Mavzu: Boborahim Mashrabning talmeh san’atidan foydalanish mahorati Bitiruvchi


Bob. Boborahim Mashrab g‘azallarida talmeh san’atini ifodasi


Download 225.57 Kb.
bet3/12
Sana05.01.2022
Hajmi225.57 Kb.
#231522
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
Bog'liq
Boborahim mashrabning talmeh san’atidan foydalanish mahorati

Bob. Boborahim Mashrab g‘azallarida talmeh san’atini ifodasi

1.1. Boborahim Mashrab o‘zbek adabiyotining buyuk namoyandasi

Inson hikmatsiz, maqsadsiz bu dunyoga qadam qo‘ymaydi va yashamaydi. Urfiyatda bir gap bor bu dunyoga kelgan inson katta orzu umidlar ila yashaydi. Boshqalar qilmagan ishni, birovni xayoliga kelmagan gaplarni aytib, o‘zidan kelajak avlod uchun yaxshi nom qoldiradi. Biz yashayotgan olamning shuncha jumboqlari va sir sinoatlari ko‘pki, barcha ham buni anglab tushunib mohiyatini anglamaydi. Tiriklikni mazmunini anglash uchun ko‘p mehnat, sho’joat, mashaqqat, o‘qish va o‘rganish kerak. Shuningdek olgan bilimga va to‘plagan hayot tajribasiga amal qilib, undan to‘g‘ri xulosa chiqarish lozim. Aks holda bu dunyodan odamzod izsiz ketadi. Ana shu ezgu maqsad tomon intilgan va o‘z ilmiga amal qilib, o‘zidan avlodlarga bebaho ma’naviy meros qoldirgan, buyuk qalb egasi, so‘fiy shoir Boborahim Mullo Vali o‘g‘li Mashrabdir.

XVII asr ikkinchi yarmi, XVIII asr ibtidosida yashab, faoliyat ko‘rsatgan Boborahim Mullo Vali o‘g‘li Mashrab ma’naviy merosini o‘rganish ulug‘ shoir hayot bo‘lgan davrdan boshlangan va bu nodir xazinani targ‘ib etish harakati hamon davom etmoqda.1

Mashrabshunoslikning ilk poydevorini yaratgan Abdurauf Fitrat shoir hayoti va ijodini o‘rganish jarayonida juda ko‘p manbalarga murojaat etadi. U izlanishlar natijasida XVII-XVIII asrlarga oid bo‘lgan asarlarni topib, o‘rgana boshlaydi. Bu asarlar quyidagilar: samarqandlik Muhammad Bade’ Malehoning 1688-91yillarda yozilgan “Muzokir ul-ashob”tazkirasi, 1763 yilda yozilgan Abdul Muttalib Xo‘ja Fahmiyning “Majmuayi Fahmiy”asari, 1842 yilda yaratilgan qo‘qonlik Said Hakimxonto‘raning “Muntaxab ut-tavorix”, Mirzo Olimning “Ansob us-salotin” kitobi, shoir Majzub Namangoniyning “Tazkirat ul-avliyo” kabi nodir durdonalardir. Shu asarlar asosida Fitrat quyidagi fikrlarni bildiradi: “Mashrabga oid manqabaning2 turli nusxalaridagi Mashrab she’rlari son e’tibori bilan bir emas, ba’zida ko‘p, ba’zida ozdir”deydi3. Ya’ni, ba’zi manbalarda Mashrab she’rlari oz miqdorda, ba’zisida esa ko‘proq keltirilgan. Adabiyotshunos Mashrab tadqiqotchisi sifatida uning asarlari, devonlari borligi xususida o‘z fikr mulohazalarini ham bildirib o‘tadi. Fikrimizni mustahkamlash uchun, yana bir ma’lumotni keltirishni joiz ko‘rdik: “Mening qo‘limdag‘i ikki qo‘lyozma va bir bosma nusxadag‘i bu she’rlar son e’tibori bilan farqli. O‘zbek maorif komissarligiga oid mufassal bir qo‘lyozmada esa, g‘azal va muxammaslardan boshqa masnaviy shaklda ham to‘rt-besh uzun parchalar bor”- deydi. Shuningdek, shoir asarlari haqida fikr yuritib, uning bir necha g‘azal, muxammas, mustazodlardan misollar keltirib, o‘z mulohazalarini bayon qiladi.

Shoir hayoti, ijodi borasida o‘zbek adabiyotshunos olimlarimizdan Abdurauf Fitrat, Izzat Sulton, Vohid Zohidov, Ibrohim Mo‘minov, G‘afur G‘ulom, Abduqodir Hayitmetov, A.Abdug‘aforov, E. Shodiyev, Ismatillo Abdullayev, Rahimjon Vohidov, Jaloliddin Yusupov kabilar ham bir qancha tadqiqotlar olib borilgan. Ularda Mashrab shaxsi, ijodi bilan bog‘liq turli masalalar yoritilgan.

Ammo, mustaqilligimizning benazir sharofati bilan Boborahim Mashrab ijodi o‘zining xolis bahosini oldi. Olimlarimiz uning asarlariga teranroq nazar tashlanmoqdalar. Jumladan, Ibrohim Haqqul, Najmiddin Komilov va N.Jumaxo‘janing ilmiy qarashlari fikrimizni isbotidir. Ular o‘z maqola va tadqiqotlariga shoirning dunyoqarashi, falsafasini atroflicha yoritishga harakat qilishgan.

Ko‘ringanidek, Mashrab hayoti va ijodi xususida ancha tadqiqot ishlari amalga oshirilgan. Ammo, biz hali shoir shaxsini, dunyoqarashi-yu falsafasini, asarlari mohiyatini to‘laligicha o‘rganganimiz yo‘q. Bu borada hali echimini kutayotgan muammolar juda ko‘p.

Mustaqillik sharofati bilan ko‘p adiblarimizning hayoti, ijodi har tomonlama o‘rganilib, aniq ma’lumotlar asosida tadqiqotlar olib borildi. Shunday ezgu ishlar sirasiga Boborahim Mashrab ijodini o‘rganish masalasi kiradi. Bu sohada adabiyotshunos Jaloliddin Yusupovning xizmatlarini alohida ta’kidlash lozim. Shoirning adabiy merosini qayta o‘rganilib “Devon” shakliga chop ettirganligi fikrimizning dalilidir4.

Sharq she’riyati janr jihatdan juda boy. Olib borilgan tadqiqotlardan ayonlashdiki, mashrabshunos Jaloliddin Yusufiy tomonidan tartib bergan, Boborahim Mashrabning devoni, shoirning adabiy merosi g‘azallar, mustazod, murabba’, muxammas, musaddas, musabba’, musamman, masnaviy, fardlar va to‘rtliklardan iborat.

Buyuk shoir va adib Boborahim Mashrab hayoti va ijodiga nazar solar ekanmiz, uning go‘zal betakror g‘oyalari kishining ruhiy olamiga yaxshi kayfiyat bag‘ishlab hayotni mazmunli o‘tkazishga undaydi.

Hozirgacha mashrabshunoslar tomonidan yoritib kelayotgan shoir tarjimai holining yagona manbai “Devoni Mashrab”, “Qissai Mashrab”, “Shoh Mashrab” kabi nomlar bilan yoyilgan xalq kitobidir. Ba’zi olimlar bu asar Pirmast Setoriy, Ishoq Bog‘istoniy tomonidan yozilgan va ba’zilar Ro‘ziboy Mashrab qalamiga mansub deb taxmin qilsalar ham, bu asar muallifi ilmiy jihatdan hanuzgacha aniqlanmagan. Mana shu kabi og‘ir va mas’uliyatli ishni aniqlashga kirishgan olimlardan A.Abdugaforov bo‘lib, u Mashrab hayotini chuqur o‘rgandi. Bu sohada adabiyotshunos va mashrabshunos Mo’min Hoshimxonov esa o‘zining besh jildlik ilmiy ishida Mashrab g‘azaliyoti, “Mabdai nur”, “Kimyo” asarlari va yangi topilayotgan she’rlarini har tomonlama o‘rganib badiiy nuqtai nazardan tahlil etishga o‘z hissasini qo‘shdi. Adabiyotshunoslar Dilorom Hamroyeva, Erkin Musurmon, Qahramon To‘xsanov va boshqalarning ham xizmatlari kattadir.

O‘zbek mumtoz adabiyotida o‘ziga xos uslubga, ijodga ega bo‘lgan shoirlarimizdan biri Boborahim Mashrabdir. O‘z hayotini O‘rta Osiyoning ko‘p shahar va qishloqlarida qalandarona yashab o‘tkazgan. Shoir faoliyatiga karomatpesha bir avliyo, darvesh, qalandar sifatida xalq katta ixlos va ehtirom bilan qaragan. Shuning uchun o‘z zamonasidan boshlab Mashrabning asarlari xalq orasida keng yoyilgan. U haqda ko‘plab rivoyatlar yaratilgan. Majzub Namangoniyning "Tazkirat ul-avliyo", Ishoq Bog‘istoniyning "Tazkirai qalandaron", Maleho Samarqandiyning "Muzakkiri ashob" kabi tazkiralarida Hakimxon To‘raning "Muntaxab ut-tavorix", Mirzo Olimning "Ansab us-salotin" asarlarida ham shoir haqida ayrim ma’lumotlar, mulohazalar uchraydi. Mashrabning shaxs va ijodkor sifatidagi qiyofasi haqida mukammalroq tasavvur hosil qiluvchi manba bu Pirmat Setoriy tomonidan tuzilgan "Qissai Mashrab"- dir. U XX asr boshlariga qadar "Devona Mashrab”, "Shoh Mashrab", "Eshon Mashrab", "Qissai Mashrab" kabi nomlar bilan juda ko‘p nusxalarda chop etilgan. Mazkur kitoblarda shoirning hayoti, ijodi, insoniylik fazilatlari, kiyinishi, yashash tarzi xuddi bir afsonaviy shaxs sifatida bayon qilingan. Xususan “Qissai Mashrab”ni mutolaa qilar ekansiz, shoirning obrazi yo portereti shunday go‘zal tarzda tasvirlanganki, adibga bo‘lgan mehringiz yanada oshadi. U bilan suhbat qilib, she’rlarini diqqat bilan tinglashingiz keladi.

Shoir tarjimai holi va ijodiy faoliyatini yoritishda "Qissayi Mashrab"ning o‘ziga xos o‘rni bor. Boborahim Mashrab 1640 yilda Namanganda Valibobo bo‘zchi oilasida dunyoga kelgan. Otadan barvaqt etim qolgan. Shunga qaramay chuqur bilim olishga harakat qilgan. Dastlab o‘z qishlog‘idagi maktabda tahsil olib savod chiqaradi. Uning bolaligi, tahsil yillari haqida zikri o‘tgan kitobda ko‘p rivoyatlar keltirilgan. Ularda biz uning yoshligidan ilohiy jazba tekkan, g‘ayri oddiy, g‘ayb asroridan voqif bir inson bo‘lganini ko‘ramiz. Jumladan, ilk tahsil kunlarining birida ustozi undan "alif" deyishini so‘raydi, "Alif" deydi. Endi "be" (arab alifbosidagi 2-harf) deng, deydilar. Shunda shoh Mashrab ustozlaridan "alif" va "be"ning ma’nosini tushuntirib berishni so‘raydilar. Shunda domla biroz achchig‘lanadi. Buni ko‘rgan Mashrab aytdilar: "Ey domla "alif"ni ma’nosini siz aytmasangiz man aytarman". Ustozlari aydilar: Ey o‘g‘lum, "alif"ni ma’nisi nimadur?" Shoh Mashrab aydilar: "Domla, "alif"ni ma’nisi birdur. Ul sababdin "Be" demasman. Mundin o‘tmak xatodur". Buni eshitgan ustoz shogirdning quvvai afkoridan hayratda qoladilar. Chunki shunday yoshda olam va odamning mohiyatini bunchalik teran anglash g‘ayri odatiy hol edi. Bu rivoyat bizni Mashrab dunyoqarashining eng muhim asrori bilan oshno etadi. U butun borliqni Ollohning zuhuri deb bilishini, Olloh bitta, boshqa barcha mavjudot uning tajallisi deb tushunishini anglatadi. Birgina rivoyatning mazmunidan ma’lum bo‘ladiki, Boborahim Mashrab oddiy inson emas, balki Olloh nazar qilgan buyuk iste’dod sohibidir.

Uning bunday o‘tkir zehnini ko‘rgan ota-onasi zamonasining eng ulug‘ shayxlaridan bo‘lgan Mulla Bozor Oxund qo‘liga tahsil uchun topshiradilar. Mashrab u yerda diniy tasavvufiy falsafani o‘rganadi. Mansur Halloj, Farididdin Attor, Nasimiy, Ibrohim Adham dunyoqarashi bilan tanishadi. Keyinchalik shu insonlarni o‘z g‘azallariga qayta-qayta tilga oladi, ularning ruhi poklaridan madad so‘raydi. Hofiz, Lutfiy, Navoiy she’riyatidan bahramand bo‘ladi. Ularning ko‘plab asarlarini yod oladi. Ulardan ilhomlanib, o‘z tuyg‘ularini, ruhiyatining rang-barang manzaralarini ifodalab o‘ziga xos asarlar yarata boshlaydi. Shu buyuklar ta’sirida yozilgan asarlari yanada qiymati oshdi.

Mashrab Namanganda har tomonlama bilim olgandan keyin, undagi g‘ayritabiiy layoqatni ko‘rgan ustozi uni Qashqarga Ofoq Xo’ja huzuriga bilimini yanada chuqurlashtirish maqsadida yuboradi.

Mashrab Ofoq Xoja dargohida 1665 yildan boshlab 7 yil xizmat qiladi. Shu yillarda u tariqat bosqichlarini, amaliyotini bosib o‘tadi. Tasavvuf ta’limoti g‘oyalarini she’riyatiga olib kiradi. Bir qator rivoyatlarda shoirning ilohiy ishq kuychisi ekanligi, bu ishq otashining me’yor-u hadisi borasida ham bir qancha rivoyatlar keltiriladi. Shulardan birida hikoya qilinishicha, Mashrab Yorkentga borganda, chilim so‘rab chekadi. Nafas tortib tutun chiqarganda, butun olam qorong‘u bo‘ladi. Ammo, chilimning sarxonasini olib yerga qoqqanlarida xalq bir dona ham bang kuymaganligining guvohi bo‘ladi. Bu albatta, bir tomondan Mashrabning karomatpeshaligini ko‘rsatsa, ikkinchidan, shoir ishqi asrorini o‘tkirligini namoyish etadi. Bir o‘rinda Mashrab namoz o‘qib, "hu" deb nafas chiqarganlarida kuygan kabobning isi kelardi, deyiladi. Bunday qiziqarli va mazmun jihatdan boy rivoyatlar talaygina. Ularning har biri shoirning bir xislatini namoyish etadi.

Ko‘rinib turibdiki, "Qissai Mashrab" rivoyat tarzida yaratilgan bo‘lsa ham, bizga shoirning dunyoqarashi, shaxsiyati, asarlarining mazmun-mohiyatini anglashimizga asosiy manba vazifasini o‘taydi. Undagi rivoyatlardan mantiqiy xulosalar chiqaramiz. SHuningdek shoir asarlarida bayon qilgan ayrim masalalarni qissada keltirilgan fikrlarni muqoyasa etib, oydinlik kiritishimiz mumkin.

Boborahim Mashrab 1711 yilda Balx hokimi Mahmud Qatag‘on tomonidan o‘limga hukm qilingan va dorga osilgan. Bu haqda shoir o‘z she’rlariga ishoralar qilgan. Ya’ni u oldindan o‘limi xususida bashoratlar qilgani, shoirning valiyligidan dalolat beradi.

Boborahim Mashrabning bizgacha she’rlaridan tashqari "Mabdai nur" va "Kimyo" asarlari ham yetib kelgan. Boborahim Mashrabning lirikasi maxsus o‘zi hayot bo‘lgan chog‘ida devon tarzida tartib berilmagan. Uning merosi bizga turli kitoblar, tazkiralar, shoir haqidagi qissalar orqali etib kelgan. U Rindiy, Umam, Mahdiy, Chinda va Mashrab taxalluslari bilan she’rlar yozgan.

Boborahim Mashrab asarlarini ikki — o‘zbek va fors-tojik tilida yaratgan. “Qissai Mashrab”da shoir tomonidan Hofiz Sheroziy g‘azallaridan yoddan aytib berishidan ham ma’lum bo‘ladiki, u har ikki tilni mukammal bilgan va ijod qilgan. Bu Mashrab yashagan zamonning an’analaridan biridir.

Shoir asarlari haqida uzoq yillar bahs-munozarali fikrlar bayon etib kelindi. Ammo, so‘nggi yillarda uning she’rlari mohiyatini siyosatdan kelib chiqib emas, balki ob’yektiv anglay boshlayapmiz. Chunki Mashrabning ijodkor sifatidagi asl qiyofasi she’riyatidadir. U so‘fiy shoirdir. Uning she’riyati asosida tasavvufiy g‘oyalar talqini turadi. Xo‘sh, tasavvufning o‘zi nima? Tasavvuf — bu inson o‘zini tanish orqali Ollohni tanish va sevish ilmidir. U "Insonning ichki olami, ya’ni botinini tadqiq etuvchi ilmdir". Inson umri tadriji ikki qaramaqarshi qutb — ezgulik va yovuzlikning kurashidan iborat. Tasavvuf ta’limotining mohiyati odamzodga o‘z vujudida mavjud nafsoniy intilishlarni fosh etish, ularni yengish yo‘llarini ko‘rsatish, ruhidagi ilohiy fazilatlarni uyg‘otish, taraqqiy toptirishdan iboratdir. Chunki insonning yashashdan bosh maqsadi ilohiylashish, asl mohiyatga yetishdir. Buning yo‘li esa bitta. O‘zini yengish, o‘zidan o‘tish va o‘ziga yetishdir.

Mashrab she’riyatidagi asosiy g‘oyalardan biri ham ana shu insonni o‘ziga tanitishdan iboratdir. U ko‘p yurtlar kezib, kishilarning yashash tarzi, tabiatini kuzatib, barcha fojialariga, iztiroblariga sabab ularning nafsi degan xulosaga keladi. Ibrat sifatida, o‘zi anglagan dunyo mohiyati borasidagi tasavvurlaridan zamondoshlarini ogoh etish maqsadida qalandarlik yo‘lini tanlaydi. Chunki shu yo‘l orqali shoir o‘z nafsini tarbiyalab komil inson sifatida shakllanadi.

Mumtoz adabiyotda ayrim ijodkorlar qalandarlikning maqsadi va mohiyatini yorituvchi badiiy asarlar ham yaratishgan. Jumladan, Mashrab ham uning insonparvar g‘oyalarini oydinlashtiruvchi, izohlab beruvchi g‘azallar yozgan. Uning "Qalandar bo‘l, qalandar bo‘l" radifli g‘azali shundaylardan biridir. Bu asar ham qalandarlikning, Mashrab ijodining o‘zak-mohiyatini anglashimizda asos bo‘ladi. Bunda lirik qahramon solikka asl maqsadga etish, ruhan ozod bo‘lish yo‘lini ko‘rsatib beradi. Lahzalik foniy ashyolardan g‘olib kela olish va boqiylikka musharraf bo‘lish sinoatidan saboq beradi:

Riyozatsiz bo‘lay desang, tanim ozod yuray desang,

Jahonni sayr etay desang, qalandar bo‘l, qalandar bo‘l.

Boborahim Mashrab qalandar dono ijodkorlardan. Ammo, uning donoligi, dunyoni anglashi o‘ziga xos. She’riyatidagi lirik qahramonning ruhi baland. Olam va odam mohiyati, munosabati haqida gapirganda, ishonch bilan qat’iy xulosalar chiqaradi. U ham dunyoning xatolardan, armonlardan, yolg‘onlardan iboratligini biladi. Ammo, bu shoirning lirik qahramonini tushkunlikka tushirmaydi. CHunki, u ana shu xatolar zaminida ishonsa va suyansa bo‘ladigan birgina haqiqat borligini ham anglaydi. Bu-Olloh:

Bir xudodin o‘zgasi barcha g‘alatdur, Mashrabo,

Gul agar bo‘lsa qo‘lumda, ul tikonni na qilay!

Demak, Xudoga ishonish, unga muhabbatda bo‘lish insonni xatolardan asraydi. Hayotiga go‘zal mazmun baxsh etadi. Mukammal axloqli, halol, pok bo‘lishga boshlaydi. Ana shunday bebaho g‘oyalar orqali shoir insonlarni go‘zal yashashga undaydi. Biror jamiyat yo‘qki, unda yolg‘on bo‘lmas, xiyonat, fitna va fasot bo‘lmasa. Bir marta berilgan umrdan unumli foydalanib quvonch va shodlik bilan yashash kerak. Mashrab ham shunday ezgu niyatlar tarafdori edi. Shu bois hayotning gultoji hazrati Insonni asrashga va uni qalbiga ozor bermaslikka kitobxoni chaqiradi.

Sharq falsafasining asosiy ildizini “Hazrati Inson” va uning “Ko‘ngli”, ”Qalbi”, “Dili” tashkil etadi. Inson fikrlash, so‘zlash va mehnat qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan nozik xilqatdir. Shuning uchun Insonni asrash, uning qalbiga ozor bermaslik, dardiga malham bo‘lish, kayfiyatini ko‘tarish, ardoqlash va qadrlash kerak. U boy bo‘ladimi, yo kambag‘al, u mansabdormi, yo oddiy inson, kim bo‘lishidan qat’iy nazar dilini og‘ritmaslik lozim. Buning uchun har bir odam Insoniy qiyofasini yo‘qotmasligi kerak. O‘zini avaylagan, sevgan inson boshqalarni ham avaylab, seva oladi. Chunki, “mo‘min kishi o‘ziga ravo ko‘rgan narsalarni, albatta, boshqalarga ham ravo ko‘radi”.

Mumtoz adabiyot vakillari shu bois o‘z asarlarida insonlarni qalbiga ozor bermaslikni nozik ishoralar orqali targ‘ib va tashviq qilganlar. Shoir Boborahim Mashrab misralarida quyidagi fikrlarni uchratamiz:

May bixo‘r, Mushaf biso‘z, otash andar Ka’ba zan,

Sokini butxona boshu mardumozori makun

Ba Ka’ba chi meravi dili yakero daryob,

Behtar zi hazor Ka’ba boshad yak dil 5.

Mazmuni: May ich, Mushaf (Qur’oni karim) ni yoqib yubor, Ka’ba Ollohning uyini yondir, diningdan voz kechib butparastlik qil, lekin zinhor xalqning qalbiga ozor berma. Ka’baga borib nima qilasan, birovni ko‘nglini top, Ming Ka’badan yaxshidir bir dil.

Keltirilgan baytning har bir so‘zini nazardan o‘tkazar ekanmiz, shoirning buyukligi va donoligi oldida yana bir bor tahsin aytamiz. Mo‘min ya’ni ma’rifatli kishi uchun may ichish, Ilohiy kitobni yoqib yuborish, Kaba’tullohga o‘t qo‘yish va butparast bo‘lish eng og‘ir gunohlardan hisoblangan. Boborahim Mashrab, may ich, Mushafni yoqib yubor, Ollohning uyini yondir, diningdan voz kechib butparastlik qil deb bu og‘ir gunohlarni targ‘ib etmayapti, aksincha, insonga, uning qalbiga ozor berish - bu gunohlardan ham og‘irroq, yomonroq va kechirilishi qiyinroq ekanligini ta’kidlab o‘tyapti. Mumtoz adabiyotda Ka’baga bormasdan birovga moddiy yo ma’naviy yordam berish, bu minglab muqaddas joylarni tavof etishdan ustun turadi degan g‘oya ko‘p targ‘ib tashviq qilingan. Ikkinchi baytda adib shu an’anaga sodiq qolgan holda, o‘quvchini odamlarni asrab avylashga undaydi. Farosatli inson, albatta, bu fikrlarga amal qiladi. Misralarning mohiyatini yaxshi tushunib, onasi, otasi, ustozi, aka-ukasi, opa-singlisi, farzandlari va atrofdagilarning ko‘ngliga ozor bermaydi. Balki, ezgulik va yaxshilik bilan ularga yordam berib, insoniylik burchini ado etadi. Shoirning muddaosi ham, maqsadi ham shu. Faqatgina bu misralarni uqib, mohiyatini yaxshi tushunib amal qilish oqil kishining ishi hisoblanadi. Bundan ko‘rinadiki, inson, insonparvarlik g‘oyalari Sharq mumtoz adabiyotida etakchi o‘rinni egallagan. Ijodkorning maqsadi Hazrati Insonni asrashdir.

Tafakkur olamiga sayr etish ko‘p narsani anglashga undaydi. Diqqat bilan atrofga nazar solsangiz, har bir inson bir olamdir. Qalbi to‘la sir-u sinoat va uni anglash juda qiyindir. Yuqoridagi fikrni Boborahim Mashrab boshqa bir g‘azalida quyidagicha badiiy ifodasini topgan. Shoir insonni asrash va uning qalbiga ozor bermaslikni quyidagi misralarda ifodalab beradi:

Tavofi olami dil qil jahonda har bashardin sen,

Agar bir dilni sen buzsang, yuzar Ka’ba buzulmasmu?6

Mashrab so‘zlaridan quyidagicha ma’noni uqib olish mumkin. Har bir inson avvalo, o‘zining qalb olamini ziyorat qilsin, ya’ni ko‘nglini har xil yomonliklardan pokiza qilsin. Agar “tavofi olami dil” qilmagan odam bitta ko‘ngilga ozor bersa, yuzlab qalblarga darz ketadi.

Musulmonlik farzlaridan biri - bu Ka’ba ziyorati. Lug‘atda7 Ka’ba so‘zining uch ma’nosi keltirilgan. Birinchisi, Makka shahridagi Masjidi Haram o‘rtasidagi musulmonlar ziyorat qiladigan muqaddas inshoot. Ikkinchisi, eng aziz va muqaddas hisoblangan joy. Uchinchisi, ko‘ngil, dil. Mashrab uch ma’noni ham baytda singdira olgan.

Ka’ba ziyoratiga borgan insonlarni onadan qayta tug‘ilganlar deb ham aytadilar. Chunki, chaqaloqlar begunoh, yomonlikdan yiroq va pokiza bo‘ladilar. Haj safaridan qaytgan insonlar ham barcha gunohlaridan poklanib qaytadilar. Ular umrlarining oxirigacha gunohlarini qaytarmaslikka harakat qilib yashashlari lozim. SHoir har bir ko‘ngilni sirli bir olam deb ataydi va odamlarni o‘zaro ahillikda yashashini istaydi. Kelajak avlodga qarab “biror bir dilni og‘ritish gunohdir, unga ozor berish minglab Ka’bani buzish bilan tengdir” deb ta’lim beradi.

Gar qo‘lungdin kelsa, hargiz murchani og‘ritmag‘il,

Ham Xudo bandam demas, har kimki dilozordur8.

Xulosa, Boborahim Mashrabning ta’limotini to‘g‘ri anglab, unga amal qilish lozimdir. Chunki, bir-birini e’zozlash, asrash, qalbiga ozor bermaslik, ahil va inoq yashash har bir kishining insoniylik burchidir.

Mashrab "Dili g‘amgin", dardchan xaloyiqni xush ko‘radi. Dardsizlar uni hasratga giriftor etadi. Uning yuragidagi darddan metin toshlardan iborat tog‘lar, tilsiz-zabonsiz dala-tuzlar yig‘laydi. Ammo, afsuski, insonlar uni anglamaydi, beparvo. Mashrab tasavvuf g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi yetuk mutafakkir, mutasavvuf shoir bo‘lishi bilan birga, oddiy insoniy kechinmalar kuychisi sifatida ham namoyon bo‘ladi. Uning asarlarida Vatan sog‘inchi, ona oldida qarzdorlik tuyg‘usidan iztiroblanish kabi kechinmalarning samimiy ifodasini ko‘ramiz. Uning kichik janrlarda yozgan asarlarining mohiyatini ham insonning ichki dard alami va hasrati ifodalaydi. Dardli inson baxtli, chunki u o‘zini anglagan, millatdoshi baxtli umr kechirishni istaydi.



    1. Download 225.57 Kb.

      Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling