Microsoft Word chingiz aytmatov qiyomat lot ziyouz com doc
Download 0.94 Mb. Pdf ko'rish
|
chingiz aytmatov -qiyomat roman
www.ziyouz.com kutubxonasi
101 — Hoy, menga qara, o‘tir mashinaga. Biz Jalpoq-Sozga ketyapmiz. Bo‘lmasa cho‘lda bir o‘zing o‘lib qolasan, bechora. Bu yo‘ldan mashinalar ko‘p yurmaydi. Avdiyning tomog‘iga bir narsa hiqillab tiqildi, yig‘lab yuborishdan o‘zini bazo‘r tiydi, yosh boladay quvonib ketdi. — Rahmat, birodar,— dedi u qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib.— O’zim sizdan ola keting deb so‘ramoqchi edim. Yurolmayapman. Oyoq ishkal. Rahmat. Shofyor pastga tushdi. Avdiyga mashinaga chiqishga yordamlashdi. — Qani buyoqqa kel. Seni ko‘tarishib yuboray, bechora. E, qo‘rqma, chiqaver. Tepada jun bor. Sovxozniki. Topshirib kelaman. Kaytangga yumshoqqina o‘tirasan. Faqat chekmasang bo‘ldi. — Men umuman chekmayman. Tashvishlanmang,— jiddiyat bilan ishontirdi uni Avdiy.— Men kechasi yomg‘irda qolib ketdim. Toza bo‘kdim. Bu yer issiqqina ekan... — Mayli, mayli! Aytdim-qo‘ydim-da. Damingni ol, bechora. Ayol kabinadan boshini chiqarib qaradi. Shofyorga allanarsa dedi: — Xotinim so‘rayapti, qorning ochdir? — tushuntirdi shofyor jilmayib. — Juda och!— ochig‘ini aytib qo‘ya qoldi Avdiy.— Rahmat. Agar bir nima yegulik bo‘lsa, bering, o‘la-o‘lguncha unutmayman. Avdiyning nazarida bir shisha qo‘y suti va o‘choqda yopilgan, hidi gurkirab turgan oppoq non kechasi bilan chekkan azoblari uchun ko‘kning unga inoyati edi. Ovqatlanib bulib, Avdiy moy va ter hidi anqib turgan qo‘y juni tiqilgan qop-qanorlar ustida uxlab qoldi. Mashina kechasi jaladan so‘ng tarovat to‘lgan cho‘l bo‘ylab hamon ketib borardi. Tuzaladigan kasal tabibga duch kelganday bu yo‘l Avdiyga shifo bo‘ldi. U mashina to‘xtaganda ko‘zini ochdi. — Keldik. Sen qaerga borasan?— shofyor pastga tushib, orqadagi bort oldida yuqoriga qarab turardi.— Hoy, yigit! Tirikmisan? — Tirik, tirik! Rahmat,— javob qildi Avdiy.— Jalpoq-Sozga yetib keldikmi? — Ha, bekatga keldik. Biz endi xomashyo omboriga boramiz. — Meni qutqardingiz. Yana bir karra rahmat. Xotiningizga ham katta rahmat. Nima deb minnatdorchilik bildirishimni ham bilmayman. Avdiy tepadan shofyorning yordamida tusharkan, og‘riqdan ingrab yubordi. — Ahvoling juda chatoq, bechora. Sen kasalxonaga bor,— maslahat berdi shofyor.— Tayoq bo‘lsa, ancha ishing osonlashardi. Vokzalgacha Avdiy yarim soat cho‘loqlanib bordi. Yaxshiyam, yo‘lda yotgan taxta bo‘lagini ko‘tarib olgan ekan, undan qo‘ltiqtayoq o‘rnida foydalandi, yurishi ancha yengillashdi. Temir yo‘l izlari, ko‘tarma ko‘priklar, katta, kuchli chiroqlar, yuk kranlari, kelayotgan va jo‘nayotgan poezdlar, vokzal maydoni va umuman, butun bekat shaharchasi uzra ovoz kuchaytirgichdan buyruqlar, farmoyishlar, e’lonlar yangrar, cho‘l uzra taralar, lokomotivlar hushtak chalar, passajir poezdlarning kelgani va ketayotgani xabar qilinardi. Ovloqdan kelayotgan Avdiyga qaynagan hayot darrov bilindi. Atrofda odamlar o‘z ish-tashvishlari bilan yugurgilashib yurishar — Jalpoq-Sozni Turkistonning eng yirik bekatlaridan biri deb hisoblashlari bejiz emasdi. Cho‘ntakda bor-yo‘g‘i o‘ttiz besh so‘m bilan qanday qilish, qaysi poezdda ketishga Avdiyning boshi qotib qolgan edi. Endi nima bo‘ladi? Moskvagacha qattiq vagonning bileti o‘ttiz so‘m turar ekan, u ham bilet bo‘lsa hali. Tirikchilik-chi? Oyog‘i bu ahvolda, jarohatlari-chi? Kasalxonaga borsamikin yoki darhol jo‘nab ketaversinmi? Avdiy hayolga botgancha odam bilan gavjum, dim bekat binolari ichidan oqsoqlanib o‘tib borardi. Uning to‘zgan, yirtiq ust-boshi, ajiva qilib tashlangan aft-angori, tayanib borayotgan churik taxtasi odamlarning e’tiborini tortar — hamma unga alanglab qaramoqda edi. Avdiy poezdlar jadvali osilgan maydonga chiqqanida, o‘zini militsiya xodimi kuzatayotganini payqadi. — Qani, to‘xta-chi, hey yigit! — chaqirdi uni militsioner yaqinlashib kelarkan. Uning jahldor, qat’iy qarashlari yaxshilikdan darak bermasdi.— Bu yerda nima qilib yuribsan? Kim bo‘lasan? |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling