56-bob. Yo'ldan ozgan va bid'atchi odamning imomligi xususida
Hasan Basriy: «Bid'atchining orqasida ham namoz o'qiyverg'il, bid'atining zarari
o'zigadir»,— deganlar. Imom Buxoriy: «(Ushbu hadisni) bizga Muhammad ibn Yusuf
aytib berdilar»,— deydilar.
Ubaydulloh ibn Adiy ibn Xiyor Usmon ibn Affonning huzurlariga kirdi. Hazrat Usmon
siqilib o'tirgan erkanlar. Usmonga: «Siz jamoat imomidirsiz, boshingizga nechuk ishlar
tushdi, ko'rib turibsiz. Bizga ersa fitnachi kishilar imom bo'lib olmishlar, biz ularga iqtido
qilib, gunohkor bo'lmakdan qo'rqadirmiz»,— dedi. Shunda Usmon: «Namoz odamlar
qilayotgan ishlarning eng yaxshisidir. Agar kishilar xayrlik ish qilayotgan bo'lsalar, sen
ham ularning xayrlik ishlariga bosh qo'shg'il, agar yomon ishga qo'l urgan bo'lsalar,
ularning yomonligidan chetlang'il!»—dedilar. Zuhriy: «Juda zarur bo'lmasa, xotinchalish
(xunasa) odamga iqtido qilinmaydir»,— deydilar.
Anas ibn Molik naql qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abu Zarrga: «Agar
boshi mayizdek qop-qora habash imom ersa ham, unga quloq solg'il va itoat etg'il!»—
degan ekanlar».
57-bob. Agar namoz o'qiyotganlar ikki kishi bo'lsa, biri imom bo'lib, ikkinchisi
uning o'ng tomoniga o'tib iqtido qiladir
Ibn Abbos rivoyat qiladirlar: «Maymuna xolamnikida tunab qoldim. Rasululloh sallallohu
alayhi va sallam xuftonni masjidda o'qidilar. Keyin, uylariga kelib to'rt rak'at namoz
o'qidilar. So'ng, uxladilar, keyin o'rinlaridan turib, tahorat olib namoz boshladilar. Men
chap yonlariga borib turdim. Meni o'ng yonlariga o'tkazib qo'ydilar. Avval besh rak'at,
keyin ikki rak'at namoz o'qidilar, so'ng uxladilar, hatto pishillaganlarini eshitdim. Keyin,
namozi bomdodni o'qigani chiqib ketdilar».
58-bob. Agar iqtido qilg'uvchi birgina bo'lsa-yu, imomning chap tomonida
tursa, imom uni o'ng tomoniga o'tkazib qo'ysa, namozlari buzilmaydir
Ibn Abbos naql qiladirlar: «Maymuna xolamnikida tunab qoldim. O'sha kechasy
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam xolamning uylarida erkanlar. Tahorat olib namozga
turdilar. Men chap tomonlarida turib iqtido qildim, meni o'ng tomonlariga o'tkazib
qo'ydilar. Shunda o'n uch rak'at namoz o'qidilar. Keyin, uxladilar, hatto pishilladilar ham.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uxlasalar, pishillar edilar. Keyin, ul kishini muazzin
kelib chaqirdi. Chiqib jamoatga imomlik qildilar, tahorat olmadilar (yonboshlab dam
olganlarida, qalblari uyg'oq bo'lgani uchun tahoratlari sinmas erdi)».
Sahihi Buxoriy. 1-jild. Imom Ismoil al-Buxoriy
Do'stlaringiz bilan baham: |