishga mutlaqo qarshi bo‘lgan. Taniqli Peshovar shoiri Raxmon Shoh Sayel o‘sha davrdagi Afg‘oniston voqealari haqida gapira turib, shunday deydi: “Ikki fil – AQSH va SSSRning jangi aslo bizning jang emas. Pushtunlarni ikki bahaybat hayvonning tuyoqlari tomonidan ezilgan maysaga o‘xshatmoqdaman”. Bolaligimda otam menga bu gapni tez-tez aytib berar edi, lekin o‘shandaimen buning maʼnosini umuman ilg‘ay olmaganman. Fayz Muhammad otamda katta taassurot qoldirgan. Ular ijtimoiy o‘zgarishlarning deyarli amalga oshirilmayotganligi, barcha milliy boyliklar bir nechta shaxslar qo‘lida to‘planganligi va kambag‘allar yildan-yilga qashshoqlashib ketayotganiga chek qo‘yish to‘g‘risida juda ko‘p gaplashishgan. Xuddi shu vaqtga kelib otam ikki o‘tning orasida qolib ketdi – bir tomondan islomni himoya qilmoqchi bo‘lsa, boshqa tomondan tinch ijtimoiy islohotlarni amalga oshirmoqchi bo‘lardi. Oxir-oqibat, oltin o‘rtalikni topa oldi. Otam o‘z otasini faqat yaxshi nom bilan eslab, menga u qilgan ajoyib ishlar to‘g‘risida hikoya qilib berar, ammo mening nazdimda bobom boshqalar uchun qo‘ygan yuqori talablariga o‘zi javob bera olmaydigan inson sifatida gavdalanardi. Bobomning nutqlari tinglovchilarga shunchalik kuchli taʼsir ko‘rsatganki, ko‘pchilik odamlar anchadan beri izlab yurgan savollariga aynan bobomning maʼruzalarida javob topa olgan. Pushtunlarda, agar amakivachchasi o‘zidan ko‘ra kuchliroq yoki muvaffaqiyatliroq bo‘lsa, unga hasad qilish odati juda keng tarqalgan. Bobomning maktabda o‘qituvchilik qiladigan bir amakivachchasi bo‘lgan. Uning ishga kirishi bilan birinchi qilgan ishi yoshini o‘zgartirish bo‘lgan. Bizning odamlar tug‘ilish sanasini aniq esda saqlab qolmaydilar – bunaqa hodisalar mashhurroq voqealarga bog‘langan holda eslanadi. Masalan, «Usmon zilzila bo‘lgan yili anjir pishgan mahalda tug‘ilgan”. Ammo o‘zidan bir necha yosh katta amakivachchasining yoshini kichraytirishi bobomning tepa sochini tikka qilgan. U g‘azabning kuchi bilan qanday avtobusga o‘tirib, Mingoraga yetib borib, taʼlim vazirining xonasiga kirib qolganini bilmay qolgan. Sohib, mening o‘zimdan 10 yosh katta bir amakivachcham bor, ammo siz uni mendan 10 yosh kichik qilib ro‘yxatga olgansiz. Xo‘p, men sizga nima yozib beray? Keling, tug‘ilgan yilingizni o‘zgartiramiz. Kvettada zilzila bo‘lgan yilga nima deysiz? Bobomga bu gap moydek yoqib tushgan va u ortga «1935 yilda туғилган» deb yozilgan guvohnoma bilan qaytishga muvaffaq bo‘lgan. Bu, albatta, uning amakivachchasining yoshidan bir necha yosh katta edi. Albatta, bolalar ham oilaviy raqobatga kirishish «baxtidan” mosuvo qolishmagan. Otam va uning amakivachchalari o‘rtasida doimiy raqobat bo‘lgan. Otamning tashqi ko‘rinishi bobomni umuman qoniqtirmagan, maktab o‘qituvchilari chiroyli bolalarga boshqacha ko‘z bilan qarashlari bunga asosiy sabab bo‘lgan. Amakivachchalari har doim otamning maktabdan qaytishini poylab, uni «kuygan пирожний» deb masxara qilgan. Pushtun qonun-qoidalariga ko‘ra, bunday haqoratlar uchun albatta qasos olinishi kerak, ammo otam amakivachchalariga qaraganda ancha kichik va nimjonroq edi... Otam hech qachon bobom xohlagandek farzand bo‘la olmasligini ich- ichidan his qilardi. Bobomning husnixati qishloqdagi eng yaxshisi bo‘lgan, otam ham bobomdek husnixat sohibi bo‘lish uchun kechalari uxlamasdan nimalardir yozib chiqqan, ammo hech qachon uning ishlari maqtovga sazovor bo‘lmagan. Buvim esa o‘g‘lining ko‘nglini qanday ko‘tarish kerakligini yaxshi bilgan – aynan u otamni porloq kelajak kutayotganligiga ishontira olgan. Buvim o‘g‘liga bo‘lgan mehri kuchlilik qilganidan o‘zi uchun ajratilgan go‘sht va sutni ham otamga ilinardi. Ilmga chanqoq otam uchun elektr toki mavjud bo‘lmagan qishloqda o‘qish juda mushkul edi. Bu yerda dars qilishga ishtiyoqmand bo‘lganlar shamchiroqdan foydalanishlari kerak edi. Bir kuni otam tunda kitob o‘qib turganida uxlab qoladi va chiroq ag‘darilib ketadi. Bu vaqtda buvim to‘satdan uyg‘onib ketadi va o‘g‘lidan xabar olish uchun uning yoniga oshiqadi. Menimcha, uning ko‘ngli qandaydir ofat kelayotganini sezib, g‘ashlangan. Ona ko‘ngli shunaqa bo‘ladi o‘zi. Otam har doim aynan ona mehri va ishonchi uning o‘z yo‘lini topishiga ko‘makchi bo‘lganini aytishdan charchamaydi. Men esa hozirgi darajaga yetishimga sabab bo‘lgan mehr va ishonchni otamdan olganman. Ammo bir marta buvim otamdan qattiq ranjigan. O‘sha paytlarda Derai Saydan deb nomlangan muqaddas qadamjoda kun kechiradigan darvesh qishloqma-qishloq sayohat qilib, odamlardan sadaqa so‘rab yurardi. Bir kuni uyda faqat otam qolganida shu darvesh un so‘rab kelib qolgan, hotamtoy otam esa un saqlanadigan yog‘och sandiqdagi murvatni sindirib, darveshning xurjunini un bilan to‘ldirib bergan. Bobom va buvim uyga kelgach, bo‘lib o‘tgan voqeadan darg‘azab bo‘lishgan va otamni kaltaklashgan. Pushtun xalqi, mehmonlar oldida saxiyligi tutib qolsa ham,o‘zining anchayin tejamkorligi bilan mashhur. Bobom ham pulga rosa qattiq bo‘lgan. Bolalaridan biri tasodifan sut yoki ovqatni to‘kib qo‘ysa, uyda qiyomat-qoyim bo‘lgan. U juda ham vijdonli bo‘lib, boshqalarning ham o‘zidek bo‘lishini juda xohlardi. O‘sha paytda o‘qituvchilarning farzandlariga sport yoki boshqa to‘garaklarga qatnashish uchun chegirmalar berilgan, ammo ko‘plab o‘qituvchilar buni eʼtibordan chetda qoldirgan. Bir tiyin ustida tik turadigan bobom esa farzandlari uchun chegirma qilib berishlarini qattiq talab qilgan. Otam chegirma talab qilib idorama-idora yurishdan qattiq uyalgan. U bu voqealarni quyidagicha eslaydi: «Maktab direktori xonasi oldida navbat kutib o‘tirib, qaro terga botib ketdim. O‘shanda o‘zimni xuddi vijdonimni 5 rupiyaga sotgandek his qilganman”. Bobomning otamga yangi darsliklar olib berishidan ko‘ra xo‘rozning tuxum tug‘ishiga ko‘proq ishonish mumkin bo‘lgan. Yil oxirida u o‘zi o‘qitgan o‘quvchilaridan darsliklarini tashlab yubormaslikni talab qilgan va ulaldan otamni yonlariga jo‘natganida darsliklarni berib yuborishlarini tayinlagan. Otam bundan juda uyalgan bo‘lsa ham, savodsizlikdan qutulish uchun tishini tishiga qo‘yib sabr qilgan. Uning barcha kitoblarida boshqa bolalarning ismlari yozilgan bo‘lib, hech qachon o‘z shaxsiy kitobi bo‘lmagan. Sirasini aytganda, foydalanib bo‘lingan kitoblarni boshqalarga ulashish yomon ish emas. Men, shunchaki, yap-yangi kitobda faqat o‘zimning ismim yozig‘lik turishini orzu qilardim, xolos,- deb hikoya qilib bergandi otam. Bobomning ziqnaligidan aziyat chekib katta bo‘lgan otam moddiy va ruhiy jihatdan juda saxiy odamga aylandi. U asrlar davomida shakllanib kelgan amakivachchalarning shafqatsiz raqobatiga chek qo‘yishga ahd qildi. Maktab direktori og‘ir kasalga chalinganida otam hech ikkilanmay unga qon berishga tayyorligini bildirdi. Bundan direktorning boshi osmonga yetdi va otamdan o‘tmishda qilgan barcha haqoratlari uchun chin dildan uzr so‘radi. Otam menga bolaligi haqida gapirib berar ekan, bobom juda ziqna va qattiqqo‘l bo‘lsa ham, unga eng katta sovg‘ani – taʼlim olish imkonini berganini zavq-shavq bilan taʼkidlaydi. Mullalarning keskin tanqidiga uchraganiga qaramay, bobom otamni madrasaga emas, ingliz tilini o‘rgatadigan hukumat maktabiga berishdan cho‘chimagan. Bobom otamga o‘qishga chin dildan kirishishi, shuningdek, har bir insonning xohish-istaklari, eʼtiqodi, shaxsiy fikriga hurmat bilan yondashishi kerakligini uqtirgan. Juma kungi maʼruzalarida u feodal munosabatlar islom tomonidan qoralanishi, boylar va kambag‘allarni ajratib turadigan jarlikni yo‘q qilish kerakligiga tinmasdan urg‘u bergan. Fors va arab tillarida erkin gaplasha olgan bobomning Saʼdiy Sheroziy, Alloma Iqbol va Jaloliddin Rumiy g‘azallarini kuchli qiroat bilan o‘qib berishi otamning adabiyotga bo‘lgan muhabbati shakllanishiga sabab bo‘lgan. Otam duduqlanishdan xalos bo‘lishni va bobomga o‘xshagan kuchli notiq bo‘lishni chin dildan xohlardi. Bobom uning kelajakda shifokor bo‘lishini orzu qilishini xohlaganini bilib tursa ham, matematika va tabiiy fanlarga qiziqmasligi otamning kelajakda doktor bo‘la olmasligi ehtimolini oshirib yubordi. Albatta, bobom bundan juda ranjir edi, shu sabab u mamlakat bo‘ylab o‘tkaziladigan notiqlar tanlovida qatnashib otasining ishonchini qozonishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi. O‘z niyatini boshqalarga aytganida hamma otamni jinniga chiqargan. O‘qituvchilari va sinfdoshlari uni bu yo‘ldan qaytarishga juda qattiq kirishgan, bobom esa unga nutq yozib berishga hadeganda rozi bo‘lavermagan. Oxir-oqibat, otam bobomni ko‘ndira oldi va u yozib bergan nutq ustida mashq qilaverdi, қилаверди… Uyida o‘zini erkin his eta olmasdan dalaga chiqib ketdi. Uning tinglovchilari qushlar, o‘t- o‘lanlar bo‘ldi. Kuniga 100 martalab bitta nutqni qaytaraverdi, qaytaraverdi. Otam yashaydigan hududda ko‘ngil yozadigan joylarni topish amrimahol bo‘lgani sababli notiqlar musobaqasini kuzatish uchun juda ko‘p odam to‘plandi. Nutqi juda chiroyli va ravon bo‘lgan bir nechta yigit sahnaga chiqqanidan so‘ng nihoyat navbat otamga keldi. U keyinchalik ushbu voqeani eslar ekan, “minbarga chiqar ekanman, qo‘llarim, oyoqlarim, umuman, butun tanam hayajondan titray boshladi. Ko‘zim oldida tuman paydo bo‘ldi, tomoshabinlar ham ko‘zimga g‘ira-shira ko‘rina boshladi. Badanimni ter bosib, og‘zim qurib qoldi. Shu onda «menga har doim dushmanlik qilib kelgan undoshlar bugun ham hammasini rasvo qilib qo‘ysa-ya” degan fikr miyamga keldi va bundan dahshatga tusha boshladim. Aммо… Birdan mo‘ʼjiza yuz berdi. So‘zlar mening og‘zimdan shu qadar ravon, shu qadar jonli chiqar ediki, o‘zim ham bundan hayratga tushdim. To‘g‘ri, nutqim otamnikichalik chiqmayotgan bo‘lsa ham, atrofdagilar xuddi bulbulning xonishini tinglayotgandek menga mahliyo bo‘lib qolishdi. Gapiraverganim sari o‘zimga bo‘lgan ishonch ortib boraverdi”. Nutq tugashi bilan xursandchilik va qarsak ovozlari atrofni qurshab oldi. Eng muhimi, otam birinchi o‘rin uchun topshiriladigan kubokni olish uchun shohsupaga ko‘tarilayotganida bobomning qarsak chalayotgani va atrofdagilar uning yelkasiga qoqib qo‘yayotganini ko‘rib yettinchi osmonda ucha boshladi. Otamning bu yutug‘i uning ilk bora bobomning yuziga kulgi yugurganini ko‘rishiga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng otam bir nechta musobaqalarda qatnashdi. Bobom unga nutq yozib beraverar, otam esa bunga javoban deyarli har bir musobaqada g‘alaba qozonaverar edi. Otamning zaiflikni kuchga aylantira olganini ko‘pchilik uchun o‘rnak sifatida ko‘rsatish mumkin. Bobom otamni tanishlariga maqtashni boshladi. «Ziyovuddin – haqiqiy lochin!» deb ko‘ksiga urib qo‘yardi u. Bobomning bunday deyishiga sabab lochinning har qanday qushdan balandroq parvoz qila olishi bo‘lgan. Hattoki o‘shandan keyin otam o‘z ismini «Ziyovuddin Шаҳен» deb yoza boshlagan, ammo lochin qushlar ichida eng yirtqichi ekanligini bilganidan so‘ng bu fikridan qaytgan va ismini oddiygina qilib «Ziyovuddin Юсуфзой» deb yozadigan bo‘lgan. Download 0.59 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling