www.ziyouz.com кутубхонаси
164
BLEZ PASKAL
(1623-1662)
Farangistonlik riyozatchi, tabiiyotshunos olim va faylasuf Blez Paskal Kleromonda
istiqomat qiluvchi oqsuyak oilada tug‘ilib o‘sdi. Uning Jilberta ismli opasi va Jaklin ismli
singlisi bo‘lgan.
Kichkintoy Blez endigina yurishni boshlagan kezlari nogohon kasallikka chalinadi.
Kundan-kunga ahvoli og‘irlashib, ozib-to‘zib ketadi. Bundan tashvishga tushgan ota-ona
afsungar ayolga murojaat qilib, bolani davolashini so‘rashadi. Afsungarning duosidan
so‘ng bola oyoqqa turadi.
U bolaligida ham, ulg‘aygandan keyin ham nimjon bo‘lib, tez-tez kasalga chalinadi.
1626 yilda Blez hali 3 yoshga to‘lib ulgurmasidan kasalmand onasi Antuanetta Begon
30 yoshida vafot etadi.
Opasi Jilbertaning xotirlashicha, Blez Paskaldagi noyob iste’dod, aql-zakovat juda
yoshligidanoq namoyon bo‘la boshlagan. U tili chiqishi bilanoq narsalarning tabiatiga oid
aqlli savollar bilan kattalarga murojaat qilar, o‘ziga berilgan savollarga esa qisqa, aniq va
o‘rinli javob qaytarardi. Kasalmandligi tufayli yosh Blezni tarbiyalash va o‘qitishni otasi
o‘z zimmasiga oldi. U Blezga riyoziyot va tabiiyot ilmi asoslaridan saboq berib, zamonaviy
ilm-fan yangiliklaridan voqif etdi.
Paskal 16 yoshida konus kesishmasi haqidagi ilmiy asari bilan jahon olimlarining
e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
1654 yilda 30 yoshli Paskal ruhiy tushkunlikka uchrab, tarkidunyo qiladi va
yansenitlarning Por-Royal ibodatxonasida yashay boshlaydi. Tabiatan jizzaki va serjahl
Blez bu yerda itoatkor, mo‘min odamga aylanadi. U riyoziyotni unutib, Injilni qo‘lidan
qo‘ymaydi. Paskal o‘zining «Mushohadalar» nomli asarida: «Xudoni aql emas, yurak
anglaydi», — deb yozgandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |