KARNEAD
(Miloddan avvalgi 212-129 yillar)
Faylasuf Karnead Yunonistonning Kiren shahrida tug‘ilib o‘sdi. U falsafa maktabiga rahbarlik qilib, haqiqatning mezonlari haqidagi ta’limotni ishlab chiqdi. Karneadning o‘ziga xos kuchli va jarangdor ovozi bor edi. U o‘ta mehnatkashligi, o‘tkir aql-farosati bilan zamondoshlarining tahsiniga sazovor bo‘lgan. Ayniqsa, notiqlik bobidagi mahoratiga hamma tan bergan. Haqiqatning mezonlariga oid fikrlarini dadil ayta olganiga qaramay, Karnead o‘limdan qattiq qo‘rqqan. Vaholanki, u doimo: «Tabiatning o‘zi yaratadi, o‘zi halok qiladi», — degan so‘zlarni takrorlashni xush ko‘rardi. Rivoyat qilishlaricha, Karnead Antipatr ismli bir tanishining zahar ichib, vafot etganini eshitib qoladi. Uning jasoratidan hayajonga tushgan faylasuf:
— Qani, menga ham keltiringlar! — deydi qat’iylik bilan.
— Nimani keltiraylik? — deb so‘rashganida Karnead kalovlanib qoladi va bir lahzalik sukutdan so‘ng:
— Asal qo‘shilgan mayni keltiring! — deb javob beradi.
* * *
Har qanday haqiqat — «nisbiylikka yo‘g‘rilgan ishonchdir. Yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsak, haqiqat — «ehtimollik»dir.
* * *
Ro‘y berayotgan hodisalarning hammasi ham taqdiri azal mevasi emas. Ularning ba’zi birlari bizning hukmimizdadir.
* * *
Mulohazadan tiyilish eng to‘g‘ri yo‘ldir.
SITSERON MARK TULLIY
(Miloddan avvalgi 106-43 yillar)
Qadimiy Yunonistonda yashab o‘tgan faylasuf, notiq va siyosiy arbob Sitseron rimlik badavlat chavandoz oilasida voyaga yetdi. «Sitseron» so‘zi — «tsitsero», ya’ni «no‘xat» degan ma’noni anglatadi.
Sitseron Rimda tahsil olib, lotin tilini o‘rgandi. Shuningdek, notiqlik san’atini mukammal egallab, Afina, Kichik Osiyo va Rodos oroli hududlariga xos bo‘lgan fasohat ilmi bilan mustaqil shug‘ullandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |