Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
139 — Krasnoyarda nima qilasan? — deb so‘radi Kesakpolvon. — Otam topildilar, — dedi Asadbek. Keyin Anvardan eshitganlarini qisqa tarzda aytdi. — Qabrlarini ziyorat qilib kelaman. Balki jasadlarini shu yerga ko‘chirish kerakdir, a? Asadbek shunday deb Chuvrindiga qaradi. U javobga taraddudlanib, yelka qisdi: — Bunaqasini eshitmaganman. Mullalardan so‘rab ko‘rish kerak. — Sen qaytishingda Sobitxonga uchra. Holidan xabar olib, bahonada shuni ham so‘raysan. Bo‘pti, boshqa gap yo‘q bo‘lsa, sen boraver. — To‘xta, gap bor, — dedi Kesakpolvon. — Kavkazliklar xol qo‘yishibdi. Ishkal chiqadiganga o‘xshaydi. Bittasini chet elga o‘tkazib yuborishimiz kerakmish. Ungacha hech narsa aytmasmish. Tushunyapsanmi, bo‘yniga olmasmish. — Ishni pishiq qilganman, devding-ku? — Ish pishiq edi. Shartga ko‘nishgan edi. Hayronman, bu ahmoq gapni ularga kim o‘rgatgan ekan? Xafa bo‘lmagin-u, Bek, shu ishda bir yanglishdik. — Sen yanglishding. Men yoqib yuborlaring, demovdim. Mahmud, nima deysan? — Nima deyin, hayronman?.. Prokuror uyimga keldi. Tayin bir gap aytmadi. Murdani kavlatib yana tekshirtiribdi. Chaynalib-chaynalib qo‘yishidan bir baloni yashirayotganini fahmladim. Boshdayoq ishni unga topshirtirib xato qildik. Ishonchli odamlar bilan bitiraversak yaxshi edi. Tajribasizini yo‘lga solish qiyinroq bo‘larkan. Agar kavkazliklar rostdan ham chet elni da’vo qilishgan bo‘lsa, boshqa ishkallik ham chiqadi. Ularni boshqa turmaga ko‘chirtirishlari ham mumkin. Boshqa turmaga ko‘chsa, biz va’dani bajara olmasak, ular chidolmay qolishadi. Tergovchi shunda ularning hiqildog‘idan oladi. Mana shunisi xavotirli. — Xo‘sh, nima qilish kerak, deysan! — dedi Asadbek bir oz asabiylashib. — Prokuror bola bilan pachakilashmaslik kerak, — dedi Kesakpolvon. — Kavkazliklar chet elni xohlab qolishgan bo‘lsa, yana yaxshi. Jo‘nattiramiz. Faqat chet eldan sal nariroqqa... — O‘ylab ko‘rish kerak, — dedi Chuvrindi. — Nimani o‘ylaysan? Ularni gumon bilan qo‘lga olishdimi? Guvoh tanidimi? Bo‘ldi-da. Asadbek Chuvrindiga qaradi. Chuvrindiga bu to‘xtam ma’qul bo‘lmasa-da, xayoliga durustroq boshqa fikr kelmadi. — Sen hoziroq ishga kirish, — dedi Asadbek, Kesakpolvonga qarab. — Ammo ehtiyot bo‘l, latta hidi kelmasin. — Xotirjam bo‘laver, kesak o‘g‘irlaydigan zamonlarim o‘tib ketgan, — dedi Kesakpolvon. U o‘rni kelganda Asadbekni cho‘qib olganidan xursand edi. Ularning suhbatlaridan bexabar Chuvrindi bu so‘z o‘yiniga tushunmadi. 2 Chuvrindi mashina kalitini Elchinga topshirgach, onasidan xabar olgani o‘tgan edi. U darvoza ostonasida ko‘rinishi bilan uy bekasi shoshilib peshvoz chiqdi-da: — Voy, xayriyat-e, nima qilishni bilmay, hozir otin oyiga bola jo‘natdim. O‘qimasa bo‘lmaydi shekilli? — dedi. — Tinchlikmi? — dedi Chuvrindi, ayvon tomon xavotir bilan qarab. Uy bekasi boshini sarak-sarak qilib, labini tishladi. Chuvrindi ayvonga yaqinlashdi. Onasining ko‘zlari yumuq. Uning hali joni bor ekanini ko‘kragining dam-badam sal ko‘tarilib tushayotganidan bilish mumkin edi. — Egachi, o‘g‘lingiz keldilar, — dedi uy bekasi. Bu gapni eshitishi bilan onasining yuzlari uchdi. Keyin ikkala ko‘zi baralla ochildi. — Yaqinroq boring, salom bering, keyin... roziliklarini oling, — dedi uy bekasi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling