Dehqonlar urushi va taypinlar davlati (1850-1864).
Hukumatning taslimchilik siyosati oqibatida Xitoyning Yevropa davlatlari va AQSHning yarim mustamlakasiga aylanib borishi hamda feodal zulmining kengayishi xalq ommasining keskin noroziligiga sabab bo’ldi. Oqibatda dehqonlar qo’zg’olon kо’tarishga majbur bo’ldilar. Mamlakatda qudratli dehqonlar urushi alanga oldi. Bu urush 1850-yilda mamlakat janubida boshlandi. Sin sulolasiga va feodallarga qarshi kurash mustamlakachilarga qarshi kurash bilan qo’shilib ketdi.
Qo’zg’olonchilarga dehqonning o’g’li, maktab o’qituvchisi Xun Syusyuan boshchilik qildi. Qo’zg’olonchilar Yanszi viloyatida «Samoviy mo’l-ko’lchilik davlati» («Taypin tyango’») barpo etganlar. Uning markazi Nankin shahri bo’lgan. Xun Syusyuan fikricha, bunday davlatlarda dehqonlar jamoa bo’lib yashashlari, jamoada «hech bir narsada tengsizlik bo’lmasligi, hammaning to’q va kiyimi but bo’lishi uchun yerga ega bo’lgan holda uni birgalikda ishlash, oziq-ovqat bo’lganida birgalikda tanovul qilish, kiyim-kechak bo’lganida ularni baravar taqsimlash, pul bo’lganida uni birgalikda saiflash lozim» edi. Aholi turmushi harbiy tartib asosida qurilgan. Har bir oilaning qo’shinga bitta askar yetkazib berishi belgilab qo’yilgan. Harbiy qism boshlig’i esa ayni paytda qism joylashgan hududda davlat hokimiyatini ham amalga oshirgan. Shaharlarda turmushni harbiylashtirish yanada ildamlab ketdi. Barcha erkaklar bitta mehnat lageriga, xotin-qizlar va bolalar boshqa lagerlarga joylashtirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |