Markaziy osiyo xalqlari tarixi


S Boy-quloq xo‘jaliklarning tugatilishi. Xo‘jalik hayotining izdan chiqishi. J


Download 0.9 Mb.
bet19/140
Sana31.12.2022
Hajmi0.9 Mb.
#1073985
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   140
Bog'liq
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун

S Boy-quloq xo‘jaliklarning tugatilishi. Xo‘jalik hayotining izdan chiqishi.
J XX asrning 20-yillari ikkinchi yarmidan markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligini ma'muriy-buyruqbozlik usuli bilan jamoalashtirishga kirishildi. 1929 yil 7 noyabrida Stalinning “Buyuk burilish yili” maqolasi e'lon qilingach, zo‘rlash yo‘li bilan yalpi jamoalashtirish siyosatiga o‘tildi. Ixtiyoriylik prinsipi inkor etildi, ommaviy tarzda va qisqa muddatlarda amalga oshirishga zo‘r berildi. Ayni vaqtda mahalliy sharoitlar hisobga olinmadi. Qishloqda bozor munosabatlari ham barham topa boshladi.
Avvalo jamoalashtirish ikkinchi besh yillikda rejalashtirilgan edi. Biroq ushbu tadbir xato xulosalar natijasida jadallashtirildi. 1930 yil 17 fevralda “Kollektivlashtirish va quloq xo‘jaliklarini tugatish to‘g‘risida” qaror qabul qilindi. Jamoalashtirishga yalpi tus berilib ko‘pchilik joylarda bir necha xafta ichida tugatildi. Ba'zi joylarda turar joy binolarini ham umumlashtirib yuborildi. Joylarda o‘rta xol, hatto kambag‘al xo‘jaliklar ham musodara qilindi. Xususiy mulk egasining asrlar davomida tarkib topgan psixologiyasi hisobga olinmadi. Dehqonlarning aksariyatini quloq qilish, xo‘jalik asbob uskunalarini majburan tortib olish avjiga chiqdi.
Stalin 1929 yil dekabrida marksist-agrarchilar konferensiyasida “quloq”larni sinf sifatida yo‘q qilishga o‘tish boshlanganligini ta'kidlab, buni davlat siyosati qilib qo‘ydi. Quloq xo‘jaliklarini yo‘q qilish Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘ylab 1930 yildan boshlandi. Bu tadbir Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikistonda deyarli bir ssenariy asosida davom ettirildi. Inson huquqlari haddan tashqari poymol etilib, zo‘rlik ishlatildi. Joylarda quloqlar ro‘yxatiga aksari o‘rta xol dehqonlar, amaldorlarga yoqmagan yoki jamoalashtirishga kirishni istamagan kambag‘al dehqonlar ham kiritildi. Faqat 1930 yilning o‘zidagina O‘zbekistonda 2648 ta xo‘jalik quloq sifatida yo‘q qilindi.”Quloq qilish” siyosati dehqonlarda ishonchsizlik va xavotirni kuchaytirdi. Ko‘plab dehqonlar o‘z xo‘jaliklarini tashlab qochdilar. Chorva soni keskin kamayib ketdi. Birgina Qozog‘istonda minglab xo‘jaliklar bu balodan qutilish maqsadida qo‘shni Xitoy hududiga ko‘chib ketishdi. Tojikiston dehqonlari va chorvadorlari qolgan qutgan chorvasi bilan Afg‘oniston va boshqa hududlarga qochib ketishga majbur bo‘ldilar. Mintaqada siyosiy vaziyat keskinlashib bordi. Dehqonlarning noroziliklari butun mintaqa bo‘ylab g‘alayonlarga aylanib ketdi. Jamoalashtirishga qarshi harakat ba'zi joylarda sovet tuzumiga qarshi harakatga aylanib ketdi. Ko‘pchilik joylarda dehqonlar kolxozlardan chiqib keta boshladi. Joylardagi sovet tuzumi “rahbarlari” kim o‘zar tariqasida markazga kunlik jamoalashtirish hisobotlarini yo‘llab turdilar. 1930 yil kuz oyidan boshlab dehqonlarni jamoa xo‘jaliklariga kirishga majburlash yanada avj oldi. 1931 yilga kelib mintaqa dehqonlarining 50% kolxozlarga majburiy ravishda kiritildi. Yakka xo‘jaliklarga katta soliq solish yo‘li bilan tazyiq o‘tkazish davom ettirildi. Quloq qilish siyosati ham to‘xtamadi. O‘n minglab dehqon xo‘jaliklari quloq deb e'lon qilinib, Ukraina, Sibir va boshqa joylarga surgan qilindi. Markaziy Osiyoning o‘nlab maxsus joylarida qishloqlar tashkil qilinib, Rossiya va boshqa joylardan quloq xo‘jaliklari olib kelindi. Markaziy Osiyo mintaqasida jamoalashtirish rasmiy ravishda 1930 yilda tugatildi. Biroq bu davrda dehqonlarning 69 % kolxozlarga kirgan edi. Yakka xo‘jaliklarga turli choralar ko‘rilishi natijasida kollektivlashtirish 1-besh yillik oxirida 87 % ga, 1939 yili 99% ga yetdi. Dehqonlarning umumlashtirilgan ishlab chiqarish vositalari qanunga xilof ravishda kolxozlarning bo‘linmas mulkiga aylantirilgach, ular mulkchilikdan mahrum qilinib, butunlay davlatga tobe bo‘lib qoldilar. Stalincha rahbariyat qishloq xo‘jaligini jamoalashtirishni tezroq yakunlash maqsadida bir qator ma'muriy choralarni ko‘rdi. Inson huquqlari qo‘pol ravishda buzildi. Kolxozchilarga pasport berish taqiqlanib, ularni boshqa joyga ketish huquqi mahrum etildi. Majburiy mehnat kuni minimumi joriy qilindi. 1930 yillardan boshab Markaziy Osiyo respublikalarida kolxoz va sovxoz ishlab chiqarishi reja asosida tashkil etilib, yuqoridan belgilab berilgan qat'iy qolipga solindi va markazlashtirildi. Turkmaniston, Tojikiston va O‘zbekistonda paxta yakka xokimligi vujudga keldi. Butun Markaziy Osiyo respublikalari bo‘ylab quloqlar sovet hokimiyatining dushmani deb e'lon qilindi. Qishloq xo‘jaligini sotsialistik asosda o‘zgartirish istiqbollariga yondashish jarayonida kommunistik mafkurachilar yirik agrar jamoa korxonasi yakka dehqon xo‘jaligidan yaxshiroq, degan fikrga qat'iy asoslanib ish ko‘rdilar. Chunki yerdan foydalanishning jamoa tizimi markazlashgan rejalashtirishni va ko‘p millionli qishloq mehnatkashlarini boshqarishni osonlashtirar, qishloqdagi kengqamrovli ijtimoiy-siyosiy ishlarni butun mamlakat miqyosida tezroq amalga oshirish imkonini berar edi.
Sovet hokimiyatining rahbari Stalinning 1929 yil 7 noyabrda bosilib chiqqan «Buyuk burilish yili» degan maqolasida jadal jamoalashtirish «nazariy» jihatdan asoslab berildi. Unda, keng qishloq ommasi kolxozlarga kirish uchun yetildi, deb aytilgan edi. 1929 yil 27 dekabrda Stalin «yoppasiga jamoalashtirish asosida quloqlarni sinf sifatida tugatish» shiorini e'lon qildi. Yuqoridan ko‘rsatmaga monand ravishda 1930 yil 17 fevralda O‘zbekiston kompartiyasi MK «Kollektivlashtirish va quloq xo‘jaliklarini tugatish to‘g‘risida» qaror qabul qildi. Hokimiyat organlari «dohiy»ning ko‘rsatmasini bajarish uchun jadal jamoalashtirishning boshida turib asosan zo‘ravonlik usullariga e'tiborni kuchaytirdilar. Qishloqdagi an'anaviy iqtisodiy munosabatlarni yoppasiga buzish avj oldirildi. Davlat qishloq mehnatkashlariga qancha va nima ekishni, yetishtiriladigan mahsulotni qanday narx bilan topshirishni aytib turadigan bo‘ldi. Qishloq aholisining badavlat qatlamlariga qarshi mislsiz quvg‘inlar uyushtirildi, qishloq ahlini zo‘rlik bilan kolxozlarga kiritish boshlandi. Qarshilik ko‘rsatganlar ijtimoiy mansubligidan qat'iy nazar «quloq qilindi».
Jamoalashtirishning «jadal sur'atlari» natijasida respublika bo‘yicha 1930 yil martda dehqon xo‘jaliklarining 47% jamoalashtirildi. Jamoalashtirishni jadallashtirish amalda o‘ziga to‘qroq xo‘jaliklarni tugatish, ya'ni xo‘jalik mulklari va imoratlarni musodara qilishga aylanib qoldi. Bunday xo‘jaliklarning tugatilishi dehqonlarda ishonchsizlik va havotirni uyg‘otdi. Ko‘pgina odamlar o‘z xo‘jaliklarini qarovsiz tashlab qochdilar, chorvalarini so‘ydilar va sotib yubordilar. Mollarning ko‘plab sotilishi jiddiy muommo bo‘lib qoldi.
Jadal jamoalashtirish va quloq xo‘jaliklarini tugatish, o‘rta hol dehqonlarga zo‘rlik qilish respublikadagi siyosiy vaziyatni keskinlashtirdi. Dehqonlarning noroziligi kuchayib, ayrim tumanlarda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Jamoalashtirishga qarshi chiqishlar bir qancha hollarda sovet hokimiyatiga qarshi siyosiy chiqishlarga aylanib ketdi.
Kolxozlashtirishga qarshi chiqishi mumkin deb hisoblangan tadbirkor xo‘jaliklarni, ruhoniylarni «uchlik», ya'ni partiya, sovet, ichki ishlar organlari rahbarlaridan iborat komissiya qarori bilan «quloq» qilinib ko‘chirib yuborganlar. Badavlat xo‘jaliklarning mol-mulkini to‘liq musodara qilish “boy-quloq” oilalarini o‘zga yurtlarga surgun qilish ommaviy qonunsizliklar asosida amalga oshirildi. “Boy-quloqlarga” qarshi kurash niqobi ostida asosan tadbirkor, ishbilarmon dehqonlarga nisbatan yalpi urush e'lon qilindi. Dindor bo‘lgani uchun, ma'muriyatning hatti-xarakatiga qarshi bo‘lganligi uchun shaxsiy o‘ch olish maqsadida quloq qilish xollari ko‘payib ketdi. Majburan ko‘chirilganlarning ahvoli nihoyatda og‘ir kechdi, ularning ko‘pchiligi yo‘lda nobud bo‘ldi. «Quloq» qilinganlarning bir qismi Ukraina, Sibir va Qozog‘istonning odam yashamaydigan cho‘llariga, o‘rmonlariga surgun qilindi, yana bir qismi respublikaning boshqa joylariga zo‘rlik bilan ko‘chirildi.
Jamoalashtirish Markaziy Osiyo xalqlari tarixiy rivojlanishining sog‘lom jarayonlariga to‘sqinlik qildi. U dehqonlarning davlat tomonidan asoratga solinishiga olib keldi. Kolxozlarga zo‘rlik bilan xaydab kirilgan dehqonlar barcha asosiy fuqarolik huquqlaridan va avvalo ko‘chib yurish erkinligidan, kasb faoliyati tanlash huquqlaridan mahrum qilindilar.
1939 yilga kelib mintaqadagi yakka xo‘jaliklarga butkul barham berildi. Jamoalashtirish qishloq xo‘jaligini ma'muriy buyruqbozlik tizimi bilan boshqirishni mustahkamladi, dehqonlarni mustabid davlat asoratiga tushishiga yo‘l ochdi.

Download 0.9 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   140




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling