Mavzu: maxsus (psixologiya) fanlarini o‘qitish jarayonida qo‘llaniladigan ta’lim shakllari reja


Ma’ruza uslubi va lektorning o‘zini tutishi


Download 107.62 Kb.
bet7/10
Sana28.01.2023
Hajmi107.62 Kb.
#1137121
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
2-маъруза

Ma’ruza uslubi va lektorning o‘zini tutishi
Kafedra oldida turgan o‘qituvchida olim, pedagog va yetarli darajada mohir lektor sifatlari mujassam bo‘lmog‘i zarur. Haqiqiy olim-pedagog o‘z predmetini e’tiqod pozitsiyasidan, berilib bayon qiladi. Ma’ruzani malakali o‘qish shartlaridan biri predmetni mukammal bilishdir. Biroq ma’ruza uchun faqatgina predmetni, aytilayotgan ma’lumotlarning talabalar bilimiga aylanishining pedagogik va psixologik yo‘llarini bilishning o‘zi yetarli bo‘lmaydi, shu bilan birga ilmiy xolatlarni, atamalarni qiyinchiliklarsiz, yetarlicha obrazli va emotsionallik bilan bayon qiladigan rivojlangan nutq zarur bo‘ladi.
Ma’ruzada juda ko‘p narsa pedagogik muloqotning samaradorligiga bog‘liq bo‘ladi. Mashhur psixolog A.A.Leontev to‘laqonli ma’ruzaviy muloqotga erishiladigan quyidagi sharoitlarni aniqladi:

  1. ma’ruza o‘qiladigan joyni tez va to‘g‘ri mo‘ljallash;

  2. ma’ruza mazmunini to‘g‘ri rejalashtirish;

  3. material mazmunini tinglovchilarga yo‘qotishsiz yetkazib beradigan aniq vositalarni topish;

  4. tinglovchilar bilan mustahkam kontakt o‘rnatish.

O‘qituvchining kontakti talabalar bilan mantiqiy, psixologik va ma’naviy bo‘lishi mumkin. Mantiqiy kontakt – bu pedagog va talaba fikrlarining kontakti. Psixologik kontakt talabalar diqqatini jamlash, ular tomonidan bayon qilinayotgan materialni tushunish va qabul qilish, o‘qituvchi faoliyati va undan kelayotgan axborotga javob tariqasida ichki fikrlash va emotsional faollikdan iborat bo‘ladi. Ma’naviy kontakt talaba va pedagogning hamkorligini ta’minlaydi. Ushbu kontakt amalga oshmasa, masalan, konfliktlar sharoitida, bilish-o‘rganish jarayoni qiyinlashadi, yoki umuman sodir bo‘lmasligi mumkin.
Auditoriya lektorni butun diqqatini jamlagan holda va ishga to‘liq tayyorlik, u bilan birga fikrlash bilan yoki oldindan ma’ruza o‘ta zerikarli, darslikni to‘lig‘icha so‘zlab berishdan iborat bo‘lishini sezib befarqlik bilan kutib oladi. Ba’zida auditoriya sabr qilish, ko‘pincha esa predmet va lektorga nisbatan salbiy kayfiyatda bo‘lish pozitsiyasini egallaydi.
Agar o‘qituvchi auditoriyaga kirgach talabalarni «ko‘rmasa», ular bilan kontakt o‘rnatishga harakat qilmasa, ularning darsga qanday tayyorgarlik ko‘rganligiga e’tibor bermasa, unga mavzu va rejani aytmasa, u holda talabalar qanday qilib predmetga qiziqishlari va jiddiy ishga o‘zlarini sozlashlari mumkin.
Ba’zi lektorlarning auditoriya oldida o‘zlarining «intellektual jihatdan ustunligini» ko‘rsatishga urinishlari, materialni murakkab tilda bayon qilishlari metodik jihatdan asossiz hisoblanadi. Xuddi shunday ma’ruza tilini haddan tashqari soddalashtirish ham maqsadga muvofiq emas.
Pedagogning predmet mohiyatini bilishi, o‘zi shug‘ullanadigan ilm-fan taraqqiyotining dialektik asoslarini tushunishi – zaruriy bo‘lib, o‘quv jarayonining samarador bo‘lishi uchun yetarli emasdir. O‘qituvchi o‘z tinglovchilariga ilgari surilayotgan nazariy bilimlarning haqqoniyligini ko‘rsata olish uquvlariga ega bo‘lishi, olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llashga o‘rgatishi shart.
Ma’ruza odatda lektor tomonidan jonli nutq ko‘rinishida bayon qilinadi. Ma’ruzani xotirjam, sal balandoq ovozda bayon qilish, tovush balandligini o‘zgartirib, asosiy va ahamiyatlilarni ta’kidlab, xulosa qilish, savollar berish, muammolar qo‘yish chog‘ida nutqni pastlatish tavsiya qilinadi. Shunday qoida mavjud: «ma’ruzalarni yetarlicha baland ovozda o‘qish kerakki, uni eshitishsin, va shu bilan bir vaqtda yetarlicha past o‘qish lozimki, toki uni tinglashsin». Masalan, daqiqasiga 60-80 so‘z o‘qish surati normal hisoblanadi.
Ma’lumki, ma’ruzaviy o‘qitish fikrlarning aniq va ixchamligini, nutqning ifodaliligini, so‘zsiz uning til va imlo jihatdan to‘g‘riligini talab qiladi. Ma’ruzada nutqqa e’tiborsizlik va uni kerak bo‘lmagan kirish so‘zlari, jargonlar, vulgarizm bilan bulg‘alashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar lektor formal logika va uni uquvli qo‘llash qoidalarini bilsa, materialni taqdim qilishi shuncha muvaffaqiyatli bo‘ladi. Logikada isbotlanishi lozim bo‘lgan har bir fikr-mulohaza ma’lum qonunlarga bo‘ysunadi. U aniq-ravshan bo‘lishi, ikki xil ma’noga ega bo‘lmasligi va butun isbotlash jarayonida o‘zgarmasdan shakllantirilishi zarur.
Ma’ruzada materialni bayon qilish jarayonida ilg‘ab olish ehtimoliy xarakterga ega: odatda, tinglovchi gapning nima bilan tugashini oldindan topish maqsadida gapiruvchidan fikran oldinga ketib qoladi. Biroq muntazam ravishda oldindan uqib olish tinglovchining diqqatini susaytiradi. Har bir matn - axborot (taxminan 30%) va to‘yingan, zich qismdan iborat bo‘ladi. To‘yinganlik barqarorlikni va uqib olishning ishonchliligini ta’minlaydi. Aynan bitta ma’ruzaning har bir auditoriya uchun to‘yinganlik va informativlik nisbati turlicha bo‘lishini mutaxassislar aniqlashdi. Og‘zaki chiqishlar uchun 1:3 nisbat optimal bo‘ladi. Agar butun matn to‘yingan bo‘lsa, xabar ma’nosi yo‘qoladi.
Ma’ruzaning tabiiy dinamikasi to‘rtta fazani o‘z ichiga oladi (5.1.-rasm): boshlang‘ich qabul qilish – 4-5 daq (1); qabul qilishning optimal faolligi – 25-30 daq (2); zo‘riqish fazasi – 10-15 daq (3); sezilarli charchash fazasi (4).
Odatda pedagog oxirigi fazani sezadi, bu noto‘g‘ri. Chorani oldinroq - zo‘riqish fazasida ko‘rish zarur. Bu yerda ma’ruza materialini xilma-xillashtirish, yuqori qiziqish uyg‘otadigan materialga o‘tish, tinglovchilarning zo‘riqish darajasini o‘zgartirish zarur. Manfaatdorlik va ishonch muhiti bo‘lmagan joyda zo‘riqish va charchash fazalari oldinroq hosil bo‘ladi. Zerikarli va bir xildagi ma’ruzalar talabalarning fikriy faoliyatlarini so‘ngdirib qo‘yadi.
Juda murakkab, abstrakt predmet bo‘yicha ma’ruzada ozgina yumor, lektorning mazmunga mos ravishda hazil-mutoibalariga yo‘l qo‘yiladi. Biroq o‘tkir fikrlar va hazillar me’yorida bo‘lishi va ularni mohirona tortiq qilish talab qilinadi. Ularning ortiqcha bo‘lishi qarama-qarshilikka olib keladi va ma’ruza o‘zining ilmiy qimmatini osongina yo‘qotib qo‘yishi mumkin.
Yaxshi lektor, go‘zal nutq sohibi bo‘lishni istagan har bir pedagog uchun notiqlik san’ati muhim ahamiyat kasb etadi. Oliy maktab ma’ruzasida o‘qituvchi shaxsan goh u, goh bu talabaga va hammaga murojat qilgandek butun auditoriyaga qarashi kerak.
Lektorning pedagogik va psixologik sifatlari to‘g‘risida gapirganda irodasini rivojlantirish va auditoriyani o‘ziga bo‘ysundirish uquvlariga e’tiborni qaratish zarur. Avval o‘zini auditoriyadan qo‘rqmaslikka majbur qilish kerak. Yaxshi tayyorgarlik ko‘rilganda bu odatga aylanib qoladi, so‘ngra o‘z bilimlariga ishonch hosil qilinadi, bu esa auditoriyaga ta’sir qilishning eng muhim shartidir.
Barcha aytilganlarga shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, ya’ni lektor o‘z harakatlarida siqilgan bo‘lishi kerak emas, biroq ortiqcha yarashmagan yoki teatrlashgan jestlarga berilmasligi lozim. Tinglovchilar lektordagi osoyishta hulq, uning ixchamligi, undagi ishonch va soddalikni qadrlashadi.
Lektor auditoriyani har doim kuzatib borishi zarur, barcha tinglovchilarni ko‘z qiri ostida ushlashi, auditoriyani diqqat bilan eshitishi va tinglashi, har qanday chalg‘ituvchi holatlarda zarur muhitni tiklab olishi talab qilinadi.
Lektor hammaning ko‘z o‘ngida bo‘ladi, shuning uchun uning tashqi qiyofasi ham muhim ahamiyat kasb etadi. U auditoriya tomonidan jismoniy, funksional va ijtimoiy belgilarning majmuasi sifatida qabul qilinadi. Lektor qiyofasidagi biror narsa talabalar diqqatini o‘ziga jalb qilishi (kiyimi, soch turmagi, zeb-ziynatlari), ortiqcha qiziqish, hayrat va kulgi uyg‘otmasligi kerak. Talabalar auditoriyasi oldida lektor o‘zini qanday tutishi lozimligi to‘g‘risidagi quyidagi qoidalarni bilib qo‘yish foydadan holi bo‘lmaydi:

  1. Lektorning pedantik intizomi. Ma’ruzaning aniq boshi va oxirini yashiradigan har qanday sabablarni butunlay yo‘qotish kerak. Ma’ruza – kasb ta’limi pedagogi hayotidagi eng muhim narsadir.

  2. O‘z-o‘ziga nisbatan o‘ta talabchanlik. Lektor har doim quyidagilarga rioya qilishi lozim:

- doskada yozish texnikasiga – yozuvlarning izchil va aniqligi, yaxshi mel va h.k.;
- ma’ruza tilining to‘g‘riligi va qat’iyligi – jargon so‘zlardan qochish, urg‘ularni to‘g‘ri qo‘yish va h.k;
- auditoriyani doimiy kuzatish va uni his qilish;
- talabalar uchun juda muhim bo‘lgan «Bu nima uchun kerak?» degan savolga javobni hozirlab qo‘yish;
- lektor o‘zi yaxshi bilmagan predmetlarni auditoriya oldida muhokama qilmasligi;
- lektor o‘zi ishonmaydigan va hayotda bajarmaydigan shior va saboqlar bilan ma’ruzani bezamasligi;
- talabalarning ichki dunyosini boyitib, auditoriyaga dam berish;
- talabalar auditoriyasi oldida o‘zini yuqori tutib, kekayish kerak emas.
Ma’ruza bu pedagog va talabalarning jamoaviy yo‘nalgan tafakkuri va asosiy masala – ushbu tafakkurni faol va mahsuldor qilish. Bunga pedagogning bilimi, tajribasi va pedagogik mahoratiga bog‘liq bo‘lgan interfaol ma’ruzalar o‘qish jarayonida erishiladi.



Download 107.62 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling