51-bob. Tobutda yotgan mayyitning «Meni tezroq olib boringiz!» deb aytishi
haqida
Abu Sa'id al-Xudriy rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Mayyitni
tobutga solib, uni kishilar yelkalariga ko'tarishganda, agar ul solih banda bo'lsa, «Meni
tezroq olib boringiz!» - deydir, basharti solih bo'lmasa, «Voy sho'rim, meni qayoqqa olib
ketmoqdasizlar?»-deydir. Uning ovozini insondan boshqa hamma narsa eshitg'aydir,
agar inson eshitsa erdi, hushidan ketib yiqilg'ay erdi»,- deganlar».
52-bob. Janozada imomning orqasida ikki yoki uch saf bo'lib turmoq
Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va
sallam (habash podshohi) Najoshiyga (g'oyibona) janoza o'qidilar, men ikkinchi yoki
uchinchi safda turdim».
53-bob. Janozadagi saflar bayoni
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam
Najoshiyning vafot etganini sahobalarga aytib, so'ng oldinga - imomlikka o'tdilar.
Sahobalar ul zotning orqalarida saf tortdilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam to'rt
bor takbir aytdilar».
Sha'biy raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni
ko'rgan zotlardan biri menga: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir mo''minning
janozasiga borib, sahobalarni saf qildilarda, to'rt marta takbir aytib janoza o'qidilar»,-
deb erdi». Shayboniy: «Ey Abu Amr, sizga buni kim aytdi?»-deb Sha'biydan so'raganda,
u: «Ibn Abbos raziyallohu anhu aytdi»,-degan erkan.
Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bugun
Habashistonda bir solih odam vafot etdi, kelingiz, shul yerda turib unga (g'oyibona)
janoza o'qiydirmiz!»-dedilar. Biz saf tortdik, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam
oldinga o'tib, unga janoza o'qidilar, biz ul kishiga iqtido qildik». Abu Zubayrga Jobir:
«Men o'shanda ikkinchi safda turgan erdim», -degan erkanlar.
Sahihi Buxoriy. 1-jild. Imom Ismoil al-Buxoriy
Do'stlaringiz bilan baham: |