Fazaviy chulg‘am uchlarining belgilanishi. Ilgarigi standart tavsiyasi bilan bir fazali ikki chulg‘amli transformatorda: YuK chulg‘amning bosh va oxirgi uchlari tegishlicha – «A» va «X», PK chulg‘amniki esa «a» va «x» lotin harflari bilan belgilangan; bir fazali uch chulg‘amli transformatorda esa o‘rta kuchlanishli (O‘K) chulg‘amning bosh va oxirgi uchlari tegishlicha – Am va Xm indeksli harflari bilan belgilangan.
Uch fazali ikki chulg‘amli transformatorda: YuK faza chulg‘amlariningning bosh va oxirgi uchlari tegishlicha – «A», «B», «C» va «X», «Y», «Z»; PK faza chulg‘amlarining bosh va oxirgi uchlari – «a», «b», «c» va «x», «y», «z» harflari bilan belgilangan.
Uch fazali uch chulg‘amli transformatorning O‘K faza chulg‘amlarining bosh uchlari – «Am», «Bm», «Cm» va oxirgi uchlari tegishlicha – «Xm», «Ym», «Zm» harflari bilan belgilangan. Agar «yulduz» ulanish sxemasida neytral nuqtadan ulagich chiqarilgan bo‘lsa, yuqori va past kuchlanishlarda «0», o‘rta kuchlanishda esa – «0m». Bunda chulg‘am ulanish sxemasining harflar orqali belgilanishiga «N» indeksi (YN) qo‘yilgan.
Transformator chulg‘amlari uchlarining yangicha belgilanishi. GOST 11677–85 va unga kiritilgan № 1, 2, 3, 4 o‘zgartirishlar bo‘yicha transformator va avtotransformator chulg‘amlari uchlarining ilgarigi belgilanishi o‘rniga Xalqaro elektrotexnik komissiya talablarini qanoatlantiradigan yangicha belgilanish qabul qilingan. Bunga oid namunalar 2.1-jadvalda ilgarigi va yangi belgilanishlar solishtirilgan ko‘rinishda keltirilgan.
Fazaviy chulg‘amning o‘ralish yo‘nalishini aniqlash. Transformator fazaviy chulg‘amlarining o‘ralish yo‘nalishini aniqlash va ularning uchlarini belgilash amaliyot uchun katta ahamiyatga egadir.
Amaliyot uchun tavsiyalar. O‘ralish yo‘nalishini aniqlashda fazaviy chulg‘amni oddiy g‘altak deb qaraladi. G‘altaklar o‘ng va chap yo‘nalishlarda o‘ralishi mumkin.
Transformator fazaviy chulg‘amlarining o‘ralish yo‘nalishini to‘g‘ri tanlash bir fazali kuch transformatorlarining har xil o‘zaklarida joylashgan chulg‘am qismlarini to‘g‘ri ulashda va uch fazali transformator chulg‘amlarining berilgan ulanish guruhini olishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
G‘altak uchlarining belgilanishini o‘zaro almashtirish uning o‘ralish yo‘nalishini teskariga o‘zgartirish bilan bir xildir.
Do'stlaringiz bilan baham: |