Mehnat shartnomalari va mehnat muhofazasi tizimi. Korxonada xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlarini yaratib berish ish beruvchining majburiyatiga kiradi va bu jamoa shartnomasida o‘z ifodasini topishi lozim. Ish beruvchi xodimlarga yoki ularning vakillariga muayyan ish joyidagi va ishlab chiqarishdagi mehnatni muhofaza qilishning holati haqida axborot berishi shart. Muhofaza qilishning holati ustidan davlat nazorati va tekshiruvni davlat organlari, jamoat tekshiruvini kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlari amalga oshiradilar.
Xodimlarni o‘qitish, malakasini oshirish tizimi. Ish beruvchi ishlab chiqarishda kasbga doir ta’lim olayotgan, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda malakasini oshirayotgan yoki ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan xodimlarga ishni ta’lim bilan qo‘shib olib borish uchun shart-sharoitlar yaratib berishi shart. Ular uchun imtiyozlar (ish joyidan haq to‘lanadigan qo‘shimcha, ijtimoiy ta’tilga chiqish, qisqartirilgan ish haftasida ishlash va hokazolar) mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlarda belgilab qo‘yilgan.
Ijtimoiy imtiyozlar tizimi. Ayrim toifadagi xodimlar (homilador va yoki bolasi bor, oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg‘ul ayollar, 18 yoshga to‘lmagan yoshlar va hokazolar) uchun amaldagi qonunchilikda tegishli ijtimoiy imtiyozlar belgilab qo‘yilgan. Jamoat shartnomasida korxonaning iqtisodiy imkoniyatlarini hisobga olgan holda amaldagi qonunchiliqda va me’yoriy hujjatlarda ko‘zda tutilgan qo‘shimcha imtiyozlar (haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’tillar, pensiyalarga tayinlanadigan ustamalar, transport va xizmat safari uchun kompensasiyalar, xodimlarni ishlab chiqarishda hamda ularning bolalarini maktabda va maktabgacha tarbiya muassasalarida tekin yoki qisman haq to‘lanadigan tarzda ovqat-lantirish va hokazolar) ko‘zda tutilishi mumkin.
Sug‘urtalash tizimi. Barcha xodimlar davlat yo‘li bilan ijtimoiy sug‘urta qilinadilar. Davlat ijtimoiy sug‘urtasi uchun ish beruvchilar, shuningdek, sug‘urta qilingan xodimlarning o‘zlari badal to‘laydilar. Jamoa shartnomasida xodimlarni davlat yo‘li bilan ijtimoiy sug‘urta qilishga, qo‘shimcha sug‘urta qilish ham ko‘zda tutilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |