Tuproq eroziyasi turlari va ularni oldini olish choralari
Eroziya deganda togʼ jinslari va tuproqning suv va shamol taʼsirida yemirilishi tushuniladi. Yer yuzida yemirilish doimo yigʼilish (akkumulyatsiya) bilan bogʼliq boʼladi. Odatda yemirilish va yigʼilish iqlimga, tuproq va ona jins xossalariga, yer yuzining nishabligiga, oʼsimlik dunyosining tarkibiga, yerdan foydalanish tartibi va usullariga bogʼliq boʼladi. Tuproq unumdor qatlamining suv va shamol taʼsirida yemirilishiga tuproq eroziyasi deyiladi.Tuproq eroziya ikki xil boʼladi: suv va shamol eroziyasi.Shamol eroziyasini – deflyatsiya deb ataladi. Eroziya va deflyatsiya inson ishtirokisiz sodir boʼlsa, “tabiiy” yoki “geologik” eroziya deyiladi. Inson taʼsiri natijasida (yerga notoʼgʼri ishlov berish, sugʼorish va boshqalar) sodir boʼladigan eroziya “antropogen” eroziya deyiladi.
Suv eroziyasining asosiy mohiyati maʼlum sathga kelayotgan (yomgʼir sugʼorish) suv miqdorining shimilayotgan suvdan ortiq boʼlishidir. Natijada suv nishablik boʼyicha harakatlanadi va tuproq zarrachalarini bir yerdan ikkinchi yerga koʼchiradi. Suv harakati odatda nishablik 1° dan ortiq boʼlgan maydonlarda boshlanadi. Suv eroziyasining jadalligi relefga, iqlimga, tuproq va jinslarning tarkibi va tuzilishiga, oʼsimliklarning tarkibi va qalinligiga bogʼliq boʼladi. Sugʼoriladigan dehqonchilik mintaqasida suv eroziyasi inson faoliyati bilan bogʼliq boʼladi.Suv eroziyasining shakllanishida yuza oqimi mavjud boʼlishi shart. Suv eroziyasida yuza oqimining 3 turi – yomgʼir suvi oqimi, erigan qor suvi oqimi, sugʼorishda beriladigan suv oqimi ishtirok etadi. Shunga qarab yomgʼir eroziyasi, qor erigan vaqtdagi eroziya va sugʼorish (irrigatsiya) eroziyasi sodir boʼladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |