Malala Yusufzoy Men Malalaman Tik turib taʼlim olgan va tolibonlar


Download 0.59 Mb.
bet22/33
Sana02.05.2023
Hajmi0.59 Mb.
#1421165
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   33
Bog'liq
1Malala Yusufzoy. Men Malalaman uz-assistant.uz

bob. Tinchlikning qiziqarli turi


Taʼtil muddati yakunlanib, ukalarimning maktabi ochilganidan so‘ng, ukam Xushal menga o‘xshab uyda qolishni afzal ko‘rishini taʼkidladi. Bundan meni jahlim chiqdi. — Nahotki sen qanday baxtdan o‘zingni mosuvo qilayotganingni tushunmayotgan bo‘lsang? Maktabga bormaslik fojia emasmi?
Alam qilarlisi, biz Islomobodga ketganimizda kimdir bizning televizorimizni ham o‘g‘irlab кетганди…
Mana shunaqa og‘ir kunlarda qo‘limga Paulo Koelyoning «Alkimyogar” asari tushib qoldi. Bu kitobda hazina izlab Misr piramidalari tomon yo‘lga chiqqan cho‘pon yigit Santiagoning sarguzashtlari haqida bitilgandi. Bu kitobni tom maʼnoda sevib qoldim va qayta-qayta o‘qiy boshladim. Ehtimol «Bir narsani chin dildan xohlasang, bunga erishishing butun koinot uchun yordam beradi.» deb yozgan Koelyo bizning amaldorlarimizga duch kelganida, bu fikridan qaytgan bo‘larmidi?
Men tushunmayotgan narsa Hay Kakarning Fayzulloh va uning shotirlari bilan maxfiy ravishda aloqa o‘rnatgani edi. Uning bu muttahamlardan qizlarning taʼlim olish huquqini tiklab berishni so‘rab qilgan murojaatlari samarasiz bo‘ldi.
«Tingla ey mulla, sen odamlarni o‘ldiryapsan, nogiron qilyapsan, ishsiz qolishiga sabab bo‘lyapsan. Sen maktablarni vayron qilyapsan va Pokistonni botqoqqa botiryapsan. hech kim senga qarshilik ko‘rsatishga jurʼat etmayapti. Ammo, qizlar taʼlimiga to‘sqinlik qilar ekansan, xalq bunga jim qarab turmaydi. Xattoki, shu paytgacha sening nojo‘ya xatti-harakatingga ko‘z yumgan Pokiston matbuotining ham sabr-kosasi to‘lib bormoqda.»
Qizlar maktablarining yopilishi haqidagi qarorga norozilik kuchayib ketganidan Fayzulloh ushbu taʼqiqni 10 yoshgacha bo‘lgan qizlar uchun olib tashlashga majbur bo‘ldi. Men esa afsuski 11 yoshda edim. Ammo, 10
yoshdan oshganimni hech kim isbotlay olmagani sababli, «jinnini ёқволиб» maktabga qatnay boshladim. Maktabga borish erkinlashib qolgani bilan, har ehtimolga qarshi, oddiy kiyimda, kitoblarimizni to‘rva-xaltaga yashirib maktabga borib-kelib yurdik. Maktabga borayotganimizni va asl yoshimizni bilib qolishlaridan qo‘rqsak ham, eng katta maqsadimiz amalga oshgani uchun, tavakkal qilishga majbur edik. Baxtimizga, Maryam xonim ham ishdan bo‘shashi uchun qilingan bosimlarni yengib o‘tib, ishga qatnay boshladi. Otam va Maryam xonim bir-birini ancha yillardan beri yaxshi bilar, shu sababli bir-biriga to‘laqonli ravishda ishonishardi.
Bu vaqtga kelib, yozishdan qo‘lim ancha chiqib ketib, shu sabab blogni ham chang bosib qoldi. Agar ular bizning qilayotgan barcha ishlarimizdan xabar topishsa, terimizga somon tiqishlari muqarrar edi. Baʼzi odamlar arvohlardan qo‘rqishadi, baʼzilari esa o‘rgimchaklar yoki ilonlardan. Hozirgi kunlarda esa faqat bir turdagi mavjudot ko‘plab insonlarning yuragiga qo‘rquv urug‘ini sepish bo‘yicha yetakchilikni qo‘lga oldi – inson!
Maktabga borar chog‘imda beso‘naqay soqolli tolibonlarga tez-tez duch kelardim. Ko‘p hollarda ular yuzlarini to‘sib olishardi. Ularning ko‘rinishi juda g‘alati, xorg‘in ahvolda bo‘lardi. Bu vaqtga kelib axolining 3 dan 2 qismi shaharni tark etgani sababli Mingora ko‘chalari ham xuvillab qolgandi. Agar hukumatda axmoq va kaltabin insonlar in qurib olgan bo‘lsa, odamlarni mamlakatni tashlab ketgani uchun ayblash ahmoqlik sanaladi. Hozirgi kunda vodiyda vertolyot, tank va boshqa takomillashgan qurol-aslahalarga ega 12.000 nafar hukumat askari «tolibonlarga qarshi kurashga jalb etilgandi”, tolibonlarning soni esa nari-borsa 3000 ta chiqardi. Ammo, vodiyning 70 foiz qismi Tolibonlarning nazorati ostidaligi alam qilardi.
Maktab ochilganidan bir hafta o‘tib, 2009 yil 16 fevral kuni tunda eshitilgan o‘q ovozi hammamizni seskantirib yubordi. Pushtun to‘ylarida va yangi bola tug‘ilganida miltiqdan o‘q otish odat tusiga kirgan, ammo hozirda bu odat unutilgan edi. Avvaliga qo‘rquvdan dag‘- dag‘ titragan bo‘lsak ham, keyinchalik bizga voqeaning asl tafsilotlari yetib keldi. Maʼlum bo‘lishicha, ushbu o‘q muhim voqea sharafiga - Tolibon va Xayber Paxtunxva hukumati o‘rtasida tinchlik shartnomasi tuzilganligi munosabati bilan — otilgan. Hukumat Svatda shariat qonunlarini bajarilishini taʼminlashi evaziga Tolibon jangchilari jangovar harakatlarni to‘xtatishlari kerak edi. Toliblar o‘n kunlik sulhga rozi bo‘lishdi va xayrixohlik belgisi sifatida olti oy oldin o‘g‘irlab ketilgan xitoylik telefon aloqasi muhandisini ozod qilishdi.
Albatta, biz bu voqeadan xursand bo‘ldik — otam va men mening printsipim shunaqa: har qanaqa tinchlik kelishuvi biz uchun muhim. Lekin kelishuv shartlariga amal qilinmasligidan jichcha qo‘rqardik. Odamlar toliblar o‘z zulmlarini to‘xtatib, normal hayot kechirishga umid qilib, uylariga qaytishdi. Svat vodiysida o‘rnatilgan shariat qonunlari afg‘on versiyasidan farq qilishiga, axloq politsiyasidan voz kechilishi va qizlar maktablarini qayta ochilishiga barcha birdek umid qildi. Svat vodiysi yana oldingidek hayotga qaytishiga odamlar o‘zlarini ishontirishdi. Meni ham bunga ishongim kelar, lekin xavotirli gumonlar meni tark etmasdi. Axir, har qanday tizim eng tepadan boshqaradigan odamlarga bog‘liqligi kundek ravshanku! Eng tepada kim o‘tiribdi? Toliblar!
Barcha muammolarimiz o‘tmishda qolganiga ishonish qiyin edi. Toliblar mingdan ortiq oddiy axoli vakillari va politsiya xodimlarini o‘ldirdi. Ko‘priklarni portlatdi, maktablar va korxonalarni yopib tashladi. Ularning sharofati bilan ayollar uyga mixlanishdi. Vodiyimizni odolat tark etdi, xalq sudining vaxshiyona qarorlariga hamma bo‘ysunishi majburligi belgilab qo‘yildi. Barcha doimiy qo‘rquvda yashay boshladi. Birdaniga, barcha daxshat ortda qoldi deb vaʼda berishdi. G‘alati emasmi?
Nonushta paytida men ukalarimga hozirda tinchlik hukm surayotganini va shuning uchun endi urush-urush o‘ynashni bas qilishlari kerakligini aytdim. Ular har doimgidek menga bo‘ysunmay, sevimli o‘yinlarini o‘ynashni kanda qilishmasdi. Xushal o‘yinchoq vertolyotni, Atal plastik to‘pponchani o‘ynardi. Men ularga eʼtibor bermay, xonamga kirib, shkafdan maktab formasini olib chiqdim. “Haqiqatan ham uni yana bemalol kiysam bo‘ladimi? — deb o‘yladim. — Haqiqatan ham yana darsliklarimni maktabga bemalol olib bora olamanmi? Haqiqatan ham mart oyida imtihon topshiramanmi? Shu savollar menga hech tinchlik bermasdi.
Quvonchli kunlarimiz uzoq davom etmadi. Ikki kundan so‘ng, Toj Mahal mehmonxonasining tomida, Hamid Mir ismli taniqli jurnalist bilan suhbatlashayotganimda, bir telejurnalistning o‘ldirilgani haqida qayg‘uli xabar keldi. Uning ismi Muso Xon Xel bo‘lib, u tez-tez otamdan intervyu olganini yaxshi eslayman. O‘sha kuni u So‘fiy Muhammad boshchiligidagi tinchlik marshi haqida xabar bergandi. Muso Xonning jasadi ushbu marsh bo‘lib o‘tadigan ko‘chaning yaqinidan topilgan. Jasadda kamida 30 ta o‘q topilgan, bo‘yin tarafi esa vaxshiylarcha kesib tashlangandi. Muso Xon yigirma sakkiz yoshda edi. Onam uning o‘limi haqida eshitganidan juda xafa bo‘lib, tuni bilan yig‘lab chiqdi. Tinchlik shartnomasi zo‘ravonlik va shafqatsizlikka barham beradi degan umidlar puchga chiqdi. Onam bizning tinch hayotga bo‘lgan umidlarimiz xomxayol bo‘lib qolishidan qo‘rqardi.
Bir necha kundan so‘ng, 22 fevral kuni Svat vodiysi komissari Javid Said Mingora press-klubida «to‘liq сулҳ» eʼlon qildi. U Svat vodiysidan chiqib ketgan barcha aholini uylariga qaytishga chaqirdi. Tolibon vakili Muslim Xon jangarilar jangovar harakatlarni to‘xtatishga rozi ekanligini tasdiqladi. Prezident Zardari tinchlik shartnomasini imzolab, unga huquqiy maqom berdi. Hukumat Tolibon qurbonlarining oilalariga pul kompensatsiyasi berishni vaʼda qildi.
Barcha svatliklar xursand edi. Mening xursandchiligim boshqalarnikidan ham yuqori edi – axir, endi qizlar uchun maktablar yana ochilishiga shubha yo‘q edi-da. Tolibonlar qizlarning maktabga borishlari mumkinligini bildirishdi, ammo faqat bir shart bilan – qizlar uzun paranji taqib olishlari zarur edi. Bunga hech kim qarshilik qila olmadi – axir, shuning o‘zi ham biz uchun katta gap edi- da.
Aytish kerakki, tinchlik bitimiga qarshi chiquvchilar ham ko‘p edi. Masalan, bu bitim amerikaliklarning g‘azabiga uchradi. «Men Pokiston hukumati bemalol Tolibon va ekstremistlarni taslim qila olishiga ishonaman”, dedi AQSH Davlat kotibi Xillari Klinton. Amerikaliklarning hisoblashlaricha, tinchlik shartnomasi hukumatning kuchsizligidan dalolat beradi. Pokistonning «Dovun” gazetasi maqola eʼlon qilib, unda tinchlik shartnomasi «o‘zboshimchalik va zo‘ravonlik evaziga davlatdan har qanday imtiyozlarni olish mumkinligi to‘g‘risida dahshatli далиллар» deb nomlandi.
Ammo hech qachon Svat vodiysida yashamaganlar shartnomaga muxolif bo‘lib chiqishdi. Ular biz uchun tinchlik eng oliy neʼmat ekanligini qayerdan tushunishsin? So‘fi Muhammad toliblar o‘z qurollarini tashlashlariga va vodiyga tinchlik qaytishiga kafil edi. Ko‘p odamlar unga o‘z hurmat-ehtiromlarini bildirish va uning qo‘lini o‘pish uchun navbatda turishardi. Barcha urush va xudkushlik xujumlari sababli holdan toyishgandi.
Xay Kakar endi joiz emas degan qarorga kelganidan so‘ng mart oyida blog yuritishni to‘xtatdim. Ammo barcha umidlarimiz puchga chiqib, Svat vodiysidagi vaziyat deyarli o‘zgarmadi. Toliblarning o‘zboshimchaliklari yanada kuchaya boshladi. Ular terrorizm uchun davlat tomonidan ruhsat oldik deb hisoblay boshlashdi. Barcha umidlarimiz havoga uchdi. Tinchlik shartnomasi sarob bo‘lib chiqdi. Tish-tirnog‘iga qadar qurollangan toliblar yo‘llarda hukumat qo‘shinlari kabi patrullik qila boshlashdi.
Toliblarning qo‘riqchilari hali ham Xitoy bozorida izg‘ib yurishni kanda qilmagandi. Bir kuni onam yaqinlashib kelayotgan to‘yida kiyish uchun yangi kiyim sotib olmoqchi bo‘lgan amakivachchammni qo‘ltiqlab
bozorga bordi. To‘satdan paydo bo‘lgan bir jangari ularning yo‘lini to‘sib, shunday dedi:

  • Ayollarning ro‘mol o‘rashi kamlik qiladi, ular paranji ham kiyishlari kerak! Agar sizni yana bir bor ko‘chada paranjisiz ko‘rsam, qamchimning taʼmidan taʼtib ko‘rishingizga to‘g‘ri keladi.

Ammo onam sal narsaga qo‘rqadigan anoyilardan emasdi. Xotirjamlik bilan «Yaxshi, biz albatta paranji киямиз» deganidan so‘ng toliblar ularni o‘tkazib yuborishdi. Onam shundoq ham ro‘mol o‘rab yurar edi, ammo paranji kiyish pushtunlarning urf-odatlariga butunlay zid edi.
Toliblar lab bo‘yog‘i sotadigan do‘kon egasini erkak kuzatuvisiz kelgan ayolga lab bo‘yog‘i sotgani uchun kaltaklagani haqidagi gap qulog‘imizga chalindi. Toliblar bu qilmishini ushbu gap bilan haspo‘shlashdi: “Bozorga kirish eshigi ustida plakat osilgan, unda ayollar faqat erkak qarindoshlari hamrohligida bozorga kelishlari mumkin, deb yozilgan. Siz nomahram ayolga xizmat ko‘rsatib, qonunni buzdingiz va buning uchun jazolanasiz.” Ular bu baxtiqaro odamni ko‘pchilik oldida beayov kaltaklashdi, ammo hech kim unga yordam berishga jurʼat eta olmadi.
Bir kuni otam menga mobil telefonga yozib olingan bir videoni ko‘rsatdi. Bu videoda dahshatli manzara aks etgandi. Boshida paranji taqqan va qizil shim kiygan o‘spirin qiz yerga uzala tushib yotib olgan va qora salla kiygan soqolli erkak uni tinmay qamchilardi. «- Iltimos, rahm qiling!» Qizning ko‘zidan yosh daryodek oqib, soqolli muttahamga tinmay yolvorardi. «Allohning nomi bilan iltimos qilaman, bas qiling! Axir o‘lib qolaman-ku!»
Ammo zolim uni qamchilashda davom etib, hamtovoqlariga murojaat qildi: — Uni mahkam ushlang, qo‘llarini ushlang! Bir payt qizning paranjisi siljib ketdi va battollar uni o‘z joyiga qaytarish uchun kaltaklashdan biroz tin olishdi. Shundan so‘ng, kaltaklash yana davom etdi. Ular qizni o‘ttiz to‘rt darra urishdi. Atrof to‘la olomon bo‘lsa ham, hech kim churq eta olmasdi. Ayollardan biri, masʼuma qizning qarindoshi, hatto qizning qo‘llarini ushlab turishga yordam berdi.
Bir necha kun ichida ushbu video deyarli butun mamlakatda tarqalib, uni ko‘pchilik tomosha qildi. Xatto islomobodlik kinorejissyor ayol ushbu videoni Pokiston televideniyesida bir necha bor namoyish qilib, jahon hamjamiyatini o‘ziga jalb qildi. Odamlar hayratdan yoqa ushlashdi. Video qo‘zg‘atgan shiddatli reaksiya shuni isbotladiki, shu paytgacha bizning vodiydan tashqarida toliblarning qonunsizligi qanchalik keng tarqalganini bir necha kishi boshidan kechirgan. Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G‘iloniy noqonuniy samosud bo‘yicha tergov o‘tkazilishini talab qildi. U qizga qilingan qiynoqlar Islomga zid ekanligini
taʼkidlab,«Islom bizni ayollarga nisbatan yumshoq muomalada bo‘lishga o‘rgatadi”, deb bayonot berdi.
Baʼzi odamlar videoning soxta ekanligini daʼvo qilib chiqishdi. Boshqalar qizni yanvar oyida, tinchlik kelishuviga erishishdan oldin kaltaklashganini taʼkidlashdi. Bu video Tolibonni obro‘sizlantirish uchun chiqarilgan deganlar ham bo‘ldi. Ammo Muslim Xon videodagi tasvirlar haqiqiy ekanligini tasdiqladi: «Bu ayol qarindoshi bo‘lmagan erkak bilan uydan chiqib ketgan”, dedi u. “Biz uni jazolashimiz kerak edi. U o‘tib bo‘lmaydigan chegarani kesib o‘tgandi.”
Xuddi shu vaqtda, aprel oyining boshlarida Zohid Husayn ismli yana bir taniqli jurnalist Svatga yetib keldi. U vodiy komissarining rasmiy qarorgohiga tashrif buyurib, u yerda ko‘plab tolibon rahbarlari, jumladan Musulmon Xon va hattoki Tolibon va armiya o‘rtasida shiddatli to‘qnashuvlar davom etayotgan Bajaur shahridagi jangari qo‘mondon Faqir Muhammad ishtirok etgan ziyofatning guvohi bo‘ldi. Hokimiyat tomonidan Faqirning kallasi uchun 200 ming dollar mukofot vaʼda qilingan bo‘lsa ham, u faxriy mehmon sifatida davlat mulozimining qarorgohida ziyofatda o‘tirgani ajablanarli edi. Baʼzi armiya qo‘mondonlari Mavlono Fazlulloh boshchiligidagi ibodatlarda qatnashganligi haqida mish-mishlar tarqala boshladi.
«Bir qozonda ikki kalla qaynamaydi. Bitta qilich sopiga ikkitasini tiqa olmaysan. Svatning asl xo‘jayini kim — hukumatmi yoki Fazlullohmi?» Otam do‘stlari bilan suhbatda shu haqida kuyunib gapirgandi.
Ammo ich-ichimizdan tinchlik va osoyishtalik oxir-oqibat bizning vodiyga yetib kelishiga ishonardik. Hamma 20 aprelni intiqlik bilan kutar, o‘sha kuni ommaviy yig‘ilish o‘tkazilishi va unda So‘fi Muhammad Svat aholisiga murojaat qilishi kutilayotgandi.
O‘sha kuni ertalab hammamiz uyda edik. Tolibonning bir guruh o‘spirinlari ko‘chada jangovar qo‘shiq kuylab ketayotganlarida, otam va ukalarim hovlida badantarbiya qilishayotgandi.
Bu ablahlarga qarang, aba, — dedi Xushal. — Agar menda Kalashnikov avtomati bo‘lganida, hammasini otgan bo‘lardim.
Bahorning yoqimli kunlaridan biri. Hamma hayajonda. Barcha So‘fi Muhammadning toliblar harakatining to‘xtatilganini eʼlon qilishiga va o‘z gumashtalariga qurollarini tashlashlarini buyurishiga umid qilishardi. Otam mitingga bormaslikka qaror qildi. U do‘sti Ahmad Shohga qarashli maktab tomidan tomosha qiladigan bo‘ldi. Kechqurun bu yerda otam va uning do‘stlari tez-tez yig‘ilib turishardi. Miting bo‘lib o‘tayotgan maydon tomdan yaqqol ko‘rinib turar, shuning uchun telekanallar o‘z kameralarini o‘sha yerda o‘rnatdilar.
Maydonga 40 mingga yaqin odam to‘plandi. Hamma salla kiygan, hamma Tolibonlarni va jihodni madh etuvchi qo‘shiqlarni kuylamoqda.
«Tolibon tarafdorlari yig‘ilgani darhol aniq bo‘ldi”, dedi otam. Otam va uning do‘stlari singari taraqqiyparvar odamlarga bunday qo‘shiqlar yoqmasdi. Ular bu qo‘shiqlarni inson ruhiyatiga zarar yetkazadi deb hisoblashgan.
So‘fi Muhammad maxsus minbar yoniga keldi. Unga o‘z hurmatini bildirmoqchi bo‘lgan ko‘plab odamlar atrofida qo‘l qovushtirib turishardi. Miting Qurʼoni Karimning “G‘alaba” surasini o‘qish bilan boshlandi. Shundan so‘ng vodiymizning beshta tumani – Ko‘xiston, Malakand, Shangla, Yuqori Dir va Quyi Dir vakili bo‘lgan rahbarlarning chiqishlari bo‘lib o‘tdi. Ularning har biri shariat meʼyorlarini amalga oshirish uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga tayyorligini bildirishdi. Keyinchalik, bu rahbarlarning barchasi yoki o‘ldirildi yoki qamoqqa tashlandi. Nihoyat navbat So‘fi Muhammadga keldi. Bu odam yaxshi notiq hisoblanmasa ham, uning nutqi naq qirq besh daqiqa davom etdi. Uning ko‘pgina bayonotlari go‘yo boshqa bir kishi og‘zidan gapirilgandek, kutilmagan bo‘lib tuyuldi. U Pokiston sud tizimini Islom qonunlariga zid deya eʼlon qildi:
«Kofirlar mamlakatimizda G‘arb modeli asosidagi demokratiyani joriy etishga intilmoqda. Ammo demokratiya va saylovlar Islomga mutlaqo ziddir.»
Muhammad So‘fi taʼlim to‘g‘risida bir so‘z demadi. Toliblarni qurollarni tashlashga va zo‘ravonliklarga chek qo‘yishga chaqirmadi. Buning o‘rniga u butun xalqqa tahdid qildi. «Kuting, biz tez orada Islomobodni egallaymiz!».
Bizni hayajon bosdi. So‘fi Muhammad urush alangasini o‘chirish o‘rniga unga moy sepdi. Odamlar aldanganligini his qilishdi. «Bu shayton nima dedi?» odamlar bir birlariga pichirlay boshladilar. — Unga tinchlik kerak emasligi aniq. U qon to‘kishni davom ettirish niyatida!”
Onamning bu boradagi fikri ham ancha jo‘yali bo‘ldi. “Bu odam qahramonga aylanish va tarixga kirish uchun yaxshi imkoniyatga ega edi, ammo u bu imkoniyatni qo‘ldan boy berdi. Uchrashuv oldidan barchamizning kayfiyatimiz chog‘ bo‘lgan bo‘lsa, uchrashuvdan keyin hamma umidsizlikka tushib qoldi.
Kechqurun otam Geo TV orqali chiqish qilib, Komron Xonga Svat aholisining umidlari chippakka chiqqanini aytdi. So‘fi Muhammad vaʼdasida turmadi. Odamlar undan tinchlik-totuvlik uchun kafolat bo‘lib berishini kutishdi, u esa o‘z tarafdorlarini urush va zo‘ravonlikka chorladi.
Odamlar orasida turli mish-mishlar bolalab ketdi. Baʼzilar keksa So‘fi Muhammadni aqlidan ozgan deb hisoblashgan bo‘lishsa, boshqalar uning bunday nutq so‘zlashga majbur bo‘lganiga ishonishardi. Odamlarning aytishicha, agar u ular aytgandek yo‘l tutmasa, 4-5 nafar hudkush bayram uyushtirardi. Natijada, So‘fi Muhammad juda chigal va tushkun holatga tushib qolgan.
Otam Svat muammolariga bag‘ishlangan ko‘plab yig‘ilishlarda va simpoziumlarda nutq so‘zladi. Ushbu simpoziumlardan birida viloyatimiz axborot vaziri toliblar harakatining kuchayishiga jangarilarni o‘qitib, Afg‘onistonga jo‘natgan hukumat aybdor deb ochiq-oydin taʼkidlab o‘tdi. «Agar biz madrasa talabalarining qo‘llariga chet elliklarga qarshi kurashga chorlab, qurol bermaganimizda, hozir Svat vodiysi qonga botmagan bo‘lar edi”, dedi u.
Tez orada amerikaliklar mamlakatimizdagi vaziyatni mutlaqo to‘g‘ri baholaganliklari aniq bo‘ldi. Tolibon Pokiston hukumati taslim bo‘lganiga va endi ular xohlagan ishlarini bemalol qilishlariga amin edilar. Ular Islomoboddan atigi 100 kilometr uzoqlikda joylashgan Svat vodiysining janubi-sharqidagi Bunerga ko‘chib o‘tishdi. Buner aholisi hech qachon Tolibonni qo‘llab-quvvatlamagan bo‘lsa ham, mahalliy hokimiyat ularga qarshilik ko‘rsatmaslikni buyurdi. Qurollangan jangarilarni ko‘rgan politsiya o‘z postlarini tark etib, tumtaraqay bo‘lib, to‘rt tomonga tarqab ketishdi. Toliblar barcha tumanlarda shariat sudlarini tashkil qildilar. Radio orqali masjidlardan xutbalar berib borilib, yoshlarni jihodga daʼvat qilishdi. Buner qo‘lga olingandan so‘ng, ular u yerda Svat vodiysidagi kabi «qonun-qoidalar” joriy etila boshlandi – televizor va kompyuterlar yoqildi, SD va DVD do‘konlari yopib qo‘yildi.
Qadim zamonlardan buyon ziyoratgoh bo‘lib kelgan mahalliy avliyolarning qabrlari ham tolibonlar nazoratiga o‘tdi. Odamlar Allohdan ruhiy yo‘l-yo‘riq, kasaslliklarga davo, farzandlar uchun baxtli hayot so‘rash uchun bu yerga tez-tez kelib turishardi. Ammo toliblar ziyoratgohga kirishni taʼqiqlab qo‘yishdi.
Toliblar poytaxtga qarab borar ekan, Pokistonning quyi mintaqalarida yashovchi axoli tobora bezovtalanib borardi. Ko‘pchilik qiynoqqa solingan qiz haqidagi videoni tomosha qilib, o‘ziga savol berdi: “Biz haqiqatan ham butun Pokistonda shunday bo‘lishini xohlaymizmi?“ Jangarilar Benazir Bhuttoni o‘ldirdi, mamlakatdagi eng yaxshi mehmonxonani portlatdi va yuzlab maktablarni yopdi. Xudkushlik hujumlari oqibatida minglab odamlar halok bo‘ldi. Armiya va hukumat ularga qatʼiy qarshilik ko‘rsatishi uchun bu yetarli emasmidi?
Vashingtonda Prezident Obama hukumati Afg‘onistonga Tolibon rejimini ag‘darish uchun 21 ming nafar askar yuborayotganini eʼlon qildi. Ammo Pokistondagi ahvol Avg‘onistondan ko‘ra battarroq ekanligi kundek ravshan edi. Amerika ham Pokiston taqdiri uchun tashvishda ekanligini bildirdi. Albatta, ular menga o‘xshagan qizlar yoki yopib qo‘yilgan maktablarga achinmasligi aniq. Amerikaliklar mamlakatimizga tegishli 200 ta yadroviy qurol toliblar nazoratiga o‘tib qolishidan qattiq cho‘chirdi. Amerika Pokistonga milliardlab dollarlik yordamini to‘xtatib, mamlakatimizga o‘z qo‘shinlarini yuborish bilan tahdid qila boshladi.
May oyi boshida armiya «Haq йўлида» deb nomlangan tolibonlarni Svat hududidan haydash bo‘yicha operatsiyaga start berdi. Vertolyotlar yuzlab askarlarni vodiyning shimolidagi tog‘larga tashladi degan mish- mishlar butun vodiy bo‘ylab tarqaldi. Mingora hududida askarlar soni ko‘paygani sezildi. Bu safar ular shaharni jangarilardan tozalashga astoydil bel bog‘lashgandek tuyuldi. Xavfsizlik maqsadida tinch aholi vodiyni tark etishi kerakligi eʼlon qilindi.
Otam qolishimiz kerakligini tinmay taʼkidladi. Ammo o‘q tovushlari tunimizni qo‘rquvda o‘tkazishimizga sabab bo‘lardi. Igna ustida yashayotgandek o‘zimizni his qildik. Bir kuni kechqurun kuchli chinqiriq ovozidan uyg‘onib ketdik. Uyimizda ukam Xushalga do‘stlari sovg‘a qilgan uy hayvonlari — uchta tovuq va bitta oq quyon bor bo‘lib, ularning bari uy atrofida bemalol yurishardi. Ukam Atal atigi besh yoshda bo‘lib, odatda ota-onamning karavoti ostida uxlaydigan quyonni juda yaxshi ko‘rardi. Ammo bu quyon tunda tinchimizni buzgani sababli uni hovliga chiqarib yuborishga majbur bo‘ldik. O‘sha kecha qayerdandir bir mushuk hovliga yugurib kirib, quyonni g‘ippa bosgan ekan. Bechora quyonning o‘lim talvasasidagi qichqirig‘i qulog‘imizga chalingan bo‘lsa ham, uni qutqarib olishga ulgurmadik. Atal o‘zini yig‘idan to‘xtata olmasdan, xitob qildi: «Men o‘sha laʼnati mushukdan albatta o‘ch olaman!»
Bu dahshatli qasamyodga ўхшарди…


  1. Download 0.59 Mb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   33




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling