Mavzu: O`zbek davlatchiligi tarixi faniga kirish
Davlat boshqaruvining tarixiy ildizlari
Download 190.73 Kb. Pdf ko'rish
|
1 ma\'ruza
Davlat boshqaruvining tarixiy ildizlari. İlk davlatchilik tarixi bo`yicha
tadqiqotlar olib boruvchi aksariyat olimlarning e`tirof etishicha, O’rta Osiyoda ilk davlatchilik asoslarini bronza (mil.avv. III-II m.y.) davridagi sug`orma dehqonchilikning rivojlanishi va ixtisoslashgan hunarmandchilik xo`jaliklari tashkil etgan edi. Shuningdek ilk davlatchilikning tarixiy ildizlari faqat ichki sabablargagina bog`liq bo`lmay, balki qadimgi Sharqdagi yuksak darajada rivojlangan an`anaviy tarixiy-madaniy aloqalarga ham bog`liq bo`lgan. Arxeologik tadqiqotlar natijasida topilgan yuqori sifatli moddiy madaniyat buyumlari o`zaro aloqalardagi mavjud texnologik va iqtisodiy ta`sirni ko`rsatadi. Tadqiqotlar shuni ko`rsatadiki, yuzlab ming yilliklarni o`z ichiga qamragan insoniyat tarixida dastlabki davlatlarning paydo bo`lishi – nisbatan ancha kech yuz bergan jarayondir. Davlatchilik tarixi insoniyat tsivilizatsiyasining so`nggi 5 ming yili bilan bog`lanadi. İlk davlatlar o`z rivojlanish bosqichlarida turli xususiyatlar va tarixiy qonuniyatlariga ega bo`lib, ilk davlatlar xo`jalikning ishlab chiqaruvchi shakllari – dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik qaerda oldinroq rivojlangan bo`lsa, o`sha erda paydo bo`lgan. Xo`jalik ishlab chiqaruvchi shakllarning taraqqiyoti aholi joylashuvi, hududlarning kengayishi va tashqi aloqalarning rivojlanishiga olib kelgan. Shu tariqa aholining aralash joylashuvi jarayoni boshlanib, bir hududda turli urug` vakillari yashaydigan bo`lgan, ya`ni qarindosh-urug`chilik jamoasi o`rniga hududiy qo`shnilchilik jamoalari paydo bo`lgan. Bu jamoalar vakillari alohida qishloqlar, ekinzorlar va sug`orish tarmoqlari bilan chegaralangan bo`lib, ular to`la o`zlashtirilgan va doimiy xo`jalik hamda ishlab chiqarish maqsadlarida foydalanib kelingan voha-tumanlarda yashaganlar. Ular o`z ichki va tashqi munosabatlarida kelib chiqadigan muammolarni hal qilishda birlashishga harakat qilganlar. Jamoalardagi ishlab chiqarish va ijtimoiy mehnat taqsimoti, tashqi harbiy bosqinlardan himoyalanish, diniy urf-odatlarni bajarish kabi masalalar ijtimoiy mansablar hamda boshqaruvning paydo bo`lishiga asos solgan. Olimlarning tadqiqotlari shuni ko`rsatadiki, miloddan avvalgi 1 ming yillikning boshlari O’rta Osiyo tarixiy-madaniy viloyatlari (Baqtriya, Sug`d, Xorazm) jamoalaridagi asosiy ishlab chiqaruvchi kuchlar bir necha kichik oilalardan tashkil topgan uy jamoalari (katta oila vakillari)dan iborat bo`lgan. Ushbu uy jamoalarining boshqaruv tartibida katta oilalar boshliqlar yoki uy egalari, shuningdek, alohida qishloq qo`rg`onlarini boshqaruvchi jamoalar muhim ahamiyatga ega bo`lgan. Bu jarayonda alohida uylar o`rtasidagi qarindoshchilik munosabatlari kabi belgilar ikkinchi darajali bo`lib borgan. Bu shunda ko`rinadiki, har bir katta oila mumkin bo`lgan qarindoshchilik aloqalariga qaramasdan, alohida xususiy mulkka, o`z uy-joyiga, ishlab chiqarish qurollariga, qishloq xo`jaligi mahsulotlari va chorva mollariga ega bo`lganlar, bir so`z bilan aytganda, ular o`zlarini iqtisodiy jihatdan ta`minlay oladigan xo`jaliklarni aks ettirganlar. Ushbu xo`jaliklarda mansablarni egallash, jamoa ishlab chiqarish ishlari va ijtimoiy mehnat taqsimoti bilan bog`liq bo`lgan. Boshqaruv faoliyati zarurati ishlab chiqarishni takomillashtirish, ishlab chiqarish jarayonini nazorat qilish hamda jamoa mahsulotini taqsimlash kabi ishlar bilan maxsus shug`ullanuvchi ayrim shaxslarni yuzaga chiqargan. Shu tariqa ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar taraqqiyoti jamiyatda o`z obro`-e`tiboriga ega bo`lgan, faqat ijtimoiy ishlab chiqarish bilan shug`ullanmasdan, ijtimoiy va xo`jalik hayotini nazorat qiladigan hamda boshqaradigan shaxslarning saralanishiga olib kelgan. Bunday odamlar o`zlarining shaxsiy axloqiy xislatlari, amaliy bilimlari va nufuzlari bilan boshqalardan ajralib turganlar. Aynan shu asosda ishlab chiqarish faoliyatidan tashkiliy-boshqaruv faoliyati ajralib chiqqan. Qadimgi jamoalarda rahbar – yo`lboshchining nufuzi yuqori bo`lsa-da, o`sha davrlarda boshqaruv yutuqlariga asoslangan ijtimoiy hokimiyat siyosiy davlat maqomi darajasiga etmagan ijtimoiy tashkilot turini o`zida ifoda etgan. Moddiy boyliklarni taqsimlash hamda jamoa mahsulotidan olinadigan ulush bunday tashkilot boshqaruvchisi lavozimidagi shaxslarning o`rni va amaliga bog`liq bo`lgan. Shu tariqa yo`lboshchi rahbarning dastlabki ijtimoiy foydali faoliyati kasbiy boshqaruvchilikka aylangan. A.S.Sagdullaev tadqiqotlariga ko`ra, boshqaruvning paydo bo`lish asoslari quyidagilardan iborat: ishlab chiqarish va ijtimoiy mehnat taqsimoti, tashqi harbiy bosqinlardan himoyalanish zarurati, jamoadagi mavjud urf-odatlarni bajarish, jamiyatning ijtimoiy-amaliy vazifalar jihatdan bo`linishi. Olimning ta`kidlashicha, eng qadimgi davrlardan boshlab to bugungi kungacha quyidagi boshqaruv vazifalari ustivor bo`lib kelmoqda: tashkil qilish, tartibga solish, nazorat, jamiyatning ichki va tashqi murakkabliklarini boshqarib turish. Qadimgi boshqaruv tizimining birinchi bosqichi quyidagi funktsiyalar bilan bog`liq holda amalga oshirilgan: iqtisodiy, jtimoiy, harbiy-siyosiy, hududiy. Download 190.73 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling