Matematik kecha ssenariysi Tadbir maqsadi


Download 30.95 Kb.
bet1/5
Sana26.10.2023
Hajmi30.95 Kb.
#1723534
  1   2   3   4   5
Bog'liq
Matematik kecha ssenariysi Tadbir maqsadi


Matematik kecha ssenariysi

Tadbir maqsadi:O’quvchilarning matematika faniga bo’lgan qiziqishini oshirish,o’quvchilarni hozirjavob,topqir bo’lishga chorlash.Bir-biriga g’amxo’r,mehribon bo’lishga,ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash.
Tadbir jihozi: Zal bayramona bezatilgan,raqamlar,matematikaga doir shakl va belgilar osilgan,matematik shiorlar ilingan,bolalarning qo’llarida raqam va boshlarida rasmlar,bayroqchalar.
Matematik ishora va amallar,raqamlar,matematik shiorlar
Ikkinchi sinfda matematik kecha o‘tkazilmoqda. A'lochi o‘quvchi qizlardan biri boshlovchi sifatida qo‘lida «Matematika» kitobi bilan chiqib, she'r aytib, kechani ochib beradi.
Boshlovchi qiz:
— Qo‘limda bor shunday kitob,
Ichin ochsang, g‘ij-g‘ij hisob.
O‘qisang gar, qilar xitob:
«Misolim ko‘p, javobin top».
Bilsangiz siz, ayting shu tob —
Ne atalar ushbu kitob?
Hamma: — «Ma-te-ma-ti-ka».
1-o‘quvchi:— Assalomu alaykum, aziz va mo‘tabar mehmonlar, murabbiy va murabbiya
ustozlar, ilmu-fan sohiblari!
2-o‘quvchi:— Salom, sizga tengdoshlarim ham fikrdosh o‘rtoqlarim! Kechamizga xush kelibsiz!
Ruxsat bering boshlamoqqa
Matematik kechani,
Turli-tuman savol bilan
O‘ylataylik barchani.
3-o‘quvchi:
Al-Xorazmiy bobomizga
Bugun ta'zim aylaymiz,
Ko‘p bebaho asarlarning
Ma'nosini tinglaymiz.
1-o‘quvchi:
— Qiziq topishmoqlar bilan
Sinaymiz kuchimizni,
Boshqotirma, fokus bilan
Qoldiramiz lol sizni.
2-o‘quvchi:
— Charchatganda hisob-kitob,
O‘yin o‘ynab olingiz dam,
Dilbar qo‘shiq, kulgu sizga
Zavq beradi bir olam.
3-o‘quvchi:
—Endi matematikadan
Kechamizni boshlaymiz.
Barchangizni kuldirib,
Ko‘zlaringiz yoshlaymiz.
O‘ylang, fikrlang, hal qiling-chi, do‘stlarim,
Nima bu? — deb sizlarga savol tashlaymiz.
4-o‘quvchi— Matematika bu —hayot zarurati,matematik hisoblashlarsiz raketalar uchmaydi,
mashinalar yurmaydi, kompyuterlar bo‘lmaydi. Keling, bugun siz bilan aqlimizni charxlab, fikrimizni peshlab olaylik.
5-o‘quvchi:—Suv — bu obihayot, deymiz. Aslida matematika ham hayotimiz manbai. Chunki
matematikasiz bir qadam ham qo‘yib bo‘lmaydi. Voy-bo‘y, bo‘rttirib yubordiku, deyishingiz mumkin. Hecham-da, mana masalan, egningizdagi kiyimingizni olaylik. Tikuvchi uni tikish
uchun santimetrlab o‘lchaydi.
1-o‘quvchi: Yoki bo‘lmasa, oyog‘ingizdagi poyafzalning tagiga qarang. Uning o‘lchami matematik raqamlarda ifodalangan. Bozordan biror narsa xarid qilish uchun esa hisob-kitobni bilish lozim.
2-o‘quvchi: — Yoki deylik, betob bo‘lib qoldingiz, davolanish uchun shifokorga borsangiz, issig‘ingizni o‘lchash uchun termometr qo‘yadi,to‘g‘rimi? Darajani esa matematik raqamlar ko‘rsatadi.
3-o‘quvchi: — Xullas, kelgusida olim bo‘lish uchun ham, shifokor yoki o‘qituvchi bo‘lish uchun ham, uchuvchi bo‘lish uchun ham, bankir yoki tadbirkor bo‘lish uchun ham matematikani bilish juda muhim.
4-o‘quvchi:— Demak, biz bugungi kechamizda «Raqamlar saltanatiga sayohat» qilib, u yerdagi
matematik ajoyibotlarning guvohi bo‘lamiz. Biroq bu yo‘l biroz mashaqqatli. Oldimizda bir qancha dovonlar bor. Biz bu to‘siqlarni birgalikda yengishga harakat qilamiz. O‘quvchilar ijrosida «Hisoblashni o‘rgan, bolajon» qo‘shig‘i ijro etiladi.
Quyosh chiqar olamga
Nurlarini sochgali.
Sening ila kitobdan
Sahifalar ochgali.
Ikki karra ikkini
Tezroq bilgil, bolajon.
Undan keyin yanada
G‘ayrat qilgin, bolajon.
«Yecholmayman demagil»,
Qiyin bo‘lsa masala.
Yalqovlarda bo‘lmaydi
Ishlagali hafsala.
Har misolni echmoqqa,
Sen doimo tirishgil.
Eplolmasang ilk marta
Yana takror kirishgil.
Sonlar faqat o‘shanda,
Sirlarini ochadi.
Ular bilan do‘stlashsang,
Yo‘lingga nur sochadi.
Xullas, hisob-kitobni
Tezroq bilgil, bolajon.
Fursat o‘tmay shu yo‘lda
G‘ayrat qilgil, bolajon.
Boshlovchi qiz:— Bolalar yo‘l yurishibdi, yo‘l yurishsa ham mo‘l yurishibdi, yo‘lda «urishib-tortishib» turgan raqamlarga duch kelishibdi.
Boshiga «1» raqamini kiygan o‘quvchi:
Men birman (1),yagonaman. Bitta o‘zimman. Bitta to‘g‘ri yo‘lman. 1-o‘rin, 1- bo‘lib, degan so‘zlar mendan yaralgan mukofot, rag‘bat.
«2» raqamli bola:— Sen bir bo‘lsang, mana men — ikkiman .Mening chiroyli boshim va gajakkina dumim bor. Sendaylarning ikkitasiga bas kelaman. 2 ta ko‘z, 2 ta quloq, 2 ta qirg‘oq hammasi mening nomim bilan ataladi.
«3» raqamini kiygan o‘quvchi: — Hay-hay, urushmanglar. Menga qaranglar, ikkovlaringni qo‘shsa, qancha bo‘ladi? Mana men «akang qarag‘ay» — uch (3) hosil bo‘laman.
«4» raqamli bola:— Nima, uchmisan, puchmisan? Mana, menga qara, to‘rt (4)man. Bir xonaning
nechta tomoni bor — 4 ta, mushukning nechta oyog‘i bor, albatta 4 ta. Ana o‘sha to‘rt men
bo‘laman!
«5» raqamli o‘quvchi:— Sen bir oz jim tur. Mana, men maqtansam arziydi. Chunki, o‘n (10)ning naq yarmiman. Birovdan «Ishlar qalay?» deb so‘rab ko‘ring, «ishlar «5» deb, tirjayib qo‘yadi. Bu — a'lo degani.
«6» raqamli bola:— Baribir sendan balandman. Bir pog‘ona bo‘lsayam sendan yuqoriman. «Olti-olti — esda qoldi» deyishadi.Uqdingmi?
«7» raqamini kiygan o‘quvchi: — Men sirli raqam — yetti (7) bo‘laman. — «Yetti iqlim», «yetti
mo‘'jiza», deganlaridek. «Navoiyning yetti go‘zali», «7 og‘a-ini botirlar» —hammasi mening nomim bilan mashhur. Shuning uchun men yetti qavat ko‘rpachaning ustidaman. Har qancha maqtanish menga yarashadi.
Boshida «8» raqami bo‘lgan bola: — Qo‘ysangiz-chi maqtanishni, mana meni ko‘ringlar.Do‘mboqqinaman. U tomonim ham dumaloq, bu tomonim ham dumaloq.
Ikki dumaloq bir butun sakkiz (8)man. Chiroyliman.
«9» raqamli o‘quvchi: — Hoy dumaloq, sen bir oz jim tur. Hammangdan ham kattasi o‘zimman.
Bu yerda eng kichigi va hech narsaga yaramasi mana bu – nol (0). U hammamizni puchga chiqarib qo‘yishi mumkin.
«0» raqamini kiygan bolakay:
— Ha, men nol (0)man. Men puchman, bo‘m-bo‘shman. Hamma raqamlar meni qatoridan chiqarib qo‘yishgan. Òo‘g‘ri-da, biror songa qo‘shilsam ham, ayrilsam ham hech qanday natija yo‘q. Lekin raqamlarning ortida tursam,.. e-ha, buni keyinroq aytaman. Hozircha men — jim.
O‘qituvchi: — Xo‘sh bolalar, nolning o‘rnini topishga yordam beramizmi? Siz nol bilan ishlay
olasizmi?
1-o‘quvchi: — Nolga istagan sonni qo‘shsak ham, sondan nolni ayirsak ham shu sonning o‘zi hosil bo‘ladi.
2-o‘quvchi:— Noldan hech bir sonni ayirib bo‘lmaydi.
3-o‘quvchi: — Nolni biror songa ko‘paytirsa, 0 bo‘ladi.
4-o‘quvchi:— Hech bir sonni nolga bo‘lib bo‘lmaydi.
«0»ning o‘zi:— Ana aytdim-ku.
5-o‘quvchi:—Topdim,«nol»ning zo‘r xususiyati bor. Agar uni sonlar ortiga o‘tkazib qo‘ysak-chi,
o‘sha sonning qiymati 10 barobar oshadi-ku.
Nol (0):— Juda to‘g‘ri. Ana, sizlarga aytmoqchi bo‘lib, biroq tilimni tishlab, jim bo‘lganimning sirini bolalar aytishdi. Birning ortidan tursam o‘n (10), ikkining ortidan tursam yigirma
(20) va hokazo shu taxlit ketaveradi.
Juda puch ham emasman,
O‘ylagandek ba'zilar.
O‘tsam sonlar ortiga
Kuchim yaqqol sezilar.
Bolalar 10, 50, 80 sonlarini yasashadi.
1-o‘quvchi: Bilasizmi, mana shu o‘nlik sanoq sistemasini buyuk bobomiz, vatandoshimiz, beqiyos o‘zbek olimi Abu Abdulloh ibn Muso al-Xorazmiy matematikaga kiritganlar.Ular 783 yilda Xorazmda tug‘ilganlar.Butun umrlarini ilmu-fanga, matematika yaratishga bag‘ishlab,
850 yilda vafot etganlar.
2-o‘quvchi:
— Ta'zim sizga, fanga asos solgan bobolar,
Ta'zim sizga, nomi mangu qolgan bobolar.
Siz yaratgan mashhur fanni biz ham sevib qolganmiz,
Ixlos bilan o‘qib uni ancha bilib olganmiz.
Boshlovchi qiz: — Bilimga chanqoq bolajonlar yana yo‘lda davom etishibdi. Yo‘lda ham hech
tinib-tinchimay, savol-javob o‘yinlarini o‘ynab boraverishibdi.
O‘qituvchi siymosidagi o‘quvchi: —Parizodaxon.
Parizodaxon:— Labbay, ustoz.
«O‘qituvchi»:— Sizga bitta qiyin savol beraymi, ikkita oson savol beraymi?
Parizodaxon :— Bitta oson savol berib qo‘yaqoling, domlajon.
«O‘qituvchi»:— Oyingiz sizga 100 so‘m berdi, siz yarmini ukangizga bersangiz, sizda qancha pul qoladi?
Parizodaxon: — Men-da (o‘ylanib).
Bermayman-da, domlajon, ukam adamdan olaqolsin.
«O‘qituvchi»:— Demak, javobni bilmaysiz, bahoingiz «0 ball».
«2 qo‘ymang» qo‘shig‘i Parizodaxon ijrosida.
Qiyin ekan savolingiz,
Yo‘qmi boshqa misolingiz.
Osonidan ozroq so‘rang,
Jon domlajon, «0 ball» qo‘ymang.
Yetarlidir nol va birim,
2, 3 ga yetmas kuchim.
Jon domlajon, «0 ball» qo‘ymang,
Shu safar ham rahm aylang.
Dadam dakki berar doim,
«0 ball» olsam xafa oyim.
Jon domlajon, «0 ball» qo‘ymang,
Oyimlarni xafa qilmang.
Boshlovchi qiz:
— Mana biz yana,
Etamiz davom.
Ko‘rinar oldda
Yana bir dovon.
1-o‘quvchi:— Iye, anavini.
Birning orqasidagi nollarni qarang.
1-0-0-0
2-o‘quvchi: Nima bo‘libdi, axir bu yuz (100)-ku.
3-o‘quvchi: Hecham-da. Yuz (100)da ikkita nol bo‘ladi. Bunda esa
uchta nol bor. Bu son ming (1000)deb o‘qiladi.
Boshida (1000) raqami yozilgan bola: — Yanglishmading,bolajon, mening ismim chindan ham
Ming erur.
Ming marta ayting takror,
1000 ni bilmovchilar bor.
10 ga ko‘paytirsak 100 ni
1000 bo‘ladi tap-tayyor.
4-o‘quvchi:
— 1000ga yetarkan hisob,
Salmog‘i ham oshadi.
Shuni bilolmay Husan
Har qadamda shoshadi.
«Kilometr» — bilmas u,
«Tonna»ni ham bilmaydi.
«Gramm» bilan «kilogramm»,
Uning-chun farq qilmaydi.
Sanani-ku bilar-a,
Yilni o‘qiy olmaydi.
Shunaqa gap, bechora
Husan 1000 ni bilmaydi.
Husan: — Men bilaman. Ming bu — 10 ta 100 lik, 1000 ta birlikdan
iborat. Og‘irlik, uzunlik o‘lchovlarida ham 1000 uchrab turadi.
«1000» raqami— Barakalla,Husanni uyaltirmanglar, u judayam to‘g‘ri aytdi. Hisobni bilar ekan.
1-o‘quvchi:—Mingvoy, bizga «Raqamlar saltanati»ga boriladigan yo‘lni ko‘rsata olmaysizmi?
«1000» raqami:— Albatta ko‘rsataman, biroq avval mening savollarimga javob berishingiz kerakda. Men zukko va ziyrak bolalarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsataman.
1-o‘quvchi: — Kelishdik, unday bo‘lsa, savol — sizdan, javob –bizdan.
«1000» raqami:— Xo‘sh, 1kilogrammda qancha gramm bor?
— 1000 gramm.
— 1 tonna necha kilogrammga teng?
— 1000 kilogramm.
— 1 kilometr necha metr bo‘ladi?
— 1000 metr.
— Oldingizda, 2,5 km yo‘l bor, u qancha metrni tashkil etadi?
— 2500 metrni.
«1000» raqami— Juda to‘g‘ri,bolajonlar, men bilan bog‘liq sanalarni eslay olasizmi?
2-o‘quvchi:— Yaqinda Ma'mun akademiyasining ham _____yilligi nishonlandi. Ma'mun akademiyasida bir qancha olimu allomalar va faylasuflar faoliyat ko‘rsatganlar, bu yerda ularning nodir asarlari saqlab kelinmoqda.
Sahna ko‘rinishi (pantomimo)ijro etiladi.
3-o‘quvchi:
— Ming yil avval ham mashhur
Bo‘lgan bizning bobolar.
Har bir fanda tengi yo‘q
Nom qozongan daholar.
4-o‘quvchi:
— Al-Xorazmiy, al-Buxoriy hazrat bizga,
Ulug‘bek-u, al-Farg‘oniy savlat bizga.
Manguberdi, Òemur bobo davlat bizga,
Ona xalqim, dono xalqim, bizga inon!
5-o‘quvchi:— Bugun esa biz mustaqil yurtning erkin farzandlarimiz!
Yangi asr avlodlarimiz. Bobolarimiz, momolarimizning davomchilarimiz, ular yaratgan yangiliklarni, kashfiyotlarni, qilgan ishlarni kelajakda biz davom ettiramiz. Vatanni sevishga, a'lochi va jamoatchi o‘quvchi bo‘lishga astoydil bel bog‘laganmiz.
1-o‘quvchi:
— Quchog‘imga sig‘sang,qucholsam qani,
Boshingda baxt bo‘lib ucholsam qani.
Har qanday xoru xasdan asraymiz seni,
Vatan, bizga ishon, ishongil, Vatan.
Boshlovchi qiz:
— Bir paytlar ming deyishsa,
Cho‘chir edik bilmasdan.
Endi esa, yuzmingni ham
Hisoblaymiz birpasda.
«1000 raqami »: — Ofarin,bilag‘onlar! Yuringlar, sizga o‘zim to‘g‘ri va aniq yo‘lni ko‘rsataman.
Boshlovchi qiz: — Ular yana yo‘lga ravona bo‘lishibdi. Yo‘l-yo‘lakay yana savol-javoblarni davom ettirishibdi.
1-o‘quvchi: — Qaranglar, ana u yerda nima deb yozib qo‘yilgan?
Uzoqdan quyidagi so‘zlar ko‘zga tashlanadi: «Raqamlar saltanati».
2-o‘quvchi:— Iye, bolalar, yetib kelibmiz shekilli. Lekin bu otaxon kim bo‘ldi ekan-a? Assalomu alaykum,bobojon!
Nuroniy otaxon siymosidagi o‘quvchi: — Vaalaykum assalom,bolalarim.
3-o‘quvchi:— Ajoyibotlar mamlakatiga shu yerdan kiriladimi?
Otaxon: — Xuddi shunday,bo‘talog‘im. Lekin bir sharti bor —bu mamlakatga kirish uchun siz avval mening yoshimni topishingiz kerak.
4-o‘quvchi:— Xo‘p bo‘ladi,otaxon. Biroq bunda siz ham bizning ayrim savollarimizga javob berasizda, maylimi?
Otaxon: — Mayli, xo‘p. Men tayyorman.
1-o‘quvchi: — Otaxon, siz yoshingizni bizga aytmasdan 10 ga ko‘paytiring. Natijadan 9 ni ayiring.Endi javobni bizga ayting, qancha bo‘ldi?
Otaxon: — Olti yuz to‘qson bir (691).
2-o‘quvchi: Demak, siz 70 yoshdasiz.
Otaxon: — Barakalla, bolajon.Menikini-ku topdingiz. Endi mana bu tomoshabinlarning yoshlarini topishingiz lozim.
(Ba'zi mehmonlarning yoshlari yuqoridagi kabi aniqlanadi).
Otaxon: — Endi esa, mana bu g‘aroyib davraning raqamiga qarab, shu raqamni hosil qilsangizgina bu darvozadan o‘tasiz. (Darvozadan «100» sonini hosil qilib o‘tishadi).
Aks-sado eshitiladi: «Ajoyibotlar mamlakati — «Raqamlar saltanati»ga xush kelibsiz. Endi bu
yerdagi ajoyibu g‘aroyib misol-masalalar, boshqotirmalaru rebuslar sizning ixtiyoringizda.
3-o‘quvchi:— (sevinib) qanday yaxshi, bolalar, mana buni qaranglar, bu yerda «ajoyib kvadratning asosini yechish sirlari» bor ekan. Mana qarang-a (tushuntiradi).
1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9.
4-o‘quvchi:— Mana bu yerda esa, raqamlar bilan bog‘liq ajoyib hodisa ko‘rsatilgan ekan. Mana
qarang, bu raqamlar nechani ko‘rsatsa, ularning shuncha burchaklari bor ekan. Voy-bo‘-o‘, mana bu yerda qiziqarli masala-yu, boshqotirmalar bir talay ekan. Men ularga deyarli javob topdim. Qani endi siz ham javobini topib ko‘ring-chi:
1) Bola 10 dan 10 ni ayirib, 10 hosil qildi. Qanday qilib?
2) Agar kechasi soat 12.00 da yomg‘ir yoqqan bo‘lsa, u holda 24 soatdan so‘ng quyosh chiqishi
mumkinmi?
3) 5 ta cho‘pning 10 ta uchi bor. 5 yarimta cho‘pning nechta uchi bo‘ladi?
4) Chizg‘ichning to‘rtta burchagi bor. Agar bitta burchagini qirqsak, qancha burchak qoladi?
5) O‘n ikkiga bo‘lib 10 hosil qiling. O‘quvchilarning birlari olib, birlari qo‘yib bu qiziqarli savollarga javob berishadi.
O‘qituvchi:— Bolajonlar, ancha yo‘l yurdik, bir qancha to‘siqlardan o‘tdik. Ajoyibotlar mamlakatiga ham yetib keldik. Biz yo‘lga qish faslida chiqqandik, qarang, bu yerga bahor faslida kirib kelibmiz. O‘lkamizga barcha fasllarning malikasi, kelinchagi «zumrad bahor» tashrif buyurdi.
O‘quvchilar ishtirokida «Bahor valsi» ijro etiladi.
Yakuniy qismga o‘qituvchi barcha bolalarni marraga adashmay yetib kelganlari bilan qutlaydi. So‘ng 4 o‘quvchi chiqib, matematika fanining ulug‘ligini ko‘rsatuvchi she'rlar o‘qib, tadbirga yakun yasaydilar.
1-o‘quvchi:
— Asrlar ortidan kelar asrlar,
Unut bo‘lar o‘tmish, zamon, ko‘p sirlar.
Ammo yaratilgan fan asoslarin
Asrdan-asrga eltar nasllar.
2-o‘quvchi:
— Eslatay Qomusning durdona so‘zin,
Hisob-kitob ochmish aqlning ko‘zin.
Matematika — fanlar podshosi
Har ish, har sohada ko‘rsatar o‘zin.
3-o‘quvchi:
— Qunt bilan o‘rganib,bu buyuk fanni,
Shon-shuhratga o‘rang ona Vatanni.
Donolar donosi bo‘lgay agar kim,
Fanga bag‘ishlasa jon birla tanni.
4-o‘quvchi:
— Barcha jumboqlarga javob izlaymiz,
Olam sirlarini bizlar yechajak!
Ilmu-ma'rifat-la bo‘lmoq istaymiz,
Bizni Vatan kutar, kutar-kelajak
Matematika va sport” tadbir sseneriysi
Har bir sinfdan 12 nafardan o`quvchi qatnashadi. O`quvchilar sport kiyimida, kechani 2 nafar boshlovchi o`quvchi boshqaradi.

Download 30.95 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling