Mavzu: Boborahim Mashrabning talmeh san’atidan foydalanish mahorati Bitiruvchi
SHoir g‘azallarida talmeh san’atini o‘rni
Download 225.57 Kb.
|
Boborahim mashrabning talmeh san’atidan foydalanish mahorati
SHoir g‘azallarida talmeh san’atini o‘rni
Biz baxtli avlodmiz. Chunki, ajdodlarimiz bizga boy va bebaho ma’naviy meros qoldirgan. Istiqlol sharofati bilan har bir asarning asliyatini o‘rganib, to‘g‘ri baho berish baxtiga muyassar bo‘ldik. Bunday fikrni Boborahim Mashrabning ijodiy merosi haqida aytsak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Shoirimizning hayoti, ijodi istiqlol yillarida adabiyotshunoslar tomonidan aniq ma’lumotlar asosida chuqur o‘rganilib, fikr mulohazalar bildirildi. Shoirning kichik janrlardan iborat asarlarining to‘liq nashr qilinishiga erishildi. Haqiqatdan ham, istiqlol sharofati bilan bu ezgu ish, to‘liq o‘z ifodasini topdi. Bu xayrli ishni mashrabshunos, adabiyotshunos Jaloliddin Yusupov amalga oshirdi. Shoirning adabiy merosi qayta o‘rganilib, “Devon” shaklida chop ettirilganligi fikrimizning dalilidir9. Sharq she’riyati janr jihatdan juda boy. Olib borilgan tadqiqotlardan ayonlashdiki, mashrabshunos Jaloliddin Yusupov tomonidan tartib berilgan Boborahim Mashrabning devonida g‘azal 278ta, mustazod 21ta, murabba’ 4ta, muxammas 78ta, musaddas 7ta, musabba’ 2ta, musamman 1ta, masnaviy 1ta, fardlar 11ta va to‘rtliklar 4tani tashkil etadi. Biz shoirning adabiy merosini o‘rganar ekanmiz, u o‘z g‘azallarida talmeh san’atidan mohirona foydalanganligining guvohi bo‘lamiz. Talmeh she’riy san’atiga nazariy adabiyotlarga quyidagicha ma’lumot berilgan: “Talmeh shuki, so‘zlovchi (ya’ni yozuvchi; bayon qiluvchi) nazm yo nasrda o‘z matlabining isboti uchun mashhur qissaga yo oyatga, yo hadisga, yo ma’lum masal va shu kabilarga ishorat qiladi. She’rda ba’zi ilmiy istilohlarni ishlatishni ham san’at doirasiga kiritganlar”10. Demak, “talmeh shoirga bir ishora bilan chuqur ma’noni ifodalash imkonini beruvchi san’atdir. U istiora, tashbih kabi san’atlardan farqli o‘laroq, ijodkorga tarixiy yo afsonaviy voqealarga, masallar, mashhur asarlar va qahramonlar obraziga ishora qilish va shu yo‘l bilan o‘z fikrini mo‘jaz holda kuchaytirish uchun imkoniyat tug‘diradi”11. Xulosa qiladigan bo‘lsak, Boborahim Mashrab o‘z she’riyatida talmeh san’atidan keng foydalangan holda, o‘z maqsad va muddaosini bayon qilgan. Buni bir necha misol orqali tubanda o‘rgandik, xolos. Biz quyida shoirning boshqa janrlardagi adabiy merosini o‘rganib imkoniyat darajasida talmeh san’ati xususida so‘z yuritdik. CHunki shoir mazkur san’atdan nihoyat ko‘p foydalangan, o‘zini hayoti bilan bog‘liq masalalarni bayon qilar ekan, albatta Mansuri Halloj, Ibrohim Adham, Muhammad (s.a.v) va Majnun kabilarni tilga oladi va maqsadini badiiy ifodalaydi. Tadqiqot jarayonida quyidagi jadval asosida fikrimizni yanada aniqroq ifodalashni maqsad qildik:
Yyqorida aytib o‘tganimizdek, Boborahim Mashrab devonida 278ta g‘azal keltirilgan. Biz imkoniyat darajasida mavzuimizga daxldor talmeh san’atini o‘rganish maqsadida 278ta g‘azalni nazardan o‘tkazdik va g‘azallarni o‘rganish natijasida quyidagilarga guvoh bo‘ldik. G‘azallarda tarixiy shaxslar, payg‘ambarlar, ishqiy afsonalar, qahramonlik afsonalari va o‘zidan oldin yashagan ijodkorlarning nomlariga ishora qilingan. 1.Tarixiy shaxslardan Mansuri Halloj (12), Boyazid (6), Hotami Toy (8), Ibrohim Adhamning nomlari 10 marta keltirilgan. 2.Payg‘ambarlardan Murtazo (5), Rasuli anbiyo (4), Muhammad (s.a.v) (9), Mustafo (6), Habib (3), Yahyo (2), Xalil (Ibrohim payg‘ambarning laqabi) (10), Xizr (4), Maseho (2), Jabroil (4), Luqmon (4), Sulaymon (7), Yunus (3), Muso (8), Iso (4), Dovud (3), Nuh (4), Ismoil (2), Ayyub (4), Zikriyo (2) va Ya’qub nomlari 2 marta keltirilib, ishora qilingan. 3.Ishqiy afsonalardan “Farhod va Shirin” (7), “Layli va Majnun” (14), “Yusuf va Zulayxo” dostoni esa 9 marta tilga olingan. 4.Qahramonlik afsonalaridan “Rustam va Suhrob”ga 2 marta ishora qilingan. 5.O‘zidan oldin yashagan ijodkorlar Shams Tabreziy, Mavlono Rumiy, Nasimiy, Mullo Bozor, Ofoq Xo‘ja, Rahimbobo va boshqalarning nomlari bir necha marotaba keltirilgan. Jami, 278ta g‘azalga 463 marta talmeh san’atini qo‘llanilgan. Tadqiqotimizda talmeh san’ati bilan bog‘liq barcha she’riy parchalarni keltirish amrimaholdir. SHuning uchun fikrimizni asoslash va shoirning talmeh san’atidan foydalanish mahoratini ko‘rsatib berish uchun, bir yo ikkita misol asosida mulohaza yuritmoqchimiz xolos. Adib g‘azalining bir baytida Ya’qub va uning o‘g‘li Hazrati Yusufni tilga oladi: Agar Ya’qubdek qon yig‘lasam, ayb aylamang zinhor, Firoqi dardi Yusufni chekib baytul hazan keldim.12 Keltirilgan baytdagi so‘zlar juda sodda va tushunarli, lekin “baytul hazan" birikmasi ozgina izoh talabdir. Baytul hazan -g‘am uyi, hazan-g‘am anduhni ifodalaydi. Shoir maqsadini anglash uchun avvalo Mashrabning hayotidan xabardor bo‘lishimiz kerak. Bilamizki, Boborahim Mashrab nihoyatda murakkab hayot kechirgan, ota-onasidan uzoqda yashagan, muhtojlik va darabadarlikda umr guzaronlik qilgan. Uning hayoti misralarda o‘z ifodasini topgan. Yuqoridagi baytda shoir hayotining bir lahzasiga ya’ni Ya’qub o‘g‘li Yusufdan uzoqda yashab, farzand dog‘iga kuyib, uning mehriga zor bo‘lganligini o‘zining tug‘ilgan joyi va ota-onasidan ayro yashaganiga ishora qiladi. Qur’oni Karimda “Yusuf” surasi mavjud bo‘lib 111 oyatdan iborat. Tafsirchilar bu sura haqida: “Yusuf-payg‘ambar nomi. “Go‘zal qissa” deb ta’riflanuvchi ushbu surada asosan Ya’qub (a.s)ning o‘g‘li Yusuf (a.s.)ning boshidan kechirgan voqealari aks etirilgan. Surada otalik va birodarlik mehri, ishq-muhabbat, tush ta’biri, saxiylik va kechirimli bo‘lish kabi insoniy xususiyatlar o‘z ifodasini topgan. Bu suradan ilhomlangan shoir va yozuvchilar qadimdan “Yusuf va Zulayxo” mavzusida qissa va dostonlar yaratganlar. Ular ichida Abdurahmon Jomiy, Fuzuliy, Firdavsiy, Rabg‘uziy, Durbek, Balxiy kabi shoirlarning asarlari diqqatga sazovordir. Rivoyat qilishlaricha, payg‘ambar Ya’qubning o‘n ikkita farzandi bo‘lgan, ularning orasida eng donosi, eng go‘zali Yusuf (a.s) bo‘lgan. U tush ko‘rgan va otasiga tushini aytib bergan, ammo Ya’qub (a.s.) o‘g‘liga aslo bu tushingni akalaringga aytma, aks holda ular dushmanlik qilishlari mumkin deydi. Fikrimizni quyidagi iqtibos to‘liq tasdiqlaydi: “Ya’qub (a.s.) Yusufni aql-zakovati, husn-u siyrati, axloq-odobi yuqori darajada bo‘lganidan juda sevar edi. Bu mehrni payqagan birodarlari Yusufga hasad qilishar edi. Shuning uchun ko‘rgan tushini bilsalar, hasadlari yanada oshib ketmasin deb, uni ogohlantirib qo‘ydi”.13 Lekin shunga qaramasdan akalari Yusuf (a.s.)ga dushmanlik qilib cho‘lga tashlab keladilar, savdogarlar Yusuf (a.s.)ni quduq ichidan topib olib Misr bozoriga sotib yuboradilar. Yusuf (a.s.)ni ko‘rgan Zulayxo unga oshiqi beqaror bo‘ladi, Yusuf (a.s.) Zulayxoni sevgisini rad qiladi va u Yusuf (a.s)ga dushmanlik qilib zindonga tashlattiradi. Yusuf u erdan chiqib, Misr vaziri bo‘ladi. Qahadchilik bois akalari Misrga borib qoladilar va Yusuf (a.s.) ularni tanib qoladi. Shu orada Ya’qub (a.s) farzandi dog‘iga yig‘lab, ko‘zlari ojiz bo‘ladi. Nihoyat yillar o‘tib ota va o‘g‘il diydor ko‘rishga muyassar bo‘ladilar”. Boborahim Mashrab ana shu qissaga ishora qilgan holda o‘zining hayotini Ya’qub (a.s.) va Yusuf (a.s.) sarguzashtlariga qiyoslagan holda badiiy tasvirlashga muvaffaq bo‘lgan. Quyidagi baytda ham shoir Ya’qub (a.s.)ni tilga olmasdan uni farzand dog‘iga tushgani va g‘amu anduhga botganligiga to‘liq ishora qiladi: Tushub boshig‘a motam dog‘i farzandig‘a o‘rtandi, Ko‘ngul chokini, bil, ul Yusufi barnodin o‘rgandim14. Kitobxon shoir g‘azallarini tushunishi uchun juda ko‘plab rivoyat, qissa va tarixiy shaxslar hayotidan yaxshi xabardor bo‘lishi kerak. Xulosa qiladigan bo‘lsak, Boborahim Mashrab o‘z g‘azallarida talmeh san’atidan keng foydalangan holda, o‘z maqsad va muddaosini bayon qilgan. Biz buni bir necha misol asosida o‘rgandik, xolos. Download 225.57 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling