Mavzu: Tarjima nazariyasiga rivojiga xissa qo`shgan o`zbek olimlari Reja: I. Kirish II. Asosiy qism
Download 82.08 Kb.
|
Tarjima nazariyasiga rivojiga xissa qo`shgan o`zbek olimlari
- Bu sahifa navigatsiya:
- I.G‘afurov
G.Odilova: — Tarjimonlik fakulteti bakalavr va magistrlarining bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyalari mavzularida hamon qaysidir asar tarjimasining sintaktik-semantik tahlili, kontseptologiya, frazeologizmlarni uzatish muammosi, muallif uslubi va shunga o‘xshash mavzular yoritilmoqda. Modomiki, kun tartibida o‘zbek tilidan chet tillariga tarjimani kuchaytirish masalasi turar ekan, ishni aynan malakaviy ishlar mavzularini yangilashdan boshlash lozim ko‘rinadi. Keyinchalik shu soha rivoji uchun ham nazariy, ham amaliy samara keltiradigan, doktorlik tadqiqotigacha tortishi mumkin bo‘lgan mavzular berilsa yoshlar o‘z ustida ko‘proq ishlagan bo‘larmidi… Badiiy asarda his-tuyg‘u, inson va tabiat, harakat va holat tasviri asosiy o‘rinni egallaydi. Chet tiliga tarjimalarning badiiy chiqmayotganiga aynan shu sohaga doir o‘zbekcha-inglizcha lug‘atlarning yo‘qligi ham sabab bo‘lmoqda. Ingliz tilini bilish — ingliz badiiy tilini bilish degani emas. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan tadqiqotlarda, asosan, tarjimon mahorati, asliyatni qayta yaratish mahorati tadqiqot sub’ekti darajasida yoritib berilmoqda. Albatta, bu tarjimaning nazariy muammolarini teranroq ochib berishga ko‘maklashadi. Ammo yangicha tadqiqotlarga qo‘yiladigan talablarda ishning amaliylik darajasi yuqori bo‘lishi lozim. Masalan, yaqinda o‘zbek tilshunoslari N.Mahmudov va D.Xudoyberganova tomonidan tayyorlangan “O‘zbek tilining o‘xshatmalar izohli lug‘ati” bilan tanishdim. O‘zbekcha-inglizcha xuddi shunga o‘xshash lug‘atlar yaratilsa, tarjimonlar mehnati qanchalik yengillashardi. Buning uchun magistrlar va yosh tadqiqotchilar harakati to‘g‘ri yo‘naltirilib, yaqin yillarda o‘zbek tilidan ingliz tiliga badiiy tarjima ishini osonlashtiradigan ikki tilli tasviriy vositalar lug‘atlari yaratilsa ajab emas. Bunday nashrlar o‘zbek adiblarining xorijlik kitobxonlariga zavq ulasha oladigan ingliz tilidagi badiiy tarjima asarlariga keng yo‘l ochardi.
I.G‘afurov: — Hamma davrlarda tarjima tekstini yaratish — bosh masala bo‘lib turaveradi. Asliyat namunasini tanlash, tushunish, ichiga kirish, uning tarixi, yuzaga chiqargan muhit, sharoitni o‘rganish, yangi muhitga uning qanday qabul qilinishini o‘ylash va bu haqda iloji boricha aniq tasavvurga ega bo‘lish, tarjima usuli, strategiyasini aniqlash singarilar barcha tarjima jarayonlari uchun muhim holatlar va bular oxir-oqibatda asliyatga muvofiq tarjima tekstini yaratishga xizmat qiladi. Mutaxassis tarjimon va tarjimashunos tadqiqotchi hech qachon bularga befarq, hafsalasiz qaramaydi. Loqaydlik bu yerda ixtisosga mensimay qarash bilan barobar. Tarjimonning butun o‘y-xayoli bilish va qidirishda bo‘ladi. Asosiy maqsadi esa, madaniyat fenomenlarini yaqinlashtirish, tarjima tili vositasida tushunarli qilishdan iborat. Lekin umumiy qonuniyatlar, jarayonlar, texnologiyalarni bilishning o‘zi hali yetarli emas. Bular boshlang‘ich zamin hosil qiladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu dengizga sho‘ng‘ish uchun tayyorlangan joy. Hali oldinda dengizga sho‘ng‘ish, po‘rtanalar bag‘riga kirish, turli xatarlarni yengib o‘tish, stixiyaning tabiiy qarshiligiga bas kelish kabilar turadi. Qoidalar, qonuniyatlar jumlani shirali, matnni yaxlit jozibali, fusunkor qilishni o‘rgatmaydi, bular ilmning vazifasi emas. Jumla, matnning yaxlit poeziyasi, go‘zalligini faqat talant iqtidori yaratadi. Asliyat jumlasi ichiga kirganda, yuragim tuzoqqa tushgan bedananing yuragiday patirlab turadi.Tuzoqdan chiqishim, jumlani o‘z ona tilimda cho‘g‘day ravshan qilishim kerak. Bu jarayonda ona tilim oshlanib, qimmatbaho teri kabi yarqirab borayotganini his qilib turaman. Qarayman: so‘zlar o‘z o‘rnini topayaptimi, yo‘qmi, asliyatga ritmik hamohang yangrayaptimi, yo‘qmi, bir tabiiy stixiya ikkinchi tabiiy stixiyaga aylana borayaptimi, yo‘qmi? Asliyat matnini yuragimga singdirganimda, u ko‘ksimda aks- sado bera boshlaganda, zo‘rakilik, yasamagarchilik chekinganini sezaman. Allaqayoqdan asliyatga mos noyob, kutilmagan so‘zlar chiqib keladi. Ular “Kuntug‘mish”, “Alpomish”lar dengizidan chiqib, Markes yoki Nitshe dengizlariga qo‘yiladi. Yangi Nitshe, yangi Markes, yangi Joys paydo bo‘ladi. Bu — tamomila yangi matn. O‘zbek tilidagi matn. Jeyms Joys “Uliss”ni o‘n sakkiz xil uslubda yozganligini aytgan. Har bobda bir ulug‘ adabiy-badiiy uslub! U voqealarning eng xarakterli ijtimoiy, madaniy, tarixiy, insoniy qirralarini yarqiratib gavdalantiradi. Uslub juda noyob mazmundor poeziyaga aylanganligi va sizni o‘ziga tinimsiz rom qilayotganini sezasiz. O‘zbek tilida shu o‘n sakkiz xil Yevropa adabiyotlari uslublarini yaratish vazifasi turardi. Tarjima strategiyasi va texnikasi to‘g‘ri belgilanganidagina bu muyassar bo‘ladi. Download 82.08 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling