mavzu soat juftlik Markaziy osiyoda ta`lim-tarbiya masalalari Reja


Xonliklar davrida ta’lim va tarbiya


Download 72.86 Kb.
bet3/5
Sana18.10.2023
Hajmi72.86 Kb.
#1707778
1   2   3   4   5
Bog'liq
4-ma\'ruza matn Ta\'lim asoslari

2. Xonliklar davrida ta’lim va tarbiya
O‘rta Osiyoda yuksalishni susaytirib, yagona xalq, yagona Vatan hissini yo‘qotgan xonliklar davrida biroz sust rivojda bo‘lsa ham ta’lim va tarbiya muassasalarining faoliyati va maktab, madrasalar qurilishi davom etdi.
Masalan, shayboniylar hukumronligi yillarida hukmdorlarning aksariyati o‘qimishli bo‘lganligi sababli ilm-fan va madaniyatga e’tibor berilgan. Chunonchi, Muhammad Shayboniyxon, Kuchkunchixon, Ubaydullaxon, Rustam Sulton, Abdulazizxon, Javonmardali Sulton kabi shayboniylar turkiy va forsiyda she’rlar bitganlar, diniy va dunyoviy ilmlarda yetarli salohiyatga ega bo‘lganlar. Muhammad Shayboniyxon yoshligida ta’limni Buxoro madrasasida olgan. Ubaydullaxon musiqa ilmiga katta rag‘bati bo‘lgan, musiqiy asboblar chalgan, nozik husnixat egasi bo‘lgan. Abdullatifxonning tarix, ilmi nujum borasida salohiyati juda yuqori bo‘lgan. Abdullaxon II diniy ilmlardan ko‘plab ta’lim olgan. Abdulazizxon va Abdullaxon II ga tegishli kutubxonalar o‘z zamonasining eng yirik kitob xazinalari hisoblangan, ularda qo‘lyozma asarlarni ko‘chirish, ta’mirlash, ularga bezaklar ishlash bilan ham shug‘ullanilgan. Shayboniylar davrida ham tarix ilmi ko‘p rivoj topgan. Bu davrda “Tavorixi guzida”, “Nusratnoma”, Mulla Shodiyning “Fathnoma”, Abulloh Nasrullohiyning “Zubdat al-asor”, Fazlulloh Ro‘zbexonning “Mehmonnomayi Buxoro”, Zayniddin Vosifiyning “Badoye al-vaqoye”, Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma” nomli tarixiy asarlari yaratilgan.
Yurtimizda ashtarxoniylar hukmronligi davrida esa Buxoroda Abdulazizxon, Ubaydullaxon, Balxda Nodirmuhammadxon, Subhonqulixon, Xivada Arabmuhammadxon, Hojamberdi, Bozori gusfand, Samarqandda Sherdor, Tillakoriy (Yalangto‘shbiy qurdirgan) madrasalari qurilib ishga tushirilgan.
Bu davrda ham ilmli-tarbiyali ijod ahli kam bo‘lmagan. Chunonchi, 1692 yili Muhammad Badi Samarqandiy tomonidan bitilgan tazkirada shu asrda yashagan 165 ta ijodkorning nomi tilga olinadi. Tarixiy manbalarda ham bunga doir guvohliklar bor. Soqiy, Yusuf Qorabog‘iy, Turobiy, Nahliy, Muhammad Balxiy, Turdiy, Sayido Nasafiy, Qosimxoja Samarqandiy, Fitrat, Mulham, So‘fi Olloyor, Mashrab shular jumlasidandir. Olim A.Ziyoning yozishicha, ashtarxoniylar hukmronligi yillari tarixnavislik borasida “Musaxxir al-bilod”, Abulg‘ozi Bahodirxonning “Shajarayi turk”, xoja Samandar Termiziyning “Dastur al-muluk”, Muhammad Yusuf Munshiyning “Muqimxon tarixi”, Mir Muhammad Amin Buxoriyning “Ubaydullaxon tarixi”, Abdurahmon Tolening “Abulfayzxon tarixi” kabi asarlari xuddi mana shu davrda yozilgan.
Bu davrda tibbiyot ilmi ayniqsa Subhonqulixon davrida rivoj topgan. Zero, xonning o‘zi bu sohaga katta rag‘bat bilan qaragan.
Shu sabab ham Buxoroda “Dorushshifo” ochilgan. Bu maskanda kishilarni davolash bilan birga tadqiqot ishlari ham yuritilgan. Diqqatga sazovori shundaki, xonning o‘zi ham bu tadbirlarda qatnashib “Ixyo at-tibbi Subhoniy” asarini tayyorlagan. Sakkiz bobdan iborat bu risolada turli kasalliklarga qarshi doridarmonlar xususida so‘z boradi.
Ashtarxoniylar davrida uchga bo‘linib ketgan xonliklarda ham madrasalar qurish davom etgan. A.Ziyoning tadqiq qilishicha Buxoro shahrining o‘zida 200 dan ortiq masjid, 100 dan ortiq madrasa mavjudligi ham manbalarda yozilgan. Ular orasida Ernazar (Buxoroning Rossiya va Turkiyadagi elchisi – 1795) Tursunjon (1796-1797), Xalifa Niyozqul (1807), Xalifa Xudoydod majmuasidagi madrasalar shular jumlasidandir.
Xiva xonligida ham Arabmuhammadxon (1616), Hojamberdibiy (1688), Sherg‘ozixon (1719-1728), Muhammad Amin inoq (1765), Qutli Murod inoq (1809), Olloqulixon (1832-1835), Arabmuhammadxon (1870), Musato‘ra (1841), Saidboy (1842), Amirto‘ra (1870), Muhammad Rahimxon (1871), Muhammadmurod devonbegi, Otajon to‘ra, Qadam yasovulboshi, Ibrohimxoja, Yusuf yasovulboshi, Husayn Muhammadboy, Do‘st Olim, Qozi Muhammad Salim, Islomxoja, Asfandiyorxon madrasalari qurilib, faoliyat yuritgan.
Farg‘ona vodiysida esa 1740 yili Eski O‘rda o‘rnida Qo‘qon shahriga asos solinishi natijasida qurilish ishlari ancha tezlashgan. Xonlik hududida Mir (1798), Norbo‘ta, Xonmirza, Yodgor (1830), Hazrati Sohib (1861), Xudoyorxon (1850, 1870 yillari Qo‘qonda, 1873 yili Namanganda, 1874-1875 yili Shohobodda, Chustda), Hakimoyim (1869), Sulton Murodxon (1871), Ma’rufxonto‘ra (Namangan va Asakada), Olimbek (O‘shda), Nasriddinbek (Andijonda), Toshkentda XIX asrda qurilgan Muyi Muborak, Eshonqul dodxoh, Yunusxon, Abdulqosim va Beklarbegi madrasalari qurib bitkazilgan.
O‘tgan sulolalar kabi mang‘itlar, qo‘ng‘irotlar, minglardan chiqqan namoyandalar ham o‘z davri va doiralarining o‘qimishli shaxslari bo‘lganlar. Masalan, Qo‘qon xoni Umarxon “Amiriy”, malika Mohlaroyim “Nodira”, “Komila”, “Maknuna”, Xiva xoni Muhammad Rahimxon II “Feruz”, uning akasi Otajon To‘ra Murod “Murodiy” taxallusida she’rlar bitganlar. Abulg‘oziy Bahodirxon “Shajarayi turk”, “Shajarayi taroqima” kabi o‘zbek tilida asarlar yozgan. Fazliy, Mushrif, Gʻoziy, Afsus, Sodiq, Xijolat, Hoziq, Xotif, Mahmur, Gulxaniy kabi yetuk qalam sohiblari Farg‘ona vodiysida yashab ijod qilganlar. Shuningdek, “Afzal at-tavorix”, “Tarixi Umarxon”, “Risolayi askariya”, “Muntaxab at-tavorix”, “Tarixi Shohruhiy”, “Tarixi jahonnamoy”, “Xulosat alaxbor”, “Tasnifi Gʻarib”, kabi boshqa ko‘plab tarixiy asarlar ham xuddi shu davrda Qo‘qon xonligi doirasida yaratilgan.
O‘sha davrdagi tarixiy asarlar orasida Toshkentning yangi tarixiga bag‘ishlangan “Tarixi jadidai Toshkand” kitobi ham yozilgan.
Buxoro amirligida ham tarix yozishlik harakati to‘xtamagan. Bu yyyerda “Tuhfat al-xoniy”, “Tarixi amir Haydar”, “Fathnomayi sultoniy”, “Mang‘itlar xonodoni saltanati qisqacha tarixi”, “O‘zbek podshohlari zikri”, “Tarixi salotini mang‘itiya, o‘zbakiya va ashtarxoniya” kabi asarlar yaratilgan.
Xiva ham tarixiy asarlar bitish borasida o‘ziga xos markazga aylangan. Bu xonlikda Abulg‘oziyning “Shajarayi turk”, “Shajarayi taroqima”, Munisning “Firdavs al-iqbol”, Ogahiyning “Riyoz ad-davla”, “Zubdat at-tavorix”, “Iqboli Feruziy”, Bayoniyning “Shajarayi Xorazmshohiy”, “Xorazm tarixi”, “Jome alvoqeoti sultoniy”, “Gulshan ad-davlat”, “Iqboli Feruziy” asarlari yozilgan. Xivalik tarixchilar Mirxond, Xondamir, Yazdiy, Vosifiy, Rashididdin, Binoiy, Sa’diy, Nizomiy, Xisraviy, Nosiriy, Darvish Ahmad, Mas’udiy asarlarini arab va fors tillaridan o‘zbekchaga o‘girganlar ham.
Xiva olimlari va tarixchilari o‘z asarlarini yangi o‘zbek tilida yozib, tarixshunoslikka katta hissa qo‘shganlar.
Xiva xonligida doston kuylovchilar – “baxshilar” ko‘p bo‘lgan. Bu xonlik hududida turkmanlar, qoraqalpoqlar ham yashaganlar. Ularda ham “baxshilar” bo‘lgan. Ular o‘z baxshilarini jirlovchilar deb ataganlar. O‘zbek klassik shoiri Lutfiy o‘zining “Gul va Navro‘z” asarida jirlovchilarga “sof ko‘ngilli kishilar”, deb yuqori baho bergan.
Xonlikda ayol ashulachilar ham bo‘lgan. Ularning ko‘pi faqat ashula aytish bilan cheklanmay san’atning boshqa turlaridan ham xabardor bo‘lganlar. Bunday ayollar xonlikda xalfalar nomi bilan atalganlar. Ularning bu nomi arabchadan olingan bo‘lib, ergashmoq, o‘rnini bosmoq ma’nolarini bildirgan.
Bu davrda ham xuddi A.Temur va temuriylar davridagidek, qorixonalar, daloilxonalar, qissaxonlar ta’limi kabi o‘qish turlarida bolalar ta’lim-tarbiya olganlar. Hukmdorlar va amaldorlar farzandlari uchun “Suluqul muluk” (Shohlar haqida qo‘llanma) asosida o‘quv-tarbiya ishlari olib borilgan. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, xonliklar davrida ham hukmdorlar va amaldorlarning madrasalar qurish an’anasi davom etgan.
Hukmdorlar va amaldorlar farzandlari uchun “Suluqul muluk” (Shohlar haqida qo‘llanma) asosida o‘quv-tarbiya ishlari olib borilgan.
Bu davrda ham madrasalar o‘rta va oliy o‘quv yurtlari sifatida shakllangan bo‘lib, maktablar uchun imomlar, hukumat idoralari uchun qozilar, mirzolar, moliyaviy ishlarni olib boruvchilar, yer-suvni taqsimlovchilarni tayyorlash maskani bo‘lgan.
Madrasalarda o‘qish istagini bildirgan har bir musulmon bolasi hech qanday cheklovlarsiz 16-20 yoshdan qabul qilingan. O‘qishga kiruvchilar oldiga faqat bitta - boshlang‘ich maktabni tugatgan bo‘lishlari kerak, degan shart qo‘yilgan. Xonliklar davrida ham madrasalarda tahsil olish 3 bosqichga bo‘lingan:
1. Adno-quyi bosqich talabalari.
2. Ausat-o‘rta bosqich talabalari.
3. A’lo-yuqori bosqich talabalari.
Madrasada o‘quv dasturi quyidagi ilmlardan tashkil topgan:
1. Arab tili: grammatika, sarfi (morfologiya), naxvi (sintaksis), etimologiya, arabcha notiqlik, arab tarixi, Qur’on o‘qish ilmi va ilmiy munozara madaniyati.
2. Iloxiyat va qonunshunoslik: Qur’on tafsiri, hadis, fikh, diniy aqidalar, meros taqsimoti haqida ta’limot, qonunshunoslik asoslari.
3. Falsafa, mantiq, riyoziyot (matematika), jo‘g‘rofiya, astronomiya, tib ilmi (medisina), kimyo va tabiiy fanlar.
Madrasalarda o‘qitish ikki yo‘nalishda olib borilgan: mushkilot (umumiy bilimlar) va masala (yuridik).
Talabalarning kelajakdagi faoliyati uchun zarur bo‘lgan shariat qoidalariga (fikhni o‘rganishga) madrasalarda keng o‘rin berilgan. Shariat qoidalari Burhoniddin al Marg‘inoniy tomonidan yozilgan “Hidoya” kitobi va fikh, “Fikxi qaydoniy”, “Muxtasar viqoya” kitoblari asosida o‘rgatilar edi.
Madrasalarda “Ilmi faroiz”, “Taqsim ilmi”, geometriya, arifmetika fanlari o‘qitilgan. Arifmetikani o‘qitishda og‘zaki hisoblash (“Hisobi al-havo”)ga katta ahamiyat berilgan. Algebra darslarida rasional va irrasional ifodalar bilan amallar bajarish, al-jabr va al-muqobala yo‘sinlari yordamida birinchi va ikkinchi darajali tenglamalarni yechishi o‘rganilgan. Geometriyani o‘qitishda asosiy e’tibor miqdorlarni o‘lchashga qaratilgan. Cho‘nki kundalik turmushda, qurilishda, yerlarni o‘lchashda, ariqlar qazishda va musulmon huquqiy normalariga qarab meros taqsim qilishda miqdorlarni o‘lchash zarur bo‘lgan. Shu sababli geometriya “O‘lchash asbobi” (“Bob al-masoxa”) nomi bilan atalgan.
Madrasalarda o‘quv haftasi ikkiga: tahsil kunlari (dushanba, seshanba, shanba, yakshanba)ga va ta’til kunlari (chorshanba, payshanba, juma)ga bo‘lingan. Tahsil kunlari talabalar mudarrislardan tahsil olgan.
Ta’til kunlari esa, o‘tgan darslarni takrorlash, tahsildan tashqari kitoblarni mutolaa qilish va dam olishga sarflangan.
Har bir jamoada 5-15, ba’zan 20 mulla (arabcha-“o‘qimishli”, “ma’lumotli”) ta’lim olgan. Ularga mudarris (arabcha-“o‘qituvchi”, “dars beruvchi”) tahsil bergan. Har bir dars 1-1,5 soat davom etgan va mudarris bir jamoaga ruxsat bergach, darsxonaga boshqa jamoa kirib mashg‘ulotni boshlagan, oldingi jamoa esa, boshqa mudarris oldiga boshqa bir mutoalani o‘rganish uchun yig‘ilgan va shu tariqa o‘qish kechqurungacha davom etgan.
Madrasalar vaqfdan keladigan daromadlar evaziga ta’minlangan.
Madrasalarga vaqf qilingan mulklar ichida yer maydonlari asosiy qismni tashkil etgan. Ba’zi yirik madrasalarga butun qishloqlarning‘ mol-mulki yoki ulardan olinadigan soliqlarning hammasi yohud ma’lum bir qismi vaqf qilingan.
Madrasalar vaqfi musodara etilmaydigan, sotish va sotib olish mumkin bo‘lmagan mulk hisoblanadi. Qonunshunos olim Burhoniddin al Marg‘inoniyning “Hidoya” asarida vaqfning mohiyati: “Vaqf qilingan mol-mulk uni ta’sis etgan shaxs tomonidan qayta olinishi, sovg‘a, oldi-sotdi qilish, shuningdek vasiyat qilish mumkin emas”1, deb ta’riflanadi.
Boshqa barcha mulklar qatori vaqf mulklaridan ham soliq olingan. Hukmdor xon yoki amirlar ko‘p hollarda madrasalarga tegishli bo‘lgan vaqf yerlarini soliqlardan ozod etganlar.
Masalan, 1870 yilda Qo‘qon xonligiga qarashli Andijon shahrining‘ Soyguzar mahallasida Abdurahmon Oftobachi tomonidan 23 ta hujra va 2 ta darsxonadan iborat madrasa qurilgan. Madrasaga vaqf qilib, Oltinko‘l tumanidagi yer maydonlari ajratilgan. (Bugungi kunda bu yerlar Oftobachi nomi bilan mashhur.) Vaqf yerlaridan olingan daromad asosan madrasada ta’lim olayotgan 80 ta talabaga va 2 ta mudarrisga berilgan .
Badavlat kishilardan biri - Musulmonqul Andijon viloyatining Avushka qishlog‘idagi madrasa uchun bir qator mulklarni vaqf qilgan hamda madrasaning Nayman qishlog‘idagi yerlarini soliqlardan ozod etgan.
Katta vaqf daromadiga ega “ilmi o‘tkir” mudarrislari bo‘lgan madrasalarning ilmiy nufuzi yuqori bo‘lib, bu madrasalarga kiruvchi mullalarning soni ham boshqalarga nisbatan ancha ko‘p bo‘lgan. Chunki vaqf mulkidan tushadigan daromadga qarab, vaqfnomada belgilangan miqdorda talaba va mudarrislarga “vazifa” (stipendiya) taqsimlangan. Bu “vazifa” talabalarning bosqichiga qarab belgilangan. Yuqori bosqichda o‘qiyotgan talaba o‘rta bosqichdagidan 2 barobar, quyi bosqichdagidan 4 barobar ko‘p “vazifa” olgan.
Xonliklar davri yurtimiz va xalqimiz tarixining katta tarixiy saboq bo‘ladigan davridir. Bu davrni jamiyat borlig‘i va taraqqiyotini belgilab beruvchi davlatchilik asoslarining nihoyatda zaiflashib borganligidan, oqibatda millat va davlat qaramlik ahvoliga tushib qolganidan kelib chiqqan holda o‘rganish va bilish muhimdir.
Bu davrda asrlar davomida bir butun bo‘lgan xalqning, mamlakatning uchga bo‘linishi, urushlar, ichki nizo va feodal boshbodoqliklar yurtni xonavayron qildi. Aholi xonlar, beklar, amaldorlar zo‘rovonligi, g‘ayri qonuniy soliq va jarimalardan azob chekdi. Ularning turmush darajasi pasaydi. Xon va saroy ayyonlari taraqqiyotga halaqit berayotgan ishlab chiqarish munosabatlarini himoya qildi, eski yerga egalik munosabatlari o‘zgarmadi, yerlarning unumdorligini oshirish haqida qayg‘urilmadi.
Yevropada pul investisiyaga ishlatilayotgan bir paytda, xonliklarda oltinlar xon va amaldorlar qo‘lida to‘planib boraverdi. Tijorat ishlari, tovar-pul munosabatlari imkon darajasida rivojlanmadi. Davlat daromadlari harajatlarni oqlay olmadi. Xonliklar jahon bozoridan ajralib qoldi. Hatto ichkarida ham yagona bozor yo‘q edi.
Yurtda xalqlar ko‘chib yura boshladi, etnik nizolar kuchaydi. Eng muhim saboq shundaki, asrlar davomida bu hududda yashayotgan aholida “Yagona xalq”, “Yagona vatan” tuyg‘usi yo‘qoldi. Bunday tuyg‘ularning yo‘qolishi o‘zgalarga qaram bo‘lib qolishning bosh sababi edi.

Download 72.86 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling