www.ziyouz.com kutubxonasi
39
xo‘jayinning unga rahmi kelib, ko‘zlaridagi alangani o‘chirdi.
— Bilib qo‘y, Nikolay! Bu oxirgi marta kechirishim. Bunaqa eshikog‘asi restoranimizga tekinga
ham kerak emas. Sen cherkovga borib, qorovullikka yollan. — Shu tanbehdan keyin u xuddi
komandirlardek tez va aniq-aniq buyruq bera boshladi: — Bufetdan Panteleyni chaqir. Militsionerga
xabar qilsin. Protokol yozinglar. Mashina chaqirtir. Psixiatriya shifoxonasiga jo‘natinglar. — So‘ng
ilova qildi: — Chal hushtagingni!
Yana chorak soatdan keyin, nainki restorandagi, shuningdek, butun xiyobondagi va derazalari
restoran bog‘iga ochiladigan uylardagi odamlar Panteley, eshikog‘asi, militsioner, ofitsiant hamda
shoir Ryuxinning Griboedov darvozasidan xuddi chaqaloqqa o‘xshatib yo‘rgaklangan bir yosh yigitni
ko‘tarib chiqishayotganini ko‘rib, hangu mang bo‘lib qolishdi: yo‘rgaklangan yigit ho‘ng-ho‘ng
yig‘lar, nuqul Ryuxinni poylab, aftiga tupurarkan, yig‘idan entika-entika baqirardi:
— Ablah!
Yuk mashinasining badjahl qiyofali shofyori motorni yurgiza boshladi. Mashina yonida turgan
uchar izvoshchi ochbinafsharang tizgin bilan otining sag‘risiga urib, uni tezlarkan:
— Mana chopqir ot! Jinnixonaga biz oboramizda! — deb qichqirardi.
Atrofda olomon yuz bergan hodisa haqida shang‘illardi: xullas, bu jirkanch, razil, vasvasaga
soluvchi, qabih g‘alva yuk mashinasi sho‘rlik Ivan Nikolaevichni, militsionerni, Panteley va
Ryuxinlarni Griboedov darvozasidan uzoqlatib olib ketgandan keyingina barham yedi.
Do'stlaringiz bilan baham: |