Mavzu: Islom aqidasida fol, sehr va munajjimlikka oid masalalar


v) Jinlar va shaytonlar haqida


Download 178.22 Kb.
bet9/11
Sana31.01.2023
Hajmi178.22 Kb.
#1142327
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
Islom aqidasida fol, sehr va munajjimlikka oid masalalar

v) Jinlar va shaytonlar haqida
Mo‘min-musulmonlar jin deb ataluvchi maxluqotlar borligiga iymon keltiradilar. Ularni oddiy holatlarda ko‘rib bo‘lmaydi. Biz ular haqidagi ma’lumotlarni eng ishonchli manbalar: Qur’oni Karim va hadisi shariflardan olamiz.
Qur’oni Karim nozil bo‘layotgan paytda arab qabilalari jinlarga xudolar deb e’tiqod qilardilar. Ular jinlarning nasabi Alloh taologa etib boradi, uning jinlardan sheriklari bor, degan buzuq e’tiqodga ham bo‘ysunishardi.
Shuningdek, arablar jinlar g‘oyibdan xabardor, folbin va munajjimlarga osmon sirlarini aytib turishadi, degan o‘yda edilar.
Arablarda jinlarning hukmi er yuzida o‘tadi, degan xom xayol bo‘lib, agar ulardan birortalari ma’lum bir erga borib yotib qolmoqchi bo‘lsalar, «Ushbu joyning xo‘jayin jinidan panoh so‘rayman», degan duoni qilishardi.Bizning yurtlarda ham yuqorida aytilganga o‘xshash turli-tuman buzuq, bid’at-xurofotdan iborat tushunchalar mavjud va ular bu yolg‘on e’tiqodga bo‘ysunadilar.
Ayniqsa, keyingi paytda kishilarda ruhiy bo‘shliq haddan tashqari ziyoda bo‘lganligidan bu ma’nodagi gap-so‘zlar ko‘payib ketdi.
Shu bilan birga qadimda ham, hozirda ham jinlarni umuman inkor etadiganlar bor. Ular jin haqidagi har bir so‘zni afsona, bekorchi gap deyishadi. Jinlar haqidagi hodisalarning guvohi bo‘lgan kishilarni jinniga chiqarishadi.
Islom esa jin haqida xuddi boshqa masalalardagi kabi haqiqatni bayon qiladi. Islom jin borligini isbot qilib, u haqidagi to‘g‘ri tasavvurni bayon etib, noto‘g‘ri tushunchalarni rad etadi. Shu bilan birga jinlardan kutiladigan mavhum qo‘rqinch va xavfu xatarni ham rad etadi.
Jinlar haqiqatda bor mavjudotlar bo‘lib, asli olovdan yaratilgan. Jin so‘zining lug‘aviy ma’nosi esa «to‘silgan» degani, ya’ni, odamlar ko‘zidan to‘silgan narsa. Shu sababli ham u insonlarga ko‘rinmaydi. Ular o‘zlari ko‘rinmay turib, bizlarni va boshqa narsalarni ko‘rishlari mumkin. Shu bilan birga turli shakllarga kirishlari ham mumkin. Ularning ichida ham xuddi odamlarga o‘xshab iymonsiz-iymonli, yaxshi-yomon, adashgan va hidoyatda yurganlari bor. Jinlardan ham Qur’onga, Payg‘ambar alayhissalomga iymon keltirib yaxshi yo‘lda yurganlari jannatga, iymonsiz bo‘lib yomon yo‘lda yurganlari do‘zaxga tushadilar. Ular odamlarga hech qachon yordam bera olmaydilar va g‘oyib sirlarini bilmaydilar, chunki Qur’oni Karim nozil bo‘lgandan so‘ng ular bu xislatlardan mahrum bo‘lganlar.
Jinlarning Alloh taolo bilan nasab yo‘lidagi bog‘liqligiga kelsak, bu haqdagi har qanday fikrlar tuhmatdir.
«Saba’» surasida bir guruh jinlar Sulaymon alayhissalomga xizmatkor bo‘lganliklari, u zot hassaga suyanib turib vafot etganliridan so‘ng ham u tirik, bizni kuzatib turibdi, deb o‘ylab, mashaqqatli ishda davom etganliklari haqida oyatlar bor.
Islomdan avvalgi vaqtda jinlar osmonga chiqib maloikalarning o‘zaro suhbatlarini, jumladan, yaqin kunlarda sodir bo‘ladigan ba’zi ishlar haqidagi ma’lumotlarni yashirin eshitib, erdagi folbinu munajjimlarga birga o‘nni qo‘shib etkazishar ekan. Oradan ancha vaqt o‘tib, osmon xabariga quloq osgani chiqsalar, ularni yulduzlardan uzilib chiqqan uchqunlar urib haydaydigan bo‘lib qolibdi. Ular erga o‘z qavmlari huzuriga qaytib: «Nima bo‘ldi ekan, bizni uchqunlar quvadigan bo‘lib qoldi-ku?» deyishadi. Shunda ba’zilari, dunyoda ulkan, olamshumul o‘zgarish bo‘lgan bo‘lsa kerak, deyishadi. Mashriqu mag‘ribni kezib bizdan osmon xabarini to‘sgan narsani qidirish zarur, degan qarorga kelib, safarga otlanadilar. Rivoyatlarda naql qilinishicha, Nasiybin nomi bilan ataluvchi joyda yashovchi jinlardan etti nafari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Bomdod namozida qiroat qilayotganlarini eshitib to‘xtashgan, bizdan osmon xabarini to‘sgan narsa shu, deb o‘z qavmlariga qaytib, bo‘lgan hodisani aytadilar. Shunda Alloh taolo O‘z Payg‘ambariga «Jin» surasini nozil qildi.
يَا مَعْشَرَ الْجِنِّ وَالْإِنْسِ أَلَمْ يَأْتِكُمْ رُسُلٌ مِنْكُمْ يَقُصُّونَ عَلَيْكُمْ آَيَاتِي وَيُنْذِرُونَكُمْ لِقَاءَ يَوْمِكُمْ هَذَا قَالُوا شَهِدْنَا عَلَى أَنْفُسِنَا وَغَرَّتْهُمُ الْحَيَاةُ الدُّنْيَا وَشَهِدُوا عَلَى أَنْفُسِهِمْ أَنَّهُمْ كَانُوا كَافِرِينَ
«Ey, jin va ins jamoalari, sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan Payg‘ambarlar kelib, oyatlarimni sizga aytib bermadilarmi, sizlarni ushbu kuningizga duchor bo‘lishingiz haqida ogohlantirmadilarmi?» Ular: «O‘zimizga qarshi guvohlik berdik», derlar. Ularni dunyo hayoti g‘ururga ketkazdi va o‘zlariga qarshi kofir bo‘lganlarini aytib, guvohlik berdilar», degan.28
(Anom 130-oyat)
Ushbu oyatda jin va ins jamoalariga Alloh taolo tomonidan berilayotgan savol ularga o‘zlaridan bo‘lgan Payg‘ambarlar borgan-bormaganini bilish uchun emas. Chunki Alloh taolo Payg‘ambarlar yuborganini juda yaxshi biladi.
Ammo savol jinu inslarga o‘zlaridan bo‘lgan Payg‘ambarlar kelganiga ularni iqror qildirish uchun berilmoqda. Qiyomat kunida butun maxluqot mahshar maydonida to‘planganida kofir jinlar va kofir inslarning iqror bo‘lib, ayblarini bo‘yinlariga olib, o‘zlari o‘zlariga qarshi guvohlik berishlari uchun shunday savol tashlanmoqda.
Qiyomat kuni Alloh taolo ulardan:
«Ey, jin va ins jamoalari, sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan Payg‘ambarlar kelib, oyatlarimni sizga aytib bermadilarmi, sizlarni ushbu kuningizga duchor bo‘lishingiz haqida ogohlantirmadilarmi?» deb so‘raganda:
«Ular: «O‘zimizga qarshi guvohlik berdik», derlar».
Ya’ni, iqrormiz, bizga o‘zimizdan chiqqan Payg‘ambarlar kelib, oyatlaringni aytib berdilar va ushbu qiyomat kuniga duchor bo‘lishimiz haqida ogohlantirganlar, deydilar.
«Ularni dunyo hayoti g‘ururga ketkazdi va o‘zlariga qarshi kofir bo‘lganlarini aytib, guvohlik berdilar».
Ushbu oyatda jinlar jamoasiga Payg‘ambarlar kelganiga ishora qiluvchi ma’no bor. Ammo boshqa o‘rinlarda bu haqda aniq oyat yoki hadis yo‘q. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ham inslarga, ham jinlarga Payg‘ambar ekanliklari Qur’onda ham, sunnatda ham, voqe’likda ham sobit haqiqat. Demak, kofir jin va inslar qiyomat kunida yuqorida ta’riflangan nochor holga tushadilar. Ularning bu ko‘yga tushishlariga dunyodagi amaliyotlari sabab bo‘lgan. Chunki bu dunyoda:
«Ularni dunyo hayoti g‘ururga ketkazdi».
Ular dunyo hayoti matohlariga aldandilar. Uning ketidan yurib, kofir va osiy bo‘ldilar. Oxir-oqibat:
«...O‘zlariga qarshi kofir bo‘lganliklarini aytib, guvohlik berdilar». Bu esa ular o‘zlarini himoya qilishga hech qanday bahona topa olmay, noiloj qolishlarining yorqin dalilidir.
Alloh taolo barchani ana shunday qilib ogohlantiradi, Payg‘ambar yuboradi va bandalarning o‘zlarini iqror qildiradi.
6. Jinlarning ichida mo‘minlari ham, kofirlari ham bo‘ladi.
Alloh taolo «Jin» surasida:
قُلْ أُوحِيَ إِلَيَّ أَنَّهُ اسْتَمَعَ نَفَرٌ مِّنَ الْجِنِّ فَقَالُوا إِنَّا سَمِعْنَا قُرْآنًا عَجَبًا يَهْدِي إِلَى الرُّشْدِ فَآمَنَّا بِهِ وَلَن نُّشْرِكَ بِرَبِّنَا أَحَدًا
«Sen ayt: «Menga vahiy qilindiki, albatta jinlardan (bir necha) nafari quloq osdilar va dedilar: «Biz ajoyib Qur’onni eshitdik. U to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiladir. Bas, biz unga iymon keltirdik va o‘z Robbimizga birovni shirk keltirmasmiz», degan.29
(1–2-oyatlar)
Bu ikki oyatda Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib, aytishlari kerak bo‘lgan ma’noni ham bayon qiladi, ya’ni vahiy orqali etti nafar jin u kishining qiroatlariga quloq osgani va qavmlariga borib, biz ajoyib Qur’on eshitdik, deb xabar berganlari haqida aytishni buyuradi.
Demak, jinlar Qur’oni Karim tilovatini eshitishlari bilan bu oddiy so‘z emasligini, dunyoda yangi olamshumul voqea paydo bo‘lganligini fahmlab, jinlar hayotida ham katta o‘zgarish bo‘lishiga sabab bo‘lganini darhol tushunib etganlar.
Ikkinchi oyatda mazkur jinlarning o‘z qavmlariga aytgan gaplari davom etadi.
«U to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiladir. Bas, biz unga iymon keltirdik va o‘z Robbimizga birovni shirk keltirmasmiz».
Jinlar o‘z aql-farosatlari ila Qur’onni tushirgan Alloh ularning Robbilari ekanligi bilib, U zotga iymon keltirganlar va Unga sherik bo‘lishi mumkin emasligini ham tushunib etganlar. Mushriklarga kabi Allohga shirk keltirmasliklarini ta’kidlaganlar.
Alloh taolo «An’om» surasida:
وَيَوْمَ يَحْشُرُهُمْ جَمِيعًا يَا مَعْشَرَ الْجِنِّ قَدِ اسْتَكْثَرْتُمْ مِنَ الْإِنْسِ وَقَالَ أَوْلِيَاؤُهُمْ مِنَ الْإِنْسِ رَبَّنَا اسْتَمْتَعَ بَعْضُنَا بِبَعْضٍ وَبَلَغْنَا أَجَلَنَا الَّذِي أَجَّلْتَ لَنَا قَالَ النَّارُ مَثْوَاكُمْ خَالِدِينَ فِيهَا إِلَّا مَا شَاءَ اللَّهُ إِنَّ رَبَّكَ حَكِيمٌ عَلِيمٌ
«Ularning hammasini to‘playdigan kunda: «Ey, jinlar jamoasi, insdan (adashtirganlaringizni) ko‘paytirvordingiz?!» der. Ularning insdan bo‘lgan do‘stlari: «Ey Robbimiz, biz bir-birimizdan huzur topdik va bizga belgilagan ajalingga etib keldik», derlar.
U zot: «Qaytar joyingiz do‘zaxdir. Magar Alloh xohlasa (qolmaysiz)», der. Albatta, Robbing hikmatli va bilimli zotdir», degan.30
(128-oyat)
Ushbu oyati karimada ta’rif etilayotgan sahna qiyomat kuni sahnasidir. U kun oyatda:
«Ularning hammasini to‘playdigan kun» deb ta’riflanyapti. Ya’ni, Alloh taolo insu jinlarning hammasini jamlaydigan kun.
Demak, qiyomat kuni Alloh taolo inslarni – odamlarni jamlaganidek, jinlarni ham jamlaydi. Shunda kofir jinlarga Alloh taolo:
«Ey, jinlar jamoasi, insdan (adashtirganlaringizni) ko‘paytirvordingiz?!» der».
Bu gap jinlarga qilgan ishlari haqida xabar berish emas, balki qilgan amallarini tanqid qilish, qoralash uchun aytiladi. Chunki o‘zlarining vasvasasi va ig‘volariga uchgan odam bolalari ko‘p ekanini jinlar yaxshi biladilar. Alloh taolo bu gapni jinlarga aytgan bo‘lsa ham, javobini o‘sha jinlarga ergashgan, ularga do‘st bo‘lgan odamlar beradi:
«Ularning insdan bo‘lgan do‘stlari: «Ey Robbimiz, biz bir-birimizdan huzur topdik va bizga belgilagan ajalingga etib keldik», derlar».
Demak, jinlar odamlarni yo‘ldan urib, ig‘vo qilib, yomon yo‘lga yurgizib huzur-halovat olgan va rohatlanganlar. Jinlar fitnasiga uchib, kofir va gunohkor bo‘lgan odamlar esa ular ziynatlab ko‘rsatgan, havoyu nafsni qondiruvchi ishlarni bajarib huzur qilganlar. Bular irodasi zaif, g‘ofil, havoyu nafsga berilgan, shahvatparast odamlar bo‘lganlar. Shayton ularning ushbu zaif joylaridan tutib, ig‘vosiga uchirgan va o‘ziga malay qilib olib, har ko‘yga solgan, bu dunyoda maqsadlariga erishish yo‘lida ulardan foydalanib huzur qilgan.
Shaytonga malay bo‘lgan insonlar u ziynatlab ko‘rsatgan mafkuralarni o‘ziniki qilib, besh kunlik hayotlarida havoyu nafsini qondirish yo‘lida oshkora va maxfiy gunohlarni ishlab, o‘zlaricha huzur qilyapmiz, deb yuraverganlar. Ular hayotlarini shunday qilib o‘tkazganlar. endi esa hamma narsani tushunib etib:
«...bizga belgilagan ajalingga etib keldik», deb turibdilar.
Etib kelishgani aniq. Ana endi ulardan har biri, ham insi, ham jini o‘z qilmishiga yarasha adolatli jazosini topadi.
«U zot: «Qaytar joyingiz do‘zaxdir. Magar Alloh xohlasa (qolmaysiz)», der».
Bu hol oqibati sizga u dunyoda ham aytilgan edi. Ammo quloq solmadingiz. Mana endi o‘sha aytilgan jazo muqarrar bo‘ldi. Sizning makoningiz olovli do‘zax bo‘ladi. Faqat, irodasi cheksiz Alloh taolo boshqa narsani xohlasagina, abadiy bo‘lmasligi mumkin.
«Albatta, Robbing hikmatli va bilimli Zotdir».
Uning har bir ishi hikmatdan holi emas. U hamma ishini bilim ila qiladi.
Alloh taolo «Sod» surasida aytadi:
فَسَخَّرْنَا لَهُ الرِّيحَ تَجْرِي بِأَمْرِهِ رُخَاءً حَيْثُ أَصَابَ وَالشَّيَاطِينَ كُلَّ بَنَّاءٍ وَغَوَّاصٍ وَآَخَرِينَ مُقَرَّنِينَ فِي الْأَصْفَادِ
«Bas, Biz unga shamolni bo‘ysundirdik, u iroda qilgan tomonga mayin esaveradi. Yana barcha binokor va g‘avvos shaytonlarni ham. Va boshqalarini ham kishanlangan holda to‘plab (bo‘sundirdik)»31
(36–38-oyatlar).
Ushbu uch oyatda Alloh taolo Sulaymon alayhissalomga xos qilib bergan narsalari zikr etilmoqda.
«Biz unga shamolni bo‘sundirdik...»
Sulaymon alayhissalom nimani istasa, shamol shu istakka so‘zsiz bo‘ysunadigan bo‘ldi.
«...u iroda qilgan tomonga mayin esaveradi».
Bu ish Alloh taologa juda osondir. Chunki Sulaymon alayhissalom ham, shamol ham Alloh taolo yaratgan maxluqdir, Alloh taoloning irodasi ostidagi xalqdir. Shulardan birini ikkinchisiga bo‘ysundirib qo‘yish Alloh taolo uchun ish emas.
«Yana barcha binokor va g‘avvos shaytonlarni ham» bo‘sundirib qo‘ydik. Binokor shayton-jinlar u kishining amriga bo‘sunib, oddiy odamlarning qudrati etmaydigan ulkan qasrlar qurib berishar edi. G‘avvos shaytonlar esa dengizdan duru marjonlar terib berishardi.
«Va boshqalarini ham kishanlangan holda to‘plab (bo‘sundirdik)».
Ya’ni, boshqa o‘zboshimcha shayton-jinlar kishanlanib, ikkita-ikkita yoki ko‘proq holda bir-birlariga jamlanib, Sulaymon alayhissalomga bo‘ysundirilgan edi. Ular Sulaymon alayhissalom xohlagan ishlarni bajo keltirishardi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sahobalariga bir kuni:
«Bugun kechasi jinlarni ushlab bog‘lab qo‘ygan edim. Birodarim Sulaymonning: «Ey Robbim, menga o‘zimdan keyin biror kishiga muyassar bo‘lmaydigan mulkni hadya etgin», degan gapini eslab, qo‘yib yubordim, yo‘qsa, sizlar ham ularni ko‘rar edilaringiz», deganlar.
Alloh taolo «Saba’» surasida aytgan:
يَعْمَلُونَ لَهُ مَا يَشَاءُ مِنْ مَحَارِيبَ وَتَمَاثِيلَ وَجِفَانٍ كَالْجَوَابِ وَقُدُورٍ رَاسِيَاتٍ اعْمَلُوا آَلَ دَاوُودَ شُكْرًا وَقَلِيلٌ مِنْ عِبَادِيَ الشَّكُورُ

Download 178.22 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling