102-bob. Boylikni to'g'ri sarf qilmoq haqida
Ibn Mas'ud raziyalloxu anhu rivoyat qiladirlar: «Men Nabiy sallallohu alayhi va
sallamning bir kishiga bundoq deganlarini eshitgan erdim: «Faqat ikki narsaga hasad
(havas) qilmoq mumkin: biri - Olloh taolo bir kishiga mol-dunyo bersa-yu, u o'z boyligini
ezgu yo'lda sarflab tugatsa, ikkinchisi - Olloh taolo bir kishiga ilmu hikmat ato etsa-yu, u
bilimidan to'g'ri foydalanib, boshqalarga ham o'rgatsa».
103-bob. Sadaqani minnat qilmoq haqida
Olloh taolo bu xususda quyidagi oyatni nozil qilgan: «Ey iymon keltirgan bandalar,
bergan sadaqalaringizni (odamlarga) minnat qilib va ozor berib, yo'qqa chiqarmangiz...»
(«al-kofiriyn» degan joyigacha o'qingiz).
104-bob. Harom yo'l birlan topilgan boylikdan qilingan sadaqani Olloh taolo
qabul qilmaydir, halol kasb tufayli topilgan boylikdan qilingan sadaqanigina
qabul qiladir
Olloh taolo bu xususda: «Ketidan ozor ergashtirib keladirgan sadaqadan ko'ra, ko'ngilni
ko'taradirgan va mag'firatli so'z afzaldir. Olloh boy va ko'ngilchandir!» - deydir.
105-bob. Halol yo'l birlan topilgan boylikdan qilinadirgan sadaqa haqida
Olloh taolo bu xususda bunday deydir: «...(Olloh taolo) sadaqalarni boqib katta
qilg'aydir (berilgan sadaqaga barakot ato etib, ko'paytirib, egasiga qaytarg'aydir), Olloh
taolo har bir osiy kofirni yomon ko'rg'aydir, ammo iymon keltirgan, yaxshiliklar qilgan,
namoz o'qigan va zakot bergan bandalarga Olloh taolo mukofotlar in'om qilg'aydir,
alarga hech qandayin xavfu xatar yo'qdir, alar g'am chekmag'aydirlar».
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam:
«Kimki halol kasb qilib, bir dona xurmochalik sadaqa qilg'aydir, Olloh taolo uni bajonudil
qabul etg'aydir, so'ng sizlar toychoqni qandoq boqib ulg'aytirsangiz, Olloh taolo ham
bergan sadaqangizni tog' barobarinda qilib, o'zingizga qaytarg'aydir»,- dedilar».
Do'stlaringiz bilan baham: |