Microsoft Word chingiz aytmatov qiyomat lot ziyouz com doc
Download 0.94 Mb. Pdf ko'rish
|
chingiz aytmatov -qiyomat roman
www.ziyouz.com kutubxonasi
48 vagondan sakrab pastga tushgisi, o‘zi ko‘rimsiz, lekin hidlari yovshanday o‘tkir, kurg‘oq yerda o‘sganiga qaramay eti suvlik maysa-o‘lanlar ustida erkin-erkin chopib yurgisi keladi. Qiziq-ku, deb o‘ylaydi Avdiy, nahotki, o‘sha yaramas nasha ham mana shunday bemalol o‘sib yotsa va hidlari hammayoqqa gurkirab tarqalsa? Odamlarning dimoqlarini qitiqlasa? Choparlarning og‘izlaridan gullashlariga qaraganda, nashaning hidi hammasidan ham o‘tkir va kuchli bo‘lsa kerak. Hammasidan ham, deyishadi chopar bolalar — nasha baland bo‘lib, shoxlari har yoqqa tarvaqaylab o‘sadi. Nashazorlarda uning balandligi odamning beliga uradi. Yovvoyi nasha to‘g‘ri kelgan joyda o‘sib yotavermaydi. Nasha keng tarqalgan alohida nashapoya maydonlar bor. Shunisiga ham shukr. Uni topish uchun shuncha ovoragarchilik bo‘lmasa, hammasi oppa-oson ko‘chsa, unda nimalar ro‘y berishini tasavvur qilish mumkin... Mana, talabgor xumor choparlar uzoq port shaharlardan dunyoning u chekkasidan bu chekkasiga nasha savdosi tutib borishyapti... Hali yo‘l uzoq, yana qancha yo‘l bosish kerak — Xudo biladi, yana oxiri nima bo‘ladi, bu ishlardan nima chiqadi. Ayrim vaqtlar Avdiy Kallistratov nimaga ketayotganligini ham unutib, bu el-yurtlarda ilgari zamonlarda yashagan xalqlarni tasavvurida jonlantirishga urinar, o‘qigan kitoblarini, o‘quvchilik yillarida ko‘rgan kinolarini eslar, adam dashtida g‘oyib bo‘lgan o‘sha hayotning izlari va qoldiqlarini ko‘rganda, birdan xursand bo‘lib ketardi. Xuddi tashlab ketilgan qo‘nalg‘alarday cho‘llarda yakkam-dukkam qaqqayib turgan qo‘ng‘ir tuyalar, ko‘hna maqbaralar, mozoratlar, uch-to‘rttagina hujradan iborat ko‘rimsiz ovullar, ko‘z bazo‘r ilg‘aydigan yolg‘iz chodir, yurtalar, dunyoda bor-yo‘qligini hech kim bilmaydigan, xarob, noma’lum kapalarda yashaydigan kishilarning xolini o‘ylab yuragi uvishib ketar, vahm bosardi... Ko‘z o‘ngidan xuddi qadim-qadim zamonlardagiday ko‘hna egar-jabduq urilgan otlarga mingan, boshlariga tepasi cho‘qqi quloh kiygan otliqlar o‘tib qolardilar dam yakka-yakka, dam to‘da-to‘da bo‘lib... Qanday yashashgan ekan odamlar bu yerlarda, yuraklari siqilib o‘lib qolmasmikinlar, suvsizlikdan qirilib ketmasmikinlar bu bepoyon dasht-biyobonlarda? Kechasi-chi, kechasi nima bo‘ladi? Falak tunda kimsasiz sahrolarga enib tushadi, o‘sha chog‘larda odam o‘zini qanday sezarkin? Cheksiz samo ro‘baro‘sida odam o‘zini benihoya yolg‘iz va g‘arib his qilsa ne ajab? Shuning uchun o‘qtin-o‘qtin o‘tib qoladigan poezdlar ularga dalda bersa kerak. Poezdlarning shovqinlari katta shaharlardagina odamlarning quloqlariga yoqmaydi, zeriktirib yuboradi. Ehtimol, bari butunlay aksinchadir. Azim cho‘llarning tunlari ko‘ngillarda ulug‘vor bayotlarni uyg‘otar, she’riyat axir, olam poyonsizligi uzra inson ruhining hur parvozi emasmi?.. Lekin, bunday hayollar uni uzoq mashg‘ul qilmas, yana chopar bolalar bilan borayotgani, qonun yuzasidan qaraganda, jinoyatkor kimsalar qatoriga qo‘shilgani esiga tushar, gazeta uchun ijtimoiy- ma’naviy reportaj yozaman deb, to vaqti-soati kelguncha shu hayotga, qolaversa, nashavanddarning badkirdorliklariga chidashdan o‘zga iloji yo‘q edi. Shunda nazarida ko‘kragi beixtiyor muzlab ketganday bo‘lar, qorniga allaqanday og‘riq kirar, go‘yo o‘zi ham choparlarning biriga aylanib qolganday, jinoyat yo‘liga kirganday eti seskanib, vahimaga tushardi. Shunda u yuragining tubida og‘ir maxfiy yuk bilan yuradiganlarning holiga tushunganday bo‘lardi. Jahon qanchalik ulug‘ ko‘rinmasin, yangi taassurotlar nechog‘lik quvonchli tuyulmasin, agarda onging va xotirangda no‘xotdan ham kichik og‘riq nuqta bo‘larkan, bularning hammasi na tatiydi, na aqling, yuragingga halovat beradi. O’sha og‘riq nuqta yashirincha, bilintirmasdan odamning kayfiyatini ham, atrofdagilarga munosabatini ham belgilaydi. Avdiy Kallistratov nashapoya cho‘llarga birga borayotgan choparlarga razm solib qaraydi, ularni gapga solmoqchi, ochiqchasiga so‘zlashishga tortmoqchi bo‘ladi. Shunda hayoliga bir fikr keladi: garchi chopar hamrohlarim tashqaridan qaraganda, o‘zlariga juda ishonganday ko‘rinsalar- da, lekin ularning har biri qilayotgan ishidan xavfsirarvdi, bir kunmas bir kun baribir jazoga tortilishidan o‘lguday qo‘rqadi. Ha, shu qo‘rqinch ularga doim ergashib yuradi. Shularni o‘ylab Avdiyning ularga yuragi achiydi. Ularning quruqliklari, betamizliklari, befayz virdi-zabonlari, qartavozliklari, aroqxo‘rliklari, chapaniliklari, yo ostidan yo ustidan deb turishlarini boshqa hech narsa bilan izohlab bo‘lmaydi. Binobarin, bundan boshqacha yashashni ular tasavvur ham qilolmaydilar. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling