Go‘daklik davri - Go‘daklik davri
- Go‘dakning hayotiy faoliyati va taqdiri uni qurshagan, parvarishlaydigan katta yoshdagilarga bevosita bog‘liq bo‘lib, uning barcha ehtiyoj va talablari faqat shular tomonidan qondiriladi. Go‘daklik davrida kattalar bilan faol aloqaga kirishish ehtiyoji tug‘iladi va bu aloqa nutq darvrigacha muloqotning o‘ziga xos yangi shakli sifatida bolaning o‘sishida muhim rol o‘ynaydi. Bir yoshgacha davrda paydo bo‘lgan ehtiyojning tobora chuqurlashuvi bilan nutq davrigacha muloqot cheklanganligining nomutanosibligi bir yoshdagi inqirozni keltirib chiqaradi. Go‘dak o‘sishining murakkabligi uning xilma-xil faoliyati o‘zaro bog‘langanidir. Shuning uchun katta yoshdagi odamlar bu davrda go‘dakning ehtiyojlarini to‘la qondirishga harakat qilishlari kerak. Shundagina ularning bola psixik dunyosiga muntazam va maqsadga muvofiq ta’sir etishi bola bosh miya katta yarimsharlarining po‘stlog‘ining faoliyatini takomillashtiradi. Go‘daklik davrida idrok, xotira jarayonlari shakllanadi.
- Ilk bolalik davri.
- Ilk bolalik davri alohida ahamiyatga ega. Bu davrda bolalarda nutq shakllanadi, yurish ko‘nikmalariga ega bo‘la boshlaydi. Ilk bolalik davri amaliy harakat tafakkuri vujudga keladigan davr hisoblanib, qo‘l operatsiyalari turli narsalar va qurilmalar bilan almashinadi. Bola ijtimoiy qurollardan foydalanish usullarini o‘zlashtirishi natijasida unda predmetli harakat ko‘nikmasi shakllanadi. Jismlar bilan turli harakatlarni o‘zlashtirishda ulardagi muhim va o‘zgarmas alomatlarni ajratish ko‘nikmasi hosil bo‘ladi, natijada umumlashtirish va umumiy tushunchalarni o‘zlashtirish jarayoni yuz beradi. Yangi sharoitda predmetli harakatdan foydalanish bolaning aqliy o‘sishiga ijobiy ta’sir qiladi. O‘z xatti-harakatini kattalarning harakatlari bilan solishtirish va uning o‘xshash jihatlarini topish bolaning aqliy o‘sishi uchun muhim ahamiyatga ega. Aqliy o‘sishni to‘g‘ri yo‘naltirish uchun bola bilan maxsus reja asosida mashg‘ulotlar o‘tkazish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |