Alohida voqeani batafsil muhokama qiling
Alohida voqeani tasvirlash suhbatdoshning butun mohiyatini ifodalab bera oladi. O‘sha odam haqida bilib olgan bittagina dalilingiz ham arzigulik natija berishi mumkin. Masalan, biror bir mashhurroq odam bilan suhbatlashayapsiz: «Bilishimcha, siz har yili bir oy toqqa borib, palatkada yashar ekansiz. Tabiiyki, bu vaqt davomida gazeta, jurnalistlar va telefondan uzoqda bo‘lasiz. Aytingchi, bu safarlar sizga nima beradi?».
Oldin bo‘lib o‘tgan hodisalar haqida unutmang
Suhbatdoshingizning ilgarigi harakati va fikrlarini hozirgi holati bilan taqqoslang. Shunda uni ba’zi qiziq tahlillarga chorlashingiz mumkin. Masalan, uy-joy qurilishi bilan bog‘liq biror bir xususiy kompaniya rahbari bilan suhbatlashayapsiz: «Siz o‘tgan haftada «Shahardagi yosh oilalarni yashash joylari bilan ta’minlash loyihasi»da ishtirok etdingiz va bu loyihani amalga oshirish juda muhim ekanligini ta’kidladingiz. Ammo o‘tgan yili kompaniyangiz bu loyihaga qarshi chiqqan edi. Ayni damda xususiy mablag‘ hisobiga yosh oilalar uchun yashash joylarini qurish bilan bog‘liq bo‘lgan qanday yondashuvni qo‘llab-quvvatlamoqdasiz?».
«Qanday?» va «nima uchun?» deb yana bir bor so‘rang
ABC telekanalining mohir journalistlaridan biri Sem Donaldsonning aytishicha, «Nima uchun bunday dedingiz?», degan savol eng oddiy savol hisoblanadi. Agar suhbatdosh fikrini yaxshi eshita olmagan bo‘lsangiz, bu savol javobni qaytarish uchun yaxshigina hiyladir. Shuning uchun ham Donaldson: „Men «Nega shunday dedingiz?» deya so‘rash va «Chunki men shuni xohlaymanki…» deya javob oladigan kunni sabrsizlik bilan kutaman», – deb ta’kidlaydi.
Misol keltirishini so‘rang
Qachonki advokat: «Men tajribamdan shuni bilamanki, kishi haqidagi o‘ta shaxsiy ma’lumotlarni uning qo‘shnilaridan bilib olish mumkin», – desa, siz: «Biror bir misol keltira olmaysizmi?» yoki «Siz bilan bo‘lib o‘tgan shunga o‘xshash voqeani aytib bera olasizmi?» deya murojaat qilishingiz kerak. Bunday qo‘shimcha savolga bo‘lgan javob advokatning umumiylikka asoslangan ma’lumotidan qiziqroqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |