Markaziy osiyo xalqlari tarixi


S Yosh xivaliklar harakatining dasturi, maqsad va vazifalari. Xiva xonligining ag‘darilishi va Xiva sovet respublikasining tuzilishi. J


Download 0.9 Mb.
bet7/140
Sana31.12.2022
Hajmi0.9 Mb.
#1073985
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   140
Bog'liq
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун

S Yosh xivaliklar harakatining dasturi, maqsad va vazifalari. Xiva xonligining ag‘darilishi va Xiva sovet respublikasining tuzilishi.
J Xivada faoliyatini olib borayotgan yosh xivaliklar partiyasi ommaning barcha tabaqalari istak-manfaatlarini ifoda qilib, o‘z faoliyatini kengaytirib bordi. Uning saflarida ziyolilar, hunarmandlar, savdo tijorat doiralarining vakillari, bir qator ruhoniylar, ilg‘or yoshlar to‘plangan edi. Polvonniyoz Hoji Yusupov (1861-1936), Bobooxun Salimov (1874-1929), Husaynbek Matmurodov va boshqalar ommaga rus podshosini ag‘darilishining mohiyatini, unda Davlat dumasining rolini, Muvaqqat hukumat tuzilishi mohiyatlarini tushuntirib, Xorazm xalqi oldida turgan vazifalar, Xiva xonligi va Buxoro amirligidagi demokratik harakatlar to‘g‘risida keng tushuntirish ishlarini olib bordilar. Shu bilan birga bu ikki xonlikka birinchi jahon urushi hamda Rossiya imperiyasining ag‘darilishi ham sezilarli ta'sir ko‘rsatdi. Bu ikki xonlikda ham ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, siyosiy o‘zgarishlar yuz berdi. Ijtimoiy harakat ko‘p hollarda demokratik jarayonga o‘sib bordi, islohotchilik talablari amaliyotda mujassamlashdi. Xalq ommasi tabaqalari, vakillari, ijtimoiy arboblarining qarashlari, talablari namoyon bo‘ldi. Shunga yarasha siyosiy tashkilotlar, yangi davlat boshqaruvlari o‘rnatila boshlandi.
Ular ommaga Xorazm xalqi oldida turgan vazifalar to‘g‘risida gapirdilar. Xalq ommasini islohotlar, ijobiy o‘zgarishlar g‘oyalari asosida uyushtirishga intildilar. 1917 yil fevralida Xiva xoni Asfandiyorxon davolanishga ketgan edi. Xorazmda tartibni saqlab turishni Muvaqqat hukumatning Turkiston Komiteti amalga oshirdi. Xivada va Petro-Aleksandrovsk (hozirgi To‘rtko‘l)da rus armiyasining garnizonlari joylashgan edi. Shuningdek, Toshkentdan general Mirbadalov qo‘mondonligi ostidagi harbiy otryad ham Xivaga yetib keldi.
Yosh xivaliklar xon poytaxtga qaytgan zahoti u bilan muloqotga tayyorgarlik ko‘rdilar. Katta miting o‘tkazish va xon oldiga vakillar yuborish rejalashtirildi. 16 kishidan iborat delegatsiya saylandi, unga turli tabaqa vakillari kiritildi. Xon oldiga qo‘yilajak talablar ishlab chiqildi. Ular Majlis (parlament)ni tashkil qilish, o‘ta reaksion amaldorlar (ministrlar)ni qamoqqa olish, Yosh xivaliklardan yangi hukumatni tuzish, soliqlar tizimini tartibga solish, qator boshqa ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirishdan iborat edi.
1917 yil 4 aprelda devonbegi hovlisi oldida ko‘p ming kishilik miting bo‘lib o‘tdi. Shu kuni rus soldatlari Muvaqqat hukumatga sodiqlikka qasamyod qildilar. Miting qatnashchilari soldatlarni tabrikladilar va Nurullaboy saroyi tomon yo‘l oldilar.
Polvonniyoz Yusupov va Husaynbek Matmurodov boshchiligidagi delegatsiya a'zolari xon oldiga kirib, islohotlar o‘tkazish talablarini bayon qildilar. Xon xalq harakatining keng quloch yozganidan qo‘rqib ketdi. U talablarni qondirishga rozilik berdi. Mamlakatning ko‘zga ko‘ringan arboblari, ular qatori Yosh xivaliklar manifest matnini ishlab chiqdilar va u 5 aprelda tantanali sharoitda e'lon qilindi. Xon Majlisni chaqirishga va boshqa islohotlarni o‘tkazishga rozilik bildirdi. U reaksion, xalqqa ko‘p jabr-zulm o‘tkazgan amaldorlar Ibrohimxo‘ja, Ashur mahram, Ota mahram, Ro‘zimuhammad mahram, Shohnazarboy yasovulboshini qamadi. Ular o‘rniga Yosh xivaliklardan yangi odamlar tayinlandi. Mahkamai adliya deb atalgan Majlisga saylovlar o‘tkazildi, deputatlar soni 49 kishidan iborat bo‘ldi. Manifestda ko‘rsatilishicha, bu organ islohotlar o‘tkazilishini nazorat qilishi kerak edi. 1917-yil 26 aprelda Majlis ish boshladi. Unda Majlis raisi qilib Bobooxun Salimov, hukumat raisi qilib Husaynbek Matmurodov saylandilar. Shunday qilib, mamlakatdagi ijtimoiy harakat dastlabki demokratik o‘zgarishlar — islohotlar to‘g‘risidagi manifestning e'lon qilinishi va Yosh xivaliklar ishtirok etgan Majlisning tashkil qilinishiga olib keldi. Xon hokimiyatining cheklanishi belgilandi: bu o‘zgarishlarning ahamiyati shunda ediki, demokratiya yo‘lidagi dastlabki qadamlar qon to‘kilmasdan sodir bo‘ldi. Yosh xivaliklar, mamlakat ilg‘or doiralarining maqsad-intilishlari shu jihatdan so‘l-ekstremistik bolshevikcha maqsad va siyosatdan farq qilar edi.
Xorazmning siyosiy, iqtisodiy hayotida boshqa turdagi voqyealar sodir bo‘ldiki, natijada vaziyat o‘ta murakkablashdi va chigallashdi. Jahon urushi xonlikning chetga paxta, beda urug‘i, boshqa mahsulotlar sotishiga, bir qator mollarni olib kelishiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Paxta ekin maydonlari qisqardi, paxta tozalash zavodlari ishi to‘xtadi. Hunarmandlar uchun temir, ba'zi boshqa mollar taqchil bo‘lib bordi. Amaldorlar xalq ommasi ustidan zo‘ravonlikni davom ettirdilar. Soliqlarni yig‘ishtirib olishda tartib va izchil qoidalarning yo‘qligi, oddiy fuqarolarga nisbatan adolatsizliklar jamiyatda norozilikning kuchayib borishiga olib keldi. Iqtisodiy hayotning izdan chiqishi natijasida ochlar soni ko‘paydi, ijtimoiy ziddiyatlar keskinlashdi.
Yosh xivaliklar boshchiligidagi Majlis qator masalalar bilan shug‘ullandi. Maorif islohotini o‘tkazish, amaldorlar daromadlarini hisobga olish va nazorat qilish, boshqaruvni markazlashtirish, yo‘llar va aloqa vositalarini rivojlantirish ana shunday masalalardan edi. Majlis va Yosh xivaliklar hukumati mamlakatning tashqi aloqalarini yo‘lga qo‘yishga ham harakat qildilar. Bu xalq ommasining o‘sishiga ancha ijobiy ta'sir ko‘rsatar edi.
Asfandiyorxon, uning atrofidagi reaksion amaldorlar progressiv o‘zgarishlar, ayniqsa, xon hokimiyatining. cheklanishini istamadilar. Yosh xivaliklar hamda Majlisga qarshi doiralar o‘z kuchlarini to‘play boshladilar va qarshi harakatga kirishdilar. 1917 yil may oyi boshida Bobooxun Salimov boshchiligidagi Majlis delegatsiyasi Asfandiyorxon Yosh xivaliklarga qarshi fitna uyushtiradi. Hukumat raisi Matmurodov va yana 16 kishi qamoqqa olinib, shariatga zid ish ko‘rganlikda ayblanadilar. Majlis tarkibi yangilanadi, unga xon amaldorlari va reaksion ruhoniylar kiritiladi.
Yosh xivaliklar hukumati faoliyatining dastlabki bosqichi (1917 yil 26 apreldan iyun o‘rtalarigacha) shu bilan yakunlandi. Asfandiyorxon o‘z mavqyeini mustahkamladi, demokratik o‘zgarishlar jarayoniga to‘siqlar qo‘yildi, xon manifestida aytilgan islohotlar bekor qilindi. Majlis keyinchalik xonga yon bosib, faoliyati bo‘shashib ketishiga qaramasdan 1917 yil noyabr oyi oxirlarida xon Majlisni tarqatib yubordi. Asfandiyorxon Rossiya Muvaqqat hukumati, uning Turkistondagi vakillari bilan aloqa o‘rnatishga intildi. Boshqaruvni yo‘lga qo‘yish uchun polkovnik Zaytsev Muvaqqat hukumatning Xorazmdagi harbiy komissari etib tayinlandi. U mamlakatdagi va Amudaryo bo‘limidagi rus harbiy qismlari qo‘mondoni ham bo‘ldi. Zaytsev sentyabr oyi boshida katta harbiy otryad bilan Xivaga keldi. Shu vaqtning o‘zida turkman yovmutlarining boshlig‘i Junaidxon (1857—1938) Xorazmga keldi. U 1916 yil qo‘zg‘oloni bostirilgandan so‘ng Afg‘onistonga o‘tib ketgan edi. Junaidxon qisqa vaqt ichida o‘z qo‘l ostiga bir yarim ming qurolli otliqlarni to‘pladi. 1917 yil oktyabr voqyealari Xorazm mustaqilligi uchun ham xavf tug‘dirdi. Shu sababli mamlakat kuchlarini birlashtirish uchun harakat boshlandi. 1918 yil yanvar oyida Junaidxon mamlakat qurolli kuchlari qo‘mondoni etib tayinlandi. Amudaryo bo‘limi (markazi Petro-Aleksandrovsk — To‘rtko‘l) Turkiston general- gubernatorligi tarkibiga kirgan. Fevral inqilobidan keyin To‘rtko‘lda ham sovetlar tuzildi va faoliyatini boshladi. Bundagi so‘l-ekstremistik guruhlar sovetlarga rahbarlikni qo‘lga olish bilan qanoatlanmasdan, bu yerdan butun Xorazmga tahdid sola boshladilar. Ma'lumki, oktyabr to‘ntarishi oqibatida tuzilgan sovet hokimiyati sharq xalqlari, jumladan, Buxoro va Xorazm hududlarini daxlsiz, podsho hokimiyati tuzgan mustamlakachilik bitimlarini bo‘lsa, bekor qilingan deb e'lon qilgan edi.
Podsho hukumati Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘i (To‘rtko‘l)ni Xorazmdan tortib olib, Turkiston general-gubernatorligiga qo‘shgan edi. Xiva xoni To‘rtko‘l va uning atrofidagi yerlarni qaytarib berishni Turkiston bolshevistik rahbariyatidan talab qildi. Bunday talabni qo‘yishga yana sabab shu ediki, To‘rtko‘l inqilobiy kuchlari Amudaryo so‘l qirg‘og‘i yerlariga tahdidni kuchaytirib yubordilar. Xonga qarshi siyosiy muxoliflarni inqilobiy fitnachilik, zo‘ravonlik ishlari doirasiga torta boshladilar. Xiva xoni ham Turkiston hukumati ham To‘rtko‘l (undagi harbiy istehkom, kemalar to‘xtash joyi — prichal) ning muhim siyosiy-strategik ahamiyatini tushunar edilar va yon berishni istamadilar. To‘rtko‘ldagi harbiy garnizon, shuningdek, sovetlardagi siyosiy unsurlar ichida kelishmovchiliklar va ziddiyatlar tobora kuchayib bordi. Xiva aholisi ham rus armiyasining mamlakatda turishiga norozilik bildirdi. Shu sababli Zaytsev ikkita piyodalar otryadini To‘rtko‘lga ko‘chirdi. 1918 —1919-yillarda Xorazmning iqtisodiy ahvoli og‘irlashib, xalq ommasining moddiy qiyinchiliklari ortib bordi. Matbuotda ocharchilikning kuchaygani haqida xabarlar qilindi. Asfandiyorxon hukmronligidan xalq ommasigina emas, amaldorlar va turkman qabilalari boshliqlari ham norozi edilar. 1918 yil 1 oktyabrda saroy fitnasi oqibatida Asfandiyorxon o‘ldirildi. Uning katta akasi Said Abdulla xon deb e'lon qilindi, hukumat boshlig‘i Davlatmurod mahram bo‘ldi. Yangi xon davlat ishlari bilan shug‘ullanmas edi. Hokimiyat Junaidxon qo‘lida markazlashdi.
1918 yil 25 noyabrda Junaidxon qo‘shinlari Amudaryodan o‘tib, To‘rtko‘lni olmoqchi bo‘ldi va uni qamal qildi. Ammo Chorjo‘ydan «Toshkent» paroxodida harbiy kuch yordamga yetib keldi va hujum natijasiz chiqdi. 9 aprelda Xiva yaqinidagi Taxtada bitim imzolandi. Unda, chunonchi, sovet hukumati Xorazm aholisining mustaqilligini tan oladi, deyilgan edi. Ammo Xorazmga qarshi tajovuzkorliklar to‘xtamadi. To‘rtko‘l, o‘ng qirg‘oqning boshqa joylarida xonga qarshi muxolifatchilardan drujinalar tuzildi, ular qurol bilan ta'minlandilar. 1919 yil 19 avgustda katta kommunistik otryad Chorjo‘ydan To‘rtko‘lga yetib keldi. Shuningdek, qator bolshevistik tashkilotchi va targ‘ibotchilar ham yuborildi. 1919 yil kuzidan amaliy tajovuz boshlandi. Bolsheviklar Xorazm xalqi inqilob uchun yetilib, hatto mamlakatda qo‘zg‘olonlar boshlandi degan bahonada, go‘yo ularga yordamga tayyor ekanliklarini e'lon qildilar. 1919 yil 21 noyabrda Turkfront harbiy inqilobiy soveti o‘z vakili Skalovni yubordi. 28 va 30 noyabr kunlari To‘rtko‘lga qo‘shimcha harbiy qismlar yetib keldi.
Tajovuzkorlik harakatlari 1919 yil dekabridan boshlandi. 22 dekabrda shimoliy otryad, 24 dekabrda janubiy otryad Amudaryoni kechib o‘tib, shahar va qishloqlarni ishg‘ol qildi. 1920 yil 20 yanvarigacha shimoliy otryad Xo‘jayli, Ko‘hna Urganch, Porsu, Ilyali, Toshhovuzni egalladi, janubiy otryad 20 yanvarda Taxtani, 1 fevralda Xivani ishg‘ol qildi.
1920 yil 2 fevralda Said Abdullaxon taxtdan voz kechdi, butun hokimiyat muvaqqat inqilobiy qo‘mita qo‘liga o‘tdi.
Xorazmda xon va Buxoroda amir hokimiyatlarining ag‘darilishi ob'ektiv qaraganda progressiv voqyealar bo‘ldi. XX asr boshlarida bu mamlakatlarda mavjud bo‘lgan hokimiyat tizimlari, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar chuqur inqirozga uchrab, jamiyatning ilgarilab borishida jiddiy g‘ovga aylangan edi. Progressiv, demokratik doiralar, birinchi navbatda Yosh buxoroliklar, shuningdek, Yosh xivaliklar boshi berk ko‘chadan chiqib olish o‘zanida faoliyat ko‘rsatdilar, xalq ommasi manfaatlari va mavjud sharoit hisobga olingan dasturil amallarini ilgari surdilar.
Ammo bolshevikcha ekstremizm, inqilobiy o‘zgarishlarning zo‘rlik, qizil qo‘shin kuchi bilan kirib kelishi, aholi boshiga og‘ir kunlarni soldi. Siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy munosabatlarning chigallashishiga olib keldi.

Download 0.9 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   140




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling