Microsoft Word chingiz aytmatov qiyomat lot ziyouz com doc
Download 0.94 Mb. Pdf ko'rish
|
chingiz aytmatov -qiyomat roman
www.ziyouz.com kutubxonasi
146 birovning tushiga ham kirmagan edi. Holbuki, bo‘sh yerlar tobora kamayib ketyapti, planlar esa oshyapti. Mana, o‘zingiz qarang: ilgari men bir boshdan uch kiloyu yetti yuz gramm yung olardim, yigirma yil avval esa — buni hamma biladi — ikki kilogrammdan boshlagan edim, ya’ni, yigirma yildan ko‘proq vaqt ichida bir kilo yetti yuzga o‘sibman. Hozir esa bir yilning ichida planni yarim kiloga ko‘paytirib ko‘yishibdi. Qaerdan olaman buni? Nima, endi fol ochib, afsun o‘qitishim kerakmi? Planni bajarmasam, brigada quruq qoladi. Hammanning oila, bola-chaqasi bor. Unda odamlarga ishlash, yil bo‘yi tinim bilmay qo‘y orqasidan yurishning nima hojati bor? Har bir cho‘pon xuddi kalxatdek boshqa cho‘ponning yaxshiroq o‘tlog‘ini tortib olish uchun bosh tepasida aylanib tursa, planni bajarib bo‘ladimi? Chunki yerga hamma xo‘jayin, hech kim hech narsaga javob bermaydi. O’tloqlarni deb, qanchadan-qancha janjal-to‘polonlar chiqyapti, sen esa partorg, o‘zing ham hech vaqoning uddasidan chiqmaysan, direktorning ham shahdini qaytarasan! Ko‘r emasmiz, ko‘rib turibmiz! — Men nima qilyapman, bunga raykom baho beradi. Faqat raykom ham sizning bu xatarli o‘zboshimchaligingizga uchmaydi, o‘rtoq O’rkunchiev! Har safar mana shunday gap qumga singib ketadi... Mana shu kezlarda uning qo‘shiga Ernazar kelib qo‘shildi. U Bo‘stonga qo‘ldosh va hamfikr bo‘ldi. Xotinlari Orzigul va Gulimxon ba’zan ulardan kulib qo‘yishardi: ikki yorti bir butun bo‘lib, na yotar-turarda halovat bor, na yeyar-icharda, ishdan boshqa narsani bilmaydi bular deb. O’shanda ikkovlari podani yozga Ola Mo‘ngu dovonidan nariga haydasakmikin, deb yurishdi. Bu gap Ernazardan chiqdi. Yuramizmi yoz bo‘yi tog‘ yon-bag‘irlarida izg‘ib, ozgina o‘t-o‘lan uchun qo‘shnilarimiz bilan yoqa bo‘g‘ishib, undan ko‘ra yoz ichi dovonning nariyog‘iga Kichibel yayloviga chiqib ketsak, yaxshi emasmi? Qari-qartanglarning aytishlariga qaraganda, ilgarilari boy-badavlat chorvadorlar poda, suruvlarini o‘sha yoqlarga haydab ketisharkan. «Kichibel» degan qo‘shiq o‘sha zamonlarda to‘qilgan. Ular Kichibel yaylovi unchalar katta bo‘lmasa ham, lekin o‘t-o‘lan beldan urib yotishini bilisharkan. Mol besh kun ichida yem berib boqilganday semirib ketarkan. Bo‘ston avvalroq ham bu haqda bir o‘ylab ko‘rgan, lekin Kichibelning noaniq joylari ko‘p edi. Kolxoz chorvadorlari urushdan ilgari yozga Kichibelga birdan-bir yo‘l Ola Mo‘ngu muz dovonidan o‘tib borishgan. Urush payti ovullarda chollaru bolalar qolganda hech kim Kichibelga borishga yuragi betlamay qo‘ygan. Keyin qurbi qochgan mayda kolxozlarning bari nomi ham allaqanday ...yillik deb tugaydigan bema’ni olti so‘zdan iborat katta sovxozga birlashganlaridan so‘ng, ana shu olatasir to‘polon va g‘alvalar ichida ulug‘ Ola Mo‘ngu dovoni osha o‘tib boriladigan, yozda chorvani ikki oy va hatto undan ham oshiqroq vaqt olib chiqib ketib, semirtirish mumkin bo‘lgan yaylov borligi asta- sekin ko‘plarning yodidan ko‘tarildi. Sovxozni ham tub yerlik odamlari Berik suv jilg‘asi nomi bilan «Berik» deb atashga o‘rgangan edilar. Ochig‘i, bunaqa baland, xatarli toqqa chiqishni xohlovchilarning o‘zi topilmas edi. Chorvani bunday qiyin tog‘ yo‘lidan haydab borish uchun molimni qanday bo‘lmasin, semirtiraman deydigan o‘ktam, joniga achinmaydigan odam bo‘lishi kerak. Eski zamonlarda qirg‘izlar bir-birlari bilan uchrashganlarida, «Mol-jon omonmi?» — deb so‘rashganlari bejiz emas. Ha, avvalo, chorvaning holini so‘rashgan. Nima ham deymiz, hayot oti bilan hayot-da... Ko‘ngillariga shu fikr cho‘g‘ solib, Bo‘ston bilan Ernazar qo‘llariga qalam-qog‘oz olib, Kichibeldan keladigan foyda-ziyonni cho‘tlab chiqishdi: chorvaning dovondan o‘tganda yo‘lda tashlaydigan vaznini qo‘shib hisoblaganda ham, bu ishga bel bog‘lasa arzirdi. Katta foyda olishlari tayin edi — buning ustiga mehnatga to‘lanadigan haq va tuzga qilinadigan xarajatdan boshqa chiqimning o‘zi ham yo‘q edi. Lekin, rost, hali bular qog‘ozdagi xomcho‘tlar. Bo‘ston avvalo, bo‘lim boshlig‘iga, undan so‘ng sovxoz direktoriga murojaat qilishga qaror berdi. Partorgga niyatini aytib o‘tirmadi. Partorgni unchalik xushlamasdi. Necha marta amin bo‘ldi — gap desa, qop-qop, qachon qarama, odamning shahdini o‘ldiradi: u mumkin emas, bu mumkin emas, majlisda nutq so‘zlash bo‘lsa unga, gazetada yozilgan gaplarni gapirib berish bo‘lsa unga, galstuk taqib oliftagarchilik qilish bo‘lsa unga. Sovxoz boshlig‘i — direktorga Bo‘ston ko‘nglidagi niyatini ochdi: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling