Microsoft Word chingiz aytmatov oqkema lotin ziyouz com doc
Download 363.1 Kb. Pdf ko'rish
|
chingiz aytmatov oqkema lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
58 Seydahmad etikni yechishga tutindi. Etigi unga kichikroq edi. - Nimaga qarab turibsan, yordamlash unga, - cholni sekingina turtib qo‘ydi kampir. - o‘zing ham yech etigingni, suvga tush, - g‘azabli pichirladi u. Mo‘min bobo Seydahmadning etigini tortdi, o‘zinikini ham bir zumda yechib bo‘ldi. Shu paytda Urazqul bilan Ko‘katoy mashinaga komanda berishardi: - Bu yoqqa hayda, u yoqqa hayda. - Chapga, ozroq chapga. Mana shunday. - Yana ozgina. Mashinaning ko‘nikilmagan hayqirig‘ini eshitib, bug‘ular so‘qmoqda qadamini tezlatdi. Olazarak nazar tashlab, jarlikdan sakrab o‘tdi va qarag‘aylar orasiga yashirindi. - O, g‘oyib bo‘ldi! - xatosini birdan anglab qoldi Ko‘katoy. U shunday afsus bilan entikardiki, xuddi qo‘lidagi o‘ljasidan ayrilganday edi. - Hechqisi yo‘q, hech qayoqqa ketmaydi ular! - uning xayolidagini topib va bundan xursand bo‘lib O‘razqul kerilib qo‘ydi. - Bugun kechgacha jo‘namaysan, mening mehmonim bo‘lasan. Xudoning o‘zi kam qilmasin. Izzat-hurmat bilan men seni mehmon qilaman. - U xaxolab turib oshnasining yelkasiga urib qo‘ydi. O‘razqul xushchaqchaq ham bo‘la olardi. - Xo‘p, sen aytgancha bo‘la qolsin, sen mezbon, men mehmon, - ko‘na qoldi azamat Ko‘katoy, iljayarkan yo‘g‘on sariq tishlarini ko‘rsatib. Mashina allaqachon orqa g‘ildiraklarining yarmigacha suvga botib qirg‘oqda turardi. Chuqurroq kirib borishga shofyorning yuragi dov bermadi. Endi trosni yog‘ochga olib borish qolgan edi. Agar tros kaltalik qilmasa, yog‘ochni suv ostidagi toshlarning asirligidan tortib olish unchalik qiyinchilik tug‘dirmasdi. Tros po‘latdan - uzun va og‘ir. Uni suv ichidan yog‘ochga tortib borish kerak. Shofyor istamaygina etigini yecha boshladi, cho‘chinqirab suvga qarab qo‘ydi. U hali qat’iy qarorga kelolganicha yo‘q: suvga etik bilan tushishga arzirmikin yoki yaxshisi yechsamikin. «Yalangoyoq bo‘lganim ma’qul shekilli, - o‘yladi u. - Baribir suv qo‘njimdan oshib ketadi. Chuqurligi sal kam songa keladi. Keyin kun bo‘yi ho‘l etikda yurish osonmi». Lekin u shu bilan birga hozir daryoda suv qanchalik sovuq bo‘lishini ham o‘zicha tasavvur qildi. Bu holdan Mo‘min bobo foydalanib qoldi. - Sen yechinma, o‘g‘lim, - otilib keldi uning oldiga. - Biz Seydahmad bilan o‘zimiz tushamiz. - E, qo‘yavering, arzimaydi, oqsoqol, - qarshilik qildi uyalib ketgan shofgr. - Sen mehmonsan, biz shu yerning odamimiz, sen rulga o‘tir, - ko‘ndirdi Mo‘min bobo uni. Seydahmad bilan ikki kishi po‘lat trosni o‘ramdan bo‘shatib suvning ichiga ko‘tarib kirishganda Seydahmad dodlab, boloxonali qilib so‘kindi: - Uh, uh, suv emas, muz! O‘razqul bilan Ko‘katoy muruvvatli kulishib, uni g‘ayratlantirishdi: - Chida, chida! Seni isitadigan narsa topamiz! Mo‘min bobo esa churq etmasdi. U hatto muzday sovuqni sezmadi. Ko‘zga ko‘p tashlanmaslik uchun boshini yelkalari ichiga tortib, sirg‘anchiq suv osti toshlari ustidan yalangoyoq borarkan, xudodan yolg‘iz bir nimani so‘rardi - ishqilib, O‘razqul uni qaytarmasin, ishqilib, quvib yubormasin, ishqilib, odamlar oldi-da haqorat qilmasin, bu ahmoq baxti qaro cholni kechirsin. O‘razqul hech nima demadi. U Mo‘minni odam o‘rnida ko‘rmaganidan go‘yo uning g‘ayratiga ham e’tibor qilmaganday edi. Qalbida esa tantanavor his sezar, axir har qanday bo‘lmasin isyonkor cholni bo‘ysundirdi-ku. Qandaydir ichi qoralik bilan kuldi O‘razqul o‘zicha, - emaklab, oyog‘imga yiqilding-ku. Eh, kattaroq amaldor bo‘lganimdami, bundan ham kattaroqlarning shoxini qayirib qo‘yardim. Shunaqalarni tiz cho‘ktirib, tuproqda emaklattirib qo‘ymasmidim. Menga hech bo‘lmasa kolxoznimi yoki sovxoznimi berishsa ekan. Tartibga solib qo‘ygan bo‘lardim. Odamlarni izdan chiqarib yuborishdi. Endi esa o‘zlari voh, raisni hurmat qilishmayotir, direktorni hurmat qilishmayotir deb shikoyat qilishadi. Qandaydir cho‘pon ham boshliq bilan xuddi tengdek gaplashadi. Satqai amal |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling