HUJAYRA VA TO'QIMALAR
Hujayra (lotincha — cellula) hayvonlar va o'simlik organizmlari tuzilishining negizi bo'lib, sitoplazma va yadrodan iborat. Hujayralarning tuzilishi va funksiyasi xilma-xil bo'ladi.
Tirik organizmdagi hujayralarning asosiy xususiyati: moddalar almashinuvi, ta'sirlanish va bo'linishdir. Hujayralarning funksiyasi murakkablashgan sari tuzilishi va kimyoviy tarkibi ham o'zgaradi.
Odam organizmida shakli kubsimon, silindrsimon, dumaloq (sharsimon), uzunchoq va boshqa xil hujayralar mavjud. Hujayralarni hujayra qobig'i (pardasi, membranasi) boshqa hujayralardan va tashqi muhitdan ajratib turadi, hujayra bilan tashqi muhit o'rtasidagi moddalar almashinuvini boshqaradi.
Sitoplazmada mitixondriyalar yoki xondrisomalar, endoplazmatik to'r, parda, hujayra markazi, ergastoplazma, ribosoma, lizosoma, Goldji apparati, vakuola va boshqa organoidlar (hujayra qismlari) bo'ladi. Bular oqsil moddalar, yog', glikogen, vitaminlardan iborat bo'lib, hujayralarning sitoplazma qismida to'planadi va ularni oziqlantirishga xizmat qiladi.
Hujayraning yadrosi shar yoki oval shaklda, odatda, hujayra markazida joylashadi. Yadro qobiqqa (pardaga) o'ralgan bo'ladi. Har bir yadroda 1-2 ta yadrocha bo'lib, ulardan nuklein kislotalar sintezlanadi. Bundan tashqari, yadro tarkibida oqsillar va DNKdan tashkil topgan xromosomalar bor, har bir organizmda ularning soni doimiydir (odamda 23 juft).
Do'stlaringiz bilan baham: |