mavzu soat juftlik Rivojlangan xorijiy mamlakatlarda maktab va ta’lim-tarbiya tizimi
Finlyandiyada maktab va talim-tarbiya tizimi
Download 132.87 Kb.
|
6-ma\'ruza matni Ta\'lim asoslari
6. Finlyandiyada maktab va talim-tarbiya tizimi
Ta’lim sohasidagi eng ilg‘or, yetakchi davlat – Finlyandiya tajribasi bilan tanishish maqsadida PISA va PIAAC tadqiqotlarining ko‘p yillik tahlillariga asosan, xalqaro ekspertlar, tadqiqotchilar mulohazalariga hamda PISA dasturining asoschisi, ta’lim tadqiqotchisi Andreas Shlyayxerning xulosa va tahlillariga tayanamiz. Finlyandiya – yuqori natijalarga erishish masalalarida eng barqaror mamlakatlar sirasiga kiradi. U qoyilmaqom ta’limning sinonimiga aylangan. Haqiqatan ham ko‘plab mamlakatlar Finlyandiyaga o‘z ekspertlarini ilg‘or tajriba, qonun chiqarish asoslari va yaxshi amaliyotlarni o‘rganib, o‘z maktablarida qo‘llashni o‘zlashtirish uchun yuboradi. PISA-2015 natijalariga ko‘ra, Finlyandiya o‘qish savodxonligi bo‘yicha 4-o‘rin, tabiiy fanlardan 5-o‘rin va matematikadan 13-o‘rinni egalladi. Ehtimol, bu natijalar uning oldingi tadqiqotlardagi yuqori ko‘rsatkichlaridan pastroqdir (uch yo‘nalish bo‘yicha eng past o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar ulushi reyting cho‘qqisidagi mamlakatlar – Kanada, Estoniya, Gonkong, Singapur va Vyetnamga nisbatan yuqori edi), ammo ayni paytda Finlyandiya yuqori natijalarga erishgan eng ishonchli tizimlardan biri bo‘lib qoladi. Bu mamlakat tajribasi muvaffaqiyat qozonishning ko‘p usullari mavjudligini ko‘rsatadi. Bu tizimda o‘quvchilar samarador Osiyo mamlakatlaridagiga qaraganda o‘qishga kam vaqt sarflaydi, uyga berilgan topshiriqlar kam, maktab tekshiruvlari esa bekor qilingan. Ammo ko‘pchilik muvaffaqiyatli ta’lim tizimlari kabi, fin ta’lim tizimi sharoiti og‘ir o‘quvchilar ham yuqori natijalarga erishishi mumkin va har qanday maktab, qayyerda joylashganidan qat’i nazar, yuqori sifatli ta’lim berishi kerak, degan fikrga asoslanadi. Shimoliy Yevropa va Boltiqbo‘yi mamlakatlarida bo‘lgani kabi bu yyerda ham ijtimoiy-iqtisodiy omillarning ta’lim natijalariga ta’siri pastligi ko‘rinadi. Finlyandiya misoli faqat ta’lim tizimi sifati uning o‘qituvchilari sifatidan yuqori bo‘lolmasligini tasdiqlaydi. 1960 yillarning oxirida yuqori sifatli ta’limni gimnaziya va liseylarda ta’lim olayotgan kamchilik uchun emas, har bir o‘quvchi uchun umumiy va ochiq qilib, umumta’lim maktablarini rivojlantirishga qaror qilindi. Bu tizimni joriy etish 1970 yillarning oxirigacha davom etdi. Bo‘lg‘usi o‘qituvchilarni tayyorlash ishi universitetlarga o‘tkazildi va ancha jiddiylashdi. 1990 yillarning boshlarida Finlyandiyada ishsizlik 20 foizga yetdi, yalpi ichki mahsulot kamayib ketdi, davlat qarzlari ko‘paydi. Ta’lim texnologiya sektori va o‘sib borayotgan telekommunikasiyalar bozoriga investisiya kiritish tomon o‘zgarib borayotgan fin iqtisodiyotini isloh qilish usuliga aylandi. Ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik markazlarida ishlaydigan finlar soni keskin oshdi. XIX asr qog‘oz fabrikasidan XXI asr boshidagi mobil telefonlar ishlab chiqarish sohasida eng yirik kompaniyalardan biriga aylangan Nokia singari kompaniyalar rivojlanib ketdi. Omillarning bunday birikuvi Finlyandiyada yaxshi tayyorlangan ishchi kuchiga bo‘lgan talab va bu talablarni qondirishi mumkin bo‘lgan ochiq va yuqori sifatli o‘qitish tizimiga ega bo‘lgan ta’limga ehtiyoj bor edi. Va albatta, fin tizimining yana bir xususiyati – bu takomillashish tamoyilidir. Finlyandiyada davlat umumta’lim maktablarida har bir o‘quvchi bepul issiq ovqat, tibbiy yordam, jumladan, stomatolog yoki psixolog yordamini oladi. Maxsus ta’lim ehtiyojiga ega bolalarga g‘amxo‘rlik qilish har qanday maktab ishining ajralmas qismidir. Bolalar yana individual yordam oladi va e’tiborda bo‘ladi. Finlyandiyada qiynalayotgan va qo‘shimcha yordamga muhtoj bolalarni fan o‘qituvchilari bilan hamkorlik qiladigan ustoz-o‘qituvchilar aniqlaydi, keyin esa sinfdoshlariga yetib olishda bunday o‘quvchilarga yordam berish uchun ular bilan yakka holda yoki kichik guruhlarda ishlaydi. Faqat tanlab olingan o‘quvchilargina muvaffaqiyatga erisha oladi, degan fikrdan voz kechish va har bir o‘quvchi yuqori darajada o‘zlashtira olishiga ishonish uchun ko‘pchilik davlatlarga uzoq vaqt kerak bo‘ldi. Bu maqsadga erishish uchun ta’lim siyosatini ishlab chiqish va imkoniyatlarni oshirishning har tomonlama muvofiqlashtirilgan dasturi zarur. Ammo yaxshi ko‘rsatkichlarga ega mamlakatlarda mavjud modellardan biri o‘quvchilarning qobiliyati va turli darajadagi kognitiv ko‘nikmalariga qarab ajratadigan tizimdan hamma o‘quvchilar hammaga birday talab qo‘yiladigan o‘quv dasturiga ega umumta’lim maktablarida o‘qiydigan tizimga asta-sekin o‘tishdir. Finlyandiya 1970 yillarda shu yo‘ldan borgan birinchi mamlakat bo‘ldi. Finlyandiya pedagogik ta’limni oliy ta’limning eng nufuzli yo‘nalishlaridan biriga aylantirdi. Har yili pedagogika oliy o‘quv yurtlariga bitta o‘ringa o‘ndan ortiq nomzod da’vogarlik qiladi, o‘qishga kira olmagan yoshlarda esa advokat yoki vrach bo‘lish imkoniyati qoladi. Abituriyentlar maktabdagi o‘qish natijalari va kirish imtihonida olgan bahosiga asosan baholanadi. Nomzodlarni yanada jiddiyroq saralash keyinroq sodir bo‘ladi. Akademik natijalar asosidagi boshlang‘ich tanlovdan so‘ng ular o‘qituvchi ishini ko‘rsatib berishiga qarab baholanadi, keyin ulardan intervyu olinadi. Faqat yuqori darajada o‘zlashtirishdan tashqari haqiqatan dars bera olish qobiliyatiga ega abituriyentlargina o‘qishga kabul kilinadi. O‘qituvchilik kasbiga nafaqat bakalavriat, balki magistratura bitiruvchilari ichidan eng yaxshilarini jalb qiladi. O‘qituvchi maktabda ish boshlaganidan keyin uning majburiy malaka oshirish kurslarida o‘qishni davom ettirishi ko‘zda tutiladi. O‘qituvchilik muhim va hurmatga loyiq ish sifatida qabul qilinadi, o‘qituvchilarga ishonishadi va ularga mustaqillik berishadi. Ishga qabul qilish shartlarining darajasini ko‘tarish va o‘qituvchilarga sinfda ko‘proq harakat va nazorat erkinligi berishni birga qo‘shish, shuningdek, o‘z ish sharoitiga ta’sir o‘tkazish imkoniyati o‘qituvchilik kasbi maqomining oshishiga yo‘l ochib berdi. Bugun o‘qituvchilik yosh finlarning eng ardoqli kasblaridan biriga aylangan. Fin pedagoglari amalda barcha o‘quvchilarga bilimli bo‘lishga yordam bera olishlarini isbotlab, ota-onalar va butun jamiyatning ishonchiga sazovor bo‘ldi. Ancha samarali ta’lim tizimlari keng nazariy bazagagina emas, balki bevosita sinflarda ishlashga qodir mutaxassislarni tayyorlashga asoslangan bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlash modelini yaratish ustida ham ishlayapti. Bunday dasturlarning mohiyati shundaki, bo‘lajak o‘qituvchilar maktabga ertaroq kiradi, ko‘p vaqtlarini maktabda o‘tkazadi va ta’lim olish jarayonida katta yordam oladi. Bunday dasturlar muammoli o‘quvchilarga erta va aniq tashxis qo‘yish va o‘quv rejasini mos ravishda soddalashtirish malakasini rivojlantirishda o‘qituvchilarga ko‘mak berishga ko‘proq e’tibor beradi. Bu dasturlar bo‘lajak o‘qituvchilar keng innovasion pedagogik uslublardan dadil foydalanadigan kishilar bo‘lishini ko‘zda tutadi. Bu o‘quvchilarning o‘quv tajribasini boyitish, tasavvur, o‘rtaga masala tashlash qobiliyatini o‘stiradigan jamoaviy faoliyatda ishtirok etishni rag‘batlantiradi. Ba’zi mamlakatlarda bo‘lg‘usi o‘qituvchilarning boshlang‘ich tayyorgarligi ilmiy tekshirish asoslarini o‘z ichiga oladi. O‘qituvchilar bu ko‘nikmalardan umri davomida o‘qib-o‘rganishga tayyor o‘quvchilar kabi foydalanadi va pedagogning kasbiy faoliyatini yaxshilashga o‘z hissasini ko‘shish uchun turg‘un amaliyotni shubha ostiga qo‘yadi, deya taxmin qilinadi. Ilmiy tekshirish faoliyati o‘qituvchilar kasbiy tayyorgarligining ajralmas qismidir. Finlyandiyada har bir o‘qituvchi ma’lumotni magistrlik dissertasiyasi bilan tugallaydi. Finlyandiya ijodkorlik va innovasiyalarni qo‘llab-quvvatlash o‘quv dasturlarini ishlab chiquvchi mamlakatlarning oldingi safida turgani bois o‘qituvchilik ishi tadqiqotlar, ishlab chiqishlar va loyihalar bilan bog‘liq kasbga qiziqadigan ko‘p kishilarni o‘ziga jalb qiladi. Fin maktablari o‘quv muddatinig uchdan biriga yaqinini darsdan tashqari faoliyatga bag‘ishlaydi, bu bilan bo‘sh o‘zlashtiruvchi va iste’dodli o‘quvchilar bilan ishlash uchun o‘qituvchilarga keng imkoniyatlar yaratib beradi. Finlyandiyada maxsus ta’limga ehtiyojmand bolalar ta’limi o‘qishda qiyinchilik sezadigan o‘quvchilar ta’limining sinonimi emas. Aksincha, amalda har bir o‘quvchi ma’lum bir muddat o‘qishga alohida ehtiyoji bo‘lgan o‘quvchiga aylanishi mumkin, buning sababi shuki, maktab bu bolaga maktabdan tashqarida ko‘p narsa qilish mumkin, deb hisoblaydi. Sinfda o‘z o‘quv faoliyatiga maqsad qo‘yish va unga erishishni nazorat qilish mahoratini rivojlantirishga va o‘quvchilarning o‘zini o‘zi baholash qobiliyatiga katta e’tibor beriladi. O‘rta maktabni tugatayotgan o‘quvchilar shaxsiy dastur ishlab chiqa oladi va dastur doirasida har biri baho olmagan holda o‘z maromida ta’lim olishni davom ettiradi, deya hisoblanadi. Ushbu mavzuda rivojlangan davlatlardagi o‘quv jarayoni xususan Germaniya, AQSH, Fransiya va Yaponiyadagi ta’lim tizimidagi ma’lumotlar aniq tavsiflab berilgan. Rivojlangan bu davlatlardagi o‘quv sistemasidagi o‘ziga xosyutuqlar va kamchliklar aniq ko‘rsatib berilgan. Yaponiya ta’lim sistemasiningo‘ziga xos tomonlari, o‘qituvchi shaxsiga quyiladigan talablari va ularga yaratib berilayotgan imtiyozlar haqida fikir yuritilgan. Download 132.87 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling