Sahihi Buxoriy. 1-jild. Imom Ismoil al-Buxoriy
NAMOZNI QASR (QISQARTIRIB) O'QISH HAQIDAGI BOBLAR
1-bob. Qasr o'qish va uning muddati haqidagi hadislar to'g'risida
Ibn Abbos rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam 19 kun Makkada
turib qasr o'qidilar (Makka fath qilinganda). Shuning uchun biz ham safarda 19 kun qasr
o'qiydirmiz».
Anas raziyallohu anhu Yahyo ibn Abu Ishoqqa bunday deb rivoyat qilgan erkanlar:
«Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga Madinadan Makkaga yo'l oldik.
Janob
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Madinaga qaytib kelgunimizcha farz nomozini ikki
rak'at-ikki rak'atdan o'qidilar». Yahyo ibn Abu Ishoq: «Makkada ko'p
turmagandirsizlar?» - deb Anasdan so'rabdilar. Anas: «Makkada o'n kun turdik»,- deb
javob beribdirlar.
2-bob. Minoda namoz o'qimoq
Abdulloh ibn Umar rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga
Minoda ikki rak'at qasr o'qidim.
Abu Bakr Siddiq birlan ham, Umar va endigina amirlik
qilayotgan Usmon birlan ham ikki rak'at qasr o'qiganman. Keyin, Usmon to'liq
o'qiydirgan bo'ldilar».
Horisa ibn Vahb: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam biz birlan birga Minoda to'rt
rak'at o'rniga ikki rak'at namoz o'qidilar»,- deydilar.
Abdurrahmon ibn Yazid rivoyat qiladirlar: «Usmon ibn Affon biz birlan birga Minoda to'rt
rak'at kamoz o'qidi. Buni Abdulloh ibn Mas'udga yetkazishdi. Shunda Abdulloh ibn
Mas'ud shul xususdagi
bir voqeani eslab, bunday dedilar: «Rasululloh sallallohu alayhi
va sallam birlan birga Minoda farzni to'rt rak'at o'rniga ikki rak'atdan o'qidik, Abu Bakr
birlan ham, Umar birlan ham Minoda ikki rak'atdan o'qidik. Koshki erdi, farz to'rt rak'at
o'rniga ikki rak'at deb qabul qilingan bo'lsa erdi!»
Do'stlaringiz bilan baham: