So‘z tanlashda quyidagilarga e’tibor beriladi:
- so‘zning lug‘aviy ma’nosini bilgan holda tanlash;
- tanlangan so‘zni aniq talaffuz eta olishni nazarda tutish;
- so‘zning suhbatdoshlarga tushunarli bo‘lishini hisobga olish;
- so‘zning ma’no xususiyatlariga asoslanib, uni nutq maqsadiga muvofiq tarzda tanlash;
- so‘zni matn mazmuniga mos tarzda tanlash;
- baynalmilal atamani adabiy tilning leksik me’yoriga muvofiq holda tanlash;
- so‘z, atamani matnning uslubiy xususiyatiga mos ravishda tanlash.
4-mashq. Matnni o‘qing, unga nom bering va qoraqalpoq tiliga tarjima qiling.
Rivoyatlarga qaraganda, Ibn Sino safarda vafot etgan. U o‘zining vasiyatnomasida barcha mol-mulkini muhtojlarga tarqatishni, xizmatkorlariga esa erkinlik berishni yozib qoldirgan. Emishki, Ibn Sino o‘limning davosini topgan ekan. U ko‘p-yillik izlanishlari mahsuli bo‘lgan 40 ta dorini tayyorlab, idishchalarga joylabdi. Shogirdiga joni uzilgan zahoti dorini ma’lum ketma-ketlikda berishni tayinlabdi. Ustozi vafot etgach, shogird dorilarni berishni boshlabdi. Kundan kunga dorilarning ta’siri ko‘rinar, tabibning tanasi yosharib, yuzlariga qizillik yugurib, soch-soqollari qoraya boshlabdi. Buni ko‘rgan shogird hayratda ekan. Qirqinchi dorini berayotganda kuchli hayajondan qo‘lidagi idishni tushirib yuboribdi...
Monologik va tavsifiy matn
Tavsifiy (monologik) matn so‘zlovchi yoki yozuvchi tomonidan bayon etilgan voqea-hodisa, narsa yoki shaxs tasviri, tavsifi yohud xabar, ma’lumot bayonidir. Maqola, insho ham tavsifiy matnning bir turi sanaladi. Ma’lum voqea-hodisalarga, narsa va shaxslarga oid fikr-mulohaza bildirish, ularni badiiy-tasviriy vositalar yoki dalillar bilan ta’riflash, izohlash, isbotlash, asoslash tavsifiy matnga xos xususiyatlardandir. Shuning uchun bunday matnda belgi-xususiyatni ifodalovchi so‘zlar, atamalar, modal so‘zlar, fe’lning funksional shakllari, ravishlar faol qo‘llanadi.
Tavsifiy matn yaratishda uyushiq bo‘laklar, ajratilgan gap bo‘laklari, atov gaplar, qo‘shma gap ko‘rinishlaridan keng foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |