Microsoft Word usta va margarita lotin ziyouz com doc


Download 1.26 Mb.
Pdf ko'rish
bet92/266
Sana08.01.2022
Hajmi1.26 Mb.
#253612
1   ...   88   89   90   91   92   93   94   95   ...   266
Bog'liq
usta va margarita lotin ziyouz com

www.ziyouz.com kutubxonasi 
84
— Keyin, — dedi Ivan, — iltimos, bugun tafsiloti bilan gapiring. 
— Keyinmi? — takrorladi mehmon, — keyin nima bo‘lganini o‘zingiz ham tasavvur qilishingiz 
mumkin. — U ko‘zlarida bexosdan paydo bo‘lgan yoshni o‘ng yengi bilan shosha-pisha artib, gapini 
davom ettirdi: — Muhabbat, oyoq ostidan chiqqan falokatday, lop etib paydo bo‘ldiyu ikkovimizni 
baravar mahv qildi. 
Odatda yashin yo xanjar shunday mahv qiladi odamni! 
Darvoqe, u keyinchalik bu fikrni inkor qilib, bizlar juda ko‘pdan beri, bir-birimizni bilmagan, hech 
ko‘rmagan chog‘imizdayoq sevishganmiz, deb tasdiqlagan edi, u paytlarda u boshqa odam bilan 
turardi, men ham o‘shanda... anavi... bilan yashardim... xah... oti nimaydi... 
— Kim bilan? — so‘radi Bezdomniy. 
— Anavi... xah... nimaydi oti... — dedi mehmon barmoqlarini shiqillatarkan. 
— Siz uylanganmidingiz? 
— Ha-da, mana, shiqillatyapman-ku... Haligi.... Varenkaga, Manechkaga... yo‘q, Varenkaga... yo‘l-
yo‘l ko‘ylak kiygan... muzeyda... xullas, esimda yo‘q. 
Qisqasi, u o‘sha kuni ko‘chaga ataylab sariq gul ko‘tarib chiqqan ekan, men uni topib olishim 
uchun, bordiyu o‘sha kuni bu uchrashuv yuz bermaganida, u zahar ichib o‘z joniga qasd qilgan 
bo‘larkan, chunki uning hayoti bema’ni o‘tayotgan ekan. 
Ha, muhabbat bizni ko‘z yumib-ochguncha mahv qilib qo‘ygan edi. Men buni o‘sha kuniyoq, bir 
soatdan keyin, biz ulkan shaharni payqamay kesib o‘tib, Kreml devori poyiga, daryo bo‘yiga borib 
qolganimizda bilgan edim. 
Biz go‘yo juda ko‘p yillardan beri bir-birini yaxshi bilgan va kuni kecha xayrlashgan odamlarday 
suhbatlashardik. Biz ertasi kuniyam shu yerda — Moskva daryosi bo‘yida uchrashishga ahd qildik, 
uchrashdik ham. May quyoshi bizga yog‘du sochardi. Keyin, oradan xiyol ham o‘tmay, bu ayol 
mening xufiyona xotinim bo‘ldi. 
U har kuni menikiga kelardi, men uni ertalabdan intizor bo‘lib kuta boshlardim. Shu intizorlik payti 
odatda uydagi buyumlarning joylarini o‘zgartirishim bilan ifodalanardi. Uning kelishiga o‘n minut 
qolganida deraza oldiga o‘tirib, ko‘hna ko‘cha eshikning «g‘iyq» etib ochilishini kutardim. Yo tavba: 
men u bilan uchrashmasimdan oldin tumordekkina hovlimizga kamdan-kam odam kirar, aniqrog‘i, 
hech kim kirmasdi, endi bo‘lsa, nazarimda, butun shahar shu hovlimiz tomon oqib kelayotganday 
tuyulardi. Ko‘cha eshik «tiq» etsa, yuragim «shig‘» etib ketar, bir ko‘z oldingizga keltiringa
ro‘paramda: deraza tashqarisida albatta kimningdir isqirt etigi paydo bo‘lardi. Masalan, charxchining. 
Axir o‘zingiz ayting, uyimizda charxchining kimga keragi bor? Nimani qayraymiz? Qanaqa 
pichoqlarni? 
Mening dilbarim ko‘cha eshikdan bir marta kirardi, ammo u kirguncha yuragim kamida o‘n marta 
gupillab urardi. Gapim rost. Keyin, soat millari qiyom paytini ko‘rsatib, uning keladigan vaqti 
bo‘lganda va qora mayin teridan tikilgan ustki bezaklari po‘lat to‘qalar bilan tortilgan uning tuflilari 
deyarli tovush chiqarmay derazam qarshisida paydo bo‘lgandayam yuragim «gup-gup» urishdan 
to‘xtamasdi. 
Ba’zan u ikkinchi derazam oldida to‘xtab, tuflisining uchi bilan oynaga urib sho‘xlik qilardi. Men 
shu zahoti o‘sha deraza oldida paydo bo‘lardim, lekin tufli ham, yorug‘ni to‘sib turgan qora ipak 
ko‘ylak ham g‘oyib bo‘lardi — men shunda eshik ochgani otilardim. 
O‘rtamizdagi munosabatni hech kim bilmasdi, bunga imonim komil, vaholanki, bunday bo‘lishi 
mumkin emas. Lekin uning eri, tanishlarimiz g‘ofil edilar. Men yashab turgan podval tepasidagi 
ko‘hna uyda istiqomat qiluvchilar bundan xabardor edilar, albatta, ular huzurimga qandaydir bir ayol 
kelib-ketib turganini ko‘rishardi, biroq uning kimligini ham, ismini ham bilishmasdi. 
Ushbu muhabbat dostonini butun vujudi bilan berilib tinglayotgan Ivan: 
— Kim edi o‘zi u ayol? — deb so‘radi. 
Mehmon, buni hech qachon, hech kimga aytmayman, degandek bosh chayqadi, so‘ng hikoyasini 


Mixail Bulgakov. Usta va Margarita (roman) 
 
 

Download 1.26 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   88   89   90   91   92   93   94   95   ...   266




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling