XALQCHILLIK tamoyili ham san’atning mavjudlik shartlaridan biri. San’at asari xalq uchun yaratiladi. Lekin xalq degani, bu – aholi emas, aholining fikrlaydigan, milliy qadriyatlarga befarq qaramaydigan, tinglay olish, tomosha qila bilish va o’qish qobiliyatiga ega qismi. Asardagi xalqchillik ana shu ko’pchilikning shodligu qayg’usini, dardlarini, intilishlarini, muammolarini qay darajada tushunarli tarzda ifodalay olishi bilan belgilanadi. Xaqiqiy san’at asari «qoralar» (omma) uchun ham, «saralar» (elita) uchun ham yaratilmaydi, tabaqaviylik, mahalliychilik, millatchilik singari salbiy yo’nalmalardan yiroq bo’ladi, boshqacha qilib aytganda, podsholar haqidagi asarni – fuqarolar, fuqarolar haqidagi asarni - podsholar tushunganida, unday asarni xalqchil deyish mumkin. M., Navoiyning «Farhod va Shirin», «Sab’ai sayyor» dostonlari podsholaru malikalar haqida, lekin xalqqa tushunarli. Chunki ular xalqning vakillari sifatida badiiy qiyofaga ega qahramonlardir. Xalqchillikda muhimi – san’atkor tomonidan xalq ruhini anglay bilish va uni in’ikos ettira olish, millatni millat qilgan qadriyatlar mohiyatini badiiy qiyofalar orqali aks ettirish. Xalqchillik tamoyilining yana bir muhim jihati shuki, san’at asari u – tarixiymi, zamonaviymi, – xalqning orzu-ideallarini ifodalashi, ya’ni kechani yoki bugunni emas, ertani kuylashi lozim, xalqdan ortda qolmasligi, u bilan yonma-yon ham turmasligi, balki undan va zamondan bir qadam oldin yurishi kerak.
SAN’AT VA FALSAFA. Falsafa bilan san’at mohiyat nuqtai nazaridan bir-biriga o’xshash. Avvalo buni ularning tadqiq usulida ko’rish mumkin. Falsafa voqelikning faqat bir qisminigina ajratib o’rganadigan fandan farqli o’laroq, u olamni yaxlitligicha olib tekshiradi. San’at ham xuddi shunday: olam yaxlitligini badiiy qiyofa yaxlitligida ifodalaydi, voqelikni butunisicha badiiy tadqiq etadi. Xullas, har ikkisining ildizi asotirlarga – miflarga borib taqaladi: dastlab dunyoning yaxlit manzarasini ko’rish uchun “tasavvur o’yini”dan foydalangan qadimgi odam, asta-sekin bu yaxlitlikni “tafakkur o’yini” vositasida mushohada qilishga o’tgani shubha tug’dirmaydi deb o’ylaymiz. Shunday qilib, falsafada nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo’lgan bilish san’atda o’zining eng mukammal va universal shaklini topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |