Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
149 bermay alik oldi-da, o‘rnidan turib Anvarga quchoq ochdi. — Qo‘ng‘iroqning chalinishidan siz kelganingizni biluvdim. Siz astagina, odob bilan chalasiz, — dedi u Anvarni bag‘riga bosib. — Xursandman, mehribonim, xursandman. Qani, o‘tirsinlar. Hozir ittifoqo mavlono Rumiyni o‘qiyotgan edim. Bir rivoyat xayolimni o‘g‘irladi. O‘qib beray, eshiting. Malikam, siz ham tinglang. Gapni cho‘zmaslik uchun mazmunini aytayinmi? — Men o‘zim o‘qib olarman. — Durust. U holda choyni shu yerda ichamiz. Ikki olimning suhbati kitobxonada kechgani ma’qul. Uy bekasi iziga qaytgach, Hikmat O‘rolov muqovasiga yamoq tushgan kitobni varaqladi. Anvar yozuv stolidagi gazitni ko‘rgan, domlaning atayin gapni chalg‘itishga urinayotganini fahmlab turardi. — Siz yakan nima ekanini bilasiz, a? — deb so‘radi Hikmat O‘rolov. Anvar bu so‘zni eshitgan, ammo nimani anglatishini aniq bilmas edi. Shu bois o‘ylanib qoldi. — Faqat pul, demang. Otarchilar bir paytlarda pulni «yakan» deyishardi. Yakan — o‘simlik, qamishzorda o‘sadi. Yakanni o‘rib olib, quritib uzum osadilar, yoki savat qalpoq to‘qiydilar. Qamish, bilasiz, uzun. Yakan esa pastak o‘simlik. Xullas, yakan bir kuni qamishga qarab: «O‘, birodar, hadeb g‘o‘dayaverma, sal egil, Ollohning quyoshi nuridan biz ham bahramand bo‘laylik», debdi. Qamish unga qaragisi ham kelmay, burnini jiyirib qo‘yibdi. Vaqti-soati kelib qamishni o‘ribdilar. So‘ng yakanni. Tasodifni qarangki, o‘sha qamishdan yasalgan bo‘yrani bir uyga to‘shabdilar. Shu uy to‘sinlariga esa uzumni osibdilar. Yakandan to‘qilgan savat qalpoqni devorga ilibdilar. Oradan kunlar o‘taveribdi. Qamish pastda, yakan esa tepada ekan. Oxiri qamish tepadagi yakanga zorlanibdi: «Meni o‘rib olib quritdilar, tepkilab qovurg‘alarimni sindirdilar, so‘ng suvga bo‘kdilar. So‘ng qayirib bukib, bo‘yra holiga keltirdilar. Endi esa har kuni tepkilaydilar. Bu ham yetmaganday bir chetimni qayirib, tupuradilar...» — Hikmat O‘rolov shunday deb kulimsiradi: — Nos tupursalar kerak-da, a? Xullas, qamishning hasratidan chang chiqibdi. Shunda yakan debdi-ki: «Siz bekor g‘o‘daydingiz. G‘o‘dayib o‘saverdingiz. Ammo ichingiz g‘ovak ekanini unutdingiz. G‘ovak bo‘lganingiz uchun ham tepkilanishdan bo‘lak narsaga yaramadingiz. Hali ham kech emas. Siz o‘sgan yeringizda ildizingiz qolgan. Ularga yetkazing, sizning holingizga tushmasinlar...» — Hikmat O‘rolov shunday deb Anvarga savol nazari bilan tikildi: — G‘aroyib rivoyat, shunday emasmi? Qamish o‘rib olinaveradi, kelgusi yili esa ildizidan yana o‘shanday qamish o‘sib chiqaveradi. Bechora oqibatda qanday xor bo‘lishini bilmay g‘o‘dayaveradi. Oyoq ostiga tashlanmay, tomga to‘shasalar ham baribir basharasiga loy chaplaydilar... Qismati og‘ir... ammo u yakan bo‘lolmaydi... Hikmat O‘rolov shunday deb iyagini qashib qo‘ydi. Shunda Anvar barmoqlarning yengil qaltirayotganini ko‘rdi. «Dardni yashirish qiyin, — deb o‘yladi Anvar. — Xolidiyning ahmoqona gaplariga e’tibor bermay bo‘larkanmi? Domla dardini ichiga yutishga urinyapti. Yuragida bu dardni ham singdirish uchun bo‘sh joy bormikin? Domla nimaga bunday qilyapti? Andishadanmi? Andishaning otini qo‘rqoq deyishadi-ku? Indamay qo‘ygani barcha bo‘htonlarga rizo ekanini anglatmaydimi? Nahot domla buni tushunmaydi? Qachongacha indamay o‘tiraveradi? Mana shunaqa indamay qo‘ya qolish odati borligi uchun ham Xolidiy tap tortmay unga tashlangan. Qani, Mirolimga shunday qilib ko‘rsin-chi?! Yo‘-o‘q, bu shallaqidan qo‘rqadi. Stalin zamonida Mirolim ziyolilarni quritishda rosa xizmat qilgan. Xolidiy unga salgina tegib o‘tsa, o‘zi balolarga qoladi. Mirolim lo‘li xotinlarday dod solib, Xolidiyning ayblarini ochib tashlashdan ham qaytmaydi. Hikmat O‘rolov esa indamaydi... Indamay turib yengmoqchi bo‘ladi... |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling