Malala Yusufzoy Men Malalaman Tik turib taʼlim olgan va tolibonlar


Download 0.59 Mb.
bet24/33
Sana02.05.2023
Hajmi0.59 Mb.
#1421165
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   33
Bog'liq
1Malala Yusufzoy. Men Malalaman uz-assistant.uz

bob. Qayg‘ular vodiysi


Barchasi xuddi tushimda sodir bo‘layotgandek tuyula boshladi. Axir, uch oylik ayriliqdan so‘ng vodiyga qaytayotgan edik-da! Cherchill cho‘qqisi, tepalikdagi qadimiy xarobalar, ulkan budda haykalini ortda qoldirib, Svat daryosiga duch kelganimizda, otam ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Butun vodiy hukumat kuchlari nazorati ostida edi. Malakand dovoniga borishdan oldin armiya patrullari mashinamizdagi portlovchi moslamalar bor-yo‘qligini bir necha bor tekshirdilar. Dovondan o‘tganimizda vodiyga olib boradigan yo‘l to‘liq nazorat punktlari bilan qoplangan ekan. Avtomat bilan qurollangan askarlar deyarli barcha uylarning tomlarida turishardi. Qishloqlardan o‘tayotganimizda, vayron qilingan uylarga va yonib ketgan mashinalarga ko‘zimiz tushdi. Hammasi eski urush filmlari yoki ukam Xushal sevib o‘ynaydigan video o‘yinlarni eslatardi. Mingoraga kirishimiz bilan hayratdan yoqa ushladik. Shaharni Tolibondan tozalash operatsiyasi paytida ko‘chalarda janglar bo‘lib o‘tgani oqibatida, uylarning devorlari ilma teshik bo‘lib кетганди…
Toliblar yashiringan binolar to‘la xarobaga aylanib bo‘lgandi. Mingora shahrida vayrona uyumlari, burama metalllar va yerda yiqilib yotgan ustunlardan chizilgan ayanchli manzara hosil bo‘ldi. Baʼzi bir ishiga puxta savdogarlar vodiydan ketish oldidan do‘konining eshik- derazalariga temir panjaralar o‘rnatib ketgani o‘z samarasini berdi — ushbu do‘konlar talon-taroj qilinishning oldi olindi. Go‘yo shahar vabodan aziyat chekkandek, kimsasiz ko‘chalarda sukunat hukm surardi. Ko‘zimiz o‘rganib qolgan shovqinli, avtobus va foytunlar bilan gavjum bo‘lgan avtovokzalni bo‘m-bo‘sh holatda ko‘rish juda g‘alati edi. Qachonlardir ona shahrimni shunday holatda ko‘rishni xayolimga ham keltirmaganman.
Ammo eng muhimi vodiydan toliblar daf bo‘lishgandi! Biz uchun eng muhimi ham shu edi!
Bosh vazirimiz Svat toliblar zulmidan ozod qilinganligni rasman eʼlon qilganidan bir hafta o‘tib, 2009 yil 24 iyulda uyga qaytishga muvaffaq bo‘ldik. U Svat aholisini o‘z uylariga qaytishga chaqirdi, shuningdek, viloyatdagi gaz taʼminoti tez orada tiklanishini, hukumat idoralari va banklar yaqin muddatlarda ochilishini vaʼda qildi. 1,8 millionlik vodiy aholisining deyarli yarmi Svatdan chiqib ketgandi. Baʼzi odamlar esa ikkilanishganligi sababli vodiyga bormay turishni maʼqul topishdi.
Biz ham ikkilana-ikkilana uyimiz sari yo‘l oldik. Hech kimga gap bermaydigan kichik ukam Atal ham maʼyus tortib, bir so‘z demasdan borardi. Uyimiz armiya shtab-kvartirasi yaqinida joylashganligi sababli yer bilan yakson bo‘lib ketganmikin degan o‘y halovatimni o‘g‘irladi. Mingoradagi ko‘plab uylar talon-taroj qilinganligi haqidagi mish-mishlar hadigimizni yanada oshirdi. Biroz hadik, biroz qo‘rquv bilan otamning darvozani ochishini kutdik. Hovliga kirar ekanmiz, dastlab ko‘zimiz tushgan manzara uch oy ichida bog‘imiz o‘rmonga aylangani bo‘ldi. Ukalarim jondan aziz jo‘jalari tirik yoki o‘likligini tekshirishga shoshilishdi va bir oz muddatdan so‘ng dod solib qaytib kelishdi. Tovuqlardan faqatgina ikkita suyak va bir uyum pat qolgandi. Ular ochlikdan o‘lib qolishgan ekan. Baxtiqaro tovuqlarga juda achindim, lekin o‘z «xazina”larim joyida turganligi men uchun ko‘proq muhim edi. Kitoblarim solingan sumka joyida turganini ko‘rganimdagi holatimni so‘z bilan tasvirlab bera olmayman... Ibodatlarim yetib borib, iltimosimni yerda qoldirmagani uchun Allohga hamdu sanolar aytdim. Ehtiyotkorlik bilan sumkamdan kitoblarni chiqarib, har biriga muhabbat bilan nazar tashladim. Matematika, fizika, urdu tili, ingliz tili, pushtun tili, kimyo, biologiya, islom dini asoslari, Pokiston tarixi fanlari bo‘yicha darsliklar. Bu siz uchun oddiy so‘z bo‘lishi mumkin, ammo men uchun so‘z bilan taʼriflab bo‘lmas quvonch edi: «ENDI MEN QO‘RQMASDAN MAKTABGA BORA OLAMAN!»
Boshimdan kechirgan tashvishlardan charchab, karavotga cho‘kdim. Uyimiz omon qolgani uchun juda qattiq xursand bo‘ldim. Ko‘chamizdagi bir nechta uylar talon-taroj qilingan, talon-taroj qiluvchilar egalari olib keta olmagan barcha narsalarni — televizorlar, muzlatgichlar, zargarlik buyumlarini olib ketishgandi. Do‘stim Safinaning onasi zargarlik buyumlarining xavfsiz holatda saqlanishiga umid qilib, bankka topshirib ketgan, ammo banklar ham talon-taroj qilinganligi tufayli tillalar ham allaqachon olib ketilgandi.
Xavotirga tushib qolgan otam maktab binosining holatini tekshirib kelishga shoshildi. Men esa unga hamroh bo‘ldim. Qizlar maktabi qarshisidagi uyni snaryad vayron qilib tashlagan bo‘lsa ham, tashqaridagi maktabning o‘zi xavfsiz va ideal holatda edi. Negadir otam o‘z kaliti bilan darvozani ocha olmadi va biz devor orqali ichkariga sakrab tushishga majbur bo‘ldik. Ichkarida sang‘ib yurgan bolaning bizni ko‘rib ranggi oqarib ketdi. Otam esa uni so‘roqqa tutdi:
-Bu yerda kim yashagan edi?
Atrofda dahshatli tartibsizlik yuzaga kelgan, stullar teskari holatda, sigareta qoldiqlari, bo‘sh qutilar va oziq-ovqat paketlari yerda ivirsib yotardi. Vodiyni tark etayotganimizda otam «Xushal мактаби» degan yozuvni yechib, hovlida qoldirgandi. Yozuv hali ham o‘sha qo‘ygan joyimizda egasini kutib yotardi. Otam uni joyiga ilib qo‘yish maqsadida ko‘targanida qo‘rquvdan to‘satdan baqirib yubordim. Yog‘och plakatning tagida echkining chirigan bosh chanog‘i bor ekan.
«Bu ehtimol, kimningdir tushlik qoldiqlaridir”, deya otam vaziyatga izoh berdi.
Navbati bilan sinfxonalarni aylanib chiqdik. Devorlarda toliblarga qarshi shiorlar o‘yib yozilgan edi: «Zindabad армия» (“Yashasin armiya!“) Mana shundan so‘ng hukumat qo‘shinlari bizning maktabda yashayotganini angladik. Askarlardan biri sinfda unutib qoldirgan bir o‘quvchining kundaligiga qo‘pol sheʼr yozgan ekan. Suyukli maktabimiz barakka aylanganidan juda afsuslandim.
To‘satdan eshik taqilladi.

  • Ochma, Malala! — buyurdi otam.

Otam o‘z xonasida armiya qo‘mondonlaridan biri qoldirgan maktubni topib oldi. Ushbu maktubda Svat aholisi toliblarga qarshilik ko‘rsatmaganlikda va vodiyda hokimiyatni egallab olishga imkon berganlikda ayblangan. «Sizning beparvoligingiz va qo‘rqoqligingiz uchun ko‘plab askarlarning umri bevaqt xazon bo‘ldi”, deyilgan edi maktubda.
«Xalq hech qanaqasiga aybdor эмас» , otam jahli chiqib gapirishni boshladi:

  • Birinchidan, toliblar bizni yolg‘on vaʼdalar bilan yo‘ldan ozdirib, keyinchalik xo‘rlashni boshlashdi. Endi vasvasaga berilib, o‘zimizni xo‘rlashga yo‘l qo‘yganimiz uchun o‘zimizni ayblashmoqda. Aldandik, xo‘rlandik, айбландик…

Hukumat armiyasi Tolibon jangchilaridan unchalik farq qilmas edi. Bir qo‘shnimiz harbiylarning tolibonlar jasadlarini ko‘chada, hamma
ko‘rishi uchun namoyishkorona qo‘yayotganini ko‘rgan ekan. Osmondagi bahaybat hasharotlar singari gumburlagan vertolyotlarning ovoziga toqat qila olmay qoldim. Xullas, baribir xotirjamlikka erishganimiz йўқ…
Ming-minglab odamlar, shu qatorda jangarilar tomonidan xudkush terrorchi sifatida o‘qitilgan ko‘plab o‘spirin bolalar ham yoppasiga qamoqqa olina boshladi. Ularning barchasi toliblarga qarshi tashviqot olib borilishi zarur bo‘lgan maxsus lagerlarga jo‘natildi. Hibsga olinganlar orasida bir vaqtlar qizlarni o‘qitishdan bosh tortib, vazifasi Fazlullohning odamlariga chin dildan ko‘maklashish ekanligini aytgan urdu tili fani o‘qituvchimiz ham bor edi.
Tolibon rahbari hali ham ozodlikda yurgandi. Armiya kuchlari Imom Derining qarorgohini yo‘q qilib, Fazlulloh Peshovar tog‘larida o‘rab olingani haqida xabar berdi. Biroz vaqt o‘tib Fazlullohning og‘ir jarohat olganligi eʼlon qilindi va Tolibon maʼruzachisi Muslim Xon hibsga olindi. Ko‘p o‘tmay, Fazlulloh Afg‘onistonga qochib ketgani va Kunar viloyatida yashiringani haqida gaplar urchidi. Fazlullohning tirik va ozod yurgani haqida o‘ylasam, u yana jangarilarni yig‘ib, hokimiyatni egallab olish uchun harakat boshlashi mumkinligidan qo‘rquvga tushardim. Baʼzan esa toliblar vodiyimizga qaytib kelishgani tushlarimga kirib chiqardi. Menga taskin beradigan bir narsa bor edi — Mulla radiosi efirni to‘xtatdi.
Otamning do‘sti Ahmad Shoh vodiyda o‘rnatilgan tinchlik uzoq davom etmasligi mumkinligidan havotirdaligini bildirdi. Shunga qaramay, odamlar asta-sekin o‘z uylariga qayta boshlashdi. Svat yer yuzining eng jannatmakon go‘shasi bo‘lib, u yerda tug‘ilib o‘sganlar uchun o‘z vodiylaridan tashqarida yashash juda qiyin.
1 avgustdan boshlab maktabimizda darslar qayta boshlandi. Maktab qo‘ng‘irog‘ini takror eshitish, tanish zinapoyalarga ko‘tarilish so‘z bilan ifodalanmas darajada yoqimli edi. Maktabdagi do‘stlarimni ko‘rganimda tuygan quvonchimni hech bir so‘z, hech bir jumla ifodalay olmaydi. Barchamizning gapiradigan mavzumiz bitta – quvg‘inlikda boshimizdan o‘tkazgan qiyinchiliklar. Maktabimiz binosi omon qolganidan hamma shod-xurram edi. Boshqa maktab o‘quvchilari bino vayron bo‘lganligi sababli chodirlarda o‘qishga majbur bo‘lishdi. Sundus ismli do‘stimning otasi portlashlardan birida halok bo‘lganini eshitib juda qattiq hafa бўлдим…
Aftidan, maktabdagi hamma mening BBC veb-saytida blog yuritayotganimni yaxshi bilar, baʼzilar esa otam mening o‘rnimda yozadi degan o‘yga borar edi. Direktorimiz Maryam xonim ham meni eʼtirof etib qo‘ydi:

  • Malalaning iqtidoriga shubha qilmayman. U nafaqat yaxshi gapira oladi, balki yoza oladi ham.

Bir kuni Stenford universitetini tamomlab qaytgan islomobodlik do‘stimiz Shiza Shohid Xushal maktabining yigirma yetti qizini Pokiston poytaxtida bir necha kun dam olishga taklif qildi. U yangi taassurotlar, diqqatga sazovor joylar va muzeylar bilan tanishish Tolibon tuzumi davrida yetkazilgan ruhiy jarohatlarni tezda davolashga yordam beradi deb ishonar edi. Bizning sinfdan men, Moniba, Malka-i-Nur, Rida, Karishma va Sunduslar bordik. Bizga ota-onam va Maryam xonim ham hamroh bo‘lishdi.
Sayohatimiz Pokiston mustaqilligi nishonlanayotgan kun - 14 avgustdan boshlandi. Zavq-shavqqa to‘lib avtobusga chiqdik. Qizlarning aksariyati vodiydan tashqarida bir marotabagina, unda ham qochqin sifatida bo‘lishgandi. Ammo endi bizni sarson-sargardonlik emas, quvnoq taʼtil kutmoqda edi. Tasavvur qilyapsizmi, biz maktab o‘quvchilarining taʼtilda xordiq chiqarishi haqida faqat kitoblarda o‘qigan, kinolarda ko‘rgandik!
Islomobodda mehmonxonadan joy oldik. Sayr va ko‘ngil ochar joylarda sayr qilishdan tashqari, ko‘plab uchrashuvlar va simpoziumlarda qatnashdik, boshimizga tushgan ko‘rguliklarni boshqalar bilan o‘rtoqlashdik. Shiza bizning dunyoqarashimiz va fikrlashimizdan hayratlanib qoldi va otamga so‘z qotdi:

  • Men Malalaga o‘xshagan qizlar Pokistonda boshqa mavjud emas o‘ylardim, ammo maktabingizdagi barcha qizlar Malaladek fikrlar ekan!

Biz mazza qilib istirohat bog‘i bo‘ylab sayr qildik, zavq bilan yurib, musiqa tingladik. Aksariyat odamlar uchun musiqa tinglash odatiy ish hisoblanadi, ammo toliblar zulmidan omon qolgan biz uchun bu siyosiy norozilik sifatida baholanadi. Dugonalarim bilan birgalikda poytaxtimizning diqqatga sazovor joylarida, shu jumladan, Margalla tepaligi etagidagi Faysal masjidida bo‘ldik. Ushbu masjid Saudiya Arabistoni mablag‘lari hisobiga qurilgan bo‘lib, arablar bu binoni qurish uchun juda katta pul sarflashgan ekan. Barchamiz hayotimizda ilk marotaba teatrga tashrif buyurib, ingliz tilida «Tom va Жерри» spektaklini tomosha qildik, so‘ngra aktyorlik mahorati darsida qatnashdik. McDonald’s restoraniga ham ilk marotaba kirish baxtiga muyassar bo‘ldik. Yana bir kuni xitoy restoranida ovqatlanishimiz kerak edi, ammo «Poytaxtdan гапирамиз» teleshousida qatnashish uchun tushlikdan voz kechishga majbur bo‘ldim. Shunday qilib, do‘stlarim mensiz o‘rdak go‘shti bilan quymoq yeyishdi.
Mingora va Islomobod o‘rtasidagi farq Islomobod va Nyu-York o‘rtasidagi farqdan kam emas. Shiza bizni shifokor va advokat bo‘lib ishlaydigan ayollar bilan tanishtirdi. Ular bilan muloqot qila turib, ayollar eng masʼuliyatli kasblarda bemalol ishlab keta olishlarini va shu bilan birga o‘z mamlakatlari madaniyati va urf-odatlarini xurmat qilishi mumkinligini anglab yetdik. Ko‘chalarda ko‘plab ayollar nafaqat paranjisiz, balki boshyalang yurganiga guvoh bo‘lganimdan so‘ng, men ham zamonaviy tendensiyalarga amal qilishga qaror qildim va uchrashuvlarga borganimda ro‘molimni yechib qo‘yadigan bo‘ldim. Keyinchalik esa ayol kishi boshyalang yurishi bilan zamonaviy bo‘lib qolmasligini tushunib yetdim.
Poytaxtda o‘tgan haftaning oxirlarida Moniba bilan yana janjallashib qoldik. U mening boshlang‘ich maktabda o‘qiydigan bir qiz bilan suhbatlashayotganimni ko‘rib qolib, “Agar Resham bilan do‘st bo‘lsang, men ham Rida bilan do‘st bo‘laman!”deya shart qo‘ydi.
Shiza bizni nufuzli odamlar bilan tanishtirmoqchi bo‘ldi. Biz hatto Pokiston armiyasining matbuot kotibi general Atar Abbos bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldik. Uchrashuv Islomobod yaqinidagi Ravalpindi shahridagi armiya qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Darvozadan kirib, o‘zimizni armiya shtabi hududida ko‘rganimizda, og‘zimiz ochilib qoldi. Shaharning qolgan qismidan farqli o‘laroq, bu yerda ajib bir go‘zallik hukm surar, chiroyli qilib qirqilgan yashil maysazorlar, chaman-chaman ochilgan gullar ko‘zni quvontirar edi. Barcha daraxtlar bir xil balandlikda tekislangan bo‘lib, ularning tanasi biz tushunmagan sabablarga ko‘ra oq rangga bo‘yalgan. Qarorgoh ichida devoriga ko‘plab monitorlar o‘rnatilgan idoralar mavjud bo‘lib, ushbu monitorlarda barcha televizion kanallarda namoyish etilayotgan materiallarni tomosha qilish mumkin edi. Ofitserlardan biri bugungi gazetalarda yozilgan armiya haqidagi barcha maqolalar o‘rin olgan qalin papkani ko‘rsatib, otamni hayron qoldirdi. Shubhasiz, armiya jamoatchilik bilan aloqalar sohasida siyosatchilarimizga qaraganda ancha samarali ishlashini bilib oldim.
Biz kichik zalda general kelishini kutib turdik. Devorlarda harbiy rahbarlar — Pokistonda o‘ziga xos nufuzga ega bo‘lgan odamlarning fotosuratlari joy olgan edi. Ular orasida general Musharraf va zolim Ziyo-ul-Haq kabi diktatorlar ham bor edi. Oq qo‘lqop kiygan xizmatchi bizga choy, pechene va og‘izda eriydigan mayda go‘shtli somsa taqdim qildi. Zalga general Abbos kirib kelganida, hozir bo‘lganlarning barchasi o‘rnidan turdi. U Svat vodiysidagi harbiy operatsiya haqida gapirib, uni ishonchli g‘alaba deb eʼtirof etdi. Shuningdek, general operatsiyada 128 hukumat askari va 1600 jangari o‘ldirilganligini afsus bilan bildirdi.
General nutqini tugatganidan so‘ng yig‘ilish qatnashchilariga savol berishlari mumkinligi aytildi. Bizga savollarni oldindan tayyorlab turishni ogohlantirishgan edi, shu bois men oz emas, ko‘p emas, naq sakkizta savol tayyorlab turdim. Mening ro‘yxatimni ko‘rib Shiza kulib yubordi va general bu qadar ko‘p savollarga javob berishi dargumonligini aytdi. Men oldingi qatorda o‘tirganim bois savolimni birinchi bo‘lib berish imkoniyatiga ega edim. Savol berishga ijozat olganimdan so‘ng, dadillik bilan generalga yuzlandim:
«Ikki-uch oy oldin bizga Fazlulloh jiddiy jarohat olgani, hatto o‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Keyin esa uning Afg‘onistonda ekanligi haqida aytildi. U qanday qilib chegarani kesib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi? Agar armiya uning qayerdaligi to‘g‘risida maʼlumotga ega bo‘lsa, nega uni qo‘lga olishmaydi?»
General ushbu savolimga javob berish uchun naq o‘n besh daqiqa sarflagan bo‘lsa ham, nutqida aytarli gap yo‘q edi, shu sabab men hech narsa tushunmadim. Ammo, odob yuzasidan uni savolga tutmay so‘zimni ikki og‘iz gap bilan tugatib qo‘ya qoldim:
«Urush natijasida yuzaga kelgan vayronagarchilik tezroq tugatilishini va armiya vodiyimizda tinch va farovon hayotni tiklashimizga yordam beradi, deya umid qilaman.»
Moniba ham savol berishga o‘zida kuch topdi:

  • Vayron qilingan uylar va maktablarni kim tiklaydi? General bu savolga qisqacha javob berdi.

  • Har bir operatsiyadan so‘ng tiklanish uchun maʼlum muddat talab etiladi. Davlat tashkilotlari Svatga normal hayotni qaytarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishiga shubha qilmayman.

Uchrashuv yakunida general Abbos bizga tashrif qog‘ozini taqdim etdi va og‘ir vaziyatlarda unga murojaat qilishimiz mumkinligini bildirdi.
Poytaxtda o‘tgan so‘nggi kunimizda barchamiz Islomobod klubida toliblar hukmronligi davrida boshimizdan kechirganlarimizni yig‘ilganlarga hikoya qilib berdik. Moniba nutq paytida ko‘z yoshlarini tiya olmadi, uni tinglab turgan ko‘plab tomoshabinlarning ham ko‘zlaridan shashqator yoshlar oqayotgan edi... Menga navbat kelganida, qayg‘uli emas, qiziqarli tarzda nutq so‘zlashga qaror qildim:

  • Teatrga tashrif buyurish baxtiga muyassar bo‘lgunimgacha Pokistonda juda ko‘p isteʼdodli odamlar borligini tasavvur ham qila olmasdim. Endi esa hind filmlarini sotib olishning hojati yo‘q ekanligini anglab yetdim.

Nihoyat safarimiz qarib, taassurotlarga to‘la sayohatimiz o‘z nihoyasiga yetdi. Uyga qaytishim bilan birinchi bo‘lib bajargan ishim hovlimizga poytaxtdan olib kelingan mango urug‘ini ekish bo‘ldi.
Bu orada otam jiddiy muammolarga yo‘liqdi. Biz sarson- sargardonlikda yurganimizda va maktab ishlamaganida, tabiiyki, o‘quvchilardan hech qanday mablag‘ olmagan. Biroq, o‘qituvchilar dars o‘tilmagan oylar uchun ham maosh olishga umid qilishgan. To‘lovlarning umumiy miqdori bir million rupiyadan oshib ketdi. Boshqa barcha xususiy maktablar ham xuddi shunday muammoga duch kelishdi. Baʼzi rahbarlarda ish haqini to‘lash uchun pul mavjud bo‘lsa, baʼzilarida sariq chaqa ham yo‘q edi. O‘qituvchilar esa hech nimani tushunishni istamas, ko‘zini lo‘q qilib, dars o‘tmagan oylari uchun ham pul talab qilishardi. Ularni ham tushunish mumkin, ularning ham bola-chaqasi bor...
Otam bu qiyin vaziyatdan qanday chiqib ketishni bilmay, boshi garang bo‘ldi. Birdaniga general Abbos va uning tashrif qog‘ozi esimga tushib ketdi. Axir, aynan armiya tomonidan o‘tkazilgan operatsiya tufayli biz vodiyni tark etishga va maktabni yopishga majbur bo‘lgandik+da! Maryam xonim va men generalga elektron pochta orqali qiyinchiliklarimizni bayon qildik. General otamga 1.100.000 rupiyalik chek yubordi va otam o‘qituvchilarning uch oylik maoshlarini to‘lab berdi. O‘qituvchilarning boshi ko‘kka yetdi. Baʼzi o‘qituvchilar hech qachon bunday katta summani qo‘llariga olishmaganini aytib, yig‘lab yuborishdi. Xera xonim ko‘zida yosh bilan otasiga qo‘ng‘iroq qilib, endi to‘y qilishlari mumkinligini bildirdi.
General Abbosdan har qancha minnatdor bo‘lmaylik, armiyaning harakatlari hafsalamizni pir qildi. Otam va men tolibon rahbarlarining hamon erkin yurishda davom etayotganidan qattiq tashvishga tushib, bu borada ko‘plab intervyular berdik, o‘z muammolarimiz bilan o‘rtoqlashdik. Otam bilan birgalikda Qum Jirg‘a (Svat vodiysi oqsoqollarining qo‘shma kengashi) tarkibiga kirgan otamning do‘sti Zohidxon ham tez-tez bizga qo‘shilib turardi. U Svat vodiysi mehmonxonalar assotsiatsiyasining prezidenti bo‘lganligi bois vodiyda to‘la tinchlik o‘rnatilishini va sayyohlar Svatga yana qaytishini bizdan ham ko‘proq istagan. Unga ham jamoat oldida chiqish qilgani uchun bir necha bor tahdid qilishgan. Afsuski, 2009 yil noyabr oyida Zohid Xon suiqasd qurboniga aylandi. Kechga yaqin, armiya qo‘mondonlari bilan uchrashib,uyiga qaytayotganida, unga hujum qilishdi. Baxtiga, uning o‘sha hududda yashaydigan qarindoshlari suiqasdchilarga miltiq bilan o‘q uzishgan va ularning ishlari oxirigacha yetkazilmay qolishiga hissa qo‘shgan.
2009 yil 1 dekabrda taniqli siyosatchi, Avami Milliy partiyasi va Xayber Paxtunxva Assambleyasi mahalliy bo‘limi aʼzosi doktor Shamsher Ali Xon xudkush-terrorchi tomonidan o‘ldirildi. Portlash sodir etilishidan oldin u Fazlullohning sobiq qarorgohi Imom Deridan atigi bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan hujrasida do‘stlari va saylovchilarini hayit bayrami bilan tabriklayotgan edi. Tolibonning qatʼiyatli va murosasiz muxoliflaridan biri bo‘lgan Doktor Shamsher voqea joyida vafot etdi, ushbu falokat yana to‘qqiz kishining jarohat olishiga sabab bo‘ldi. Bizga yetib kelgan maʼlumotlarga ko‘ra, terrorchi atigi o‘n sakkiz yoshda ekan. Politsiya uning oyoqlari va tanasining boshqa qismlarini topishga muvaffaq bo‘ldi.
Bir necha hafta o‘tgach, maktabimiz tuman bolalar assambleyasida ishtirok etishga taklif qilindi. Ushbu marosim UNICEFning xayriya kengashi va yetim bolalarga yordam beradigan “Hpal Kor” fondi (Hpal Kor Mening uyim) tomonidan tashkillashtirilar edi. Svat vodiysidagi maktablarda o‘qiydigan oltmish nafar maktab o‘quvchisi assambleya aʼzolari sifatida saylanishdi. Ushbu yig‘ilishda maktabimizdan o‘n bir nafar qiz qatnashgan bo‘lsa ham, tadbir qatnashchilarining aksariyati o‘g‘il bolalar edi. Dastlabki uchrashuvda maktab o‘quvchilaridan tashqari ko‘plab siyosatchilar va jamoat arboblari ishtirok etishdi. Notiqlar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritdim! Sahnada turib, boshqalar sizni «Spiker хоним» deb atashi naqadar ajoyib! Assambleya bir yil davomida muntazam, har oyda o‘tkazib turildi. O‘z nutqlarimizda hukumatdan bolalar mehnatini taqiqlash, uysiz va nogiron bolalarga yordam berish, shuningdek, toliblar tomonidan vayron qilingan barcha maktablarni tiklashni so‘radik. Ushbu talab va takliflarning barchasi rasmiylarga yetkazildi. Bizdan esa kutmoq va umid qilmoq talab etilardi.
Men, Oysha va Moniba Britaniyaning"Urush va Tinchlik Hisobot Instituti" nomli tashkiloti tashabbusi bilan o‘tkazilgan jurnalistika kurslarida o‘qishni boshladik. Ushbu tashkilot
«Pokistonning erkin фикрлари» nomli loyihani amalga oshirishni maqsad qilgandi. Voqealarni to‘g‘ri va holis yoritishni o‘rganish juda qiziqarli bo‘ldi. Mening so‘zlarim atrofimdagi dunyoni o‘zgartirishi mumkinligini anglaganimdan keyin kelajakda jurnalistlik kasbini tanlashga qaror qildim. Jurnalistika olamiga kirib kelar ekanman, qanaqadir moda yoki soch turmaklash kabi mavzularda qalam tebratmaslikka qaror qildim. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, ekstremizm va Tolibonlarning hujum qilib qolish havfi ostida yashayotgan jurnalistning boshqa mavzularda yozishga ishtiyoqi bo‘ladimi?
Hash-pash deguncha imtihonlar ham boshlandi. Malka-i-Nur bilan keskin raqobat ruhida o‘tgan ushbu imtihonlar natijalariga ko‘ra yana
sinfda birinchi o‘rinni egalladim. Direktorimiz Maryam xonim Malka- i Nurni sinf sardori bo‘lishga ko‘ndirishga urindi, ammo u o‘zini o‘qishdan chalg‘itadigan qo‘shimcha masʼuliyat yuklamoqchi emasligini bildirib, taklifni rad etdi.

  • Malalani misol qilib olaylik, — dedi Maryam unga. – U hamma narsaga vaqt topadi. Jamiyatdagi voqea-hodisalarga o‘z munosabatini bildirish ham taʼlim kabi muhim ahamiyatga ega.

Ammo men Malka-i-Nurni tushunishga harakat qilardim. U o‘qishdagi muvaffaqiyati evaziga ota-onasini, ayniqsa onasini xushnud qilishni diliga tugib qo‘ygandi.
Svat vodiysi avvalgidek bo‘lmasa ham, asta-sekinlik bilan o‘z holiga qaytayotgandi. Banr Bozorning raqqosalari ham uyga qaytgan bo‘lsalarda, o‘z chiqishlarini DVD diskga yozib sotishni afzal ko‘rishdi, sababi ular jonli ravishda raqsga tushishdan hadiksirab qolishgandi. Toliblar tomonidan taqiqlangan tinchlik bayramlari qayta o‘tkazildi, ushbu tadbir vodiyimiz qo‘shiqchilari tomonidan xonish qilingan kuy- qo‘shiqlarga ulanib ketdi. Ana shunday festivallardan birining tashkiliy ishlariga otam bosh-qosh bo‘ldi. Marg‘azorda bo‘lib o‘tgan ushbu festivalga qochqinlarga boshpana bergan tumanlar aholisi taklif qilindi. Ushbu festivalda «bitimizni тўкканча» o‘yin-kulgi qildik.
Negadir, tug‘ilgan kunim arafasida har doim nimadir sodir bo‘laveradi. 2010 yil o‘n uch yoshga to‘lishimni kuchli yomg‘ir bilan kutib oldim. Svat vodiysining yozi odatda issiq va quruq bo‘ladi. Avvaliga yomg‘irdan xursand bo‘ldik va yomg‘ir yaxshi hosil berishi haqida suhbatlashdik. Ammo yomg‘ir hech tinay demasdi. Yomg‘irning kuchliligidan ko‘chada bir necha qadam narida turgan odamni ko‘rish imkonsiz bo‘lib qoldi. Ekologlar toliblar va noqonuniy yog‘och savdogarlari tomonidan tog‘li o‘rmonlarning faol ravishda kesilishi juda jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi to‘g‘risida bir necha bor ogohlantirishgan, endi esa ularning havotiri amalga ko‘chgandi – suv toshqini vodiyga «mehmonga” kirib o‘tib, yo‘lidagi uchragan narsani supurib ketaverdi.
Sel yaqinlasha boshlaganda hammamiz maktabda edik. O‘qituvchilar uyga borishimizni qattiq tayinlashdi. Ammo daryo ustidagi ko‘prikni ham sel olib ketgani tufayli uyga yetib olish uchun boshqa yo‘l topishga majbur bo‘ldik. Xayolimizga boshqa ko‘prik keldi va darhol o‘sha ko‘prik tomon shoshildik. Bu ko‘prik ham suv ostida qolgandi, biroq,bu yerda suv sathi unchalik yuqori bo‘lmagani bois narigi tomonga o‘tishga muvaffaq bo‘ldik. Uyga ust-boshimiz shalabbo ahvolda yetib keldik.
Ertasi kuni esa maktabimizni suv bosganidan boxabar bo‘ldik. Suvning yo‘q bo‘lishini ancha vaqt davomida kutdik. Maktabga borganimda
sevimli maskanimning ahvolini ko‘rib yig‘lab yuborayozdim Hamma joyda balchiq, loy, қум… Stol va stullarga, xonalarga, umuman maktabning har burchagiga balchiq hidi o‘tirib qolgandi. Toshqin oqibatida yetkazilgan zararni qoplash uchun otamga 90.000 rupiya kerak edi — bu to‘qson nafar o‘quvchi bir oy davomida to‘laydigan summaga teng edi.
Toshqinlar butun Pokiston bo‘ylab sodir bo‘ldi. Himolaydan boshlanadigan azim Hind daryosi Xayber-Paxtunxva viloyatini kesib o‘tib, Arab dengiziga quyiladi. Toshqin oqibatida mana shu yo‘nalishdagi dalalar va qishloqlarni suv bosdi. Tabiiy ofat 2 ming kishini hayotdan olib ketdi, 14 million kishiga katta-kichik zarar yetkazdi. Ko‘pchilik odamlar uysiz qolishdi. 7000 nafar maktab vayronaga aylandi. Pokiston aholisining hech biri ilgari bunday dahshatli toshqin guvohiga aylanmagandi. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ham mamlakatimizda ro‘y bergan toshqinni nazaridan chetda qoldirmay, uni “sekin harakatlangan sunami” deb atadi. Ushbu toshqin “Osiyo sunamisi”, “Katrina bo‘roni”, “Gaiti zilzilasi” va 2005 yildagi Pokistonda yuz bergan zilziladan ham ko‘proq moddiy zarar yetkazgani haqida matbuot bong urdi.
Tabiiy ofatdan eng katta zararni Svat vodiysi ko‘rdi. Ushbu shafqatsiz suv toshqini qirq ikkita ko‘prikning o‘ttiz to‘rttasini qo‘porib tashlab, baʼzi joylarni tashqi dunyodan butunlay uzib qo‘ydi. Toshqin natijasida elektr taʼminoti tizimiga katta talafot yetdi va biz elektrsiz qolishga majbur bo‘ldik. Biz yashagan ko‘cha ancha teparoqda joylashgani bois vodiydagi aksariyat uylarni yuvib yuborgan dahshatli sel bizning uygacha yetib bormadi. Ammo, selning yirtqich hayvondek hayqirib oqqani qo‘rquvimizni bir lahzaga ham kamaytirmadi. Go‘zal manzarasi va betaktor taomlari bilan sayyohlarni lol qoldirgan daryo bo‘yidagi mehmonxonalar va restoranlar qarab bo‘lmas ahvolga keldi. Aksiga olgandek, vodiydagi sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan maskanlarda tabiiy ofat oqibatlari og‘irroq bo‘ldi. Malam Jabba, Madyan va Bahrayn kabi tog‘li kurortlardan asar ham qolmadi. Mehmonxonalar va do‘konlar xarobaga aylandi.
Ko‘p o‘tmay Shangla shahrida yashovchi qarindoshlar holidan xabar oldik. U yerda ham axoli suv toshqinidan katta zarar ko‘rgandi. Bizning qishloqni Shanglaning asosiy shahri bo‘lgan Alpuri bilan bog‘laydigan yo‘l butunlay yuvilib ketgan ekan. Toshqinlar tog‘ etagida joylashgan Karshat, Shaxpur va Barkan kabi qishloqlardagi ko‘plab uylarni buzib tashladi. Baxtimizga, onam tug‘ilgan, hozirda tog‘am Fayz Muhammad yashayotgan uy omon qolgandi.
Tinkasi qurigan odamlarning bisotidagi bor zahirasi ham selga qo‘shilib oqib кетганди… Daxshatli sel dalalarni payhon qilib,
chorvani oqizib, qish uchun g‘amlangan donni esa yaroqsiz holga keltirib bo‘lgandi. Qishloq aholisi chorasiz ahvolga tushib qoldi. Vaqtinchalik qurilgan gidroelektrostansiyalar yaroqsiz holga kelgani sababli odamlar elektr tokisiz qolishdi. Daryo suvi axlat va loyga to‘lib oqayotgani tufayli odamlar toza ichimlik suvisiz qolishdi. Eh, bechora одамлар… Suv shiddatli oqim bilan kelgani sababli hatto beton devorlar ham dosh bera olmasdan, qulab tushgandi. Katta yo‘l bo‘yida joylashgan maktab, kasalxona va elektr stansiya ham suv oqimiga qo‘shilib ketdi….
Axolining boshi garang bo‘lib qoldi. Odamlar Svat daryosi bo‘yida 3000 yildan ortiq vaqt davomida yashab kelgan bo‘lsa ham, hech qachon undan havf kutmagan, balki do‘st va yordamchi sifatida ko‘rishgan. Mahalliy axoli ham, sayyohlar ham chinakam jannatga qiyoslab kelgan vodiy endi
«qayg‘ular водийси» ga aylanib qolgani haqida o‘ylashning o‘zi dahshatli edi. Oxirgi vaqtlarda gazetalarda chiqqan xabarlarga ko‘z yugurtirdim:
«Svatda kuchli zilzila ro‘y berdi”, «Svat vodiysi halokatli harbiy operatsiya maydoniga aylandi”,«Endi-endi turmushi yaxshilanayotgan Svatning rejalarini suv toshqini chippakka чиқарди» Eh, Svat, Svat. Senga nima bo‘ldi?
Svat xalqi toliblar vaziyatdan foydalanib vodiyga qaytib kelishidan xavotirga tusha boshladi. Dadam do‘stlari va Svat vodiysi xususiy maktablar assotsiatsiyasi tomonidan yig‘ilgan mablag‘ evaziga sotib olingan oziq-ovqat va kiyim-kechaklarni Shanglaga jo‘natdi. Yaqin do‘stim Shiza Shahid va biz Islomobodda uchrashgan baʼzi jamoat arboblari Mingoraga kelib, jabrlanganlar uchun pul yig‘ishni boshladilar. Ammo, xuddi zilzila vaqtida bo‘lgani kabi, hukumat vakillari emas, balki faqat turli xil islomiy guruhlarning ko‘ngillilari va mahalliy aholi chekka hududlarga kirib borib, odamlar holidan xabar olish va baholiqudrat yordam berishga urinishdi. Baʼzi odamlar ushbu baloni musiqa va raqsga ruhsat berilgani sababli xudo tarafidan jo‘natilgan jazo, deya baholadi. Faqat ushbu g‘oyani tarqatadigan va odamlar ongiga singdiradigan radio endi mavjud emasdi.
Odamlar uylaridan va yaqinlaridan judo bo‘lib, chuqur qayg‘uga tushgan bir paytda, muhtaram prezidentimiz, yurtboshimiz, davlatimiz rahbari Osif Zardari Fransiya kurortlaridan birida oyog‘ini uzatib dam olayotgan edi.
–Qanday qilib axir, aba, — dedim otamga. — Nega siyosatchilar xalqning taqdiri bilan zarracha qiziqmaydi? Nega ularni odamlarning boshpanasi, oziq-ovqati va elektr toki yo‘qligi tashvishlantirmaydi? Nega? Nega? Nega?
Islomiy guruhlar bilan bir qatorda, armiya ham jabrlanganlarga katta yordam qo‘lini cho‘zdi. Bundan tashqari, Amerikaliklar o‘z vertolyotlarini ayrim odamlar juda shubhali deb hisoblagan izolyasiya qilingan hududlarga jo‘natishdi. Eng qizig‘i, ushbu tabiiy ofat amerikaliklar tomonidan HAARP (Yuqori chastotali taʼsir ko‘rsatish Avrora tadqiqot dasturi) dasturi asosida ishlab chiqilgan so‘nggi texnologiyalar yordamida keltirib chiqarilgan degan nazariya paydo bo‘ldi. So‘nggi ilmiy yutuqlar amerikaliklarga okeanlar yuzasida ulkan to‘lqinlarni yaratishga imkon berganligi, bu esa o‘z navbatida toshqin keltirib chiqargani haqida mish-mishlar tarqay boshladi. Shuningdek,
«amerikaliklar qurbonlarga yordam berish bahonasida qonuniy ravishda Pokistonga kirib, josuslik bilan шуғулланмоқдалар» degan gap- so‘zlar og‘izdan og‘izga o‘tib, tarqalib ketdi.
Yomg‘irlar to‘xtagan bo‘lsa ham, axoli hali ham toshqin keltirib chiqargan asoratlardan aziyat chekardi. Hukumat vakillari toza ichimlik suvi yoki elektrni vodiyga qaytarishto‘g‘risida biror og‘iz gap aytmasdi. Shunday paytlarda, yolg‘on ham quloqqa xush yoqadi. Afsuski, tepsa-tebranmas hukumatimiz yolg‘on vaʼda berishni ham o‘ziga ep ko‘rmadi. Avgust oyida Mingorada vabo kasalligi qayd etildi. Tez orada kasallar soni ko‘pligidan, kasalxonalarda joy yetishmay qoldi va baʼzi kasallar chodirlarga joylashtirildi. Yo‘llarni sel yuvib ketgani va tashqi dunyo bilan aloqa uzilib qolgani sababli oziq-ovqat mahsulotlarida uzilishlar paydo bo‘lib, narxlar ham keskin ko‘tarilib кетди…
Aksiga olib, chet eldan ham aytarli yordam berilmadi. Boy G‘arb davlatlari iqtisodiy inqiroz oqibatlaridan aziyat chekishayotgandi va Prezident Zardarining Yevropaga qilgan tashrifi Pokistonga hech qanaqa naf keltirmadi. Chet el hukumatlari Zardariga ajoyib tarzda javob berishdi: "Siz o‘z fuqarolaringizdan yig‘ilgan soliqlarni oqilona sarflamay, boshqa shubhali maqsadlarda sarflab turganingizda, nega biz soliq to‘lovchilarimizning pullarini mamlakatingizga yordam berish uchun sarflashimiz kerak?"
Favqulodda yordam xizmatlari o‘z vakillarini bizga yuborishdan qo‘rqishdi, chunki Tolibon rahbarlari uzoq vaqt davomida Pokiston nasroniylar va yahudiylarning yordamini qabul qilmasligi kerakligi to‘g‘risida tashviqot olib borishgandi. Tolibonlar tahdiddan amaliy harakatga o‘tishdan tap tortmaydigan darajadagi dahshatli kuch edi. O‘tgan yilning oktabr oyidagi bir nechta tahdidlardan so‘ng, Islomoboddagi Jahon oziq-ovqat dasturining vakolatxonasini portlatib, beshta chet el fuqarosini o‘ldirgani ham Tolibonlarning nechog‘li vaxshiy ekanidan dalolat berardi.
Svat vodiysidagi toliblar hech qayerga ketmaganliklari haqidagi dalillar tobora oydinlashib borardi. Misol uchun, oxirgi paytlarda ikki maktab portlatildi, qurbonlarga yordam berish uchun kelgan xorijliklarning uch nafar ko‘ngillisi o‘g‘irlab ketildi. Bir necha kundan so‘ng har uchchalasining ham o‘ligi topildi. Bundan boshqa qayg‘uli hodisalar ham ko‘p kuzatildi. Svat universiteti prorektori, otamning do‘sti doktor Muhammad Farrux ishxonasiga bostirib kirgan ikki nafar qurollangan shaxs tomonidan otib o‘ldirildi. Doktor Farrux shariatga to‘la rioya qiladigan insonlardan bo‘lib, Jamoati- Islomiy partiyasining sobiq aʼzosi hisoblangan. Tolibonlarga bo‘lgan ashaddiy nafratini izhor etishdan qo‘rqmagan Doktor Farrux xudkush- terrorchilarga qarshi fatvo ham chiqargandi.
Yon-atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalardan bir hafsalamiz pir bo‘lsa, bir yuragimizga qo‘rquv oralardi. Qochqinlikda yurganimda fikru hayolimni egallagan siyosatchi bo‘lish orzusi endi yanada kuchaydi. Mamlakatimizda inqirozlar tez-tez sodir bo‘layotganiga guvoh bo‘lganimdan so‘ng bu inqirozlarni yengib o‘tishga qodir rahbarlar yo‘qligiga amin bo‘ldim.

  1. Download 0.59 Mb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   33




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling