Markaziy osiyo xalqlari tarixi


-mavzu. BUXORO AMIRLIGI VA XIVA XONLIGIDA 1917 - 1920 YILLARDAGI IJTIMOIY SIYOSIY


Download 0.9 Mb.
bet6/140
Sana31.12.2022
Hajmi0.9 Mb.
#1073985
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   140
Bog'liq
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун

2-mavzu. BUXORO AMIRLIGI VA XIVA XONLIGIDA 1917 - 1920 YILLARDAGI IJTIMOIY SIYOSIY
VAZIYAT


Reja:
1. Yosh buxoroliklar harakatining dasturi, maqsad va vazifalari. Buxoro amirligining ag‘darilishi.
2. Yosh xivaliklar harakatining dasturi, maqsad va vazifalari. Xiva xonligining ag‘darilishi va Xiva sovet respublikasining tuzilishi.


Tayanch so‘z va iboralar: Amir Said Olimxon, 1920-yil avgustdagi M.Frunze buyrug‘i, 1920 yil 2 sentyabr, Polvonniyoz Hoji Yusupov (1861-1936), Bobooxun Salimov (1874-1929), Husaynbek Matmurodov, Yosh xivaliklar, Abdulla xon, Davlatmurod mahram, Junaidxon, Mahkamai adliya.


S Yosh buxoroliklar harakatining dasturi, maqsad va vazifalari. Buxoro amirligining ag‘darilishi.
J Rossiyada podsho hokimiyatining ag‘darilishi Buxoro amirligida ham ba'zi o‘zgarishlar uchun turtki bo‘ldi. Amir Said Olimxonning e'tirof etishicha, Muvaqqat hukumat Buxoro mustaqilligining tiklanganligini tan oldi. Bu haqda kelishuv imzolandi. Amir hukumati Afg‘oniston va boshqa yerlar bilan aloqa o‘rnatdi. Rossiya-Buxoro aloqalarida ham o‘zgarishlar bo‘ldi. Shuningdek, Buxoro amirligi hududidagi rus posyolkalarida ham ishchi va soldat sovetlari paydo bo‘ldi, posyolkalarda siyosiy beqarorlik kelib chiqdi. Bu hol Buxorodagi muhitga ham birmuncha ta'sir ko‘rsatdi. Buxorodagi ijtimoiy-siyosiy muhit o‘zgara boshladi. Hukmron tabaqaning, amir, amaldorlarning cheklanmagan va nazoratsiz boylik orttirishlari, sivilizatsiyani muhim ko‘rinishlarining bo‘lmagani, keng xalq ommasining haq-huquqsizligi asosli ravishda noroziliklar keltirib chiqardi. Buning natijasida, hamda jadidlar, yosh buxoroliklar ilg‘or doiralar faoliyati oqibatida jamiyatda tub o‘zgarishlarning amalga oshishi yetilib qoldi.
Buxoroning ichki siyosiy hayoti 1917 yil bahorida yangi pallaga kirdi. Islohotlar, o‘zgarishlar zarurligi aniq bo‘lib qoldi. Islohotlar o‘tkazish g‘oyasiga bo‘lgan munosabatda, mamlakat doiralari asosan ikki oqim - liberal -demokratik va konservativ oqimlarga bo‘lingan edi. Birinchi oqim yosh buxoroliklar va ularga yaqin demokratik doiralardan tashkil topdi. Ular yosh buxoroliklar bilan islohotlar dasturini ishlab chiqishga kirishib, ilg‘or g‘oyalar va ularni amalga oshirish yo‘llari ustida keng fikr almashmoqda edilar. Endi ular amirlikdan islohotlarni amalga oshirishni talab qilib chiqdilar. Bu talablar shu qadar ta'sirchan ediki, amir va Rossiya rezidenti bu jarayon o‘zanida ish ko‘rishga majbur bo‘ldilar. Lekin ular islohotlar masalasidan o‘z maqsadlari uchun foydalanmoqchi bo‘ldilar.
Rossiyadagi inqilobdan so‘ng Buxoroda ish olib borgan siyosiy agent Rossiya hukumati rezidenti deb atala boshladi. Yosh buxoroliklar tashkiloti Rossiya rezidenti A. Miller bilan aloqa bog‘lab, fikr almashdi, Muvaqqat hukumatdan madad kutdi. Amir va qushbegi ham yangi Rossiyani o‘z ittifoqchisi deb qaradilar. Ammo qozikalon Burhoniddin (Mirzo Urganjiy), rais Nizomiddinxo‘ja va ularning tarafdorlari har qanday o‘zgarishlarga qarshi chiqdilar. Amir qozikalon va raisni amalidan bo‘shatdi, ularning o‘rniga mo‘tadil kayfiyatdagi Sharifjon (Sadr Ziyo) va Abdusamadxo‘jani tayinladi.
1917 yil 7 aprelda Buxoro Arkining katta binosida amaldorlar, ruhoniylar, Rossiya vakillari, Buxoro va Turkiston jamoatchiligi vakillari yig‘inida, amir Olimxon farmoni (manifesti) e'lon qilindi. Poytaxtda obro‘li arboblardan iborat mahkamani tuzish, amaldorlar, ularning daromadlari ustidan nazorat o‘rnatish, soliqlar tizimini tartibga solish, davlat byudjetini joriy qilish, sanoat, tijorat, marifat rivojlanishi uchun qayg‘urish va'da qilindi. Bu 8 aprelda demokratik va konservativ lagerlarning ko‘chaga chiqishiga sabab bo‘ldi. Demokratik doiralar Shukrona namoyishi o‘tkazishga qaror qildi. «Yashasin islohot», degan yalovlar ko‘tarildi. Bir necha yuz kishi shahar markazi - passajdan Govkushon va Xiyobon orqali Registonga yurish boshladi. Namoyishga F.Xo‘jaev, Abdulvohid Burhonov (Munzim), Otaxo‘jaev, Mirbobo, Yusufzoda boshchilik qildilar. Bir necha joyda qisqa mitinglar bo‘ldi, namoyishchilarga yangi-yangi guruhlar kelib qo‘shildi. Namoyishchilar ko‘tarinki kayfiyatda edilar. Shu kuni konservatorlar va mutaassib guruhlar Registonda to‘planib, islohotga, yangiliklarga qarshi jangarilik va murosasizlik kayfiyatlarini izhor etdilar. Ba'zi amaldorlarga nisbatan, islohot tarafdorlariga qarata dushmanona dag‘dag‘alar, hayqiriqlar qildilar. Ularning jazavasi soat sayin kuchayib bordi.
Bunday murakkab vaziyatda ikki lagerning to‘qnashuvi noxush oqibatlar keltirishi mumkin edi. Demokratik kayfiyatdagi namoyishchilar boshliqlari Registonga borish niyatidan qaytdilar, namoyishchilarni tarqalib ketishga da'vat etdilar. Tadbir oxirigacha yetkazilmagan bo‘lsada, u Buxoro amirligi demokratik o‘zgarishlar, islohotlar uchun yetilmaganligini yaqqol ko‘rsatdi. 8 aprel voqyealarining yakuniga ko‘ra hukumatda konservativ kuchlar yana ustunlikka erishdilar. Amir qozikalon Sharifjon maxdumni bo‘shatdi, mutaassiblar rais Abdusamadxo‘jani olomon qilib o‘ldirdilar; qushbegi Nasrullobek buyrug‘i bilan Sadriddin Ayniy, Yosh buxoroliklar Mirbobo, Mirzo Nazrullo 75-150 darra urib jazolandilar. Islohotchilik harakatining bu bosqichi mana shunday noxushlik bilan yakunlandi.
Vaziyat jiddiylashib bordi. Dovdirab qolgan amir oqibat natijada mutaassib konservatorlarga yon bosdi. Islohotlar amalga oshirilmadi. Yosh buxoroliklar Yangi Buxoro (Kogon), Chorjo‘y, Karki, Termizga qochib borib namoyishlar, majlislar o‘tkazdilar, o‘z faoliyatlarini davom ettirdilar. Rus posyolkalarida siyosiy boshboshdoqlik va iqtisodiy tanglik avj olib bordi. Amir manifestining e'lon qilinishiga kelgan Samarqand soveti delegatsiyasi a'zosi Mahmudxo‘ja Behbudiy va yana bir-ikki musulmon a'zolar marosim o‘tgandan so‘ng Samarqandga jo‘nab ketdilar.
Delegatsiyaning boshqa a'zolari esa jo‘nab ketishdan bosh tortdilar, bir necha kun davomida Samarqand soveti bilan Yangi Buxoro soveti vakillari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘ldi. 1917 yil oktyabr to‘ntarishi natijasida ekstremistik, buzg‘unchi unsurlar posyolkalarda hokimiyatni qo‘lga oldilar. Harbiy qismlar, qizil gvardiyachilar soni ko‘paytirildi. Bu jiddiy o‘zgarishlar mamlakat aholisi hayotiga va yosh buxoroliklar kayfiyatiga salbiy ta'sir ko‘rsata boshladi. Rus posyolkalaridagi garnizonlarning askarlari oziq-ovqat va yem-xashakni Buxoro tumanlari aholisidan tortib olishga kirishdilar. Turli xil qog‘oz pullarning qiymati qolmagani natijasida yerli aholi o‘z mahsulotlarini bu pullarga sotishni istamadi, soldatlar esa ba'zi joylarda zo‘rlik bilan tortib olishgacha bordilar. Chunonchi, 1917 yil 9 oktyabrda xabar qilinadiki, «Termizda rus askarlari bilan bozorda savdo qilgan buxoroliklar o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi, buxoroliklardan o‘ldirilganlar bor». Bunday hollar 1918 yilning qish va bahorida jiddiy tus oldi.
Bu vaqtga kelib Fitrat yosh buxoroliklar tashkilotining takomillashgan dasturini ishlab chiqqan va bu dastur tashkilot tomonidan qabul qilingan edi. Unda dehqonchilik va qishloq xo‘jaligi, soliqlar, shuningdek, harbiy tizim, ichki ishlar, sud, yo‘llar, yer osti boyliklari, tashqi siyosat, maorif, vaqf masalalari batafsil ko‘rilib, ularni sivilizatsiya ruhi va mazmunida yechish taklif qilingan. Bu dastur ham islohotlarni tinch-osoyishta muhitda amalga oshirishni ko‘zda tutgan. Unda aholi barcha qatlamlarining manfaatlari himoya ostiga olingan. Mana shunday vaziyatda 1918 yil 1 martda Turkiston XKS raisi F. Kolesov boshchiligidagi harbiy eshelon Yangi Buxoro (Kogon)ga keldi. Yosh buxoroliklarning F.Xo‘jaev, Abdurauf Fitrat, Otaxo‘jaev, Abdulvohid Burhonov, Qori Yo‘ldosh Po‘latov, Fazliddin Mahsumdan iborat rahbar qo‘mitasi Kolesov bilan uchrashdi. Kolesov sharoit bilan tanishib chiqmay, yosh buxoroliklarning kayfiyatini ham hisobga olmasdan Buxoroga harbiy kuch bilan hamla qilishga qaror qildi. Yosh buxoroliklar xunrezlikning oldini olishga intilib, amir nomiga ultimatum (talabnoma) yubordilar. Unda islohot dasturi tamoyillari bayon qilingan edi. Lekin voqyealar davomi o‘zgacha kechdi. Amirdan javobni kutmasdan Kolesov buyrug‘i bilan qo‘shin, zambaraklar, jami qurol-aslahalar eshelondan tushirilib, hujumga tayyorlandi.
Bu qon to‘kilishi xavfini tug‘dirdi. Amir hukumati darhol ultimatum talablariga roziligini bildirdi. Amirning islohot o‘tkazish to‘g‘risidagi ikkinchi farmonini tayyorlashga kirishildi, ammo 2 martda Buxoroga hujum boshlandi. Amir hukumati muzokara olib borish bilan birga o‘z kuchlarini ham harakatga keltirdi. G‘azavotga safarbar qilinganlar Chorjo‘ydan Karmanagacha bo‘lgan temir yo‘lni buzdilar, tajovuzkor qo‘shinga har tomonlama hujum qildilar. Kolesov qo‘shini qurshovda qoldi, o‘qdorisi tugadi, ahvoli og‘irlashdi. Shu kuni 2 martda amirning ikkinchi farmoni Yangi Buxoro (Kogon)ga yetkazildi. Yosh buxoroliklar qo‘mitasi hujumni to‘xtatishni talab qildi. Muzokaralar bir necha kun davom etdi. 1918 yil 25 martda Qiziltepa bitimi imzolandi. Kolesovning tajovuzkorligi sharmandalarcha barbod bo‘ldi.
Amirning 2 martdagi farmonida birinchi farmonning hayotga tatbiq etilmaganiga «ba'zi bir amaldorlarning ig‘vogarligi» sabab qilib ko‘rsatilgan, «hur fikrli kishilar»dan ijroiya komitet ta'sis etilajagi, «erkinlik dushmanlari»ning chetlashtirilishi, aholi uchun og‘ir bo‘lgan soliqlar — amlok va aminonaning bekor qilinishi, yangicha soliqlarning joriy qilinishi e'tirof etilgan edi. Ammo qurolli to‘qnashuv oqibatida boshqa masalalar ustuvorlik qildi. Buxoroda, amirlikning boshqa joylarida siyosiy vaziyat tubdan o‘zgardi. Ijtimoiy va siyosiy hayot jarayoni o‘zanidan chiqib ketdi. Yosh buxoroliklar quvg‘ini, ularni hibsga olish, qatl qilishlar sodir bo‘ldi. Jami 3 mingga yaqin kishi qatl etildi. Yosh buxoroliklar Samarqand, Toshkent va boshqa joylarga muhojirlikka ketdilar.
Yosh buxoroliklar, ilg‘or kayfiyatdagi ziyolilar va arboblar bo‘lib o‘tgan voqyealar, siyosiy vaziyatning o‘zgarganini chuqur tahlildan o‘tkazdilar, oldinda turgan vazifalarni muhokama qildilar. Yosh buxoroliklar o‘z siyosiy yo‘nalishlariga va taktikasiga bir qator muhim o‘zgarishlar kiritdilar. Ulardan eng asosiysi tubdan o‘zgargan vaziyatda tinch yo‘l bilan amir hokimiyati saqlangan holda, amirlikda demokratik o‘zgarishlar bo‘lishi imkoniyati qolmagan, deb e'tirof etilishi edi. Fitrat, F.Xo‘jaev va boshqalar milliy harakatda faol qatnashdilar. Buxoroda islohotlar o‘tkazish borasidagi faoliyatni davom ettirdilar. Fitratning bunday faoliyati 1917 yil bahorida boshlangan edi. 16 apreldan Samarqandda chiqa boshlagan «Hurriyat» gazetasining 24-74, 82-87 sonlariga Fitrat muharrirlik qildi. Kolesov voqyealaridan so‘ng Fitrat Toshkentda yashadi, «Chig‘atoy gurungi» adabiy-ma'rifiy to‘garagining tashkilotchilaridan va faol a'zolaridan biri bo‘ldi. Fitrat o‘z maqola va asarlarida milliy davlatchilik, vatanparvarlik g‘oyalarini tarannum etdi. F.Xo‘jaev Yosh buxoroliklar g‘oyalari ruhidagi dasturiy hujjat - maromnomani tuzdi va nashr etdi, «Uchqun» gazetasining chiqishini tashkil qildi. 1918-1920 yillarda yosh buxoroliklar dasturlari, siyosiy qarashlari, taktikasida Buxoroda islohotlar o‘tkazish uchun kuch, zo‘rlik ishlatish zarur bo‘lib qolgani tan olindi, ikkinchi tomondan, aholining diniy e'tiqodi e'tirof etildi. Shuningdek, bolshevistik proletar diktaturasi, mulkdorlarni ekspropriatsiya qilish qoidalariga yon berilmadi. Buxoro hukumatining tashqi siyosatida, iqtisodiy aloqalarida o‘zgarishlar sodir bo‘ldi.
Rossiya qog‘oz pullari ko‘payib ketdi, ularning qiymati deyarli qolmadi. Natijada aholi rus posyolkalari, temir yo‘l bekatlarida bu pullarga mol, oziq-ovqat sotmay qo‘ydilar. Turkiston hukumatiga mol ayirboshlash taklif qilindi. Lekin Buxoro paxtasi evaziga beriladigan paxta yog‘i, guruch Turkistonda yetarlicha yo‘q edi, savdo bo‘lmadi. Shu vaqtning o‘zida Buxoro bilan Angliya o‘rtasida savdo birmuncha jonlandi. Jumladan, 1918 yilda inglizlar Buxoro bozorlarida 1 mln. pud paxta, 1 mln. dona qorako‘l teri, 200 ming pud jun, 150 ming pud xom ipakni xarid qildilar. Bu aloqalar 1919 va 1920 yilda ham davom etdi. Masalan, faqat 1919 yil bahorida ingliz savdogarlari 400 toy qorako‘l terini xarid qilib olib ketdilar. Chetga sotish uchun Buxoroda mahsulot ancha ko‘p bo‘lib, an'anaviy Rossiya bozori batamom izdan chiqqan, qog‘oz pulning xarid quvvati yo‘q edi. Natijada Buxoroda ko‘plab mollar, ayniqsa, paxta, qorako‘l teri, ipak sotilmay, omborlarda to‘planib qolaverdi. O‘z navbatida ekin maydonlari qisqardi, oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari oshdi. Rossiyadagi inqilobiy voqyealar natijasida Buxoro savdogarlarining talaygina mollari Moskva, Nijniy Novgorod, Kazalinsk va boshqa joylardagi do‘konlar, omborlarda qolib ketdi.
Buxoro bilan Rossiya davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar murakkab kechdi. Yangi rus hukumati Rossiya podshohligining mustamlaka bitimlari bekor qilinadi, deb e'lon qilishi bilan Buxoro hukumati Samarqand va Jizzax, ularning atrofidagi yerlarini qaytarib berish masalasini qo‘ydi. Lekin RSFSR hukumati bunga rozi bo‘lmadi, aksincha, Buxoroni o‘z ta'sir doirasiga olish choralarini ko‘rdi. 1920 yil bahorida amir Turkkomissiya a'zolari Eliava va Frunzeni qabul qilib, muzokaralar olib bordi. Savdogarlarning vakillari Rossiyada qolib ketgan mollar taqdirini hal qilish uchun Buxorodan jo‘nab ketdilar. Lekin RSFSR - Buxoro munosabatlari yomonlashib bordi. Moskvaning ma'qullashi oqibatida Buxoro amirligiga qarshi dushmanlik kampaniyasi kengaytirildi va ashaddiy tus oldi. Qo‘pol ravishda Buxoroning ichki siyosiy tuzumini qurol bilan o‘zgartirish choralari ko‘rildi. Frunze, Kuybishev o‘z niyat-maqsadlarini ochiq-oydin gapirdilar. Amir hokimiyatiga muxolif kuchlar bolsheviklarga yordam so‘rab murojaat ham qildilar.
1920 yil avgust oyi oxirlarida Turkiston fronti qo‘mondoni M.Frunze buyrug‘i bilan Buxoro hududlarida juda katta harbiy kuchlar, zambaraklar, bronepoezd, aeroplanlar jangovar holatga keltirildi. 29 avgustga o‘tar kechasi ko‘p tomonlama tajovuzkorlik harakati boshlab yuborildi. Asosiy kuchlar poytaxt Buxoroga hujum qildilar. Qo‘shinlar tinch aholi boshiga shiddatli o‘q yog‘dirdilar. Shahar vayron, ko‘pgina odamlar qurbon bo‘ldi. Buxoro shahrida yong‘in avj oldi. Amir Olimxon poytaxtni tashlab chekindi, u Buxoroning sharqiy qismi tomon yo‘l oldi. 1920 yil 2 sentyabr kuni tajovuzkor kuchlar Buxoroni egalladilar. Amir hokimiyati ag‘darildi.



Download 0.9 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   140




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling