mavzu soat juftlik Markaziy osiyoda ta`lim-tarbiya masalalari Reja


Ta’lim-tarbiya rivojida o‘lka jadidlarining o‘rni


Download 72.86 Kb.
bet4/5
Sana18.10.2023
Hajmi72.86 Kb.
#1707778
1   2   3   4   5
Bog'liq
4-ma\'ruza matn Ta\'lim asoslari

3.Ta’lim-tarbiya rivojida o‘lka jadidlarining o‘rni
Bugungi mustaqilligimiz osonlikcha qo‘lga kiritilmaganligi va bu oliy ne’mat bizga kimlardir tomonidan hadya etilmaganligi barchamizga ayon. Chunki, bu yurt, bu xalq qadimdan yot-begonalarni qiziqtirib kelgan va ular doimo bu diyorga egalik qilishni orzu qilishgan. Tarixiy manbalar yana shundan dalolat beradiki, bu yurt, bu xalq hech qachon bosqinchilarga bosh egmagan, o‘z yurtini himoya qilgan, doimo ozodlik uchun kurashgan va unga erishgan ham. To‘g‘ri, bosqinchilik yurt rivojiga to‘sqinlik qilgan, uning moddiy-ma’naviy boyligi talangan. Xalqimiz o‘z kurashlari va bu kurashlardagi yutug‘i orqali mavjud merosni avaylab-asrashga, uni yana boyitishga harakat qilgan. Ozodlik uchun kurash davrlarida bu yurt, bu xalq jahonga o‘zining kim ekanligini ko‘rsata olgan. Bu diyordan chiqqan buyuk zotlar jahon fan va madaniyati beshigini tebratganlar.
Podsho Rossiyasining yurtimizga egaligi davrida xalqimiz boyliklarining talanishi, milliy va diniy qadriyatlarimizning toptalishi yuqori pog‘onaga ko‘tarildi.
Ana shunday murakkab jarayonda yurtimizning fidoyi ziyolilari siyosat maydoniga chiqdilar. Ularning xalqni ma’rifatli qilish va shu yo‘l orqali ozodlikka erishish yo‘li tarixda jadidchilik harakati nomini oldi.
Jadidchilik chor Rossiyasi mustamlakachiligiga qarshi milliy demokratik harakat bo‘lib, u o‘sha davr Turkistondagi qoloq ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sharoitda yashayotgan xalqlarni ma’rifatli qilish, jamiyat hayotida ijtimoiy va madaniy islohotlar o‘tkazish, pirovardida milliy mustaqillik g‘oyalarini hayotga tatbiq etish maqsadini o‘z oldiga qo‘ygan edi.
O‘lkamizda jadidchilik g‘oyalari XIX asrning 90-yillaridan yoyila boshlab, XX asrning 30-yillarigacha ijtimoiy-siyosiy hayotimizda muhim rol o‘ynadi. Tarixshunoslarning ta’kidlashicha, bu harakat quyidagi 3 boskichni bosib o‘tdi:
- XIX asr so‘ngidan 1915 yillargacha – ma’rifatchilik;
- 1915 yildan 1918 yil fevraligacha – muxtoriyatchilik;
- 1918 yil fevralidan 20-yillar oxirlarigacha – sovetlar davridagi faoliyat. Jadidlar xalq ma’rifati uchun quyidagi uch yunalishda dastur ishlab chiqib, uni amalga oshirishga kirishganlar:
- Yangi usul maktablari tarmog‘ini kengaytirish.
- Umidli, iqtidorli yoshlarni chet elga o‘qishga jo‘natish.
- Turli ma’rifiy jamiyatlar tuzish hamda ziyolilarning kuchli firqasini tashkil qilishga qaratilgan ro‘znomalarni chop etish.
Jadidchilik ma’rifatparvarlikdan kuchli siyosiy harakatgacha bo‘lgan murakkab rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi. Mustamlakachilik ostida ezilib kelgan xalq ommasining og‘ir ahvoli va Turkistonni jahonning iqtisodiy taraqqiy etgan mamlakatlaridan anchagina orqada qolib rivoj topmayotganligi kabi holatlar jadidlarni ijtimoiy taraqqiyot choralarini izlab topishga undadi. Vujudga kelgan vaziyatda ilg‘or musulmon ziyolilari mamlakat taraqqiyot darajasi orqadaligini, ijtimoiy va mustamlaka zulmining asosiy sababini avvalambor xalqning g‘aflatda qolganligi va ma’rifatsizligidan qidirdiki, bu kabi sabab va omillarni hukmron doiralar qo‘llab-quvvatlab turardilar. Shuning uchun ham pishib yetilgan muammolarni hal qilishning eng asosiy hal qiluvchi yo‘li deb maorif va ma’rifat ko‘zda tutildi. Buning oqibatida dastlab jadidlar diqqat e’tibori markazida maorifni isloh qilish vazifasi ko‘ndalang turdi. Ular bu islohotni amalga oshirishning zarur ekanligini nafaqat nazariy jihatdan asoslab berdilar, balki, yangi usulda o‘qitiladigan maktablar ochib, kutubxonalar, qiroatxonalar barpo etib, o‘quv qo‘llanmalarini yozib o‘z g‘oyalarini amalda qo‘llash yo‘lida ulkan ishlar qildilar.
Turkiston jadidlari o‘z dasturlarini hayotga tatbiq etib, yangi usul (jadid) maktablarini tashkil eta boshlaganlar. Dastlabki maktablar XIX asrnint 90-yillarida vujudga kelgan bo‘lib, ularda arifmetika, geografiya, tabiyot asoslari kabi dunyoviy fanlar o‘qitilgan.
Tarixshunos olima N.I.Alimovaning arxiv manbalariga suyanib guvohlik berishicha o‘lkada dastlabki jadid maktablari Farg‘ona viloyatida ochilgan. Jumladan, Qo‘qondagi 10 ta yangi usul maktabidan 4 tasi 1893-1900 yillarda faoliyat ko‘rsata boshlagan. Qo‘qondagi birinchi jadid maktabi 1893 yilda Mirayubboy mahallasida tashkil qilingan. Unda 100 nafar o‘quvchi bo‘lib, ularga o‘qituvchi Ahmadjon qori va uch nafar yordamchisi ta’lim berganligi haqida ma’lumot beriladi.
Andijonda 1910 yilning o‘zida 5 ta jadid maktabi tashkil topgan. Ularning eng yirigi Azim Qodirov ochgan jadid maktabi edi. Bu maktablar va ularning o‘quvchilaridan olingan imtihon natijalarining o‘lka madaniy hayotida kanday o‘rin tutganligini “Turkiston viloyati gazeti”da e’lon qilingan maqolaning quyidagi: “Eski maktablar usuli bilan jadid maktabining farqi ma’lum va ravshan bo‘ldi. Usuli jadid va eski maktablarni bir joyga bormoq uchun otash apoba bilan piyoda odamga misol qilsak bo‘ladi”1, deb yozilgan satrlaridan ham bilib olish mumkin.
Samarqandda 4 ta jadid maktabidan eng yirigi 1906 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga mashhur pedagog Abdulqodir Shakuriy asos solgan. A.M.Xudoyqulovning tadqiqotiga ko‘ra, bu maktab viloyatdagina emas, butun o‘lka uchun namunaviy maktab hisoblangan. O‘quvchilar boshqa fanlar qatori arifmetika, geografiya, tarix (Muhammad payg‘ambarimiz tarixi), arab, fors tillarini o‘rganishgan, xohlovchilarga rus tili darsi ham o‘tilgan, o‘quvchilar she’rlar va hikoyalar yodlashgan.
Sirdaryo viloyatida, jumladan, Toshkentda yangi usul maktablarini ochish harakati 1901 yildan boshlangan. Harakat tashabbuskori esa Munavvarqori Abdurashidxonov bo‘lgan. Shaharda 10 dan ortiq jadid maktabi faoliyat ko‘rsatgan.
Yangi usul maktablarida jadid o‘qituvchilar o‘z o‘quvchilariga mustaqillik g‘oyalarini singdirishga, ularning Vatan, millat haqidagi tushunchalarini shakllantirishga intilganlar. Bu intilishlarda, ayniqsa, maktablarda tashkil etilgan “Ma’lumoti nafiya” nomli suhbat soatlari muhim ahamiyat kasb etgan.
Jadid maktablari orasida Toshkentda 1908 yil 1 martda ta’sis qilingan Munavvarqori Abdurashidxonov maktabi faoliyati, ayniqsa, ibratlidir. Bu maktab dasturiga ko‘ra haftasiga 30 soat dars o‘tilgan. O‘qish va yozuv darslari M. Abdurashidxonovning “Adibi-avval”, “Adibi-Soniy”, “Xavoyiji diniya”, “Adabiyoti Daxrun najad”, “Tajvid” kitoblari, “So‘fi Olloyor”, “Tarixi anbiyo” (Xanafiy kitobi), “Hisob masalasi”, “Dunyo ma’lumoti” kabi darsliklar asosida olib borilgan. Bundan tashqari “Muxtasar jug‘rofiya”, “Kur’on”, “Ahloq darsi” (Nasihat), arab tili (Durus shifahiya) fors tili (Jomaul xikoyat) darslari ham o‘tilgan.
O‘quv dasturidan ko‘rinib turibdiki, o‘tilgan darslarning uchdan bir qismi diniy va uchdan ikki qismi dunyoviy fanlardir. Boshlang‘ich 4 yillik jadid maktabida 5-6 yil eski maktabda o‘qitilgan asosiy diniy fanlar o‘rganilgan va yana unga nisbatan ikki barobar ko‘p miqdordagi dunyoviy darslar o‘tilgan.
Jadidchilik harakatining yirik namoyandalari jadid maktablari uchun darsliklar yaratish borasida ham jonbozlik ko‘rsatganlar. Xususan, S.Aziziyning “Ustozi avval” (1903 y), Munavvarqorining “Adibi avval” (1907 y), Abdulla Avloniyning “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim” (1912 y) darsliklari e’tiborga molikdir.
Chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida Qoraqalpog‘iston hududida ham jadidlarning ma’rifatchilik harakati keng yoyildi. Ularning sa’y-harakatlari bilan 1907 yil To‘rtko‘lda “Xayriya jamiyati” tashkil etilib,jamiyat mablag‘i hisobiga To‘rtko‘l, Xo‘jayli Qo‘ng‘irotda, biroz keyinroq Chimboyda jadid maktablari tashkil etildi.
1917 yil arafasida Qoraqalpog‘istonda “Tote Oqqu” nomli (Bu maktablar xalq orasida shunday nom olgan) yangi usul maktabi ochildi. Uni tatar savdogarlari va mahalliy boylar taklif etgan tatarlar tashkil etgan edi.
1917 yilda bu hududda 3 ta yangi usul maktablari faoliyat yuritayotgan edi1. Maktab rahbarlari biz Xiva xonligi hududidagi tatarlarga xizmat qilayapmiz, deb Xiva xonini ishontirar, biz ruslarning tatarlariga xizmat qilayapmiz deb, general gubernatorlikni ishontirar edilar. Shu bois ham, Xo‘jayli, Qo‘ng‘irot va To‘rtko‘ldagi bu maktablar yangi usulda o‘qitishda bir qator yutuqlarga ham erishgan edi.
Biroq, podsho ma’muriyati jadidlarning ma’rifatchilik harakatlariga imkon qadar to‘siq qo‘yish, maktablar ochilishiga yo‘l qo‘ymaslik, faoliyat boshlaganlar ustidan qattiq nazorat o‘rnatishga astoydil bel bog‘lagan. Arxiv manbalarida ma’murlarning maktablarda dunyoviy, diniy fanlarni o‘qitish bilan birga aniq separatistik va tor millatchilik xususiyatidagi g‘oyalarni yoyish ishlari olib borilmoqda, bu maktablarga o‘zi bilganicha ish tutishga yo‘l berilsa, ular kelajakda faqat panislomizmgina emas, balki panturkizm makoni bo‘lib qolishi mumkin, degan mazmundagi yozishmalarining saqlanayotganligi ham ularning bu maktablarga qarshiligidan guvohlikdir.
Bu maktablar mahalliy xalq xohish-irodasi va istagi bilan ochilayotganligi sababli ham podsho ma’murlari ularni oshkora ta’qiqlash va yo‘q qilishga jur’at eta olmas edilar.
Jadidlar oktyabr to‘ntarishidan keyin ham ma’rifatchilik faoliyatini to‘xtatmadilar. Ular yangi tuzumda ham maorif sohasidagi ishlar ko‘ngildagidek yo‘lga qo‘yilmaganligini matbuotda ochiq aytib chiqdilar. “Bizning eng katta dardlarimizdan biri, jaholat dardidir. Boshimizga har balo kelsa, shu bilmasligimizdan keladir, - deb yozgan edi jadidchi Vadud Mahmud. - Biz har musht yesak, shu bilmasligimizdan yeymiz ... butun Turkistonimizda barmoq bilan ko‘rsata olurlik “bir maktabimiz” yo‘qdur ... biz tartiblik suratda o‘qituvchi chiqara olaturg‘on bir ilmiy muassasaga ega emasmiz; hozir hech bo‘lmasa ta’lim-tarbiya ishlariga rahbarlik qila olaturg‘on bir jurnalimiz yo‘q. Bizda yoshlar tarbiyasi muhim ...”.
Turkistonda sovet hokimiyati o‘rnatilgandan keyin ham maorif sohasidagi o‘zgarishlar sekinlik bilan bordi. Sovetlarning asosiy e’tibori qurilajak yangi jamiyatga xizmat qiluvchi maktablar ochishga qaratildi. O‘lkani har jihatdan rivojlantirish esa ularni qiziqtirmadi. Shu bois ham, 20 yillarning boshlarida o‘lkamiz jadidlari Buxoroda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi va Turkistonda Avtonom Sovet Respublikasi rahbarlaridan Fayzulla Xo‘jayev, Fitrat, Turor Risqulov va boshqalar o‘lkani so‘nggi asrda feodal xonlik va amirlik ham chor mustamlakachiligi asorati ostida kelib chiqqan umumiy iqtisodiy va madaniy qoloqlikdan qutqazish yo‘llarini izlay boshladilar. Taniqli tilshunos, adabiyotshunos olim Sh.Turdiyevning ta’kidlashicha, ular bu sohalarda taraqqiy etgan mamlakatlarning tajribasini o‘rganish va shu orqali Buxoro va Turkistonni kelgusida ozod va obod vatanga aylantirmoqchi bo‘ldilar. Buning uchun ular birinchi navbatda usha davrlarda bu sohalarda Gʻarbiy Yevropada eng taraqqiy etgan mamlakat hisoblangan Germaniya erishgan yutuqlar va tajribalarni o‘rganishni rejalashtirdilar. Bu bilan ular o‘z navbatida yana XX asr boshlarida Turkiston va Buxorodagi ilg‘or ma’rifatparvarlar – Mahmudxo‘ja Behbudiy, Hamza, Fitrat, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi jadid ziyolilarining mahalliy yoshlardan ilg‘or Sharq va Gʻarb mamlakatlariga talabalar yuborish va ularning bu sohadagi ilg‘or tajribalarini o‘rganish asosida o‘lkaning iqtisodiy, madaniy jihatdan qoloqlikdan qutqazish mumkinligi haqidagi ilg‘or g‘oyalarini ham hisobga olgan edilar. Natijada 1922 yillardan boshlab Germaniyaning Berlin, Drezden, Bonn, Xeydelberg, Darmshtadt kabi shaharlaridagi oliy va o‘rta maxsus maktablarda mashinasozlik, kimyo, to‘qimachilik sanoati, ziroatchilik, tibbiyot, tarix va falsafa, iqtisod va pedagogika, genetika, injenerlik bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun 60 yaqin eng iste’dodli yigit va qizlarimizni o‘qishga yubordilar. Ular orasida shu yillarda Saydali Xo‘ja Usmonov, Ahmad Shukriy, Sattor Jabbor, Ahmadjon va Abdumajid Ibrohimov, Abduvahob Ishoq (O‘qtoy), Toxir Shokir, Vali Qayum, Azimbek Berimjon kabi yigitlar bilan birga Maryam Sultonmurodova, Xayriniso Majidxonova, Saida Sheraxmat qizi, Shamsulbanot Idrisiy kabi bir qancha mahalliy o‘zbek va tatar qizlari ham bor edilar.
Talabalarni Germaniyaga olib borish va o‘qishga joylashtirishni Fayzulla Xo‘jayev buxorolik ziyolilardan Abdulvohid Burhonov, va Germaniyadan Buxoroga kelgan tatar ziyolilaridan Olimjon Idrisiy, A.F.Kemnitskiylardan tuzilgan maxsus komissiyaga topshiradi va ularning huquq va hamda vazifalarini ko‘rsatadi. Sobiq Buxoro madrasalarini bitirgandan so‘ng, Germaniya, Turkiyada bo‘lib qaytgan Olimjon Idrisiy esa Germaniyadagi buxorolik va turkistonlik talabalarning ma’naviy va ma’rifiy ishlari bo‘yicha rahbari etib tayinlandi. Ayniqsa, Fitrat talabalarimizni Germaniyada yaxshi o‘qishga, kelgusida o‘z yurtlariga yaxshi mutaxasis bo‘lib qaytish va uning istiqboli uchun fidoiy vatanparvar sifatida xizmat qilishga qattiq davat qiladi. Buning uchun xatto o‘zining Toshkentdagi sobiq talabalaridan bo‘lgan Vali Qayum va boshqalarni Germaniyaga yuborishdan oldin Samarqandga olib borib, ularni Temur sag‘anasi oldida qasam ham ichiradi. Bu xaqda keyinchalik Vali Qayumxonning o‘zi shunday xotirlaydi: “U meni Buxoroga olib bormoqchi bo‘ldi. Ammo u yerga borishdan oldin, buyuk xoqon Amir Temurning Samarqanddagi sag‘anasi oldida tiz cho‘kib, millat taqdiri uchun kurashaman, deb va’da berdim. Ko‘zimdan yosh chiqib ketdi”.
Buxoro va Turkistondan Germaniyaga o‘qishga yuborilgan talabalarga RSFSR Tashqi ishlar komissari Chicherin va boshqalar orqali doimiy stipendiya tayinlangan, ularning moddiy ahvoli, extiyojlari va kayfiyatlaridan xabardor bo‘lib borilgan.
Xorijdagi Turkistonlik talabalarimizga Davlat stipendiyalaridan tashqari “Ko‘mak” uyushmasidan tushgan yordam mablag‘lari ham yuborilib turilgan.
20-yillar boshlarida Germaniyaga o‘qishga borgan mazkur talabalarimizning hammasi ham u yyyerda o‘z Vatanlarining umid va ishonchlarini oqlashga, Yevropada dunyoning turli burchaklaridan kelgan talabalar va nemis yoshlari bilan aralashib, ularning tili, urf odati va tarixi, madaniyati, fan-texnika va maorif soxasida erishgan yutuqlarini chuqur o‘rganish bilan birga ularga o‘z milliy madaniyati va san’ati, adabiyotini ham tarqatishga harakat qilganlar. Ular nemislar o‘rtasida turli sharq kechalari o‘tkazib, milliy konsert va qo‘shiqlarimizni ham targ‘ib va tashviq qilib bordilar.
Biroq, Germaniyaga talabalar yuborishga va Yevropada o‘qiyotgan talabalarni o‘qish va yashash sharoitlariga munosabatda Fayzulla Xo‘jayev, Fitrat, Turor Risqulov singari davlat va maorif rahbarlarining g‘amxo‘rligiday munosabatlar ko‘p bo‘lavermadi. Bu davrda hatto Turkistondagi ayrim rus sovet mustamlakachi rahbarlar bu yerlardan Germaniyaga talabalar yuborishning ilk kunlaridanoq ularga qarshi turdilar.
Shu yillarda Buxoroda davlat rahbarligida ishlab, keyinchalik 1937 yilda xalq dushmani sifatida xibsga olingan Mo‘yinjon Aminovning 1938 yilda NKVD tergovchilariga bergan ma’lumotlariga qaraganda, xatto V.V.Kuybqshev Buxoro rahbarlariga 1922 yildayoq Germaniyaga yuborilgan yoshlarni qaytarib, Moskvada o‘qitishni talab qilgan va Fayzulla Xo‘jayev bunga keskin norozilik bildirgan.
1923 yil oxirlarida Turkiston Avtonom Sovet Respublikasi Xalq Komissarlar Sovetining raisi Turor Risqulov biror oylar chamasi Germaniyada bo‘lib, u yyyerda o‘qiyotgan Buxorolik va Turkistonlik talabalarning xaqiqiy ahvolidan habardor bo‘lib qaytadi. Ular xaqida Turkistondagi ba’zi bir rus bolshevik rahbarlari va ularning ta’siridagi mahalliy manqurtlarning har-xil shubha va gumonlarining o‘rinsizligi, bu borada u yyyerdagi haqiqiy ahvol qanday ekanligiga to‘xtab: “Turkiston o‘quvchilari 11 ta. Buxoro o‘quvchilari 47 kishidir. Turkistonliklarning 7 tasi o‘zbek, 4 tasi qozoqdir. Turkiston o‘quvchilari o‘z vazifalarini yaxshi tushunadilar, undan keyin yurtlariga qaytib, o‘z halqi va hukumatiga foyda keltirish xarakati bor.
Buxoroliklardan o‘zbeklar 35, tatarlar sakkiz (bularning 4 tasi qiz), turkmanlar 5, yahudiylar 1 kishi.
Nemis tilini tezroq o‘rganish uchun butun o‘quvchilar oilalarga joylashganlar...
Rus siyosiy qochoqlari bilan muomalada bo‘linmasalar ham, sharq siyosiy qochoqlari (turklar, tatarlar va boshqalar bilan) uchrashganlar, biroq ularning bizlarning o‘quvchilarga biror, ta’siri tegmaganlligini yozgan edi”.
Shunga qaramasdan, 1925 yilda Germaniyaga borgan O‘rta Osiyo Davlat universiteti rektori Meyerson bu yyyerda o‘qiyotgan Buxorolik va Turkistonlik talabalarning hammasini O‘zbekistonga qaytarilishi, ular endi o‘z o‘qishlarini bu yyyerda emas, SSSR da davom ettirishlari kerakligi, aks holda ularga O‘zbekiston Respublikasi tomonidan beriladigan stipendiyalar va har qanday yordam darhol to‘htatilajagi, bu uning shaxsiy fikri bo‘lmay, O‘zbekiston hukumatining topshirig‘i ekanligini aytadi.
Sovetlarining 20-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab jadidlarga va xorijdagi talabalarga nisbatan bo‘lgan siyosiy ta’qib va shubhalari toboro kuchayib boradi. Bu ayniqsa 1927 yil boshlarida Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston ziyolilarining birinchi qurultoyidan so‘ng, Munavvarqori, Fitrat, Cho‘lpon kabi sobiq jadid ziyolilarining g‘oyaviy qarashlarini “fosh qilish” vasvasalaridan keyin kuchaya boshlaydi. Bolshevik buzg‘unchilar bu bilangina kifoyalanmay, hatto xorijdagi talabalarimiz o‘rtasida ham ayg‘oqchilik ishlari olib bora boshlaydilar. Jumladan, Germaniyaning Berlin shahridagi sovet elchixonasining Mixalskiy degan ma’sul bir xodimi 20-yillar oxirlarida Berlinda o‘qiyotgan talabalarimizdan biri Afzal Abdusaidni sovet elchixonasiga chaqirib, undan Turkiston milliy istiqloli tashkiloti bilan bu yyyerda o‘qiyotgan O‘zbekistonlik talabalarning aloqasi va Turkiston milliy tashkilotining xorijdagi matbuot nashrlarini mamlakatga tarqalish sirlari haqida maxfiy xabar berib turishini, shunday qilsa, unga bu yyyerdagi sovet elchixonasidan qo‘shimcha pullar berib turilishiga va’da qilinadi, lekin Azalbekni ayg‘oqchilikga yollamoqchi bo‘lgan Mixalskiy fosh bo‘lib, Moskvaga qaytib ketadi.
Sobiq mustabid tuzum jadidlar va ular xorijda o‘qitgan va yurtimizga qaytib kelgan talabalarni tinch qo‘ymadi. 1929 yil 25 noyabrda Turkiston milliy istiqlolchilarining a’zolari sifatida qamoqqa olingan 85 kishidan iborat bo‘lgan guruh tergov materiallari ichida O‘rta Osiyo Davlat siyosiy boshqarma bo‘limining 1931 yil 25 aprelda chiqargan xukmiga ko‘ra, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xo‘jayev, Tolibjon Musaboyev, Salimxon Tillaxonov, Najmiddin Sheraxmedovlar oliy jazo – otuvga hukm qilindi.
20-yillarning oxirlari va 30-yillarning boshlarida Germaniyadan o‘qishlarini bitirib, O‘zbekistonga qaytgan Sattor Jabbor, To‘lagan Mo‘min, Muxammad Xo‘jayev, Sulton Matqul, Azimbek Berimjon, Rauf Rasuli, Xayriniso Majidxonova, Maryam Sultonmurodova va boshqalar bu yyyerda Germaniyadan olib kelgan ilg‘or bilim va tajribalarini ishga solib, ularning har biri o‘z sohalarida yangi yosh milliy kadrlar tayyorlash, amaliy, ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish va shu orqali Respublikamizning kelgusi milliy istiqboli va istiqloli rivojiga hissa qo‘shish uchun fidokorona ishlay boshlaydilar.
Lekin afsuski, 1937 yilda sobiq SSSR da boshlangan chet el xoinlarini fosh qilish vasvasalari ostida O‘zbekistondagi Fayzulla Xo‘jayev, Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon va boshqa davlat va ma’daniyat arboblari kabi ular tomonidan Germaniyaga yuborilib, u yerlarda o‘qib so‘ng vatanlariga qaytgan mazkur yigit va qizlarimiz ham sovetlarga qarshi allaqanday millatchilik tashkilotining a’zosi degan asossiz ayb va tuhmatlar, turli soxta ko‘rgazma va guvohlar yasash bilan ayblov xujjatlari tayyorlanib, 1938 yil 9 oktyabrda vaxshiylarcha otib o‘ldiriladilar1.
Shunday qilib, 30-yillarning 2 yarmida O‘zbekistonda boshlangan stalincha qonli terror oqibatida Germaniyadan o‘qib qaytgan mazkur talabalar nemis-fashist josuslari, vatan xoinlari kabi sohta ayblar bilan begunoh qatl qilib yuborildi. Ularning Respublika ilm-fani, madaniyati va iqtisodining kelgusi taraqqiyoti yo‘lida olib borayotgan fidokorona ishlari barbod bo‘lib, to‘xtab qoldi va keyinchalik bu yerlarda hatto, ularning nomlarini ham tilga olishga yo‘l qo‘yilmadi. Ularning xorijda qolganlarini xam, bu yerga qaytib kelganlarining avlod-ajdodlari xam uzok taqib va tazyiqdan qutila olmadilar. Faqat O‘zbekiston o‘z mustaqilligiga erishgandan keyingina Germaniyada o‘qib, u yyyerdan qaytmagan va qaytib 30-yillarda begunoh repressiyaga uchragan vatandoshlarimizning pok nomlari xam tamomila oqlandi.
Yurt va millat fidoyilari sovet davrida ham yoshlarga milliy iftixor uyg‘otuvchi g‘oyani singdirishni tavsiya etdilarki, bu g‘oya hozirgi kunda ham yoshlar tarbiyasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan mantiqiy bog‘lanib ketadi.
Xalqimizning azaliy orzusi ushaldi. Prezidentimiz Islom Karimovning ulkan sa’y-harakatlari va rahnamoligi bilan 1991 yil - O‘zbekistan tarixi zarvaraqlarida zarhal harflar bilan bitilgan ulug‘ sanada XX-asr boshida jadidlar orzu qilgan istiqlolga erishdik. Mustaqilligimiz mevasi – ta’limimizning milliy modeli yaratildi.
Ayni, ma’rifatparvarlik jadidchilik harakatining asosini tashkil etgan edi.

Download 72.86 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling