Malala Yusufzoy Men Malalaman Tik turib taʼlim olgan va tolibonlar
Download 0.59 Mb.
|
1Malala Yusufzoy. Men Malalaman uz-assistant.uz
bob. Vodiyni tark etishVodiyni tark etish men boshimdan kechirgan eng og‘ir sinov bo‘ldi. Buvim bir gapni tez-tez takrorlashdan charchamasdi: “Hech bir pushtun o‘z ona vatanini o‘z xohish-irodasiga ko‘ra tark etmaydi. Uni faqat muhabbat yoki ehtiyojgina ona vatanini tark etishga majbur qilishi mumkin. “ Ammo biz mutlaqo boshqacha sabab — Tolibonning qonunsizligi tufayli yashab turgan yerimizni tashlab ketishga majbur bo‘ldik. Vodiyni tark etarkanman yuragim parcha-parcha bo‘lib ketganday tuyuldi menga. Uyimizning tomida turib, Elum tog‘ining qor bilan qoplangan cho‘qqilariga zimdan nazar soldim. So‘ng yon-atrofdagi daraxtlarning barg bilan qoplanganiga ko‘zim tushdi. Qiziq, oldin eʼtibor bermagan ekanman. Bu yil o‘rik daraxtining mevalarini boshqa birov yeydi degan xayol miyamga kelib, to‘satdan yig‘lab yubordim. Atrofda og‘ir sukunat hukm surardi. Daryo ham shovqin ko‘tarmasdan oqayotgandek, hatto qushlar ham jim bo‘lib qolgandek tuyula boshladi. Endi uyimga qayta olmasligim mumkinligi haqida o‘ylaganimda ko‘zlarim yoshga to‘ldi. O‘zim ishtirok etgan hujjatli filmda suratga tushayotganimda bir jurnalist mendan Svat vodiysidan abadiy chiqib ketishga majbur bo‘lganimda, qanday hislarni boshimdan kechirishimni so‘ragandi. O‘sha paytda bu savolni ahmoqona savollar qatoriga qo‘shib qo‘ygan bo‘lsam, endi bu haqiqatga aylandi. Nima bo‘lishidan qatʼiy nazar maktabimiz yopilmaydi deb o‘ylardim, lekin baribir yopildi. Biz hech qachon o‘z vatanimizni tark etmaymiz deb o‘ylagandim, lekin mana Svatni tark etadigan bo‘lib turibmiz. Albatta, Svat toliblardan xalos bo‘lishi va qachondir ona-vatanimizga qaytib kelishimiz to‘g‘risidagi umid zarracha so‘nmagandi. Ammo bu hodisa hech qachon ro‘y bermasa nima bo‘ladi? Bu haqida o‘ylab jinni bo‘layozdim. Xo‘ngrab yig‘lab yubordim. Amakivachchamning rafiqasi Xoni ham menga qo‘shilib yig‘ladi. Tez orada hammamiz baland ovozda yig‘lay boshladik. Faqat onamgina o‘zini tuta bildi. Barcha kitob-daftarlarimni maktab sumkasiga soldim, kiyimlarimni yig‘ishtirdim. Xayollarim boshqa joyga chalg‘igani uchun-mi, sumkamni bir-biriga mos kelmaydigan narsalar bilan to‘ldirdim. Fotosuratlar va maktab tarafidan qo‘lga kiritilgan mukofotlarni olishning imkoni bo‘lmadi. O‘zi birovning mashinasida ketishimiz kerak edi, shuning uchun kamroq yuk olishga majbur edik. Uyimizda hech qanday qimmatbaho buyum, oltin taqinchoqlar yoki kompyuterlar mavjud emas, bizda bori faqatgina televizor, muzlatgich va kir yuvish mashinasi edi. Oilamizda hech kim hashamatni yoqtirmas, shu sabab uyimizda xatto stol yoki stul ham yo‘q edi. Chunki biz pushtular yerda o‘tirishni afzal ko‘ramiz. Uyimiz ham juda maqtaydigan darajada emas, devorlar va beton plitalarda yoriqlar mavjud edi. Uzoq vaqt davomida otam ketishga qarshilik ko‘rsatdi. Ammo o‘sha kunlara uning do‘stlaridan biri tasodifiy o‘q bilan narigi dunyoga ravona bo‘ldi. Ko‘chaga chiqish xavfli bo‘lishiga qaramay, ota-onam o‘ldirilgan odamning oilasiga hamdardlik bildirish va marhum haqqiga tilovat qilish uchun rahmatlining uyiga borishdi. Otasi va eridan ayrilgan oilaning qayg‘usini ko‘rib, onamning qalbiga g‘ulg‘ula tushdi. U otamga: «Siz vodiyda qolishingiz mumkin, lekin men Shanglaga bolalarni o‘zim bilan olib ketaman.» Onam otam uni bolalar bilan yolg‘iz qoldirmasligini yaxshi bilar edi. Onam o‘sha kunlarda ruhiy jihatdan juda abgor ahvolga tushib qolgan, Doktor Afzalning ketmoqchi bo‘lganini bilib, undan otam bilan gaplashishini va Mingoradan ketishga ko‘ndirishini iltimos qildi. Shifokor va uning oilasi bizni o‘z mashinalarida olib ketishni taklif qilishdi. Bizda mashina bo‘lmasa ham, baxtimizga o‘sha vaqtda Safina va uning oilasi ham vodiyni tark etadigan bo‘lib qoldi. Bizning oldimizda yaxshigina tanlov yuzaga kelgan, ham doktor Afzal bilan, ham Sofiyaning oilasi bilan borishimiz mumkin edi. 2009 yil 5 mayda biz rasman ko‘chirilgan odamlarga aylandik. Bu xuddi kasallik nomiga o‘xshardi. Bizning oilamiz juda katta bo‘lib, uyimizda ota-onamdan tashqari, men va ikki ukam, buvim, amakivachcham, uning rafiqasi Xoni va ularning kichkina bolasi yashar edi. Nihoyat, ketadigan vaqt ham yetib keldi. Mendan tashqari oilamning barcha vakili doktor Afzalning mashinasiga o‘tirib ketishdi. Kichikroq bolalar kattalarning tizzasida o‘tirib ketishadigan bo‘ldi. Men esa biroz kengroq bo‘lgan Safinaning ota-onasining mashinasida ketadigan bo‘ldim. Аммо… Maktab sumkasini o‘zim bilan olmaganim ich-etimni tirnay boshladi. Uydan va sevimli kitoblarimdan ajralib qolish ikki xissa azob berardi. Allohdan uyimiz va maktabimizni o‘z panohida asrashini so‘rab yo‘l bo‘yi qurʼon surʼalarini o‘qib ketdim. Safinaning otasi borgan sari tezlikni oshirar, men esa bir necha yillardan beri qadrdonimizga aylanib qolgan dunyoni etayotganimiz menga juda alam qilardi. Hech qachon Mingoraga qaytmasligimiz mumkinligi, agar qaytsak ham shaharning ahvoli qay darajada bo‘lishi nomaʼlumligi haqida o‘ylaganimda, ko‘z oldim qorong‘ulashib ketdi. Bajaurda hukumat qo‘shinlari jangarilarga qarshi operatsiya o‘tkazib, tom maʼnoda butun boshli qishloqlarni yo‘q qilib yubordi. Gazetalardagi mudxish fotosuratlarni ko‘rganimda, Mingoraning boshiga ham mana shunday kun tushishi mumkinligi meni havotirga soldi. Ko‘chalar juda gavjum, yuk mashinalari, yengil avtomobillar, foytunlar, eshakaravalarning bunday tirbandligini hech uchratmagandim. Barcha transport vositalari odamlar va ularning yuklari bilan liq to‘lgandi. Minglab odamlar o‘z uylaridan hech qanday yuk tugul, qo‘shimcha kiyim ham olmasdan chiqib ketishdi. Butun vodiy harakatga kelgandek tuyuldi. Baʼzi odamlar pushtunlar asli Isroil qabilalaridan kelib chiqqan deb hisoblashadi. Otam ham «Biz Misrdan ketayotgan yahudiylarga o‘xshaymiz, faqat bitta farqi — biz dono rahbar Muso bilan эмасмиз» der edi. Mingoradan chiqib ketishning bir necha yo‘li bor bo‘lsa ham, toliblar bu yo‘llarning aksariyatini qulagan daraxtlar bilan to‘sib qo‘yishdi, natijada qolgan yagona magistralda dahshatli tirbandlik yuzaga keldi. Hamma joyni mashinalar signali va odamlarning norozilik tovushlari qamrab oldi. Qurollangan Tolibon ko‘chalarni qo‘riqlab, ketayotganlarni tomlardan kuzatib turdi. Magistral yo‘lda toliblar va armiya nazorat punktlari to‘satdan yonma-yon turib qoldi. Armiya vakillari o‘zini jangarilar borligini sezmagandek tutdi. «Ehtimol, bechora askarlarning ko‘zlari mutlaqo ko‘rmas”, — dedi otam hazillashib. — Hukumat ularga ko‘zoynak tarqatishi kerak. Tiqilinch tufayli mashina toshbaqa tezligida harakatlandi. Barchamiz terlab ketdik. Odatda bolalar uchun mashinada sayohat qilish qiziqarli sarguzasht hisoblanadi. Ammo bu safar hech qanaqa his tuymadim. Tushkunlik meni to‘la qamrab olgandi. Doktor Afzalning mashinasida ketayotgan otam telefon orqali intervyu berib, vodiydan mahalliy aholining «buyuk кўчиши» haqida fikr bildirdi. Onam jangarilar otamning ovozini eshitib qolishi mumkinligidan havotirlanib, undan sal pastroq gapirishni so‘radi. Onam doimo hazillashib, otam bu baland ovozi bilan hech qanday telefonga muhtoj emasligini, uning ovozi juda uzoq masofadan turib ham bemalol eshitilishi mumkinligini aytardi. Nihoyat Svat vodiysidan chiqib, Malokand tog‘ dovonini ortda qoldirdik. Kunning oxiriga kelib issiq va gavjum shahar – Mardanda hozir bo‘lgandik. Otam barchani bir necha kundan keyin normal hayotga qaytishga ishontirdi. Ammo biz voqealar rivoji bunday kechmasligini yaxshi bilardik. Mardanda allaqachon Peshovardagi afg‘on qochqinlari yashaydigan ulkan chodir lagerlari tashkil qilingan bo‘lib, baribir hamma uchun joy yetishmaganligi sababli, biz bunday lagerda qolishni also istamas edik. Vodiyni deyarli ikki million kishi tark etdi va ularni chodirdan tikilgan lagerlarga joylashtirish mutlaqo imkonsiz edi. Basharti, u yerda oilamiz uchun chodir topilgan taqdirda ham, chidab bo‘lmas sharoit tufayli bu yerlarda yashash juda og‘ir bo‘lardi. Bundan tashqari, lagerda vabo kasalligi tarqalgani to‘g‘risidagi mish-mishlar hammayoqqa bolalab ketdi. Toliblar tunda chodirlarga kirib, ayollarni zo‘rlagani haqida mish-mishlar ham paydo bo‘la boshladi. Svat vodiysidan tashqarida qarindoshlari va do‘stlari bo‘lganlar ularnikida qolishdi, boshqalari mahalliy aholi bilan yashay boshladi. Ajablanarlisi shundaki, qochqinlarning to‘rtdan uch qismi Mardan yoki unga yaqin bo‘lgan Shvabi shahrida boshpana topdilar. Mahalliy aholi qochoqlarga uylari, maktablari va masjidlarining eshiklarini ochib berishdi. Bizning urf-odatlarimizga ko‘ra, ayol qarindoshi bo‘lmagan erkak bilan bir tom ostida yashash mumkin emas. Ushbu odatni buzmaslik uchun qochoqlarga boshpana bergan oilalardan bo‘lgan erkaklar tunda boshqa yerda tunashga majbur bo‘lishdi. Bu Pushtun mehmondo‘stligining yorqin namunasi edi. Agar qochqinlar faqat hukumatning yordamiga umid qilishlari kerak bo‘lganida, ko‘pchilik ochlik va kasallikdan o‘lib ketishi muqarrar edi. Mardanda qarindoshlarimiz bo‘lmagani sababli, biz qarindoshlarimiz yashaydigan qishloq — Shanglaga bormoqchi edik. Ammo Shanglaga borish uchun umuman boshqa yo‘ldan ketish kerak edi. Ammo vodiyni tark etayotganimizda bizda hech qanaqa tanlov imkoniyati bo‘lmagan, chunki Svat vodiysini shoshilinchda, o‘zimizga bog‘liq bo‘lmagan sabablar bilan tark etganmiz. Birinchi kechani doktor Afzalning uyida o‘tkazdik. Ertalab otam biz bilan xayrlashib, odamlarga nima bo‘layotganini aytib berish uchun Peshovarga yo‘l oldi. U biz bilan Shanglada ko‘rishishga vaʼda berdi, Onam otamni biz bilan ketishi uchun ko‘ndirishga harakat qildi, ammo otam fikrida sobit turdi. U Peshovar va Islomoboddagi odamlar armiyaning harakatsizligi va qochqinlar yashayotgan og‘ir sharoitlar to‘g‘risida bilishlarini juda xohlardi. Otam bizni dahshatli xavotir ichida qoldirib ketdi. Axir, uni qaytib ko‘rishimizga hech kim kafolat bera olmasdi-da! Ertasi kuni mashinada buvimning oilasi yashaydigan Abbottabadga yo‘l oldik. U yerda biz singari shimolga qarab ketayotgan amakivachcham Xanji bilan uchrashdik. Uning Svat shahrida yoshlar uchun yotoqxonasi mavjud bo‘lib, sakkizta mehmonni olib o‘z mikroavtobusida olg‘a ketardi. U bizni Beshamga olib borishni taklif qildi va biz bunga rozi bo‘ldik. Beshamdan Shanglaga borishimiz uchun yana bir marta transport almashtirishimiz talab etilardi. Yo‘llarni juda katta tirbandlik qoplagan bo‘lib, bir qancha mashaqqatlardan so‘ng yarim kechasi Beshamga yetib keldik. Tunni arzon, iflos mehmonxonada o‘tkazganimizdan so‘ng tongda amakivachcham bizni Shangluga olib boradigan o‘tkinchi mashina qidira boshladi. Shu orada kulgili voqra sodir bo‘ldi. Bir odam onamga juda yaqin kelib, shilqimlik qila boshladi. Onam esa o‘zini yo‘qotib qo‘ymasdan, poyabzalini yechdi va shilqimning boshiga bir necha bor zarba berdi. Valaksalang qochib ketdi. Zarba kuchligidan poyabzalning tagi yemirilib ketdi. Men onamning kuchli va qatʼiyatli ayol ekanligini juda yaxshi bilsam-da, ayanan o‘sha voqeadan so‘ng unga bo‘lgan xurmatim bir necha baravar oshib ketdi. Aksiga olib o‘sha paytda birorta ulov topilmadi shu sababli, yigirma besh kilometr masofani piyoda bosib o‘tishga majbur bo‘ldik. Armiya nazorat punktida bizni to‘xtatb, orqaga qaytishimiz kerakligini aytishdi. Qayerga boramiz axir? – dedi onam tutoqib. — Bizning ona-vatanimiz Shangla shahrida, u yerda kindik qonimiz to‘kilgan, u yerda qarindoshlarimiz yashaydi! Buvim yig‘lay boshladi va qarilik chog‘ida boshiga tushgan kulfatlarga sabab bo‘lgani uchun tolibonlarni qarg‘ay ketdi. Qari kampirning ko‘z oldida yig‘lab turganidan achingan harbiylar bizni ichkariga kiritib yuborishdi. Hamma yerni avtomat bilan qurollangan askarlar bosib ketgandi. Komendantlik soati tufayli yo‘llarda faqat harbiy mashinalar harakatlanar edi. Askarlar bizning kim ekanligimizni bilmasdan turib bizni otib tashlashlaridan juda qo‘rqardik. Nihoyat qishlog‘imizga yetib keldik. Qarindoshlar bizni ko‘rib hayron qolishdi. Ularning barchasi toliblar Shanglaga qaytib kelishiga amin bo‘lgani sababli nega biz Mardanda qolmaganligimizdan qattiq ajablanishdi. Biz onamning tug‘ilgan qishlog‘i Qarshatdagi tog‘am Fayz Muhammadning uyida qoldik. O‘zimiz bilan kiyimlarimizni olishga imkoniyat bo‘lmagani sababli, qarindoshlarimizning kiyimlarini kiyib yurishga majbur bo‘ldik. Tog‘amning qizlaridan biri Sumbul mendan atigi bir yosh kichik bo‘lib, hammadan ko‘ra ko‘proq u bilan yaxshi do‘st bo‘lib qoldik. Yangi joyga biroz moslashib olgach, men maktabga borishni boshladim. Sumbuldan ajralmaslik uchun men u bilan bir sinfga boradigan bo‘ldim. Sinfda atigi uchta o‘quvchi bo‘lib, qishloqning o‘spirin qizlari maktab neligini bilishmasdi. Maktabda uchta qiz bolaga alohida xona ajratish unchalik yaxshi qaror bo‘lmagani sababli, biz o‘g‘il bolalar bilan birga o‘qiy boshladik. Men sinfdoshlarimdan quyidagi ko‘rsatkichlarga ko‘ra farq qilardim: birinchidan, men yuzimga paranji tortmagandim, ikkinchidan, men o‘qituvchilar bilan dadil gaplashar, ularni bemalol savolga tuta olardim. Ammo bir necha bor dakki eshitganim tufayli, kamtarin va odobli bo‘lishga harakat qila boshladim «Ha, жаноб» deyishni ham o‘rganib oldim. Maktabga yetib borish uchun yarim soat yo‘l bosishimiz talab etilardi. Men ertalab uxlashni juda qattiq sevganim sababli, ikkinchi kuniyoq maktabga kechikib bordik. O‘qituvchi kaftimga tayoq bilan urib jazolaganida, juda qattiq xafa bo‘ldim. Mana shu voqeadan keyingina, eski maktabimda «otasining эркатойи» bo‘lganimni, bu yerda esa menga hech kim alohida munosabat ko‘rsatmasligini bilib oldim. Maktabda tushlik sotib olishim uchun tog‘am menga har kuni pul berardi. Mingordan farqli o‘laroq, bu yerda chips yoki shirinliklar sotilmas — faqat bodring va qovun sotib olishingiz mumkin edi. Ota-onalar ishtirok etgan maktabning taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tgan kuni ko‘plab o‘g‘il bolalar nutq so‘zlashdi. Qizlar ham nutq so‘zlashgan bo‘lsa ham, omma oldida ko‘rinish berishmadi. Sinfga mikrofon o‘rnatilib, bizning nutqimiz majlislar zaliga uzatildi. Men jamoat oldida so‘zlashga odatlanib qolganim tufayli hech qanaqa hayajon his qilmadim, o‘quvchilar va ota-onalar oldida Payg‘ambar alayhissalomni ulug‘laydigan sheʼr o‘qib berdim. Shundan so‘ng o‘qituvchimdan yana bir sheʼr o‘qisam bo‘ladimi deb so‘radim, u ijobiy bosh irg‘aganidan so‘ng, istaklarimizni ro‘yobga chiqarish mehnatsevarlik talab qilishi haqidagi yana bir sheʼr o‘qidim. «Erinmasdan kesilganidan keyingina olmos marvaridga aylanadi”, deyilgan edi bu sheʼrda. Shundan so‘ng, men o‘zimning buyuk adashim, kuch va jasorat bilan butun qo‘shinni mag‘lub qilgan, bir necha so‘z yordamida o‘z vatandoshlarining ruhiyatini ko‘tarishga va ularga inglizlarni mag‘lub etishga ilhom baxsh etgan qahramon Mayvandlik Malalay haqida gapirdim. Majlislar zalida o‘tirganlar menga hayrat ila boqishardi. Ehtimol, ular meni shaharlik tantiq va maqtanchoq qiz deb o‘ylashgandir. Ehtimol, ular mening ochiq yuz bilan omma oldiga chiqib borganimga hayron бўлишгандир… Amakivachchalarim va singillarim bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish xush yoqayotgan bo‘lsa-da, kitoblarimni juda qo‘msardim. Uyda qolib ketgan «Oliver Tvist”, «Romeo va Juletta”ni, o‘qishga vaqt topolmagan boshqa kitoblarimni va sevimli «Irkit Бетти» serialining diskini sog‘inch bilan esladim. Ammo, o‘zimiz hozirda kitob va film qahramonlari boshiga tushgandan kam bo‘lmagan jiddiy hayot dramasini boshdan kechira boshladik. Yovuz kuchlar tinch hayotimizga kirib keldi, bizni uydan chiqib ketishga va sarson bo‘lishga majbur qildi. Endi biz faqat baxtli yakunni kutishimiz kerak edi. Men kitoblarim haqida qayg‘urgan bo‘lsam, ukalarim tovuqlarini eslab o‘kinardi. Hukumat kuchlari jangarilarni Mingoradan supurib tashlash operatsiyasini boshlagani haqida radio orqali eshitdik. Shaharga bir necha havo-detsant bo‘linmalari tushib, Mingora ko‘chalarida kichik janglar sodir bo‘la boshladi. Toliblar mehmonxonalar va davlat idoralaridan bunker sifatida foydalanishdi. To‘rt kundan so‘ng, armiya uchta maydonni, shu jumladan Toliblar boshlari kesilgan jasadlarini namoyish qilgan «Yashil hiyobon”ni ham egallab olishga muvaffaq bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, hukumat kuchlari aeroportni ham qo‘lga kiritdi, va bir haftadan so‘ng butun shaharni ozod etishga muyassar bo‘ldi. Otamning taqdiri ne kechganini o‘ylab havotir ola boshladik. Shanglada mobil telefonlar deyarli ishlamaydi. Uyali telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish uchun baland qoyatoshlarga ko‘tarilish kerak. Ammo bu yerda ham aloqa yaxshi bo‘lishiga kafolat yo‘q va biz shu sababli otam bilan gaplasha olmadik. Oxir-oqibat bir iloj qilib otam bilan gaplashishga muvaffaq bo‘ldik. Olti hafta Shanglada bo‘lganimizdan so‘ng, otam bizni Peshavarga ko‘chib o‘tishni taklif qildi. U yerda otam uchta do‘sti bilan bitta xonada yashayotgan edi. Otamni yana ko‘rganimdan bag‘oyatda shod bo‘ldim. Va nihoyat to‘liq tarkibdagi oilamiz bilan Islomobodga yo‘l oldik. U yerda bizni Stenfordga chaqirgan yosh qiz Shizaning ota-onasining uyida qoldik. Ko‘p o‘tmay, AQShning Pokistondagi va Afg‘onistondagi elchisi Richard Xolbruk «Serena” mehmonxonasida Tolibonga qarshi kurash bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazayotgani maʼlum bo‘ldi. Otam va men bu anjumanda qatnashishga muvaffaq bo‘ldik. Afsuski, budilnikni noto‘g‘ri o‘rnatganim uchun biroz kechikishimizga to‘g‘ri keldi. Otam juda g‘azablanganidan men bilan yo‘lda deyarli gaplashmay bordi. Xolbruk ortiqcha vaznli, qizil yuzli va qo‘pol, baland ovozda gapiradigan odam ekan. Ammo odamlar uning saʼy-harakatlari evaziga Bosniyada tinchlik o‘rnatildi, deb taʼkidlashdi. Men uning yonida o‘tirib qoldim, u esa menga o‘girilib yoshimni so‘radi. Yaqinda o‘n ikkiga to‘laman, — deb javob berdim va unga yuzlandim: Muhtaram Elchi, sizdan iltimos qilaman, yurtimizda yashovchi qizlarning bilim olishlariga yordam bering. U jilmayib, «Mamlakatingizda muammolar juda ko‘p va biz ularni hal qila olmaymiz”, dedi. “Biz Pokistonga berilajak iqtisodiy ko‘mak uchun milliardlab dollar sarflaymiz. Hukumatingiz bilan birgalikda elektr va gaz taʼminoti tizimlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash ustida ish olib bormoqdamiz. Ammo har bir yangi kun yangi muammolarni keltirib chiqarmoqda.” So‘ngra hozir nomi esimda bo‘lmagan bir radiostansiyaga intervyu berdim. Suhbat radiostansiya xodimlariga juda yoqdi. Ular bizga Abbottabadda stansiyada oilamiz bilan yashashimiz mumkin bo‘lgan mehmonxona borligi haqida xabar berishdi. Biz u yerda bir haftaga yaqin vaqt davomida qoldik. Moniba, boshqa do‘stlarimiz va baʼzi o‘qituvchilarimiz ham Abbotobodda ekanligini eshitganimda juda xursand bo‘ldim Moniba va men Mingoradan ketishimiz arafasida janjallashib olganimizdan beri gaplashmagandik. Telefon orqali bog‘da uchrashishga kelishib oldik. Men uni mehmon qilish uchun pechene va bir dona pepsi sotib oldim. «Biz sening aybing bilan janjallashdik”, dedi u. Men tortishib o‘tirmadim, chunki do‘stlikni saqlashni istardim. Mehmonxonada bir hafta qolganimizdan keyin Xolipurga yo‘l oldik, u yerda bir ammam yashar edi. To‘rt oy ichida to‘rt marta ko‘chishimizga to‘g‘ri keldi. Shahardan shaharga ko‘chib o‘tish qochqinlar lagerida yashashdan va jazirama quyosh ostida soatlab oziq-ovqat va suv olish uchun saf tortib turishdan ko‘ra yaxshiroq ekaniga shubham yo‘q edi. Ammo vodiyni juda qo‘msardim. Men o‘n ikki yoshimni Xaripurda qarshi oldim. Hamma, hatto otam ham, tug‘ilgan kunimni yodidan chiqarib qo‘ygandi. Tug‘ilgan kun nishonlaydigan ahvolda emasdik. Bir yil oldin tug‘ilgan kunimni zavq- shavq nishonlaganimizni o‘kinch bilan esladim. O‘shanda kichikroq ziyofat qilgandik, men tortdagi shamlarni puflab,tilak bildirgandim. Bu safar esa hech qanday tort yoki sham yo‘q edi. Lekin yakkayu yagona tilagim mavjud edi: Ey xudo, vodiyga eng ulug‘ nemat bo‘lgan tinchligimizni qaytar! Download 0.59 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling