Xronologik registrlar deb xo‘jalik muomalalari xronologik tartibda (ularning sodir bo‘lishiga qarab) yozib boriladigan registrlarga aytiladi. Bunday registrlarga qishloq xo‘jalik mahsulotlarini realizatsiya qilishga oid hujjatlar registri misol bo‘ladi. Bu reestrda mahsulotlarni sotishga jo‘natish uchun to‘lg‘azilgan tovar-transport nakladnoylari va ularning qabul qilinganligi to‘g‘risidagi kvitansiyalari qayd qilib boriladi.
Sistematik registrlar deb xo‘jalik muomalarining bir xil guruhlari buxgalteriya hisobi schotlari bo‘yicha yoziladigan registrlarga aytiladi. Bunga misol tariqasida jurnal-ordershakli bo‘yicha hisob yuritadigan xo‘jaliklarda qo‘llanilgan №8-ASK, 10-ASK jurnal-orderlarni keltirish mumkin.
Uyg‘unlashgan registrlar deb yozuvlarni ham xronologik, ham sistematik ravishda guruhlashtirishni ta’minlaydigan registrlarga aytiladi. Bunday registrlar buxgalteriya hisobining takomillashuvi natijasida vujudga kelgan bo‘lib, ularda xo‘jalik muomalalari iqtisodiy mazmuniga ko‘ra buxgalteriya hisobining schotlari bo‘yicha ajratilgan holda bir vaqtda aks ettiriladi. Uyg‘unlashgan registrga misol qilib bosh daftarni (№18 ASK shakl) keltirish mumkin.
Buxgalteriya hisobi registrlari to‘ldirilish usuliga ko‘ra qo‘lda to‘ldiriladigan (asosiy vositalar hisobi bo‘yicha inventar kartochkalar) va ShEHMda to‘ldiriladigan registrlarga bo‘linadi.
Kompyutyer yordamida registrlardan nafaqat ulardagi ma’lumotlarning mazmunini, balki registrlar shakllarining o‘zini ham olish mumkin.
Buxgalteriya hisobi registrlari tuzilish shakliga ko‘ra: bir tomonlama, ikki tomonlama, ko‘p grafalari, chiziqli va shaxmatli registrlarga bo‘linadi.
Bir tomonlama registrlar – bu moddiy qiymatliklarni, hisob-kitoblarni va boshqa muomalalarni hisobga olishga doir har xil kartochkalardir. Ularda debet va kredit yozuvlarning alohida grafalari birlashtirilgan.
Ikki tomonlama hisob registrlari deb xo‘jalik muomalalarini aks ettiradigan grafalar varaqning turli tomonlarida (debet qismi varaqning chap tomonida, kredit qismi esa varaqning o‘ng tomonida) joylashgan registrlarga aytiladi. Bularga tovar-moddiy boyliklarni hisobga olish kartochkalari misol bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |