Mavzu. Siyosatshunoslik fani predmeti, maqsad va vazifalari


Hokimiyat tushunchasiga oid yondashuvlar


Download 0.89 Mb.
bet36/118
Sana18.10.2023
Hajmi0.89 Mb.
#1707669
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   ...   118
Bog'liq
Mavzu. Siyosatshunoslik fani predmeti, maqsad va vazifalari

Hokimiyat tushunchasiga oid yondashuvlar
Hokimiyat tushunchasi siyosiy fan kategoriyalari tizimida markaziy o‘rinni egallaydi. Energiya tushunchasi fizikada, pul tushunchasi iqtisodiy nazariyada qanday o‘rinni egallasa, bu tushuncha ham siyosiy fanda xuddi shunday o‘rinni egallaydi. Biz quyida hokimiyat tushunchasiga oid eng muhim yondashuvlarni ko‘rib chiqamiz.
1. Hokimiyatning eng ko‘p tarqalgan ta’riflaridan biri - pozitiv-sotsiologik talqindir (nemis faylasufi va sotsiologi M. Veber). Bu talqinda hokimiyat biror individning muayyan ijtimoiy sharoitda boshqa individga o‘zining irodasini o‘tkazish qobiliyati sifatida tushuniladi. Hokimiyat munosabatlarining asosini o‘zaro ta’sir doirasiga kiritish munosabatlari tashkil etadi. Bunday munosabatlar hokimiyat sub’ekti va ob’ekti o‘rtasida qaror topadi.
2. Hokimiyatning teologik (diniy nuqtai-nazaridan) talqini (B. Rassel). Bu talqinda hokimiyat muayyan mavsadga erishish, ko‘zda tutilgan natijalarga ega bo‘lishning diniy yoki ilohiy nuqtai-eazaridan tafsiflanadi. Qisqa qilib aytganda, hokimiyat- bu ko‘zlangan maqsadlarini ro‘yobga chiqarishdan iboratdir.Teologik ta’rifda hokimiyat keng ma’noda talqin etiladi. Bunda hokimiyat nafaqat kishilar o‘rtasidagi munosabatlarning, balki insonning atrof-muhit bilan, xudo bilan o‘zaro munosabatlarini ham o‘z ichiga oladi.
3. Bixevioristik talqin. Bu talqinda hokimiyat sub’ekt xulq-atvorining maxsus turi sifatida olib qaraladi. Bunda birovlar buyuradilar, boshqalar bo‘ysunadilar.Bixevioristik yondashuv hokimiyatni tushinishni individuallashtiradi, uni real shaxslarning o‘zaro harakatlaridan iborat deb qaraydi.Hokimiyatning keng tarqalgan bixevioristik talqinini G. Lassuel taklif etgan. U hokimiyatning paydo bo‘lishi uchun dastlabki impulslarni individga insonga xos bo‘lgan hokimiyatga intilishlik (iroda) va “siyosiy energiyaga” egalik qilishlik beradi, deb hisoblaydi. Inson hokimiyatda hayotni yaxshilash: boylik, obro‘ orttirish, erkinlikka, xavfsizlikka va hokazolarga erishish vositalarini ko‘radi.
4. Hokimiyatning psixologik talqini ( Z. Freyd, K.Gustav YUng, K. Xorni). Bu talqin hokimiyatni real individlarning xulq-atvori sifatidagi bixevoristik tushunishidan kelib chiqib, ushbu xulq-atvorning sub’ektiv tomonini, kishilar ongi va ruhiyatida ildiz otgan hokimiyatning manbaini ochib tashlashga harakat qiladi. Bu xildagi eng ko‘zga ko‘ringan yo‘nalishlardan biri- psixoanalizdir. U hokimiyatga intilishni va, ayniqsa, uni egallashni jismoniy yoki ma’naviy zaiflikni sub’ektiv kompensatsiya qilish vazifasini bajaradigan psixik energiya sifatida talqin etadi. Hokimiyat irodalarning o‘zaro harakati- birovlarni bo‘ysunishga, boshqa birovlarning “Ixtiyoriy qo‘shilishga” tayyorgarligi sifatida vujudga keladi
5. Hokimiyatning tizimli talqini. Bu talqin hokimiyatning bixevoristik va psixologik ta’riflaridan farq qiladi. Agar bu ikki yo‘nalish real kuzatishlarga tayanib hokimiyatni tushunishda quyidan yuqoriga, individlardan jamiyatga qarab borishni talab qilsa, tizimli usul esa hokimiyatni individual munosabatlardan emas, balki sotsial tizimdan hosil bo‘lganligidan kelib chiqadi. U hokimiyatni tizimli qabul qilgan jamoa maqsadlarini ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan majburiyatlarni uning elementlari tomonidan bajarilishini ta’minlash qobiliyati sifatida olib qaraydi.
6. Hokimiyatning tuzilmaviy-funksional talqini (Amerika sotsiologi T. Parsons). Bu talqin hokimiyatni keng bo‘lmagan sub’ektlarning munosabati, sotsial tashkilotning xususiyati sifatida, insonlar birligining o‘zini o‘zi tashkil etish, uyushtirish, safarbar qilish uslublari sifatida olib qaraydi. Insonning jamoa bo‘lib yashashini, ko‘p kishilarning birgalikdagi hayotini hokimiyatsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Jamiyat turli elementlardan iborat bo‘lgan yaxlitlikdir. Uning o‘zi quyidan yuqoriga qarab tuziladi, boshqaradigan va ijro etuvchi sotsial rollarni tabaqalashtiradi. Hokimiyat- bu resurslarni, ta’sir ko‘rsatish vositalarini safarbar qilishga imkon beruvchi sotsial maqomlar, rollarning xususiyatidan iboratdir.
7. Relyasion (fr.- munosabat) ta’rif. Bu ta’rif hokimiyatni ikki sherik o‘rtasidagi munosabat sifatida olib qaraydi. Bunda ulardan biri ikkinchisiga belgilovchi ta’sir o‘tkazadi. Bu holda hokimiyat uning sub’ekti va ob’ektining o‘zaro harakati sifatida namoyon bo‘ladi, sub’ekt muayyan vositalar yordamida ob’ektni nazorat qiladi.
Sharqona talqin (Kuntszi) bo‘yicha, hokimiyat davlatda mujassam, davlat hokimityati ota hokimiyatiga, hukmdor va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarga tengdir.
Hukmdorning otalarcha g‘amxo‘rligi, fuqarolarning farzandlik mehr-muhabbati-hokimiyatining asosiy tamoyilidir. Bu tamoyilning buzilishi hokimiyatning emirilishi, jamiyatda tartibsizlik, beqarorlikning hukmronligi demakdir. Mazkur talqinga binoan, hukmdor-mamlakat, el-yurt xalqning otasidir. Uning muqaddas burchi—mamlakatga otalik qilish, ya’ni xalqni to‘g‘ri yo’lga boshlash va yomon yo’ldan qaytarish, Vatanning farovonligini, tinch- totuvligini, osoyishtaligini ta’minlashdir. Xalq esa, hukmdorning farzandi va tayanchidir. U farzandlik burchini bajarishi, ya’ni hukmdorning ishonchini oqlashi, mas’uliyatli bo‘lishi, buyruqlarga, ko‘rsatmalariga so‘zsiz itoat etishi va uni bajarishi zarur.
Islomiy talqinga ko‘ra, butun borliqdagi eng oliy hokimiyat Alloh taologa tegishlidir. Undan boshqa 18 ming olamda oliy hokimiyatga ega bo‘lgan zot yo’q.
Allohning irodasiga osmonlar-u erdagi barcha narsalar, hukmdorlar ham, fuqarolar ham so‘zsiz buysunadi. Har bir inson, jamiyatda tutgan o‘rnidan qat’iy nazar, barcha yaxshiy-u yomon ishlari uchun yaratuvchi oldida javobgardir.
Allohning yo’rig‘iga amal qilgan kishilar bu dunyo-yu u dunyoda saodatmand bo‘ladi, uning irodasiga bo‘ysunmay, haddan oshib, havoi nafsga berilib yurganlar esa, bu dunyoda g‘azabga uchrab, xor—zor bo‘ladi, u dunyoda azob- uqubatga duchor bo‘ladi. Mazkur talqinga ko‘ra, hukmdor—Allohning yerdagi soyasidir. Uning vazifasi Alloh xohish —irodasining aniq ado etilishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishdan, uning yo’l- yo’rig‘ni joriy etishdan iboratdir.
Har bir mo‘min musulmon—Allohning bandasidir. Uning vazifasi—Alloh, uning Rasuliga va o‘z rahbarlariga itoat qilishdir. Dunyoviy hokimiyat —Alloh taolo ko‘rsatgan hidoyat yo’lidan boruvchi, u man etgan hodisalar—zalolat, razolat, nohaqlik, tartibsizlik, yovuzlik, tubanlik, munofiqlik bilan kurashuvchi va tinchlik, osoyishtalikni, farovonlikni ta’minlovchi vositadir.
Ammo, jamiyatlar rivojlanishi bilan hokimiyat tabiati, mazmuni, talqinlari ham o‘zgarib bordi. Hokimiyat ilohiy emas, ijtimoiy hodisa sifatida qarala boshlandi.
Yevropada shakllangan zamonaviy siyosiy tizimlarning rivoji, hokimiyat mazmuni va shakllarida katta o‘zgarishlar yuz berishiga olib keldi. G‘arb ijtimoiy tizimlarida hokimiyat, xususan, siyosiy hokimiyat eng oliy ijtimoiy qadriyat darajasiga ko‘tariladi. Natijada, bu davrda, yashab ijod etgan jamiyatshunos olimlarning ko‘pchiligi-hokimiyatni ta’riflashga uringanlar.
N.Makiavelli hokimiyat deganda, davlat hokimiyatini tushunadi. Uningcha, hukumatning o‘z fuqarolarini boshqara olish qobiliyati-hokimiyat bo‘lib, davlat, siyosatning maqsadi-barcha vositalar bilan hokimiyatni kuchaytirishdir. "Hokimiyatning quroli hukmronlikdir, hokimiyatning asosi" yaxshi «qonunlar» va "yaxshi qo‘shindir". Hokimiyat odamlar ehtiroslarini tinglovchi va ularda fuqarolik sifatlarini tarbiyalovchi kuchdir.
T. Gobbs hokimiyatni birinchi marta tushuncha sifatida ta’riflashga uringan. "Inson hokimiyati, - deb yozadi u,- kelajakda qandaydir imtiyoz, foydaga erishish uchun undagi hozir mavjud vositalardir.
Keyingi bosqich—M.Veber. Uning tahlilida hokimiyat tushunchasi zamonaviy aniqlikka ega bo‘ldi. Veberda hokimiyat "Aktor ijtimoiy munosabatda, qarshilikka qaramay, o‘z irodasini amalga oshirish ehtimoli, bu ehtimol nimaga asoslanishidan qat’iy nazar". Veber ta’rifida hokimiyatning uch eng muhim sifati ko‘rsatiladi: 1) hokimiyat individlarga xos xususiyat emas, ular o‘rtasidagi munosabatlar doirasida mavjud; 2) hokimiyat imkoniyat, ehtimollik terminlarida ta’riflanishi kerak; 3) hokimiyatning asosini hamma narsa, xususiyat yoki munosabat tashkil etishi mumkin. Gobbs kabi M.Veber ham hokimiyatni individlar o‘rtasidagi (ammo guruhlar yoki jamoalar o‘rtasidagi emas) atayin assimetrik (tengsizlik asosidagi) munosabat, deb tushunadi. Avtoritetdan farq qilib, hokimiyat ijtimoiy mavqelar yoki rollar bilan emas, individlarning shaxsiy sifatlari bilan bog‘liq. Ammo, Veber hokimiyat tushunchasini mavhum hisoblab, ko‘proq hukmronlik terminini ishlatishni ma’qul ko‘rgan.
Hokimiyatning zamonaviy nazariy tahlilida ikki asosiy an’ana yaqqol ko‘zga tashlanadi:
Birinchisi, hokimiyatning guruh konsepsiyasi (Dj. Skott atamasi) yoki "realizm an’anasi" (R.Dal atamasi), deb atalishi mumkin. U ibtidosini T.Gobbs, M.Veberdan olib, X.Lassuel va E.Keplen, R.Dal, D.Kartrayt, S.Loks, E.Giddens v.h.lar tadqiqotlarida namoyon bo‘lgan. Ular hokimiyatni individlar o‘rtasidagi mavjud yoki bo‘lishi mumkin bo‘lgan ixtilofni o‘z ichiga oluvchi tengsizlik munosabati deb baholashadi. Hokimiyat shunday ta’sir doirasida vujudga keladiki, unda subektlardan biri ikkinchisiga uning qarshiligiga qaramay ta’sir eta olish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Hokimiyat kimdandir ustunlik, "nol miqdori" munosabati sifatida ta’riflanadi. ("Nol miqdori" qaysidir individ va guruhlar hokimiyatining ortishi boshqa individlar va guruqlar hokimiyatining kamayishini anglatadi).
Ikkinchi an’ana hokimiyatning noguruhiy konsepsiyasi —"nol miqdori" g‘oyasini inkor etadi va hokimiyat barchaning foydasiga xizmat qila olishidan kelib chiqadi. Bunda hokimiyat butun jamoaga tegishli manba, butun jamoaning biron foydaga erishishi qobiliyati sifatida qaraladi. Hokimiyatning legitim xarakteri uning alohida individlar, guruhga emas, butun jamiyatga tegishli ekanligida, deb ta’kidlanadi. Bu qarashlarning ibtidosini biz Aflotun, Arastuda uchratsak, zamonaviy mualliflardan T.Parsons, X.Arendt va qaysidir darajada M.Fukolarni shu nazariya tarafdorlari, deb ayta olamiz.
Bunday tahlil asosida Parsons hokimiyatni an’anaviy ta’riflardan ancha farqli usulda ta’riflaydi. Hokimiyat aktorlar yoki munosabatlar xususiyati emas, tizimlarning xususiyati (resursi) sifatida ta’riflanadi. Hokimiyat "tizim elementlari o‘z burchlarini bajarishlarini ta’minlashga bo‘lgan umumiy qobiliyat bo‘lib, kollektiv maqsadlarga erishishga intilgani uchun legitimlashadi va itoat etilmagan hollarda sanksiyalar qo‘llashni nazarda tutadi, boshqarish vositalarini xarakterlaydi. Ular bir funksiyani bildirganlari uchun sinonim sifatida qo‘llanishlari mumkin, lekin mohiyati jihatidan turli holatlarni ifodalaydilar. Ularni aralashtirish nafaqat "lingvistik karlikni" balki "siyosiy ko‘rlikni" ham, ya’ni siyosiy jarayonlarni aks ettirishdagi "ko‘rlikni" anglatadi. Negaki, bunda asosiy siyosiy masala — "kim kimni boshqarayapti?" degan savol bo‘lib qoladi. Uning fikricha bu, bosh masala emas.
Parsonsdan farqlicha, Arendt hokimiyat va zo‘rlikni aniq farqlaydi: zo‘rlik-mohiyatiga ko‘ra doimo erishayotgan maqsadlari orqali oqlashga muhtoj. Hokimiyat esa kelishuvga asoslangani uchun, oqlanishga emas, legitimlikka muhtoj. U nimagadir erishish vositasi emas. U umumiy iroda va ijtimoiy birlikni amal qilishini ta’minlaydi, zo‘rlik va hokimiyat ko‘pincha qo‘lma-qo‘l, yonma-yon kelishsa-da, ular bir-biriga qarama-qarshidir. Hokimiyat zo‘rlikka asoslanmaydi, aksincha zo‘rlik hokimiyatni emirishi mumkin, ammo yarata olmaydi. Bunday fikr mantig‘idan quyidagi xulosa kelib chiqqan: istibdodga asoslangan tuzum zo‘rlikka eng ko‘p suyangan va hokimiyatga eng kam darajada ega boshqaruv shakli.
Hokimiyatning mazmuni, mohiyati, chegaralariga doir bahs davomida hokimiyat "qiyofalari" haqida ham munozara yuritildi. Xususan, amerikalik politolog Robert Dal hokimiyatning bir o‘lchovli modelini yaratadi va unga "maqsadlar borasidagi ochiq ixtilof" sifatida qaraydi. Bu — hokimiyatning birinchi qiyofasi. Ya’ni siyosiy hokimiyat bir guruh indvidlarning ikkinchi (boshi) guruhga o‘z maqsad — manfaatlariga mos qarorlar qabul qilish orqali irodalarini o‘tkaza olishdir.
Boshqa amerikalik tadqiqotchilar P.Baxrax va M.Barat’slar hokimiyatning ikkinchi qiyofasi ham mavjudligini, u qarorlarni qabul qilmaslik vaziyatida namoyon bo‘lishini ta’kidladilar. Ya’ni o‘zi uchun xavfsiz muammolarni ommaviy muhokamaga kiritib, bunga xizmat qiluvchi qadriyatlar va institutlarni yaratadi va mustahkamlaydi. U buning uddasidan qay darajada chiqa olsa, shu darajada echimi manfaatlariga ziyon etkaza oladigan siyosiy hokimiyat sub’yektlariga davlat va uning institutlari, siyosiy elitalar, siyosiiy yyetakchilar, siyosiy partiyalar kiradi. Hokimiyat egalari sifatida subektlar bir qator belgilarga ega bo‘lishi kerak: hokimlik qilish istagi va o‘z zimmasiga mas’uliyatni ola bilish, bilim, imkoniyatlarni ishga sola bilish, avtoritetiga ega bo‘lish singari.
Demak, hokimiyat tushunchasi keng va xilma-xildir. Hokimiyatga quyidagicha ta’rif berish mumkin:
Hokimiyat - bu kishilar, ijtimoiy guruhlar hamda sinflarning faoliyatiga, xulq-atvoriga, harakatlariga iqtisodiy, siyosiy, g‘oyaviy, ijtimoiy mexanizmlar, shuningdek, kuch ishlatish, zo‘rlik qilish, ishontirish qobiliyatlari bilan ta’sir etuvchi faoliyatning alohida shaklidir.

Download 0.89 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   ...   118




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling