Mavzu: Boborahim Mashrabning talmeh san’atidan foydalanish mahorati Bitiruvchi


II. BOB. Boborahim Mashrab she’riyatida talmeh san’atini o‘rni


Download 225.57 Kb.
bet6/12
Sana05.01.2022
Hajmi225.57 Kb.
#231522
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
Bog'liq
Boborahim mashrabning talmeh san’atidan foydalanish mahorati

II. BOB. Boborahim Mashrab she’riyatida talmeh san’atini o‘rni

2.1. Talmeh san’ati orqali Payg‘ambarlarga ishora qilish
Mumtoz adabiyotimizning ko‘p g‘oya va ta’sirchanligini ta’minlovchi manbalari Qur’oni karim va Hadisi sharifdir. Chunki o‘tmishda buyuk mutafakkir va ijodkorlarimiz hali bolaligidayoq bu ilohiy kitobni va payg‘ambarimizning hadislarini yoddan bilganlar. Boborahim Mashrabning ilk tahsilini e’tiborga olsak, mullo bilan qilgan bahsu munozarasining o‘zi fikrimizni to‘g‘riligiga guvohlik beradi. Ular Qur’oni karim va hadisi sharifni o‘zlashtirish bilan cheklanmasdan o‘z maqsad va orzu umidlarini bayon etishgan, ulardagi g‘oyalardan mohirlik bilan foydalangan.

Boborahim Mashrabning she’riyatini o‘rganar ekanmiz, mavzumizga daxldor bo‘lgan ishoralar nihoyatda salmoqli ekanligiga guvoh bo‘ldik. Chunki adib biron payg‘ambar yo‘qki ularning ezgu ishlariga va ta’limotlariga ishora qilmagan bo‘lsin. Odam Atodan boshlab oxirgi payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo (s.a.v.)ni qayta va qayta tilga olib ularning bashariyat oldida qilgan ilohiy xizmatlarini birma-bir sanab, kelajak avlodni ibrat olishga undaydi.

Parvardigor Odam Atoni yaratgandan so‘ng, unga o‘qishni, ishlashni va barcha narsalarni o‘rgatdi. Bu ta’limot ba’zan Olloh tomonidan bevosita kelgan bo‘lsa, ba’zan farishtalar orqali amalga oshirilgan. Islom ta’limotida asosan payg‘ambarlarga vahiy Jabroil tomonidan yetkazilgan. Boborahim Mashrabning buyuklik fazilati shundan iboratki, talmeh san’ati bilan farishta Jabroilning xizmatlarini ta’kidlab o‘tgan. Manbalarda Jabroil haqida shunday ma’lumot bor: Jabroil – Olloh bilan payg‘ambar o‘rtasidagi vositachi, vahiy keltiruvchi to‘rt farishtaning biri. Uning “Ruh ul-amin” laqabi ham bor.

Talmeh san’ati orqali adib turli ilohiy hukmlarga ham ishora qilgan. Shoir kelajak avlodni o‘qishga, o‘rganishga, ibrat olishga va go‘zal yashashga da’vat etar ekan, biron ish bevosita bo‘lmaydi, deb uqtiradi. Ya’ni ilm va hunar o‘rganish uchun ustoz kerakligini aytadi. Biron narsa o‘z o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q, yoki birov o‘zicha mashhur bo‘lgan emas. Balki barcha narsaning vujudga kelishi va rivojlanishiga biror narsa turtki yo birovning amaliy yordami lozimdir. Hatto bu jihatda payg‘ambarlar ham birovning yordamiga muhtoj bo‘lganlar. Har doim Jabroil yordamiga suyanganlar. Shoh Mashrab quyidagi baytda jigarbandiga, ta’lim beradiki, birov o‘zicha orzu umidlariga etgani yo‘q, rasullarning rahbari Jabroil yordam berganligiga ishora qiladi:

Har ish bevosita bo‘lmas emish bilgil, jigarbandim,

Payambarlarga bo‘ldi Jabrail xo‘p rohbar paydo (234-bet)

Dunyo yaratilgandan so‘ng Odam Ato yaratilgan. Ya’ni bashariyatni otasi Odam Atodir. Manbalarda bu haqda shunday yoziladi: Odam — Olloh yaratgan ilk nnson. U “Abulbashar” (Bashariyat otasi), kunyasi “Safiulloh” (Ollohning sof quli) laqablari bilan ham taniqli. Xalqda Odam Ota deb yuritiladi. Odamning yaratilishida er yuzidagi har jins tuproqdan olingan emish. Olloh odamga ruh kiritgach, unga malaklarning sajda qilishini buyuribdi. Ulardan biri jannatning xazinadori Azozil (Iblis, shayton) otashdan yaratilgani uchun bo‘ysunmabdi va Olloh uni jannatdan quvibdi. Odamning so‘l qovurg‘asi suyagidan Havo yaratilgach, ular birga nurdan liboslar kiyib, rohatda yasharkanlar faqat jannat mevalaridan yemasliklari kerak ekan. Iblis ularni yo‘ldan urmoq uchun qanchalik harakat qilmasin, jannat darvozaboni Rizvon rozi bo‘lmabdi. Iblis hiyla bilan to‘rt oyoqli, go‘zal hayvon bo‘lgan ilonning tishlari orasida jannatga kirib olibdi. Nihoyat Iblis nayrang bilan Havo va Odamga jannat mevalarini yediribdi. Shundan so‘ng Olloh ilonni oyoq va tishlaridan mahrum etgan ekan. Olloh Odam va Havoning liboslarini yechdirib, jannatdan haquvibdi. Ular mahram yerlarini anjir yaprog‘i bilan bekitibdi, Iblis va ilon bilan jannatdan ham chiqarilibdilar. Odam Sarandib, Havo Arabistondagi Jiddaga, Iblis Maysonga, ilon esa Isfahon (yoki Nusaybin)ga borib tushibdilar. 200 yil toat-ibodat, tavba tazarrudan so‘ng Jabroil Odam va Havoni Arofatda bir— biriga qovushtiradi. Ular 20 juft (qiz va o‘g‘il — egizak) farzand ko‘radilar. Bularning eng mashhurlari Hobil va Qobil hamda Shis payg‘ambardir. Qur’oni karimda hadislarda va adabiyotda Odam haqida oyat, naql va qissalar g‘oyat ko‘p. Navoiy “Risolai tiyrandoxtan” asarida Odam Ato jannatdan chiqarilgach, Olloh unga dehqonchilik qilishni, bug‘doy ekishni buyuradi. Shunday qilib odamizod hozirgi darajaga yetdi. Bilamizki Boborahim Mashrab nihoyat dunyoqarashi keng, har tomonlama rivojlangan, hatto avliyoulloh darajasiga yetgan zot. Uning ijodida dard bor, u doim insonlar manfaatini o‘ylab yashagan, betakror ijodkor. U aksar misralari va baytlariga dunyoga sig‘maganligini bot-bot ta’kidlaydi. Adib qo‘yadigan har bir qadamidan mantiq izlagan. Odamzod qancha bu dunyoni anglab yuksalib borsa, shuncha bu dunyo unga torlik qiladi. Hirs turlicha bo‘ladi, kiyinish, mol-u dunyo to‘plash, mansab hirsi, shuningdek ilm hirsi, Ollohga bo‘lgan hirsdir. Shoir ana shularning oxirgisini oshigi edi. Shu bois “nuri ma’ni izlar”edi. Maqsadini ifodalash uchun quyidagi baytlarda Odam Ato hayotiga ishora qiladi.

Soyayi Odamg‘a keldim, nuri ma’ni izladim,

Jannatul-Firdavsidek oliy makonga sig‘madim(139-bet)

Hazrati Odam sotibdur Jannatul-firdavsin,

Chun etar bir dona, Rizvondin nechuk aylay suxan? (208-bet)

Manga irshod bersang, Odamu Havoni hozir qil,

G‘aribu xastaman, Nuhi nabiyulloni hozir qil. (120-bet)

YUqoridagi baytlarning oxirida shoir Nuh (a.s.) ga ishora qilgan, bu payg‘ambar haqida ham ma’lumot mavjud. Nuh – unga Ollohning salavoti bo‘lsin, diniy aqidalarga ko‘ra juda uzoq umr ko‘rgan payg‘ambar, u ba’zi manbalarda Odami soniy (ya’ni: ikkinchi Odam ato) ham deyiladi. Rivoyatlarda keltirilishicha Nuh zamonida 40 kecha va 40 kunduz sel yog‘adi va butun dunyoni suv bosib ketadi. Shunda Nuh, o‘z yaqinlari, tarafdorlari va har nav’ hayvondan bir juftdan kemaga solib oladi. Yer yuzidagilar suvga g‘arq bo‘ladi, yolg‘iz Nuh kemasi bir tog‘ cho‘qqisida, omon qoladi. Nuhning uch o‘g‘li – Yofas, Som va Homlardan keyinchalik turkiy, forsiy va hindizabon xalqlar tarqaladi. Bu yerda Mashrab shunga ishora qiladi:

Maning ko‘nglumdadur to‘fon, ki, Nuh andin etar armon,

Ki Do‘zax uchquni kim, uchqunining axgaridinman (184-bet)

Hazrati Nuh kettilar, man ayrilib qoldim, darig‘,

Kishti ko‘rmabmanki, to‘fondin nechuk aylay suxan?(208-bet)

Yuqorida keltirgan iqtibosdan ma’lum bo‘lyaptikim, Nuh (a.s.) o‘z zamondoshlarini qavm ahlini imonga da’vat etgan, lekin ular uning ustidan kulganlar, aytganiga rioya qilmagandan so‘ng parvardigorning hukmi bilan to‘fon boshlagan, u o‘z kemasi bilan qutilib qolgan, ammo qavmi halok bo‘lgan. Adib Boborahim Mashrab o‘z she’riyatida ana shu to‘fon va Nuh (a.s.)bilan bog‘liq hikoyalarga ishoralar qilgan. Bilamizki sufiy shoirimiz doim xalq dardi bilan yashagan shu bois ayrim holatlarda adolatsizlikka chidamasdan nolalalar qilgan. Ana shu holatlarini ichki kechinmalarini Nuh (a.s.) to‘fonlariga o‘xshatish orqali unga ishora qilgan. “Maning ko‘nglumdadur to‘fon, ki, Nuh andin etar armon” yo, Hazrati Nuh kettilar, man ayrilib qoldim, darig‘, Kishti ko‘rmabmanki, to‘fondin nechuk aylay suxan? Keltirgan misralarning mazmunidan ayonlashiyaptiki, adib meni ichki olamimda shuncha to’fon borki, bundan Nuh (a.s.) armonda qoliyapti. Bunday ishoralar va qiyoslashlar shoir ijodiyotida ko‘p topiladi, biz faqat bitta va ikkitasiga murojaat qildik xolos.

Boborahim Mashrab she’riyatida talmeh san’ati orqali ishora qilgan yana bir payg‘ambar Ibrohimdir. Laqabi Xalil, Xalilulloh. Rivoyatlarga ko‘ra u buttarosh Ozarning o‘g‘li bo‘lib, miloddan 2000 yil avval Bobilda dunyoga kelgan. Ibrohim o‘z toifasini yolg‘iz Xudoni tan olishga da’vat etgan. Namrud uni olovga tashlaganda omon qolgan ekan. Ka’bani Ibrohim bunyod qilgan deyiladi. Xudovand Ibrohimga o‘g‘li Ismoil (musulmonlar rivoyatiga ko‘ra) yoki Ishoq (yahudiylar rivoyatiga ko‘ra)ni qurbon qilishni buyurganda, uni ijro etish asnosida o‘g‘il o‘rnida bir qo‘y qurbonlikka yuborilgan ekan. Ibrohim 170 yil umr ko‘rgan deyiladi. Undan ikki o‘g‘il — Ishoq (onasi Sora) va Ismoil (onasi Hojar) qolgan ekan.

Qur’oni Karimda Ibrohim surasi bor, u 52 oyatdan iborat. Boborahim Mashrab “Chun Xalil otashga kirg‘il, butga sajda qilmag‘il”deydi. Misrani mazmunini tushinish uchun Qur’oni Karimning “Anbiyo” surasi 66 oyatda Ibrohim aytdi: “Axir, Allohni qo‘yib, sizlarga biror foyda ham, ziyon ham yetkaza olmaydigan narsalarga sig‘inasizmi?!” yo 67 oyatda Sizlarga ham, Allohni qo‘yib sig‘inayotgan butlaringizga ham tuf-e! Axir, aql yurgizmaysizmi?!” (327-bet) Ya’ni Ibrohim (a.s.) Namrud va uning butlariga sajda qilmaydi va ularning fikriga qarshi chiqadi. Ana shundan keyin “Namrud boshchiligida mushriklar katta olov yoqib, Ibrohim (a.s.)ni manjaniq (maxsus tosh otish quroli)da bog‘lab, olovga otadilar. Adibimiz talmeh san’ati orqali ana shu haqiqatga ishora qilgan:

Chun Xalil otashga kirg‘il, butga sajda qilmag‘il,

Ganji dilni kotibi nahni qasamnodin tila. (50-bet)

Himmating gar bo‘lsa xolis, yetti Do‘zaxni buzar,

Bo‘lsa Ibrohimsifat otash chu bozoring saning (72-bet)

Ul Xalilullohni soldi o‘tg‘a Namrudi la’in,

Sayrar erdim ul zamon bulbuli afgor o‘zum (176-bet)

Ibrohim (a.s.) laqablari Xalil ayrim joylarda Xalilulloh Ollohning do‘sti ma’nosida beriladi. Ko‘p shoirlarimiz o‘z maqsad va muddaolarini bayon qilish maqsadida ba’zan Ibrohim (a.s.) deb ishora qilsalar, ba’zan Xalil tarzida ifoda etadilar:

Xaliloso bu yo‘lda otashi Namrud-me’rojim,

Hamon durru haqiqatmanki, har dunyoga sig‘mamdur (276-bet)

Ka’ba musulmon ahlining muqaddas dargohi, Ollohning uyidir.Uni Ibrohim (a.s.) parvardigorning farmoni bilan qurgan. Qur’oni Karimda shunday deyiladi: “Eslang, Ibrohim (o‘z o‘g‘li) Ismoil bilan birgalikda Uyning (Ka’baning) poydevorini ko‘targanlarida, (shunday duo qiladilar): “Ey, Rabbimiz, bizdan (ushbu ishimizni) qabul et. Albatta, Sen Eshituvchi va Donodirsan!” (20-bet) Quyidagi baytlarda Boborahim Mashrab ana shu Ibrohimning xizmatlariga ishora qilgan:

Ka’bani bunyod qilg‘on boz Ibrohim Xalil,

Xaznadori loyazol, ey Xizr ato, Sandin madad (62-bet)

Tubandagi baytda adibimiz qalbingizga mehr shafqat, insoniylik go‘zal fazilat bo‘lmasa, Ollohning marhamatidan mahrum bo‘lsangiz nima qilasiz Ka’baga borib, o‘zingizni men mo‘min deb aytishingiz,- deb ta’lim beradi:

Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq ne kerak?!

Ibrohimdin qolg‘on ul eski do‘kkonni na qilay?! (108-bet)

Navbatdagi Ollohning payg‘ambari Ya’qubdir. Ya’qub — Ibrohim payg‘ambarning nevarasi. Uning 12 o‘g‘li bo‘lgan. Otasi o‘limidan so‘ng uni Olloh payg‘ambarlikka noil qilgan. Og‘alari Yusufni quduqqa tashlab, bo‘ri yeb ketdi, deb xabar berganlarida keyin Ya’qub o‘g‘li hasratida Bayt ul-ahzon kulbasida yig‘lay—yig‘lay ko‘zlari ko‘r bo‘lib qoladi. Yusufdan yaxshi xabarlar eshitgach, ko‘zi ochiladi. Qur’oni karimda Ya’qub haqida 15 ga yaqin oyatlar bor (masalan, Baqara, Imron, Niso va b.). Oshiqning iztiroblari, ayriliqdan ko‘z yoshlar to‘kishi va hokazolar qalamga olinar ekan, uning o‘zini yoki ko‘nglini YA’qubga o‘xshatiladi. Ko‘pincha Ya’qub Yusuf bilan birga tilga olinadi:

Sog‘inib Yusufi Ya’qub yig‘ladi shomu sahar,

To musofir bo‘ldi Yusuf, ahli Kan’on yig‘ladi (87-bet)

Insoniyat tarixidagi har bir Payg‘ambar o‘z fazilatiga egadir. Yusuf go‘zalik timsoli, Hazrati Ayyub bo‘lsa sabr timsolidir. Boborahim Mashrab kitobxonni sabrli bo‘lishga chaqirar ekan, ba’zan talmeh san’ati orqali unga bir necha bor ishora qildi. Hazrat Ayyub haqida shunday rivoyatlar bor: Ayyub — payg‘ambar Ishoq payg‘ambarning nabirasi. Rivoyatlarga ko‘ra Ayyubning mol-dunyosi, Rohma ismli xotini, bir uy farzandlari bor ekan. U dunyo lazzatlaridan bahramand ekan. Olloh uni imtihondan o‘tkazmoqchi bo‘ladi. Mol-u mulki qo‘lidan ketadi. Ayyub sabr qiladi. Bir—bir bolalari vafot etadi, u sabr qiladi. Kasal bo‘ladi, a’zoy badaniga yara toshadi, hatto bu yaralar qurtlab ketib, azob beradi, u sabr qiladi. Rohma unga mehribonlik bilan xizmat qiladi. Nihoyat Olloh Ayyubga shifo baxsh etadi, Havran eliga payg‘ambar qilib jo‘natadi. Unga yangidan mol-dunyo va farzandlar ato qiladi. Adabiyotda Ayyub sabr qanoat timsoli sifatida tilga olinadi. “Ayyub sabrini bersin” degan duo xalqlar orasida keng tarqalgan. Quyidagi baytda ham shunga ishora bor:

Tanini raxna qildi garmi motam kayfiyat ichra,

Maqomi sabrda Ayyubdek dononi hozir qil. (120-bet)

Dunyo mo’jizalarga to‘la, lekin buni barcha ham his qilolmaydi. Parvardigori olam barcha holatni o‘zi nazorat qilib, birovni yordami bilan boshqani og‘irini yengil qiladi. Yo urfiyatda yaxshi gap bor “har bir yomon narsani orqasida yaxshilik bor”dir. Hazrat Muso (a.s.) bilmasdan birovni urib o‘ldiradi. Nihoyat buni echimini Shuayb (a.s.) yordami bilan topadi. Shuningdek Shuayb unga ilohiy asoni ato qiladi. Boborahim Mashrab quyidagi baytda, “Muso Shuayb dargohiga borgandan keyingina, payg‘ambarlik yo‘lini topdi” deydi. Qur’on karimning “Qasas” surasi 27 oyatida shunday yozilgan: “Shuayb (a.s.) uyida Odam (a.s.) jannatdan olib chiqqan aso payg‘ambarlar orqali qo‘lma-qo‘l o‘tib saqlanib kelinayotgan edi. Uni Muso (a.s.)ga beradi. Payg‘ambar bo‘lganidan keyin shu asoda ko‘p mo‘‘jizalar sodir bo‘ladi. Kelishilgan shartnomaga binoan Muso (a.s.) Shuayb (a.s.) qo‘ylarini o‘n yil boqqanidan keyin unga Safuro ismli qizini nikohlab beradi”. (388-bet).Bu suradan ma’lum bo‘lyaptikim, Muso (a.s.) Shuayb (a.s.) yordami bilan mo’jizaviy aso egasi bo‘lgan. Muso (a.s.) hatto misni tillo qilishga qodirligiga ishora qilgan. Baytda shoir odamlar bir-birining yordamiga muhtojdir, degan fikrni o‘rtaga tashlayapti. Ikkinchidan ko‘ngling va niyating xolis bo‘lsa, albatta o‘z murodinga yetasan deb uqtiryapti:

To Shuayb dargohig‘a bormay Muso yo‘l topmadi,

To sani misdinki tillo qilg‘uchi Muso kerak(114-bet)

Bundan tashqari adib she’riyatida, bunday misra va baytlar anchagina: “Qatrae kim obi rahmat manga no‘sh aylar Xizir, Holi Musoyi kalimga man aso kelturmisham”(135-bet), “Bor edim Nuh vaqtida, g‘arq etmadi to‘foni ham, Hamrahi Muso bo‘lub Turi Sinoga sig‘madim” (139-bet), “Ey, safobaxsh, nafsi fir’avnimg‘a bir shamshir ur,Toki hamrohi Muso bo‘lsin maning bul xislatim” (161-bet), “Man tilabon didorini ko‘hi Tur uzra dam-badam, Musolayin aso olib tunqotari Xudo o‘zum” (174-bet),“Rabbi arni” dedi Musoyi kalim, hech etmadi,Ishqidin nolon bo‘lubon kechalar bedor o‘zum” (176-bet), bunday misralarni ko‘p keltirish mumkin. Muso (a.s.) doim Olloh bilan bo‘lgan suhbatlarni, butun vujudi bilan tinglab jim o‘tirish, bu ibratdir deydi shoir. Boborahim Mashrab irsoli masal san’ati orqali ikkinchi misraga ishora qilgan. Muso mehnat va mashaqqat orqali, ilohiy ma’rifat egasi bo‘lgan. Agar odamizod ilm-u hikmat sohibi bo‘lsa, albatta boshi xam bo‘ldi, deb ta’lim beradi:

Osmonga etsa boshing misli Muso xomush o‘l,

Har daraxt purmeva bo‘lg‘an so‘ngra boshi xam kelur(291-bet)

Qur’oni Karimning ko‘p sura va oyatlarida Sulaymon (a.s) haqida so‘z yuritiladi. Parvardigori olam har bir payg‘ambarga bir ilm bergan. Jumladan Sulaymon (a.s.) butun ins-u jins bilan suhbat qilish va ularning tilini tushinish baxtiga muyassar bo‘lgan. “Naml” surasi 17-va 18-oyatlarda shunday yoziladi: “Sulaymon (xizmati) uchun ins jin va qushlardan iborat lashkarlari to‘planib, tizilgan hollarida turdilar” yo “To ular chumolilar vodiysiga etganlarida, bir chumoli: “Ey, chumolilar! Uyalaringizga kiringiz, yana Sulaymon va uning lashkarlari o‘zlari sezmagan hollarda sizlarni ezib ketmasinlar!”-dedi”.(378-bet) Boborahim Mashrab ana shu keltirgan oyatning mazmuniga quyidagi baytlarga ishora qilgan. Shoir jamiyatning adolatsizligidan o‘z himmatidan mahrum bo‘lib, nobud bo‘lishini, chumoliga o‘xshatish bilan, o‘zini chumoli dedi. Nima uchun endi Sulaymonga so‘zlashim kerak degan so‘roqni oldiga qo‘yadi. Kitobxon baytdagi ikkinchi misrani mohiyatini yaxshi anglashi uchun Sulaymon (a.s.)ning hayotidan xabardor bo‘lishi lozim:

Himmatim bor erdi, zaxmat bosti, nobud ayladi,

Mo‘r bo‘lubman, Sulaymondin nechuk aylay suxan? (D, 208 bet)

Rivoyat qilishlaricha “Sulaymon (a.s.)ga jinlar tilla va ipakdan katta gilam to‘qib bergan bo‘lib, uning o‘rtasiga tilla taxt ustiga o‘zi, atrofidagi tilla va kumushdan yasalgan 600 ming kursida nabiylar va ulamolar, ularning atrofida odamlar, ularning atrofida jinlar o‘tirar, shamol gilamni ko‘tarib, aytilgan joyga eltar ekan”. So’fiy shoirimiz Sulaymon (a.s.)ning shu taxtiga bir necha bor ishora qilgan:

Yuz jonim agar bo‘lsa saning yo‘lungga ehson,

Xushtur bu gadlolig‘, na qilay taxti Sulaymon? (217-bet)

Az duruyi tu namonda sabram,

Emdi ketarman taxti Sulaymon (219-bet)

Manbalarda ma’lumot berilishicha Sulaymon (a.s.)da uzuk bo‘lgan. Shu uzuk orqali Ollohning izni bilan barcha insonlar va hayvonlarga podshohlik qilar edi. Hatto kunlardan bir kuni dev shu uzugimni o‘g‘irlab Sulaymonning (a.s.) o‘rniga podshohlik ham qiladi. Boborahim Mashrab o‘z dardini Ollohga iltijo qilib aytar ekan, o‘sha nigin ya’ni uzuk biror nokas qo‘liga tushmasligini so‘raydi. Shuningdek talmeh san’ati orqali ishora qiladi:

Norasoning dastiga, yo Rab, bu gavhar tushmasun,

Qadr topmas ul nigin dasti Sulaymondin judo (237-bet)

U zot Sulaymonning kotibi Osif ibn Barxiyo edi. U “Ismi A’zam”ni bilar va uni o‘qib duo qilsa, ijobat bo‘lardi. ( Qur’on, 380-bet) Quyidagi baytda ana shu iqtibosga ishora bor. Ya’ni Sulaymonning kotibi Osif ibn Barxiyo meni holimga yig’lyapti deb ta’kidlayapti shoir, bundan chiqadiki Barxiyo Sulaymon (a.s.)ning kotibidir:

O‘shandog‘ toj-u taxtini qo‘yub anvoyi nuroni,

Sulaymon holatimg‘a Osif ibni Barxiyo yig‘lar (D.254 bet)

Osaf — Sulaymon payg‘ambar yashagan davrda o‘tgan shaxs, payg‘ambar yaqinlaridan biri hisoblangan. U Sulaymon payg‘ambar kabi vahshiy hayvonlar va qush tillarini yaxshi bilgan bo‘lsa ham, bilimini hech kimga o‘rgatmagan va bilish haqida o‘zidan keyingi avlodga hech narsa qoldirmagan:

Osaf ibni Burxiyodek oliyhimmat bo‘lmasa,

Toki Bilqisni keturguncha Sulaymon o‘rtanur (D,282 bet)

Ya’na biz talmeh san’ati orqali shoir ishora qilgan payg‘ambar Zakariyodir. Zakariyo–Qur’onda zikr qilingan payg‘ambar. Boshiga arra qo‘yib qirqilganida ham Xudoning zikrini tildan qo‘ymagan nabiy. Shuningdek Qur’oni Karimning “Maryam” surasining 2-va 4-10-oyatlarda ham Zakariyo haqida ma’lumotlar berilgan. (305-bet) Boborahim Mashrabning zukkoligi shunda u Ilohiy kitobni yaxshi bilish bilan birga, sura va oyatlarning sermazmun jihatlarini o‘z she’riyatida talmeh san’ati orqali ishora qilgan. Kitobxon bu ta’limotni yaxshi o‘zlashtirishi uchun buyuk insonlarning hayotidan yaxshi xabardor bo‘lishi lozim. Shuningdek so‘fiy shoirimizni maqsadini yaxshi anglash darkor. Ya’ni Zakariyo boshiga arra kelgan bo‘lsa ham, zikrdan qolmagan, adibimiz ham o‘ziga qarab “Mashrabo, talabdin sira qolma ganj bisyor” degani Zakariyo shunday qiyinchilikka qolgan bo‘lsa ham o‘z maqsadidan qaytgani yo‘q. Sen ham aslo noumid bo‘lmakim, parvardigorning dargohi keng demoqchi:

Boshig‘a arra keldi, zikri Haqdin bo‘lmadi g‘ofil,

Xudoning oshiqi ul ruhi Zikriyoni hozir qil. (120-bet)

Dedi, Mashrabo, talabdin sira qolma ganj bisyor,

Ki hazor davlatingga dili Zikriyo tushubman (189-bet)

Boborahim Mashrab o‘z she’riyatida eng ko‘p murojaat qilgan payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) dir.

Muhammad (s.a.v.) — Muhammad ibn Abdulloh (570—571, Makka — 632.8.6, Madina)—islomda ollohning elchisi, payg‘ambar deb e’tirof etilgan tarixiy shaxs. U Quraysh qabilasining hoshimiylar xonadonida tug‘ilgan. Yetimlikda o‘sgan. Avval cho‘ponlik bilan mashhur bo‘lib, keyin savdogarlarga xizmat qilgan. U badavlat Xadichaga uylangach, mustaqil savdogarchilik bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 610—622 yillar Makkada o‘zini payg‘ambar deb e’lon qiladi. U avvalgi ma’jusiylikni tanqid qilib, unga yagona xudo to‘g‘risidagi ta’limotni qarshi qo‘yadi. Lekin uning targ‘iboti Makka hukmronlarininig qarshiligiga uchraydi va Muhammad o‘z tarafdorlari bilan Yasrib (Madina)ga ko‘chishga majbur bo‘ladi, bu ko‘chish hijrat deyiladi (bu 622 yil 22 sentyabrga to‘g‘ri keladi). Muhammad Madinaga kelib musulmonlar jamoasiga asos soladi. Bilamizki, ayrim insonlar biror ilmni chuqur o‘rganmasdan o‘zlaricha barcha narsaga ijozat beraveradilar. Yo birovdan eshitgan ilmi asosida taqlid qilib boshqalarga yo‘l ko‘rsatadilar, Boborahim Mashrab ana shunday insonlarni tanqid ostiga oladi. Har bir inson avvalo har qanday ilmni chuqur o‘rganib so‘ng gapirsa bo‘ladi, deb ta’lim beryapti. Umriga Qur’onni qo‘liga olmagan inson uning nomidan gapirishga haqqi yo‘qligi ta’kidlanyapti, chunki Ilohiy kitob Muhammad (s.a.v.) nozil bo‘lgan, “men falon payg‘ambarni ummati dema”deydi. Shu bois adib quyidagi baytda talmeh san’ati orqali ishora qilyapti:

San nasab bozoriga solma o‘zungni, ey aziz,

Mahzi taqlid birlan avlodi Muhmmadman dema (54-bet)

Musulmon olamida Olloh bilan bandasi orasida payg‘ambarimiz Mustafo (s.a.v.) borligi bois, ko‘pchilik o‘z orzu umidini va iltijolarini aytar chog‘i albatta payg‘ambarimizni shafe’ keltirib madad so‘raydi. Quyidagi baytda ham shoirimiz Mustafo-tanlangan, saylab olingan, Muhammad payg‘ambarimizning (s.a.v.) sifatlaridir. SHoir talmeh san’ati orqali shunga murojaat qilgan:

Mashrabo, o‘tg‘il bu yo‘ldin nola aylab subhu shom,

Tongla ul Ro‘zi qiyomat, Mustafo, Sandin madad (77-bet)

Shoir keyingi baytda esa, o‘zini ummati payg‘ambar ekanligini badiiy tasvirlashga muvaffaq bo‘lgan:

Rafiqi har kim bilan bo‘ldum, savoli oxirat qildim,

Baharnav’ida bo‘lsam ummati ul Mustafo keldim (183-bet)

Ilm o‘rganish ko‘p mehnat va mashaqqatni talab qiladi. Agar barcha insonlar o‘z ixtiyori bilan o‘qishni, yozishni o‘rganib bilim olganida buncha ilm maskanlar bo‘lmas edi. Ustozlar zahmat chekib, ta’lim bermas edi. Bundan chiqadiki qaysi soha vakili bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘sha yo‘nalishni chuqur o‘rganib amal qilish lozim. Ayrimlar o‘zini islom olamining vakili deb, lof uradi, lekin haqiqiy mo‘min bo‘lish nihoyatda murakkabdir, deb shoir quyidagi baytda uqtiryapti:

Ba’zilar mo‘‘min bo‘lub ummatlig‘ lofini urar,

Lek masti borgohi Mustafo bo‘lmoq qiyin (225-bet)

Bunday baytlar va misralar shoir ijodida ko‘p uchraydi: “Arshu Kursi, Lavh, Qalamni sayr etib oldim javob, Man Muhammadni suyub do‘sti Xudo qildim bu kun”(231- bet), “Ilohiy, nomayi Mashrabni o‘ng qo‘ldin ato qilg‘il, Kelibman mulki uqboga shafoat Mustafodandur” ( 270- bet), “Tonla Haq qozi bo‘lub so‘rsa Muhammad sulhgar,Osi ummat haqqig‘a anda shafoatdin gapur” (285- bet). Boborahim Mashrab mo‘min sifatida har doim Olloh oldida farzlarni ado qilish bilan birga, payg‘ambarimizning sunnatlariga to‘liq rioya qilgan. Ul zotning aytganlarini so‘zsiz bajargan, ana shu ezgu harakatlarini o‘z adabiy merosiga qayta-qayta ishora qilgan.

Xulosa Boborahim Mashrab bir mo‘min va so‘fiy shoir sifatida yuqorida ta’kidlaganimizdek ilohiy kitobni yaxshigina o‘zlashtirgan. Muqaddas kitobda buyurgan ezgu ishlarga amal qilgan. SHe’riyatida farishta Jabroilning xizmatlari, Odam Ato va boshqa payg‘ambarlar bilan bog‘liq hikoyalarga talmeh san’ati orqali ishora qilgan. Adabiyot mutaxassislari shoir ijodini va undagi g‘oya maqsadlarni tushinishi uchun Qur’oni karimdan ham yaxshiroq xabardor bo‘lishlari lozim. Mumtoz adabiyot vakilari jumladan Boborahim Mashrab ham mazkur kitoblardan ilhomlanib, adabiy merosning abadiyatini ta’minlanganlar. Adabiyot uni ta’sirida rivojlanib, boyitgan. Yuqoridagi she’riy parchalar shunday xulosa chiqarishga undadi.


Download 225.57 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling