15. Turkiy tillarda fe’lning noaniq formasi (infinitiv). Fe’lning noaniq formasi, asosan, turkiy tillarning o‘g‘uz guruhiga mansub bo‘lgan turk, ozarbayjon, turkman, gagauz, shuningdek, o‘zbek va uyg‘ur tillarida keng taraqqiy qilgan. Ushbu turkiy tillarda -maq//-mäk elementli infinitiv tarqalgan: tur. bashlamak (boshlamoq), vermek (bermoq), gellik (kelmoq), ozarb. almax (olmoq), tapmax (topmoq), turkm. yazmak (yozmoq), dog‘maq (tug‘moq), o‘zb. turmoq, bormoq, uyg‘. sьqmaq (siqmoq), kirmäk (kirmoq) kabi.
-maq infinitivi, aslida, fe’ldan ot yasaydigan qozoq tilidagi ilmek (ilgak, ilmoq), toqpaq (to‘qmoq) tipidagi so‘zlardagi -mak affiksi ma’nosi negizida yuzaga kelgan. Ilmak so‘zi, dastlab, biror narsani ilish, osish mumkin bo‘lgan narsani, to‘qmoq so‘zi esa taqillash ma’nosini anglatgan.
Ushbu modal ma’no infinitiv hosil qiluvchi -moq ning olmoq tipidagi infinitivni yuzaga keltirishga xizmat qilgan. Olmoq so‘zining ma’nosi «olish uchun»>«nima bilan olmoq»dan, pirovardida, «umuman, olmoq» tarzida shakllangan.
Turkiy tillarda -moq affiksidan keyin jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi qo‘shiladi: bashlamag‘a (boshlashga), almag‘a (olishiga, olmoqqa) kabi.
Qipchoq guruh tillarida jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi infinitiv hosil qilishda keng qo‘llaniladi: qoz. alug‘a (olmoq), qirg‘. kaynatu:g‘a (qaynamoq) kabi. Bu infinitiv boshqa fe’lda to‘ldiruvchi rolida kelganda sodir bo‘ladi.
Tatar va boshqird tillarida -rg‘a//-irga elementli infinitivlar mavjud: tat. ya°zьrg‘a (yozmoq), a°lьrg‘a (olmoq) kabi. Yoqut tilida esa barar (bormoq) tarzida uchraydi.
Chuvash tilida -as//-es elementli kelasi zamon infinitivi mavjud: Pirin min tьvas? (Nima qilmoq kerak?).
Ayrim turkiy tillarda infinitivga yaqin bo‘lgan va maqsad ma’nosini ifodalaydigan -g‘alї elementi uchraydi: o‘zb. U suv ichgali chiqib ketdi. Söyleskeli keldim (So‘zlashgani keldim), uyg‘. Körgili kä(l)dim (Ko‘rgali kel-dim) kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |