Microsoft Word shaytanat3 ziyouz com doc
Download 0.83 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
117 Odamlar «Kishi qachon o‘lishini bilsa, yuragi yorilib o‘ladi», deyishardi. Men nimaga talvasaga tushmayapman? Nega qo‘rqmayapman? O‘lishim aniq bo‘lib qoldi-ku? Lekin qachon? Ertagami? O‘n kundan keyinmi yo o‘n oydan keyinmi? Yo‘-o‘q... o‘n oyga bormasam kerak. Balki... ertalabgacha o‘larman. Yana bir yo‘tal tutsa... jonim ham chiqib ketar?..» Shu xayollar og‘ushida yotgan Asadbek qaysi bir xudoyida, qaysi bir mulla aytgan rivoyatni esladi: «Xorun ar-Rashiddan so‘rabdilar: — Ichayotgan bir qultum suvingiz uchun haq so‘rasalar nima berar edingiz? — Yarim davlatimni, — debdi Xorun ar-Rashid. — Agar ichgan suvingiz tashqariga qaytmasa, qaytarish haqqiga nima berardingiz? — deb so‘rabdilar. — Qolgan yarim davlatimni, — debdi Xorun ar-Rashid. — Demak, davlatingizning qadri bir qultum suv ekan-da, — deb xulosa chiqargan ekanlar...» Bexos yodiga tushgan bu rivoyat mag‘zini avval chaqib ko‘rmagan, shunchaki bir cho‘pchak sifatida qabul qilgan edi. Rivoyatga yashiringan falsafani shu yotishda angladi. «Mening davlatim esa birgina nafas, — deb o‘yladi u. — To‘yib-to‘yib nafas olishga zor bo‘lib o‘laman. Jonim yo‘tal bilan chiqsa o‘lganimni bilmay ham qolishadi. Birov xabar olguncha sasib yotaveraman. Jag‘imni tang‘ishadi, oyoqlarimni bog‘lashadi. Dod-voy... Kim yig‘laydi? O‘g‘illarim uzoqda. Zaynab dod solar balki... Yana bir-ikki xotin qo‘shilar... Xotinlarning yolg‘ondan bo‘lsa ham yig‘lab turgani yaxshi. Bo‘lmasa bu uydan o‘lik chiqqanini birov bilmaydi. Xotinlarning yig‘isisiz o‘likning ham fayzi bo‘lmasa kerak... Manzura yetib kelsa bu yog‘ini o‘zi eplashtiradi! Yo‘-o‘q... u yig‘lamaydi. Jalilning onasi o‘lgandamidi... ha, o‘shanda yig‘isini eshitib «Dodlashni ham o‘rniga qo‘yar ekansan, o‘lsam maza qilib eshitib yotaman», deb hazillashganimda «Voy adasi, xotinlar eriga yig‘lamaydi, ayb bo‘ladi», degan. Qiziq... nima uchun ayb bo‘ladi? Manzuraning yig‘lashi shart ham emas. Balki... qutulganiga shukr qilar?.. Menga tekkanidan beri boshi tashvishdan chiqmaydi. Endi yayrayman, deganida bolalarni o‘qishga jo‘natdim. Keyin chet elga yubordim. Ularni sog‘indi. Sog‘indi-yu, «Sog‘inyapman», deb zorlanishga mendan qo‘rqdi. Qiziq... urmasam ham mendan qo‘rqadi-ya... Zaynabning tashvishi uni tamom qildi. Yaxshi hamki keyingi voqealardan uzoqroqda. Bilsa yuragi yorilib ketardi. Kelinlarini boshlab kelib rohat ko‘raman, deganida men cho‘zilib yotsam... Bir jihatdan u kelgunicha jo‘navorganim ham yaxshi. O‘ligimni ko‘rmasa bir-ikki kun yig‘lab, keyin ko‘nikib qoladi... Meni tanish-bilishlarimning o‘zlari joyimga olib borib qo‘ya qolishadi. Janozaga tizilishadi. Domla aql o‘rgatadi. Nima deydi? «Odam oxir-oqibat o‘lmoq uchun bu dunyoga keladi», deydimi? «Pensiyaga chiqqandan keyin namoz o‘qiyman, deb kutmanglar, mana bu birodarimiz ham pensiya yoshiga yetmabdilar. O‘lmasingizdan oldin bir marta bo‘lsa ham peshonangiz joynamozga tegsin», deydimi? Yo «Yog‘och otga minib kelmasingizdan avval o‘z oyog‘ingiz bilan masjidga kelib turing», deydimi? Keyin «Marhumning yaqinlari kim?» deb so‘raydi. Kim chiqadi? Haydarmi? Mahmudmi? Yo‘q, Jalil chiqadi. «Marhum birovdan qarz olgan bo‘lsa, to‘layman», deb so‘z beradi. Tentak. Mening kimdan qarzim bor ekan? Odamlar mendan qarz. Lekin ular qarzlarini keltirib berishmaydi. O‘lganimdan xursand bo‘lishadi. Balki o‘shalar «Tezroq o‘la qolsin» deb duo qilishayotgandir... Men... Jalildan qarzman. Ha... qarzim bor undan. Hovli-joy olib berishim kerak edi. Mahmudga tayinlab qo‘yishim kerak, mendan keyin olib bersin. Keyin... ko‘tarishadi. Tobutning bir chekkasidan ushlash savob ekan. Meni ko‘tarish ham savobmi? Odam yig‘iladi? Yuztami, mingtami? Shundan qanchasi xursand, qanchasi xafa?.. Joyimga yotqizishib, bir kaftdan tuproq tashlashadi. Joyim... joyim qop-qorong‘i |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling