Murodulla mirzaev


Turkiya Respublikasining tashkil topishi


Download 1.97 Mb.
bet76/95
Sana05.01.2022
Hajmi1.97 Mb.
#220417
1   ...   72   73   74   75   76   77   78   79   ...   95
Bog'liq
O'quv qo'llanma-3

Turkiya Respublikasining tashkil topishi

1920-yil 23-aprelda grek-turk urushi ketayotgan bir paytda tashkil topgan Turkiya Buyuk Millat Majlisi (TBMM) Turkiya Respublikasining qonun chiqaruvchi oliy organi sifatida xalqaro miqyosda e'tirof etilgandan va 1923-yil 24-iyulda Lozanna tinchlik shartnomasi imzolangandan keyin, 1923-yil 29-oktyabrda Usmoniylar davlatining merosxo'ri o'laroq Turkiya Respublikasining tashkil topganligi e'lon qilingan. Shu kunning o'zida TBMM raisi, Respublika Xalq partiyasi yetakchisi Mustafo Kamol pasha (1881-1938 yy) Turkiya prezidenti etib saylangan.

Turkiya Respublikasining tashkil topishi Mustafo Kamol pasha rahbarligida chet el harbiy bosqinchilariga qarshi olib borilgan mustaqillik urushi bilan bevosita bog'liq. Bu urush 1919-yil 19-maydan 1923-yil 29-oktyabrgacha bo'lgan davrni o'z ichiga oladi. Urush grek qo'shinlarining 1919-yil may ayida Smirna (Izmir)ni bosib olishi bilan boshlangan, 1923-yilda imzolangan Lozanna tinchlik shartnomasi bilan yakunlangan.

1918-yil oktyabrda Usmoniylar davlati Birinchi jahon urushida mag'lubiyatga uchragach, Gretsiya Qirolligi Antanta davlatlari mandatiga ko'ra G'arbiy Anado'luda joylashgan Izmirning ma'lum bir qismini bosib olgan. Ma'lumki, 1918-yil 30-oktyabrda Antanta davlatlari va Usmoniylar o'rtasida Mudros sulhi imzolangan. Uning 7-moddasida ittifoqchilar muhim strategik ahamiyatga ega bo'lgan har qanday hududni bosib olish huquqiga egaligi qayd etilgan edi. Izmirga 1912-yildagi Italiya-Turkiya urushi natijasida G'arbiy Anado'luni o'z nazoratiga olgan, qo'shinlari shu paytda Izmirdan g'arbroqda joylashgan Italiya ham da'vogarlik qilgan edi. Italiyaliklarning ehtiroslarini bosish uchun Buyuk Britaniya, Frantsiya va AQSh Izmirni Gretsiyaning bosib olishiga ruxsat berilgan va bu haqda 1919-yil 12-mayda italьyanlarga aytilgan ham edi. 1919-yil 13-mayda “To'rtlar ittifoqi” Kengashi Izmirni bosib olish huquqini Gretsiyaga beradi. Britaniya admirali Richard Vebb bu haqdagi maxsus nota bilan Usmoniylarni xabardor qiladi. Bu qarorning qabul qilinishida Angliyaning roli katta bo'lgan. U Yaqin Sharqda Gretsiya timsolida o'ziga ishonchli ittifoqchini ko'rgan. Sulton hukumati bunga qarshi hech qanday e'tiroz bildirmagan. Buning ustiga, mahalliy xalqni qarshilik ko'rsatmaslikka chaqirgan. Shunday bo'lsa-da, xalq qarshilik ko'rsatish uchun oyoqqa turgan. 1919-yil 15-mayda greklar 1-piyoda diviziyasini Izmir portiga tushirgan. Keyinroq Chashma va Qoraburunga ham qo'shin tushirilgan. Qo'shin tushurish har ehtimolga qarshi kemalar bilan nazorat qilingan bo'lsa-da, asosan tinchlik bilan amalga oshirilgan. Greklarni mahalliy greklar olqishlar bilan kutib olgan. Biroq qurollangan turk askarlari va jandarm qarshilik ko'rsata boshlagan. Qurolli to'qnashuvlar sodir bo'lgan. 540 turk jandarm askari va 28 ofitser asir olingan. Ikki ming turk shu tariqa ozodlik urushini boshlab berib, qochib ulgurgan.

Murakkab vaziyatga aralashishini so'rab Italiya Antanta ittifoqchilariga murojaat qilgan va yana rad javobini olgan. May oyi oxirida greklar Izmirni to'liqligicha bosib olishga erishgan. Shaharda qarshilik ko'rsatish harakati keng quloch yoygan. 1919-yil 19-mayda 9-armiya bosh inspektori Mustafo Kamol pasha Samsunga borib, o'ziga yuklangan vakolatdan foydalangan – qarshilik ko'rsatish haraktini tashkil etish ishiga boshchilik qilgan. Sulton hukumati unga joylardagi qo'shinlarni tarqatib yuborish vazifasini yuklagan bir paytda, Mustafo Kamol pasha aksincha ish tutgan – qo'shin to'plashga kirishgan.

1922-yil 9-sentyabrda Mustafo Kamol pasha qo'shini Izmirga kirgan. Amerikalik konsul Jorj Xortonning guvohligicha, 9-sentyabrda turk qo'shinlarining kirishi sokinlikda o'tgan. Ertalab shaharda tartibni nazorat qilib turgan grek jandarmeriyasi bu vazifani turk askarlariga topshirgan. G'arb manbalarida shaharning kuli ko'kka sovurilgani, o't qo'yib yoqilgan, 60 mingdan 260 minggacha odam o'ldirilgani, ularning 183-mingi greklar va 12 mingi armanlar (R.Rummel ma'lumoti) bo'lgani qayd etilgan. Jil Miltonning hisobi bo'yicha 100 ming odam o'ldirilgan, 160 mingi Anado'luning ichki viloyatlariga ko'chirib yuborilgan. Bu ma'lumotlarning haqiqatdan yiroqligini qayd etilgan raqamlarning har xilligi ham ko'rsatib turibdi.

Turkiyada 1922-yil 9-sentyabr sanasi Izmirning ozod qilingan kuni sifatida tarixga kirgan va har yili bu sana nishonlanadi. Zero, Izmir uchun boshlangan bu urush haqiqatan ham turklarning ozordlik urushini boshlab bergan.

1920-yil 23-aprelda Anqarada mamlakat konstitutsiyasini qabul qilish maqsadida Turkiya Buyuk Millat Majlisi (TBMM) ta'sis etilgan edi. TBMM ning ta'sis etilishi bilan avvalgi nomi “Heyet-i temsiliye” o'z kuchini yo'qotgan.

Parlamentning 24-apreldagi ikkinchi yig'ilishida Mustafo Kamol pasha rais etib saylangan. Uning rais sifatidagi ilk takliflari quyidagilar bo'lgan:

- zudlik bilan hukumat tuzish;

- hukumat boshlig'ini tayinlash yoki sultonning o'rinbosarini vaqtinchalik asosda e'tirof etish;

- Parlamentga qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat vakolatini berish;

- Parlamentdan ajralgan holda amalga oshiriladigan boshqaruvga parlament deputati shaklidagi hukumat vakolatini berish;

- Majlis raisi ayni paytda hukumat boshlig'i bo'lishi;

- Sulton va Xalifaga tegishli masalalar Kengash tomonidan ular tashqi mamlakatlar tazyiqidan xalos bo'lganlaridan keyin muhokama qilinishi va shundan kelib chiqib ularning masalalasi hal qilinishi va b.

Yangi vakillik organini tuzish haqidagi tashabbus Mustafo Kamol pashaga tegishli bo'lgan. Ungacha amal qilgan Mustafo Kamol pasha tarafdorlaridan iborat deputatlar palatasi 1920-yil 28-yanvarda Konstantinopolda “Milliy turk pakti” nomi bilan ma'lum bo'lgan “Turkiyaning mustaqillik deklaratsiyasi”ni qabul qilgan edi. Unga ko'ra Usmoniylarning arablarga tegishli yerlari arablarning o'z ixtiyoriga (referendum asosida), turklar yashaydigan yerlar Turkiyaga qoldirilgan. Turklar yashaydigan joylar deganda G'arbiy Frakiya va Kars hududi, Ardag'an va Batumidan tashqari, hozirgi Turkiya yerlari nazarda tutilgan. Qayd etilgan hududlar mahalliy aholi ixtiyoriga qoldirilgan bo'lgan. Ular ham plebestsit, ya'ni referendum yo'li bilan hal qilinishi kerak edi.

“Turkiyaning mustaqillik deklaratsiyasi” Antanta tomonidan 1920-yil 16-martda Konstantinopolning asosiy binolarini egallash va keyinroq Malьtaga badarg'a qilingan turk “millatchi”larini qo'lga olish bilan qarshi olingan. Usmoniylar parlamenti bunga qarshi e'tiroz bildirgani uchun tarqatib yuborilgan.

Bu paytda Anqarada bo'lgan Mustafo Kamol pasha barcha viloyatlar gubernatorlariga va harbiy qo'mondonlarga telegramma yuborgan. Unda “millatni boshqarish bilan bog'liq masalalarda favqulodda hokimiyat vazifasini bajaruvchi assambleya” tuzish harakatida ishtirok etish taklif etilgan. Bu paytga kelib sulton hukumati bosqinchi davlatlar qo'g'irchog'iga aylangan va obro'sini to'kib bo'lgan edi. Unga muqobillik sifatida TBMM ta'sis etilgan.

1923-yil 13-avgustda TBMMga Lozannada o'tkazilgan qayta saylovlar Otaturk tarafdorlari uchun muvaffaqiyatli yakunlangan. Mustafo Kamol bir ovozdan TBMM raisi etib saylangan va Jumhuriyat xalq partiyasi dasturlarini amalga oshirishda davom etgan.

1923-yil 13-oktyabrda TBMM Turkiya davlatining poytaxti Anqara deb e'lon qildi. Bundan ko'zlangan maqsad sulton hokimiyati va u bilan bog'liq barcha narsalarning timsoli bo'lgan Istanbuldan uzoqlashish bo'lgan. Bu paytda hali sultonlik tartibi bilan yaqin bo'lgan insonlar ko'p edi. Shuningdek, poytaxtni ko'chirish orqali Usmoniylar imperiyasining asosiy muammosi bo'lgan korruptsiyaga qarshi samarali kurash olib borish ham ko'zlangan. Shunga muvofiq barcha chet el elchilari Anqaraga ko'chib o'tishlari shart bo'lgan. Bu haqda chet davlatlarga e'lon yuborilgan. E'tiborli joyi shunda-ki, sovet davlati ikki yil oldin o'z elchixonasini Anqaraga joylashtirgan edi.

Sharq va G'arb davlatlari Anqaraning poytaxt deb elon qilinishiga qarshi bo'lgan. Turkiya poytaxt haqidagi qarorini bekor qilmasa, Angliya, Frantsiya va Italiya elchilari Anqarada o'z elchihonalarini ochmasligini va yig'ilishga vakilini yuborishini bildirgan. Anqara poytaxt deb e'lon qilingandan keyin oradan bir necha kun o'tib, 1923-yil 29-oktyabrda TBMM tomonidan 364-qonun asosida konstitutsiyaga o'zgartirishlar kiritilgan. Uning 1-bandiga asosan hokimiyat millatga tegishli va Turkiya davlatini Respublika boshqaradi; 10-bandga asosan Prezident saylanadi; 11-bandga binoan Prezident davlat boshlig'i hisoblanadi, majlis va davlatni boshqaradi, deyilgan.

Shu kuni, 29 oktyabrda yashirin ovoz berish orqali Turkiya Prezidenti etib Mustafo Komol Otaturk saylangan. Ertasi kuni Ismet Inyonyu rahbarligida Respublikaning birinchi hukumati tashkil qilingan. Ismet Inyonyu Turkiya hukumatini 1923-yil 30-oktyabrdan 1924-yil 20-noyabrgacha va yana 1925-yil 3-martdan 1937-yil 1-noyabrgacha ikki marta boshqargan. Mustafo Komol Otaturk vafotidan keyin, 1938-1950 – yillarda Turkiya prezidenti lavozimini egallagan.




Download 1.97 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   72   73   74   75   76   77   78   79   ...   95




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling