EHTIYOJDAN ORTIQCHA SUVNI QIZG’ANISH
Alloh taolo aytadi:
«Ayting: «Xabar beringiz-chi, agar (to‘satdan ichar) suvlaringiz (er tubiga) singib ketar bo‘lsa, u holda kim sizlarga oqar suv keltira olur?!» (Mulk surasi, 30).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Yaylovni xarob qilish maqsadida ortiqcha suvni to‘smanglar» (Muttafaqun alayh).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimda-kim ortiqcha suvini yoki ortiqcha o‘t-o‘lanini man qilsa (ya’ni, boshqalarga bermasa), Alloh azza va jalla qiyomat kunida undan O‘z fazlini man qiladi» (Imom Ahmad rivoyati).
Yigirma to‘rtinchi gunohi kabira
RAMAZONDA UZRSIZ RO‘ZA TUTMASLIK
Alloh taolo buyuradiki:
«Ey mo‘minlar, taqvoli kishilar bo‘lishingiz uchun sizlardan ilgari o‘tganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro‘za tutish farz qilindi. Endi sizlardan biron kishi xasta yoki musofir bo‘lsa, u holda (ro‘za tutolmagan kunlarining) sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi...» (Baqara surasi, 183–184).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Islom besh narsa asosiga bino qilingan: Allohdan o‘zga iloh yo‘q hamda Muhammad Uning bandasi va elchisidir, deb guvohlik berish, namozni qoyim qilish, zakot berish, Ka’bani haj qilish va ramazonda ro‘za tutish»
(Muttafaqun alayh).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Kim ruxsatsiz va kasal bo‘lmay turib, ramazonda biron kun ro‘za tutmasa, garchi bir umr ro‘za tutsa ham, o‘sha bir kunning qazosini o‘tay olmaydi» (Termiziy rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhumo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbat berib aytgan ekanlarki: «Islom rishtalari (tayanchlari) va din qoidalari uchtadir. Islom asoslari ham ular ustiga barpo bo‘lgan. Ulardan birontasini tark etgan kishi o‘sha ishga kufr keltirgan bo‘lib, qoni haloldir. Ular: Allohdan o‘zga iloh yo‘q, deb guvohlik berish, farz namozlari va ramazon ro‘zasi» (Abu Ya’lo rivoyati, hasan hadis).
Do'stlaringiz bilan baham: |