Markaziy osiyo xalqlari tarixi


Download 0.9 Mb.
bet104/140
Sana31.12.2022
Hajmi0.9 Mb.
#1073985
1   ...   100   101   102   103   104   105   106   107   ...   140
Bog'liq
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун

Birinchi yo‘nalish rahnamosi bo‘lgan Stalin iqtisodiy qonuniyatlarni inkor qilib, industrlashtirishni amalga oshirish uchun favqulodda tadbirlar (qishloq xo‘jaligida jamg‘arilgan mablag‘larni sanoatga olib berish va hakozo) o‘tkazdi. Bu esa sanoatda valyuntarizm, buyruqbozlikni kuchaytirdi. Shunday bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo respublikalarida industrlashtirish siyosati jadallik bilan amalga oshirilaverdi.
Qozog‘istonda industrlashtirish foydali qazilmalarni, turli xil konlarni izlab topish va ulardan foydalanishni tashkil qilishdan boshlandi. Respublikada rangli metall, neft mahsulotlari va ko‘mir ishlab chiqarish yuqori sur'atlar bilan rivojlantirildi.
Industrlashtirish yillarida respublikada katta xajmdagi temir yo‘llarni qurish ishlari amalga oshirildi. Markaziy Osiyoni Sibir bilan bog‘lab turuvchi, uzunligi 1445 km bo‘lgan (Turksib) temir yo‘l qurilishi 1927 yil aprelidan boshlab yuborildi va 1930 yil 25 aprelida muddatidan 17 oy ilgari foydalanishga topshirildi. 1927 yilda Petropavlovsk-Ko‘kchatov temir yo‘li qurib foydalanishga topshirildi;

  • 1931 yilda ushbu yo‘l Akmolagacha davom ettirildi;

  • 1939 yilda Qozog‘istondan xom ashyoni olib chiqib ketish maqsadida Akmolinsk-Qarag‘anda, Iletsk-Uralsk, Rubsovsk-Ridder yo‘llari;

  • 1940 yilga kelib Qarag‘anda-Jezqozg‘on temir yo‘llari qurilishi tugallandi.

O‘sha davrning yirik qurilishlari sirasiga Chimkent qo‘rg‘oshin zavodini, Balxash va Achchisoy metall zavodlarini kiritish mumkin. Shuningdek Tekeliy, Jezqozg‘on, Ust-Kamenogorsk metall zavodlari qurilishi boshlandi va tez fursatlarda tugallandi. Bu bilan esa, rangli metallarni qayta ishlovchi zavodlarning nafaqat Qozog‘istondagi, balki Ittifoq miqyosidagi eng yirik korxonalari bo‘lib qoldi.
Ximiya sanoatiga xos bo‘lgan zavod va korxonalar Chimkent, Aktyubinsk va boshqa joylarda qurish boshlab yuborildi.
Elektrenergiyasini ishlab chiqarish rivojlandi. Qarag‘anda SES, Ulbin GES, TES, Balxash metallarni qayta ishlovchi korxonalari shular jumlasiga kirdi. Embil neft hududlarida ishlar rivojlantirib yuborildi. Neftni qayta ishlovchi Ko‘zshatil, Makat kabi eski hududlar ishi jonlantirildi. Yangi neft konlari Kulsari, Sagiz kabilar foydalanishga topshirildi. Ittifoq miqyosida Qozog‘iston rangli metallar ishlab chiqarish bo‘yicha ikkinchi o‘ringa, neft qazib chiqarish bo‘yicha uchinchi o‘ringa chiqib oldi, Qarag‘anda uchinchi ko‘mir koni nomini oldi.
Industrlashtirish yillarida bir qator yirik oziq-ovqat korxonalari ishga tushirildi. Semipalatinsk go‘sht kombinati, Gurevsk baliqchilik korxonasi, Olma-Ota konserva zavodi, Jambul, Merke, Taldi-Qo‘rg‘ondagi shakar zavodlari shular jumlasiga kirdi. Qozog‘istonda industrlashtirish siyosati o‘zining natijasini bera boshladi. Respublika xalq xo‘jaligida sanoat yetakchilik qila boshladi. 1939 yilga kelib uning ulushi 58,9% ni tashkil qildi. Qator posyolkalar, Qarag‘anda, Ridder, Balxash kabilar shahar nufuzini ola boshladi.
Qozog‘iston Respublikasida shahar aholisining soni 8,2% dan 27,7% ga o‘sdi. Mutaxassis ishchilarning va injenerlar soni ortib bordi. 1926 yilda sanoatda band bo‘lgan ishchilar 10,7% ni tashkil qilgan bo‘lsa, 1933 yilga kelib ular 33,8% ni tashkil qildilar.
Mamlakatni industrlashtirishida besh yillik rejalar muhim o‘rin egalladi. 1928 yildan 1933 yillarga rejalashtirilgan vazifalar to‘rt yilu uch oy mobaynida bajarildi.Ushbu besh yillik davomida ishlab chiqarish o‘sib borib, o‘zining birinchi ming tonnalik mahsulotini Karsakpay zavodi berishga muvaffaq bo‘ldi. Toshko‘mir qazib chiqarish oldingi yilga nisbatan 1,5 baravar, neft qazib chiqarish bo‘lsa deyarli 2,2 baravarga oshdi. Foydali qazilmalarni izlab topish ishlari faol davom ettirildi. 1931 yilga kelib mamlakatda ana shunday 140 ta geologlar partiyasi faoliyat olib borib, ularning natijalariga ko‘ra, Qozog‘iston qator foydali qazilmalar bo‘yicha mamlakatda birinchi o‘ringa chiqib oldi. 1928-1938 yillarda sovet xokimiyatining respublika xalq xo‘jaligiga kiritgan kapitali 311 mln so‘mdan oshib ketdi, ulardan 48% i sanoat, transport, aloqa kabi sohalarga kiritildi. Qisqa fursat ichida mamlakatda 40 dan ortiq zavod, fabrika, kombinat, shaxta, konlar va elektrostansiyalar ishga tushirildi.
Industrlashtirish siyosatining natijalari asosida Qozog‘iston qisqa fursatlar ichida qoloq agrar davlatdan agrar-industrial respublikaga aylandi. Mamlakat sanoatidagi ulushi oshib, 39,5% ni tashkil qildi. Respublika bo‘yicha og‘ir sanoat 2,8 marotaba, mashinasozlik 4 marotabaga oshdi. 1933-1938 yillarga kelib respublika agrar davlatdan industrial, boshqalardan iqtisodiy jihatdan ancha ustun bo‘lgan mamlakatga aylandi. Sanoatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bo‘yicha 1937 yilga kelib 1932 yilga nisbatan 2,2 marta, ikki besh yillik natijalari bo‘yicha 4,5 marotaba oshdi.
Qozog‘iston xalq xo‘jaligiga katta miqdordagi mablag‘larni kiritish davom ettirildi. Ikkinchi besh yillik davrida bu mablag‘larning umumiy miqdori 721 mln so‘mni tashkil qildi. Bu yillarda jadal sur'atlar bilan Aktyubinsk ximiya kombinati, Balxash metall zavodi, Qarag‘anda ko‘mir xavzasi, Emba neft konlari ishlari rivojlantirildi.
Sovet hokimiyatining mamlakat bo‘ylab xo‘jaliklarni majburiy ravishda jamoalashtirish tomon olib borgan siyosati Markaziy Osiyo va Qozog‘iston respublikalarida 1929 yilning kuzidan boshlab amalga oshirila boshlandi. Qishloq xo‘jaligini sotsialistik asosda o‘zgartirish istiqbollariga yondashish jarayonida kommunistik mafkurachilar yirik agrar jamoa korxonasi yakka dehqon xo‘jaligidan yaxshiroq, degan fikrga qat'iy asoslanib ish ko‘rdilar. Chunki yerdan foydalanishning jamoa tizimi markazlashgan rejalashtirishni va ko‘pmillionli qishloq mehnatkashlarini boshqarishni osonlashtirar, qishloqdagi keng qamrovli ijtimoiy-siyosiy ishlarini butun mamlakat miqyosida tezroq amalga oshirish imkonini berar edi. Eng asosiysi, markscha tasavvurga ko‘ra, jamoa xo‘jaliklari sotsializm ideallariga yot bo‘lgan “mayda burjua psixologiyasi” bilan “zaharlangan” dehqonni sotsialistik yo‘lga solishni tezlashtirar edi.
Jamoalashtirishning “jadal sur'atlari” natijasida mintaqa bo‘yicha ishlab chiqarish vositalarini umumiylashtirish masalasi noaniqlik tufayli yakka xo‘jalikdan birdaniga jamoa xo‘jaligining oliy shakli bo‘lgan kommunalarga sakrab o‘tish xollari sodir bo‘ldi. Kommunalar tashkil etilgan joylarda darhol turar-joylarni, mayda hayvonlarni, paranda va boshqa narsalarni umumiylashtirish ko‘zda tutilgan edi. Qishloq xo‘jalik artellarini tashkil etish vaqtida ham joylarda chorva mollari va parrandalarni umumiylashtirishga intilish sodir bo‘ldi. Shunday qilib, jamoalashtirish dehqonlarga zo‘ravonlik qilish yo‘li bilan amalga oshirildi.
O‘ziga to‘q, badavlat xo‘jaliklarning mol-mulkini to‘liq musodara qilish “boy-quloqlar” oilalarini o‘zga yurtlarga surgun qilish ommaviy qonunsizliklar asosida amalga oshirildi. “Quloq”larga qarshi kurash niqobi ostida asosan tadbirkor, ishbilarmon dehqonlarga nisbatan yalpi urush e'lon qilindi. Dindor bo‘lgani uchun, ma'muriyatning hatti-harakatiga norozilik bildirgani uchun shaxsiy o‘ch olish maqsadida quloq qilish xollari ko‘payib ketdi. Ijtimoiy jihatdan asosan o‘rta xol dehqonlar ashaddiy “quloq qilish” zarbasiga uchradi. Aslida boylar va quloqlar “inqilobdan keyingi” dastlabki yillarda va 20-yillarning agrar islohotlari jarayonida tugatilgan edi. Avvalo, bunga asosiy sabab “quloq”larni aniqlash uchun davlat tomonidan ishlab chiqilgan qat'iy mezonning yo‘qligi edi. “Quloq”larni belgilashda ular ijtimoiy jihatdan emas, ko‘p hollarda xo‘jaliklarning ahvoliga qarab baholandi. Natijada “quloq” toifasiga dastlabki islohotlar jarayonida olingan yerda o‘z mehnatlari bilan xo‘jaliklarni o‘rtacha va o‘rtachadan yuqori darajaga ko‘tarishga muvaffaq bo‘lgan dehqonlarni ham kiritish xollari yuz berdi.
Ommaviy “quloqlashtirish” fuqarolar urushi qonunlari asosida haddan tashqari zo‘ravonlik bilan o‘tkazildi. Jadal jamoalashtirishga, quloq qilishga, o‘rtahol qatlamlarga shubha bilan qarashga, qishloq aholisining boshqa qatlamlari insoniy huquqlarining poy-mol etilishiga qaratilgan yo‘l qishloqda siyosiy vaziyat keskin tus olishiga sabab bo‘ldi. Rasmiy targ‘ibot bu xollarni sinfiy kurashning kuchayishi, deb atadi. Haqiqatda esa qatag‘onlar iskanjasida siqib qo‘yilgan va ezilgan tinch qishloq aholining noroziligi edi. Qishloqqa “qizil gvardiya hujumi” siyosatining barbod bo‘lganligi mamlakatning yuqori siyosiy rahbariyatini tashvishga soldi. 1930 yil 2 martda “Pravda”da Stalinning “Yutuqlardan esankirash” nomli maqolasi bosilib chiqdi, unda jamoalashtirish davridagi “qing‘irliklar” uchun hamma ayb mahalliy xodimlar zimmasiga qo‘yildi. Stalin ularga nisbatan keskin choralar o‘tkazishni talab qildi.
Shu darajaga yetib bordiki, hatto markaz, joylarga quloq qilinishi lozim bo‘lganlar sonigacha oldindan ko‘rsatma berar edi. Qozog‘iston mahalliy sovet organlariga quloq qilinayotganlar soni xo‘jalik aholisini 3-5 % ni tashkil qilishi kerakligi uqtirib o‘tilgan edi. Ammo mazkur mintaqadagi “rahbar”larning tirishqoqligi sabab bu son berilgan normadan ikki, hatto uch barobar oshib ketgan vaqtlari ham bo‘ldi. Masalan, Petropavlovsk okrugining Krasnoarmeysk tumanida xo‘jalikdagi jami 496 oiladan 7 % i quloq qilindi, bu esa uch barobar ko‘p demakdir. Quloq va boylar bilan kurash natijasida Qozog‘istonda 3113 kishi qamoqqa olinib, sudga berildi. 2450 xo‘jalik esa yashash joyidan badarg‘a qilindi. Quloqlar bilan kurash davomida Qozog‘iston bo‘ylab 60 ming xo‘jalik boy deb e'lon qilinib, mol-mulki musodara qilindi. 40 mingdan ziyod xo‘jalik quloqlashtirildi, qolganlari bo‘lsa mulkini tashlab qochib ketishga majbur qilindi. OGPUning maxsus lagerlar bilan shug‘ullanuvchi GULAG tashkilotining maxfiy ma'lumotlariga ko‘ra, 1930-1931 yillarda quloq qilinib maxsus lagerlarga yuborilganlar soni 6765 kishiga yetgan. Xuddi shu bo‘lim ma'lumotlari bo‘yicha Qozog‘istonning o‘ziga shu yillarda 46091 ta oila yoki 180015 kishi surgun qilingan. Bular Volganing o‘rta va quyi oqimi dehqonlari, Nijegorod o‘lkasi, Moskva viloyati, Markaziy Osiyo va Kavkazorti xalqlaridan iborat bo‘lgan. Qozoqlar tarixida ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchilarni o‘troq hayotga o‘tishga, jamoalashtirishga qaratilgan harakatlar ayanchli kechdi. 1930 yilda o‘troq hayot tarziga 87136 xo‘jalik, 1933 yilda 242208 xo‘jalik zo‘rlik yo‘li bilan o‘tkazildi. Ularni dashtdan bir joyga to‘plash, chorvani qiyin ahvolga solib, qirilib ketishiga sabab bo‘ldi. Natijada chorvachilikda katta talofatlar berildi. Jamoalashtirish arafasida Qozog‘istonda 40,5 mln. bosh qoramol bo‘lgan bo‘lsa, 1933 yil 1 yanvarida uning soni 4,5 mln atrofiga tushib qoldi.
Bunday “tadbirlar” respublikani qiyin ahvolga keltirib qo‘ydi. 1930-1933 yillarda Qozog‘istonni dahshatli ocharchilik qamrab oldi. Ocharchilik natijasida respublika o‘zining 2,1 mln kishisidan ajrab qoldi. Qozoq ziyolilari bundan qattiq tashvishga tushdilar. Repressiya va ocharchilikdan qochib, 1 mlnga yaqin kishi respublikadan tashqariga chiqib ketdi. Ularning 616 ming nafari qaytib kelmadi. Qozog‘istondagi jamoalashtirish siyosati fojiasi dunyo bo‘ylab qozoqlarni sochib yubordi. Masalan, Xitoyda bugungi kunda 1 mln 070 ming kishi, Mongoliyada 137 ming, Turkiyada 120 ming kishi, shuningdek Afg‘oniston, Eron, G‘arbiy yevropa davlatlarida va Shimoliy Amerikada ham yashab kelmoqdalar. Hammasi bo‘lib, Qozog‘iston tashqarisida 4,5 mln qozoq yashayotgan bo‘lib, shu jumladan ular 14 ta sobiq SSSR respublikalari va 25 ta chet davlatlarda yashab kelishmoqda.
Qozog‘iston xalqlarining sovet hokimiyatini jamoalashtirish siyosatidan noroziliklari qurolli qarshiliklariga aylanib ketdi. Jamoalashtirish davrida respublikada 372 ta chiqishlar va qo‘zg‘olonlar bo‘lib o‘tdi.Ularda 80.000 kishi ishtirok etdi. Majburiy ravishdagi jamoalashtirish va o‘troqlashtirish siyosatiga qarshi qozoq ziyolilari-A.Bukeyxonov, M.Dulatov, S.Sadvakasov, T.Risqulovlar chiqishlar uyushtirdilar. Hatto Stalin jamoalashtirishda katta xatolar o‘tganligini tan olishga majbur bo‘ldi. Respublikada yalpi jamoalashtirish siyosati fojiaviy natijalarga olib keldi. Ammo eng muhimi jamoalashtirish butun mamlakatda industrlashtirish siyosatini amalga oshirishga imkon yaratdi. Jamoalashtirish sanoatni kerakli xom-ashyo bilan ta'minlash imkonini berdi. Jamolashtirish qishloqdan shaharga katta mablag‘larni jalb qilish bilan birga, joylardagi xususiy mulkchilikka ham barham berdi. Ichki manbalarni barchasini bir yerga to‘plash, qisqa fursatlarda sanoatda o‘zgarishlar qilishga imkon yaratdi. Og‘ir sanoatni rivojlanish darajasi urushdan oldingi Rossiyadan 2-3 barobarga oshdi. 1930 yillarga kelib SSSR sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha AQShdan keyin dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Sanoat ishlab chiqarishini yillik o‘rtacha o‘sishi dunyoda eng yuqori bo‘lib, 10 dan 17 % gachani tashkil qildi. Ammo mamlakatning boshqa tarmoqlari, masalan yengil sanoat va qishloq xo‘jaligi oqsab qoldi. Iqtisodiy hayot markazlashtirilgan, bozor munosabatlari deyarli to‘xtatilgan, barcha ishlab chiqaruvchilar davlatga bo‘ysindirilgan edi. Markaziy Osiyo va Qozog‘istonda bo‘lganidek mamlakatda ma'muriy buyruqbozlik tizimi shakllangan edi.
Markaziy Osiyo va Qozog‘istonda “agrar inqilob” yo‘lini bo‘shashtirish bo‘yicha ayrim tadbirlar amalga oshirildi. Jamoalashtirishni jadallashtirish sur'atlari sekinlashtirildi. 1930 yil bahoriga kelib “quloq qilish” aksariyat to‘xtatildi. Barcha tuman va qishloq sovetlarida quloq qilingan va huquqlaridan mahrum qilinganlarni tekshirish ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyalar tashkil qilindi. Bu ro‘yxatga tushgan o‘rtahol dehqonlarning fuqarolik huquqlari tiklandi, ularning tortib olingan chorvasi va mol-mulklari qaytarib berildi. 1930 yilning sentyabrida VKP(b) MQ barcha o‘lkalar, viloyat qo‘mitalariga va ittifoqdosh respublikalar kompartiyalari MQga “jamoalashtirish to‘g‘risida” maktub yo‘lladi, unda kolxoz harakatini yangidan qudratli yuksaltirishga erishish uchun dehqonlar orasida faol siyosiy va tashkilotchilik ishlarini avj oldirish tavsiya qilingan edi.
Moskvaning tazyiqi bilan 1931 yilning bahoridan Markaziy Osiyo va Qozog‘istonda yoppasiga jamoalashgan tumanlar tashkil etish tajribasi qayta tiklandi. Ittifoqning g‘allakor tumanlari qatorida Qozog‘iston va boshqa joylarda jamoalashtirish sur'atlari bo‘yicha “quvib yetish va o‘zib ketish” shiori ilgari surildi. Yoppasiga jamoalashtirish yana avj olishi bilan “quloq-boy unsurlarga” qarshi kurash tadbirlari sezilarli ko‘lamda olib borildi. Odatda ta'qib qilinganlar tuman tashqarisiga, respublikalarning odam kam yashaydigan mintaqalariga chiqarilib yuborilar edi. 1931 yildan boshlab ular shimoliy Kavkaz, Ukraina, Sibirga ham surgun qilinishi boshlab yuborildi. “Kolxoz tuzumi” mustahkamlanib borayotgan sharoitda respublikaning siyosiy rahbariyati “quloqlarni sinf sifatida tugatish” yakunlovchi bosqichga kirdi, degan xulosaga keldi. Shuning uchun ham kolxozlarni “g‘oyaviy-tashkiliy” jihatdan mustahkamlashga katta e'tibor berila boshlandi. Respublikalarda rahbarlar partiya yo‘l-yo‘riqlariga tayanib, jamoatchilik ongiga “boy va quloqlar” oshkora jangda mag‘lubiyatga uchrab, o‘z taktikalarini o‘zgartirdilar, endilikda ular kolxozlarga, sovet apparatiga va hatto partiyaga yashirin qo‘poruvchilik ishi olib borish uchun suqilib kirishga urinmoqdalar, degan fikrni zo‘r berib singdira boshladilar. Endilikda partiya tashkilotlari kolxozlarga suqilib kirib olgan “dushman va sinfiy jihatdan yot unsurlardan” tozalash borasida zo‘r kuch va g‘ayrat sarfladilar. Mazkur harakat qishloq xo‘jalik artellarini xo‘jalik jihatdan mustahkamlash uchun kurash vositasi deb hisoblandi.


Download 0.9 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   100   101   102   103   104   105   106   107   ...   140




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling